|
Oilaning turmush tarzi olimlar talqinida
|
bet | 14/97 | Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 3,74 Mb. | | #246640 |
Bog'liq Оилавий низолар психолгиясиOilaning turmush tarzi olimlar talqinida
Oilaviy hayotni tizimli tarzda tasavvur etib, uning psixologik xususiyatlarini o‘rganishga jazm etgan olimlardan biri amerikalik tadqiqotchi Virjiniya Satir (1992, 2000) hisoblanadi. U oilaviy hayotni tavsiflash uchun quyidagi tushunchalarni ishlatadi: oila energetikasi, oila tizimi, chegarasi va funksional xususiyatlari. Bu bilan u kelib chiqishi nuqtai nazaridan biologik hisoblangan ijtimoiy institutga texnologik metodologiyani tadbiq etishga urinadi. Bunday yondoshuv XX asr o‘rtalariga xos bo‘lib, u tufayli olim oilani tushunish borasida nafaqat yangi yo‘nalishga asos soldi, balki uni davolash, bu boradagi tibbiy muammolarni ham o‘rganishni boshlab berdi.
Oila energetikasi tushunchasi o‘z ichiga ko‘plab jabhalarni xususan, oilaning tibbiy-biologik xususiyatlaridan tortib, uning psixologik mavjudligini belgilovchi omillar, ekologik shart-sharoitlardan boshlab, tiriklikning mezonlari bo‘lmish ovqatlanish hamda har bir oila a’zosining xatti-harakatlarining namoyon bo‘lishigacha qamrab oldi. Oilaviy hayotning psixologik energetikasini tavsiflash uchun Satir “oilaning emotsional qozoni” tushunchasini ishlatadi, ya’ni, oila a’zolarining kundalik muloqot, muomala jarayonlarini u go‘yoki “bir qozonda qaynovchilarning birgalikda yashashida namoyon bo‘ladigan hissiyotlar ko‘zgusiday” tasavvur etadi. Bu “qozonda”gi his-kechinmalar hayotning muayyan davrlarida o‘ta jo‘shqin va boy bo‘lsa, boshqa bir davrda mazmunan tor yoki tarang ham bo‘lishi mumkin. Oila a’zolarining bir birlariga mehr-muhabbati, yaqinligi, hamkorligi ma’lum davrlarda kuchli ijobiy bo‘lsa, boshqa davrda kimnidir kimdandir tobeligi bois yoki kimningdir qattiqqo‘lligi bois torroq, mazmunsizroq bo‘lishi ham ko‘zatiladi.
Oilaviy munosabatlar tizimi – Satir ta’rifida oila a’zolarining muayyan rollar doirasida u yoki bu holatlarda o‘zligini namoyon etishi yoki ijrosi emas, balki, bu har bir oilaga xos bo‘lgan o‘zaro munosabatlar “xaritasi”dir. Masalan, biror oilaga yordam bermoqchi bo‘lgan terapevtga ayni shu xarita kerak, chunki u real a’zolarning real o‘zaro munosabatlarini boshqachasiga tasavvur etishi mushkul. Bu xaritaga ayni shu oila a’zolaridan tashqari, ularning yaqinlarining ta’siri ham kiradi. Masalan, agar erkak kishi oilada qandaydir ajrab qolgan bo‘lib, xotini va farzandlari bilan yashagan taqdirda ham uning xotiniga bo‘lgan real munosabatlariga boshqa uyda yashaydigan onasining ta’siri bo‘lsa, demak, oilaviy munosabatlar xaritasida qaynonaning ta’siri ham albatta nazarda tutilishi shart. Yoki birinchi nikohidan ajralgan ayol sobiq erining farzandi bilan birga yashayotganligi bois, hamisha uni eslab turishi, bolasining istagiga ko‘ra, sobiq eri bilan ko‘rishib turishi, hattoki, moliyaviy jihatdan unga tobe ham bo‘lishi mumkin. Bu, tabiiy, ayni paytda real oilaviy munosabatlarga ta’sir etmay qolmaydi.
