• 2-Mavzu: Oilaviy nizolarni vujudga kelish va tarixi Mavzuning qisqacha mazmuni
  • Qarshi davlat universiteti psixologiya kafedrasi oilaviy nizolar psixologiyasi




    Download 3,74 Mb.
    bet7/97
    Sana20.05.2024
    Hajmi3,74 Mb.
    #246640
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   97
    Bog'liq
    Оилавий низолар психолгияси

    Adabiyotlar:
    1.Karimova V.M. Oila psixologiyasi”. Darslik-T:Fan va texnologiya. 2008.152b.
    2. Shoumarov G.B. tahriri ostida. “Oila psixologiyasi”.T.: Sharq, 2009. -272 b.
    3. Fayzieva M., Jabborov A. “Oilaviy munosabatlar psixologiyasi”. - T.Шарқ 2007.
    4. Доброславович В. Любовь или влюбленность? Москва. Академия 1999 г.
    5. Karimova V.M. “Oilaviy hayot psixologiyasi” O‘quv qo‘llanma. T.,Шарқ 2006
    6. Андреева Т. В. Семейная психология: Учеб. пособие. - СПб.: Речь, 2004. - 244 с.
    7. Карабанова О.А. Психология семейных отношений и основы семейного консультирования. Учебное пособые. – М.: Гайдарики, 2005. – 320 с.
    8. Shoumarov G.B. Muhabbat va oila. – T.: Ibn Sino, 1994. - 120 b.
    9. Сатир В.М. Kak строит себя и свою семью. M.: Педагогика - Пресс. 1992. -191 с.
    10. Психология семейных отношений: конспект лекций / сост. С.А.Векилова. - M.: АСТ; - СПБ: Сова, 2005. - 127 с.
    11. “Социология семьи:” Учебник, под. ред. проф. A.И.Антонова- 2-е изд., перераб. и доп. - M.: ИНФРА-M, 2005. - 640 С. (Kлассический университетский учебник).
    12. Faxr-ul Banot Sibhatulloh qizi. Oila saboqlari. - T.: Yozuvchi, 1992. – 96 b.
    13. XXI asr oilasi kontsepsiyasi. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi. - T.: NISIM, 2002. - 28 b.
    14. Bo‘riev O. O‘zbek oilasi tarixidan. - T.: O‘qituvchi, 1995. - 128 b.
    15. Nishonova Z. Va boshqalar. Rivojlanish psixologiyasi.Pedagogik psixologiya. T.2017


    2-Mavzu: Oilaviy nizolarni vujudga kelish va tarixi
    Mavzuning qisqacha mazmuni: Oila va nikoh institutining rivojlanish tarixi. «Avesto»da oila haqida bayon etilgan fikrlar. Islomda oilaviy munosabatlar masalalari. Mutafakkirlarining oila haqidagi qarashlari. Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Yusuf xos Flojib, Alisher Navoiy va boshqa mutafakkirlarning oila va oilaviy munosabatlar xususidagi qarashlari. Yu.Toslaviyning “Xikmatlar xazinasi”dagi nasihatlari. Ibn Sinoning oilaviy munosabatlar haqida qarashlari.

    Oilaviy turmush va undagi shaxslararo munosabatlar muammolari eng davrlardan boshlab jamiyatning eng ilg‘or kishilari, olimlar, buyuk allomalar va donishmandlarning diqqat markazidagi asosiy masalalardan bo‘lib kelgan. Jumladan, Sharqning buyuk allomalari hisoblangan Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshqariy, Unsurul Maoliy Kaykovus, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Bobur, Abdulla Avloniy va boshqa shu kabi ko‘plab olim va yozuvchilar bu masalalar yuzasidan o‘zlarining durdona fikrlarini tarixda qoldirib ketganlarki, ular hozirgi zamon fani uchun ham katta ijtimoiy va mafkuraviy ahamiyatga egadir. Ularning asarlarida oila va oilaviy munosabatlarga ham alohida e’tibor berilgan.