Oilaning funksional xususiyatlari – bu oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarning sifatiy taraflarini tavsiflaydi. Masalan, muloqot uslublari;
har bir oilaga xos bo‘lgan tartib-qoidalar;
o‘zaro muloqot jarayonida kommunikativ to‘siqlarning mavjudlari (yo‘qligi).
Satir o‘zining psixoterapevtik tajribasidan kelib chiqqan holda oilaviy munosabatlar jarayonida ko‘zga tashlanadigan muloqotning 5 xil uslubini ajratadiki, ulardan to‘rttasini u samarasiz deb ataydi, bittasi yetarli darajada tajriba va bilimga ega bo‘lgan yetuk muloqot uslubiga kiradi. Dastlabki to‘rttasi odatda muomala jarayonida biror muammo yoki to‘siqni yengishga, o‘zini ataylab yaxshi ko‘rsatishga, kimgadir yoqishga yoki aksincha, kimnidir nimagadir ayblashga, tanqid qilishga xizmat qiluvchi uslublardir. Masalan,
Xushomadgo‘ylik uslubi kimlargadir ataylab yoqish maqsadida barcha oila a’zolarining xatti-harakatlaridan andoza olish, o‘zini yerga urib bo‘lsa-da, o‘zgalar bilan kelishib yashash, bu bilan o‘zini hamisha yerga urishni nazarda tutadi.
Ayblovchi uslub doimo kimnidir nimagadir o‘rgataverish, tanqid va nazorat qilish, faqat o‘zidan kuchli odam oldidagina biroz o‘zini tortish bilan bog‘liq kommunikativ harakatlarni o‘z ichiga oladi. Birinchi va ikkinchi uslublar go‘yoki bir birini to‘ldiradi.
Hisob-kitobli muomala uslubi shundayki, unga ko‘ra odam hamisha va har qanday vaziyatda aniq, bexato harakatlar qilishga intiladi, chunki bunday odam adashmay, doimo “to‘g‘ri, benuqson” bo‘lishga intiladi, shuning uchun bunday insonning harakatlari doimo sun’iyday, his-tuyg‘ulari esa mazmunsiz, doimo tazyiq ostiga olinganday bo‘ladi.
Chetlashtirilgan muomala uslubi o‘zini nima qilib bo‘lsa-da o‘zgalardan uzoqda, muayyan masofada tutishga qaratilgan, odamoviday boshqalarning nazaridan ham, ularning ta’siridan ham o‘zini tortadi (masalan, bizda odatda yangi kelinchak o‘zini ana shunday tutadi).
Yetuk, adaptiv muomala uslubida esa inson hamisha o‘z oiladoshlari bilan to‘g‘ri, samimiy, ochiq munosabatlarga tayyor bo‘ladi. Bunday odam o‘zining barcha fazilatlarini bilgani va saqlagani holda boshqalarning ham shaxs ekanligini, individualligini unutmagan tarzda muloqotga kirishadi. U gapirishni ham maromida eplaydi, o‘zgalarni tinglashni ham biladi, shu sababli, unga qandaydir kommunikativ to‘siqlar xatarli emas.
Psixoterapevtik amaliyotda Satir ham Karl Rojers kabi barcha muomala uslublarini tahlil qilar ekan, bir insonning boshqa bir insonni tinglay olishiga alohida e’tibor qaratadi. Asosiy maqsad shundan iboratki, har bir oila a’zosini o‘z tartib-qoidalarini buzmagan holda muomala madaniyatiga o‘rgatishdir. Masalan, oilaning muayyan tartib qoidalariga quyidagilar kirishi mumkin: “Yakshanba kunlari hamma to‘planib, birga tushlik qilishadi”, “Otamiz uxlagan paytda unga hech kim xalaqit bermaydi”, “Maktab xarajatlari uchun bolalarga muayyan miqdorda pul beriladi” va hokazo.
Ochiq tartib-qoidalardan tashqari, har bir oilaning yashirin qoidalari ham mavjudki, ular ham oilaviy munosabatlarning yaxshi bo‘lishida katta rol o‘ynaydi. Odatda bunday qoidalar muayyan mavzularning oila davrasida ko‘tarilmasligi yoki ma’lum tarzda his-kechinmalarning namoyon etimasligida ko‘rinadi. Masalan, otasining oldingi nikohdan farzandlari borligi mavzusi, oilada nogiron borligi, bolaning qandaydir falokat tufayli ruhan yoki jismonan dardman bo‘lib qolgani, kimnidir qamalib ketganligi, ota va onaning birga yotmayotganligi, otaning spirtli ichimliklarga ruju qo‘yganligi kabilar odatda oila a’zolari to‘plangan paytda ochiq muhokama qilinmaydi. Chunki rasman taomil bo‘yicha bunday holatlarga bevosita bolalarning aloqasi ham, aybi ham bo‘lmaydi, shuning uchun ularda shu kabi salbiy tajriba paydo bo‘lishidan saqlagan tarzda bu kabi holatlar muhokama qilinmaydi.
Oilaning chegarasi va hududi deyilganda, odatda oilaning boshqa sotsiomadaniy muhit vakillari bilan aloqasi, ularga bog‘liqligi darajasi nazarda tutiladi. Satirning fikricha, shunday oilalar ham bo‘ladiki, ular boshqalar bilan deyarli muloqotga kirmaydi, bu oilaga darvozadan ham, devoridan oshib ham kirib bo‘lmaydi, u go‘yoki o‘z qobig‘iga o‘ralib olganday, o‘z navbatida u boshqa oilalarga ham qiziqmaydi, oilaviy tantanalarga yaqin qo‘shnilarni ham chaqirmaydi, o‘qishi yoki ishxonasini hisobga olmaganda, boshqa ijtimoiy muassasalarga, masalan, teatr, kino, klublarga ham bormaydi. Odatda bunday “yopiq” turdagi oilalar unchalik inoq-ittifoq ham yashamaydi. Bizning sharoitimizda mahalla-kuyning tadbirlari ham ularsiz o‘tadi. Shuning uchun ochiq turdagi, keng muloqotlarga asoslangan oila baxtli va mustahkam hisoblanadi. Bu oilalarning dahlsizligiga ham zarar yetkazmaydi.
Taniqli amerikalik oilaviy psixoterapevt Salvador Minuxin ham o‘ziga xos konsepsiyaning asoschisidir. (Minuxin S., Fishman Ch., 1998). Uning fikricha, oila – murakkab tuzilishga ega bo‘lib, tarkibiga ayrim alohida individlarni, bir qator tizimlarni qamrab oladi. Ichki tuzilmalar koalitsiyalarga birlashib, oila doirasida turli hodisa va jarayonlarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, har qanday oila boshqa o‘ziga o‘xshash tuzilmalar bilan murakkab munosabatlarni o‘rnatadiki, bu tashqi tizimlar ba’zan oilani qo‘llab-quvvatlash vazifasini ham bajaradi.
Oila – eng avvalo rivojlanuvchi tuzilma bo‘lib, unga yoshga oid qonuniyatlar xosdir. Chunki oila a’zolari yillar o‘tgani sari rivojlanadi, yetuklikka erishadi, qariydi, shu bois ham oila doimiy o‘zgarish va rivojlanishlarni boshidan kechiradi.
Oilaning tarkibiy tuzilmasi ham ilmiy jihatdan muhim bo‘lib, uni eng avvalo alohida individlar tashkil etadi. Alohida individ o‘z xohish-istaklari, ehtiyojlari, motivatsiyasi, hayotiy maqsad-muddaolariga ega dastlabki avtonom birlikdir. Oila a’zolari esa oilaga kirishib, qo‘shilib ketganligi nuqtai nazaridan bir-biridan farq qiladi. Oilaning ayrim a’zolari butun vujudi, borlig‘i bilan oilaviy hayotga uyg‘unlashga ketgan bo‘lsa, boshqalari uning tarkibiga boshqa tashqi tuzilmalar hisobidan qo‘shiladi. Masalan, uy bekasi oilaning birinchisi bo‘lsa, yangi tushgan kelinchak ikkinchi xil oila a’zosini tashkil etadi. Lekin barcha oila a’zolari uning psixologik muhitini, undagi samimiyatni barqaror etishga o‘z hissasini qo‘shadi, faqat birinchisi oila manfaatlarini ichkaridan turib, faqat yaxshilikni, barqarorlikni o‘ylab ish tutsa, boshqalari tashqaridan turli ma’lumotlar, “o‘ziga xos havo” olib kirish yo‘li bilan oila muhitini muvofiqlashtiradi.