    Sharq mutafakkirlari o‘zlarining boy ilmiy qarashlarida shaxs tarbiyasi va kamolotida oilaning, oilaviy tarbiyaning rolini yuqori qo‘yishgan, ayniqsa, shaxsning aqliy va axloqiy kamolotida oilaning o‘rni, ota-ona va yaqin kishilarning yo‘naltiruvchi va tarbiyalovchi vazifalariga alohida e’tibor berganlar. Buyuk tafakkur egalari faqat oiladagina rivojlanishi mumkin bo‘lgan sifatlar – halollik, poklik, mardlik, mehribonlik, haqgo‘ylik kabi qator fazilatlarni barcha sifatlardan yuqori qo‘yishlari bilan birga insoniy munosabatlarda nomoyon bo‘lgan yuksak fazilatlar, avvalo, ota-onadan bolaga o‘tishi va ularning jamiyat taraqqiyotiga ijobiy ta’siri kabi qimmatli fikrlar va bu boradagi amaliy ko‘rsatmalarni o‘z falsafiy qarashlarida ifodalab berganlar.
    Markaziy Osiyoda shakllangan Zardushtiylikning asosiy kitobi Avestoda ham nikoh-oila munosabatlari e’tibordan chetda qolmagan. Bu diniy e’tiqod mil. av. II ming yillik birinchi yarmida O‘rta Osiyoda shakllangan bo‘lib, dastlabki yakkaxudolikka asoslangan diniy tasavvurlardan biri hisoblanadi. Unda ayolga munosabat, ayolning roli, vazifalari, nikoh qurish yosh davrlari belgilangan. Bu diniy tasavvurda nafaqat ayollarga balki, insonlarning bir-birlariga bo‘lgan munosabatlarini, shaxslararo muloqotni o‘ziga xos shakllarini, qonun-qoidalarini, tartiblarini ishlab chiqilganligini ko‘rishimiz mumkin.
    Bu diniy e’tiqodga qadar bo‘lgan xudolarga odamlarni qurbonlik qilishga qarshi kurashish Zardushtiylik diniy tasavvurini Markaziy Osiyoda keng yoyilishiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biri bo‘lganligini ham aytish lozim. “Avesto”da ko‘rsatilishicha, oilada ota yetakchi bo‘lgan. “Avesto”da ifodalangan oila va oilaviy munosabatlarga hamma rioya qilishi lozim bo‘lgan. Bu er xotinni sodiqlikka da’vat etib, ularni bir-birlariga g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishga chaqirgan. Yana shunga e’tiborni haratish kerakki, ayolning haq-huquqini himoya qilish o‘sha davrda ham qonun darajasiga ko‘tarilgan.
    Zardushtiylik davrida oila qurishning quyidagi motivlari mavjud bo‘lgan:
    - ota yoki homiyning xohish-irodasi tufayli;
    - sevgi-muhabbat tufayli;
    - qarovsiz qolganligi tufayli (ayollar);
    - farzandli bo‘lish xohishi tufayli va boshqalar.
    Umuman olganda, Zardushtiylikda ayol va oila masalasiga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, ayol va oilaning jamiyatda tutgan o‘rni va mavqeini mustahkamlash uchun o‘sha davrlardan boshlab zamin yaratila boshlanganligini ta’kidlash lozim.
    Sharqning buyuk allomalaridan biri Abu Nasr Forobiy (873-950) o‘zining boy ma’naviy merosida inson kamoloti, baxti, ta’lim va tarbiyasi, umuman axloqi, dinga munosabati haqida muhim ma’lumotlarni qoldirgan. Uning ta’limotlarida keltirilishicha, haqiqiy baxt bir odamning boshqasiga nisbatan g‘ayirligi, zulmi yo‘qolgandagina bo‘ladi, oila a’zolarining bir-biriga samimiy munosabatlari, mehr-u oqibatlari esa ana shu oiladagi odamlarning baxtini tashkil qiladi.
    Uning g‘oyalarida oilaning to‘liqligi, unda qaror topgan sog‘lom ma’naviy muhitning ahamiyatini aks ettiradigan fikrlar ham mavjud. “Har bir inson o‘z tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi. U bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi. Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir butun holda ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur bo‘lgan narsalarni yetkazib beradi” yoki “odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi boshlang‘ich asos insoniylikdir. Haqiqiy baxtga erishish maqsadida o‘zaro yordam qiluvchi kishilarni birlashtirgan shahar (bizningcha, oila) fazilatli shahardir, baxtga erishish maqsadida birlashgan kishilar jamoasi (bizningcha, oila jamoasi) fazilatli jamoadir” .