Er-xotin tizimi oiladagi er va xotindan iborat bo‘ladi. Erkak va ayol qovishuvidan boshlanadigan bu tuzilma aslida butunlay bir-biridan farq qiluvchi qadriyatlar, qarashlar, kutishlar va e’tiqodlardan tarkib topadiki, agar ularning har biri o‘zaro muloqot jarayonida bir-birlarini bilgani sari o‘z qarashlari, xatti-harakat meyorlari, odat va qiliqlaridan qisman bo‘lsa-da, voz kechmas ekan, oilaviy birlik ro‘y bermaydi. Bu juda katta psixologik jarayon hisoblanib, uning natijasi o‘laroq oilada er-xotinning bir-biriga adaptatsiyasi, moslashuvi ro‘y berishi mumkin. Yangicha “qovishuv”, bir-birini identifikatsiya qilish, o‘xshashliklar jarayoni adaptatsiyaning muhim natijasi o‘laroq, bunday bir-biriga yaqinlashish, “o‘xshashlik va uyg‘unlikning” paydo bo‘lishi yillar davomida sayqal topib boradi. Lazarev va Rage degan olimlarning qayd etishlaricha, odam boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan stressor g‘amlardan eng kuchlisi turmush o‘rtog‘idan judo bo‘lish hisoblanadi, chunki ular yillar mobaynida bir-birlariga juda ko‘nikib, kirishib ketgan bo‘ladi. Ayni shu tuzilmadagi har qanday evrilishlar, nizolar va qiyinchiliklar yaxlit oilaning barcha a’zolariga birday ta’sir etadi.
Ota-onalar tuzilmasi har doim ham er-xotinlikni nazarda tutmaydi, zero, uni yolg‘iz momo, xola yoki to‘ng‘ich farzand ham tashkil etishi mumkin. Shuning uchun terapevtik muolajalarda yoki maslahatlarda ota-onalar tuzilmasini aynan kim tashkil etishini bilish ahamiyatlidir. Ota-onalar eng avvalo oilaning xavfsizligi, unda samimiyat muhitining bo‘lishi, tarbiya jarayonlarining qanday kechishiga javobgardir. Ular shu oiladagi barcha farzandlarning kelajagini, kerak bo‘lsa, juda yaxshi kamol topishi uchun o‘z bilim va tajribasini safarbar etadigan insonlardir.
Aka-opa-ukalar tuzilmasi – oilada farzandlarning hayotni o‘rganishlari, bir-birlarini tushunishlari ba’zan tortishib, ba’zan do‘stona muomalani yo‘lga qo‘yishlari juda muhimdir. Odatda oilada shakllangan va sayqal topgan aka-uka, opa-singilchilik munosabatlari keyinchalik do‘stlar, hamkasblar, raqiblar bilan bo‘ladigan murakkab o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘ladi.
Muammoli oilalar deb, Minuxin oila ichidagi mavjud tuzilmalar o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishini tushunadi. Masalan, “pa-de-de” tipidagi oila (fransuzcha pas de deux – ikki kishi raqsi ma’nosini bildiradi) odatda faqat ikki kishidan iborat bo‘lib, bunday oilada farzand bo‘lmaydi. Yoki farzandlari allaqachon “uchirma” qilingan bo‘lib, ota-ona xonadonini tark etgan bo‘ladi. Bu kabi oilalardagi o‘zaro munosabatlar anchagina tarang bo‘lib, aksariyat holatlarda bunday kechinmalar vaqtincha xarakterga egadir. Unda naslni davom ettirish, bola tarbiyasi kabi muammolarning mavjudligi er-xotin munosabatlariga rahna soladi.