    Forobiy keraksiz urf-odatlardan (hozir ham oilaviy hayotda, er-xotin munosabatlarida uchraydi) voz kechish, baxt saodatga erishish yo‘llari haqida gapirib shunday deydi: Rahbarlar (er yoki xotin) “yomon odatlarni o‘zida ifodalovchi o‘tmishni ham o‘zgartirmog‘i kerak. Aks holda o‘tmishni talablariga rioya etib, uning kayfiyati saqlansa, turmushda hech qanday yengillik, o‘zgarish va o‘sish ham bo‘lmaydi”. Yoki “Baxt saodatga erishuv yo‘lida nimaiki (bilim, axloq, kasb-hunar) yordam bersa, uni saqlamoq, mustahkamlamoq nimaiki zararli bo‘lsa, uni foydali narsaga aylantirishga harakat qilmoq zarur” .
    O‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy (973-1048) o‘z ijtimoiy qarashlarini aks ettirgan yaxlit ijtimoiy ta’limot yaratmagan bo‘lsa-da, lekin u ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘zining nuqtai nazarini ko‘pgina qomusiy asarlarida izhor etishga yoki ular yuzasidan tanqidiy fikrlar aytishga harakat qilgan. Abu Rayhon Beruniyning muayyan qarashlari oilaviy turmush, oila va nikoh, oilaviy qadriyatlar va uning a’zolari o‘rtasidagi munosabatlariga xosdir. Uning ko‘pgina asarlarida inson odobi va axloqi xususidagi noyob fikrlar o‘z ifodasini topgan. Mutaffakkir o‘zining “Minerologiya”, “Geodeziya”, “Hindiston”, “O‘tgan avlodlar obidalari” nomli asarlarida inson shaxsi, uning komoloti, aql-idroki, halovat va lazzati, sabr-toqat va kamtarlik, go‘zallik va did, poklik va xudbinlik kabi tushunchalarga inson ruhiyatining bilimdoni sifatida ta’rif bergan.
    Beruniy o‘rta Osiyo, Qadimgi Yunon va Hind xalqlari hayotini yaxshi bilgani uchun ular amal qiladigan urf-odatlar, qadriyatlar va milliy madaniyatlarining o‘ziga xos tomonlarini taqqoslab tahlil qiladi. Ushbu tahlillar oila-nikoh,, oiladagi o‘zaro munosabatlarga ham xosdir. Jumladan, u oilalarning “poligamiya” (erkak yoki ayol bir paytning o‘zida bittadan ortiq er yoki xotinga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladigan nikoh shaklini bildiradi) turi haqida ham qimmatli ma’lumotlarni keltiradi. Masalan, Janubiy Hindiston madaniyatida tud erkaklari biologik nuqtai nazardan otalikni o‘rnatish bilan qiziqmaganlar. Ularda bolaga otalik rasmini amalga oshirish chog‘ida o‘qli kamonni homilador ayolga tantanali suratda bergan erkak bolaning otasi hisoblangan. Agar keyinchalik boshqa bir erkak bolaga otalik qilishni xohlab qolsa, bu rasm ayolning navbatdagi homiladorligida takrorlangan. Bu ma’lumotlar izlanuvchilarda ijtimoiy tarixiy taraqqiyot davomida oilaviy turmushning takomillashuvi, oila-nikoh munosabatlarining barqarorlashuvi va monogamiya oila turining kelib chiqishi tarixi haqida ilmiy tasavvurlar shakllanishiga yordam beradi.
    Beruniy qarashlarida oilaviy munosabatlar barqarorligining yetakchi omillari oqillik va mehnatsevarlikning ahamiyati haqida ham qimmatli fikrlar mavjud. “Muayyan vazifalarni bajarish zaruriyati inson faoliyatining bir umrga yashash qoidasidir. Insonning qadr-qimmati o‘z vazifasini a’lo darajada bajarishidan, shuning uchun ham insonning eng asosiy vazifasi va o‘rni mehnat bilan belgilanadi. Zero, inson o‘z hohishiga mehnat tufayli erishgan”.
    Abu Rayhon Beruniy “ozodalik va orastalik olijanoblikning o‘zagi” bo‘lishi kerakligini uqtiradi; insonning tashqi yoqimli qiyofasi bilan uning axloqiy qiyofasi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gapirib, “tishni yuvib, ko‘z va qovoqlarni toza tutish, ularga surma qo‘yish, sochni esa zarur bo‘lganda bo‘yab, tirnoqlarni olib turish va silliqlash” inson salomatligi va ruhiy pokligining asosidir, deb ta’kidlaydi. Bu fikrlar hozirgi zamonda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q, chunki oila a’zolarining, erxotinning ushbu ko‘rsatmalarga amal qilishi oila totuvligining zaminlaridan biridir.