Ko‘p farzandli oila (“choriq” tipli oila) munosabatlar tizimi serqirra bo‘lgan oiladir, unda ba’zan, farzandlarning to‘ng‘ichi ota-onalarday yuqori pog‘onaga ham ko‘tarilib qoladi. Bunday oiladagi munosabatlarning yaxshi bo‘lishi uchun ota-ona har bir oila a’zosining vazifalari va oiladagi maqomlarini aniq tasavvur qilib, bo‘lib berishi, to‘ng‘ich bola bilan kichiklar o‘rtasidagi muomala qoidalarini bolalikdan bir maromda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi talab etiladi. Bu yerda ota-ona tuzilmasi, ya’ni, ota-onaning mavqei, obro‘si kuchli va yetakchi bo‘lishi shart.
Distant oila yoki “akkordeon” tipidagi oilada a’zolardan kimdir, bu ko‘p hollarda ota – u yoki bu sababga ko‘ra oila a’zolari bilan kam ko‘rishadi (uzoq muddatli safardagi dengizchi, harbiy xizmatchi, geolog, neft qazuvchi kabi). Ota bunday holatlarda o‘zaro muomala jarayonlarida yo jismonan mavjud shaxs sifatida yoki ramziy tarzdagi ota sifatida ishtirok etadi. Oilada er-xotinlik aloqalari ham, ota va bola munosabatlari ham bolalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ham aziyat chekib turadi. Gohida oilada go‘yoki yashirin qolipda ajrim turganday bo‘ladi. Lekin ayni shu holat ko‘pincha distant oilaning ajrim bo‘lgan oiladan afzal ekanligini ko‘rsatadi.
Beqaror oila tarkiban ham, turar-joy, yashash joyi masalasida ham o‘zgaruvchan bo‘ladi. Masalan, ayrim ayollar birinchi nikohidan ajralganidan so‘ng tez-tez erkaklarni almashtiradi, toki ko‘ngliga ma’qul bo‘lgan insonni topmagunicha turlicha munosabatlar tizimida bo‘ladi. Bu farzandlar tomonidan yaxshi qabul qilinmaydi, ona bilan bolalar munosabatlari hamisha taran turadi. Shunga o‘xshash holatlar tez-tez turar joyini almashtirishga moyil oilaga ham xosdir. Munosabatlar tarangligi nafaqat shu oilaning ichida, balki yangi turar joyga kelib yangi tengdosh o‘rtoqlar va sinfdoshlar orttiradigan bolalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiydir
Noto‘liq oila – ba’zan turmush o‘rtog‘idan birining o‘limi tufayli judolikka mahkum etiganlar oilasida ham o‘ziga xos munosabatlar shakllangan bo‘lib, ularda go‘yoki “arvoh” oilaviy jarayonlarning barchasida ishtirok etayotganga o‘xshaydi. Ayniqsa, sharq xalqlarida marhumning ruhini hurmat qilib, barcha oilaviy tadbir va marosimlarda ularning ruhlarini shod etuvchi duolar o‘qiladi, ular yaxshi gaplar bilan eslanadi, duolar mavjud bo‘ladi. Bu farzandlar tarbiyasida ham ijobiy, ham salbiy rol o‘ynaydi.
Shunday qilib, Minuxin chizmasida oilaviy o‘zaro aloqalar turlicha munosabatlar tizimi shaklida tasavvur etiladi.