    Axloq-odob egasi bo‘lgan inson eng avvalo o‘z yurish-turishi, muomala madaniyatida, hayot kechirishida, oila barqarorligida namuna bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrlari olimning oila etikasi bo‘yicha ibratli qarashlaridan namunadir: “Inson o‘z ehtiroslariga hukmron, ularni o‘zgartirishga qodir, o‘z jon va tanini tarbiyalar ekan, salbiy jihatlarni maqtagudek narsalarga aylantirishga, uni ma’naviy shifokorlik bilan davolashga hamda asta-sekin, axloq haqidagi kitoblarda ko‘rsatilgan usullar bilan illatlarni bartaraf etishga qodirdir”.
    Shunday qilib, Beruniy ustozlari izidan borib, o‘zining gumanistik qarashlari bilan oila psixologiyasiga munosib hissasini qo‘shdi. U insonlar o‘rtasida o‘zaro bir-birlarini tushunish, tenglik va boshqaruvda adolatni himoya qilib chiqdiki, bu qarashlar bizning davrimizda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
    Oilaviy munosabatlar masalalarini o‘rgangan Sharq allomalaridan biri Abu Ali ibn Sinodir (980-1037). Ibn Sinoning pedagogik va psixologik qarashlari ijtimoiy asosda qurilgan bo‘lib, u bola tarbiyasida umuminsoniy tamoyilining qo‘llanilishini yo‘qlab chiqqan va tarbiyachi ota-onalarga bolani qattiq tana jazosidan ko‘ra, shaxsiy ibrat orqali tarbiyalash ma’qulligini uqtirgan. Axloqiy tarbiya masalalarida alloma oilaning o‘rnini alohida ta’kidlangan. Oila va oilaviy munosabatlar masalasi uning “Tadbiri manzil” asarida o‘ziga xos tarzda bayon etilgan.
    Ibn Sino oilaviy munosabatlarning turli va muhim tomonlarini yoritar ekan, avvalo oila boshlig‘i erning oldidagi mas’uliyatli vazifalarga e’tiborini qaratadi. Uning fikricha, birinchi navbatda er oiladagi tarbiyaviy ishlarga doir ham nazariy, ham amaliy ma’lumotlarga ega bo‘lishi shart. Shundagina, u haqiqiy oila boshlig‘i bo‘la oladi. Er-xotin munosabati tenglik hamjihatlik va o‘zaro hurmat asosida qurilishi haqida to‘xtalib, ”Erkak kishi oila boshlig‘idir, u oilaning barcha ehtiyojlarini qondirmog‘i lozim, chunki bu uning birlamchi vazifasidir. Ayol esa erkakni yaxshi, munosib yo‘ldoshi va bola tarbiyasi borasida eng yaxshi voris va yordamchisidir”, - deb yozadi Ibn Sino. Ibn Sinoning bola tarbiyasi, tarbiya psixologiyasi, er-xotin munosabatlariga qo‘ygan ushbu talablari o‘sha davrda qanchalik zarur bo‘lsa, bizning bugungi kunimizda ham u o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q.
    Ibn Sinoning sevgi-muhabbat va er-xotin munosabatlari borasidagi fikrlari ham diqqatga sazovordir, “Eng yuksak sevgi deb, ta’kidlaydi u, - bu insoniy sevgi bo‘lib, bunday sevgi kishini saxovatli qiladi, uni oqko‘ngil va jozibali kishiga aylantiradi”. Allomaning fikricha, sevgi inson zimmasiga juda katta axloqiy va huquqiy mas’uliyat yuklaydi. U inson baxtining negizi, deganda oshiqlik emas, balki oshiq-ma’shuqlikni tushunadi. Oshiq-ma’shuqlik bilan turmush qurish oila mustahkamligining asosi sifatida ta’kidlanadi.