Amerikalik tadqiqotchi Myurrey Bouen (1913-1990) – AQShda XX asrning boshlarida boshlangan oilani himoya qilish harakatining asoschilaridan bo‘lgan, ushbu harakatdan ko‘zlangan maqsad – oilani alohida tadqiqotlar obyektiga aylantirish, shu orqali uning inson salomatligidagi benazir rolidan foydalanish, hattoki, ruhan bemor bo‘lganlarni davolashda oilaning imkoniyatlaridan foydalanish g‘oyasini targ‘ib etishdan iboratdir. Bouen fikricha, inson o‘z umrini o‘tkazadigan ijtimoiy guruhlardan eng muhimi – bu oiladir. Shu bois ham har bir shaxsni o‘rganish uning oilasini o‘rganishdan boshlanmog‘i lozim. Ammo, ta’kidlaydi, muallif, inson qanchalik biologik tuzilmali, hissiyotlarga boy emotsional tizimga ega bo‘lmasin, u sekin-asta o‘z oilasi qobig‘idan ajralib, shaxsiy xususiyatlarda boshqalardan o‘zgacha, ajralib, differensiallashib boravedi. Ana shunday tafovutlanish, ya’ni, hayoti mobaynida o‘ziga xos xislatlar egasi bo‘lish, ota-onasi va yaqinlaridan farqlanuvchi sifatlarga ega bo‘lib borish darajasi har bir insonda turlicha sodir bo‘ladi.
Har bir shaxsning hayotdagi insoniy burchlaridan biri ham ayni shu “alohidalikka, boshqachalikka” intilish va o‘zgalar bilan hamjihatlikda yashash ko‘nikmalarini orttirib borishdir. Bouen turli odamlarda testlar o‘tkazib, ana shu farqlilikning shkalasini yaratdi. Unga ko‘ra, shkalaning pastida joylashganlar (0 dan 25 ballgacha olganlar) odatda xavotirli hayot kechiradi va ko‘pincha o‘zgalarga tobe bo‘lmaslikka intiladi, turli vaziyatlardan chiqib ketish yo‘llarini yaxshi bilmaydi, nisbatan sokin va turg‘un turmush tarzini boshdan kechiradi, biror xavf yoki mushkulotni sezib qolsa, yolg‘izlikni, hech kimga ko‘rinmaslikni afzal ko‘radi. Bunday mijozlar bilan ishlash texnikasi shunga bog‘liqki, ularni eng avvalo turli vaziyatlarda turlicha harakat qilish modellariga, ongi va aqli bilan bo‘lib o‘tgan voqea va hodisalarni tahlil qilishga o‘rgatishdan iboratdir.
Uning aksi bo‘lgan, farqlar shkalasida yuqori ballarga ega bo‘lganlar hamisha ko‘pchilik ichida yuradi, ular bilan hamkorlik darajasi yuqori bo‘lib, har qanday mushkul vaziyatlarda ham o‘zini qo‘lga olib, muammoni yechishning yo‘llarini muvaffaqiyat bilan topadi. Uning munosabatlardagi egiluvchanligi shu qadar samaraliki, u kerak bo‘lsa, odamlar bilan til topishish uchun o‘z individualligidan ham voz kechib, odamlarga kirishib keta oladi, turli stress holatlarda iroda kuchini ishga solib, vaziyatni yengib chiqa oladi.
Bouen oiladagi o‘zaro munosabatlar tizimini tasavvur qilish uchun fanga “emotsional uchburchaklik” tushunchasini kiritdi. Unga ko‘ra, oila tizimini, uning poydevorini tashkil etuvchi asosan uch inson yoki subyekt bo‘ladiki, boshqa munosabatlar ularning vaziyatni nazorat qilishlari, u yoki bu vaziyatlarda o‘zlarini qanday tutishlariga bevosita bog‘liqdir. Agar oila faqat diada tipli o‘zaro munosabatlargagina tayangan bo‘lsa, xavfli, tarang vaziyatlarda ular o‘rtasidagi munosabatlarning salbiy tomonga o‘tib ketish ehtimoli yuqori bo‘ladi, ya’ni, masalan, eri bilan urushib qolgan xotin uchinchi himoyachini izlaydi. Mobodo oilada yana uchinchi shaxs, masalan, farzand bo‘lsa, bu taranglikning kuchi u qadar sezilmaydi. Agar oilada bitta emas, bir necha farzand bo‘lsa, ulardan biri ota-onaga qo‘shilib, o‘sha emotsional uchburchakni tashkil etadi, ayniqsa, o‘smirlik davri qiyinchiliklarini boshidan kechirayotgan boshqa oila a’zosini tarbiyalashda ular uch kishi bo‘lib, unga yordam qo‘lini cho‘zishlari mumkin bo‘ladi.
Bouen turli toifali muammoli oilalarni tahlil etib, ulardagi ziddiyatlarning asl sababi – ana shu kabi emotsional uchburchaklikning hosil bo‘la olmaganligida, deb xulosa qiladi va shu nuqtai nazardan oilalar tipini quyidagilarga ajratadi:
Er va xotin uzoq vaqt mobaynida ham bir-biriga ko‘nika olmayotgan, munosabatlarini oydinlashtira olmagan oila turi. Ular emotsional uchburchak doirasida o‘zaro munosabatlarda bir-birlarini ayblash, kamchiliklarini topish bilan ovora bo‘ladi, lekin munosabatlariga sira bolalarni aralashtirmaydi. Bouennning fikricha, agar shunday tarang munosabatlarga farzand aralashsa, uchalasi o‘rtasida yaxshi, iliq munosabatlar vujudga kelsa, bunday oila mustahkam bo‘lishi mumkin. Aks holda, ota-onadan ayri ravishda bola yashashi, rivojlanishi mumkin, hattoki, uning psixikasiga bunday kemtiklik unchalik zarar yetmasligi ham mumkin, lekin oila oiladay bo‘lmaydi.
Ikkinchi toifa oilada a’zolardan biri to‘laligicha boshqasiga tobe bo‘lib oladi, o‘zidagi avtonomiyadan ataylab voz kechadi. Natijada bunday oilada ikkita “yolg‘on, yashirin “Men”lar paydo bo‘ladi, bir shaxs ikkinchisi ustidan to‘la hukmronlik qila boshlaydi. Bunday nikohlar odatda mustahkam bo‘lishiga qaramay, uni tashkil etuvchilardan biri – tobe “Men” turli psixosomatik va ruhiy kasalliklarga chalinib boradi, farzandlar ham shu munosabatlarga ko‘nikib boraveradi. Aytish joizki, o‘zbek oilalari orasida ayni mana shu toifa oilalar ko‘p.
Uchinchi toifali oilada o‘zaro munosabatlar bir maromda kechaveradi, lekin oilaning mutye, tobe a’zosi tobora bolalarga bog‘lanib, o‘zidagi kamchiliklarni, xavotir va qo‘rquvni bora-bora bolalarga yuklaydigan, ularni kerak bo‘lsa, ayblashga o‘rganib qoladi. Bu ba’zan oilaviy nizolarga sabab bo‘lishim mumkin. Masalan, agar bola yo nogiron, yoki yagona, erka farzand bo‘lsa, barcha nuqsonlar uning shu maqomiga bog‘liq tarzda namoyon etilaveradi, onaning kamchiligi bolaning nochorligi yoki erkalatib yuborganlik niqobi ostida yashiriladi. Boshqa bolalarga xos bo‘lgan u yoki bu muammo ham ayni shu bir bola tufayli paydo bo‘lganday tasavvur etiladi.
Bouen amalga oshirgan tahlillar Amerika muhitidan olinganday tuyulsa-da, oila universal ijtimoiy institut sifatida barcha hududlarda ham umumiy, ham hududiy qonuniyatlarga bo‘ysungani sababli, yuqorida qayd etilgan holatlar va oila tiplari bizda ham mavjud. Shuning uchun ham biz misol tariqasida bir nechta nazariy hamda amaliy yondoshuvlarni ko‘rib chiqdik. O‘zbekistondagi oilalarning milliy o‘ziga xosligi bo‘lishiga qaramay, insoniyat taraqqiyoti mobaynida shakllangan ijtimoiy institut sifatida unda ham universal, umummilliy jihatlar va ular bo‘ysunadigan qonuniyatlarning mavjudligi hech kimga sir emas.
|
| |