    Turmush qurgan er-xotinlar munosabati borasida Ibn Sino o‘zining “Oila xo‘jaligi” kitobida ayollar axloqan eng maqbul, yuqori sifatlarga ega bo‘lmoqlari lozim, deb yozadi, Shu kitobning “Afsofiy bextarin zanxo” “Ayollarning yaxshi fazilatlari haqida” bo‘limida ularning quyidagi fazilatlari ta’kidlanadi: “Ayol aqlan dono, uyatchan, iboli, iffatli bo‘lib, ko‘p gapirmasligi lozim: u eriga bo‘ysunmog‘i, uni sevmog‘i, farzandlar tug‘ib, doimo halol, pok, to‘g‘ri so‘z, kamtar bo‘lishi kerak, injiq bo‘lmasligi, o‘z iffati va obro‘sini to‘kmasligi lozim; u hech qachon eriga nisbatan dimog‘dorlik, viqor hissini ko‘rsatmasligi, o‘z ishlarini yaxshi, o‘z vaqtida bajarib, oilaning moddiy boyliklarini tejamkorlik bilan ishlatmog‘i lozim; o‘z xulq-atvori bilan o‘z erining qalbida hadiksirash hissiga o‘rin qoldirmasligi kerak”.
    XI asrning buyuk mutafakkiri va shoiri Yusuf Xos Hojib o‘zining “Qutadg‘u bilig” - “Saodatga boshlovchi bilim” kitobida va undan keyingi qator asarlarida o‘zining axloq hamda hayotga oid qarashlarini bayon etadi. Inson faqat jamiyatdagina kamolotga yetishi mumkin, muloqot va ijtimoiy-foydali mehnat uning rivojlanishi va yashashining mezonidir, deb hisoblaydi. “Boshqa odamlarga foydasi tegmaydigan inson – o‘likdir”, - deb yozadi u. Odam kim bo‘lishidan qat’i nazar, shohmi, gadomi, avvalo, insoniy bo‘lishi kerak, chunki “dunyoda o‘lmas bo‘lib, faqat insoniylik qoladi”, “Yaxshi axloqiy fazilatlarga ega kishi - har qanday qimmatbaxo durlardan ham qimmatlidir” .
    Yusuf Xos Hojibning mazkur asarida er yoki xotin tanlashda uning qaysi sifat va fazilatlariga e’tibor berish zarurligi, inson shaxsiga xos sifat va fazilatlarning oilaviy hayotni boshqarishdagi roli, o‘rni va ahamiyati, er-xotin o‘zaro munosabatlarining meyorlari, farovon turmush kechirishning muhim shartlari haqida qimmatli fikrlar aytilganki, ular hozirgi oila turmushi va er-xotin munosabatlari uchun ham ahamiyatlidir. Asarda “Sen xotin olsang, o‘zingdan quyisini ol, zoti oliysiga boqma, sen qul bo‘lib qolasan”. Asli, urug‘i hamda zoti yaxshi bo‘lsin, uyatli, andishali, pokizasini istagin .
    Yuzi chiroyini istama, xulqi yaxshisini ista, fe’l-atvori yaxshi bo‘lsa, sening yuzingni yoritadi. Fe’lu-atvori yaxshi bo‘lsa, u to‘kis bo‘ladi. Fe’lu-atvori to‘g‘ri bo‘lsa, juda munosib bo‘ladi, xotin chiroyi xulqdir, buni bilgan biladi. Agar yaxshi andishali ayol topishga muyassar bo‘lsang, boy berma (darhol olgin) ey ezgu kishi andishali, pokiza bo‘lsa, unday kishi asl bo‘ladi. Sen xotinning andishali-aqllisini ista, ey dono, andishali aqlli xotin topilsa - farosat, andisha, boylik, chiroy, nasl-nasab jam bo‘ladi. “Sen xotinni qadrli tut, nima so‘rasa muhayyo et”.
    Yusuf Xos Hojib, odamlar o‘rtasidagi sevgi-muhabbatni tarannum etgan. U sevgini oilaviy baxt va ijtimoiy muvaffaqiyatlarning garovi, deb hisoblagan. “Yigit uylanmasdan avval kelinning kimligini, uning kelib chiqishi, xarakteri va xulq-atvorini bilishi kerak”, - deydi u. Uning axloqiy didaktikasi O‘rta Osiyodagi ilg‘or fikrlarning taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan, shuning uchun ham uning qarashlari musulmon xalqlari o‘rtasida keng tarqalgan va ko‘pgina shov-shuvlarga sabab bo‘lgan.
    Asarda xotin bilan bir qatorda er ham bilimdon, farosatli, aql-idrokli, zukko bo‘lishi, oila tartibini saqlash va uni yuritishda intizomli (intizom o‘rnatuvchi), uni kuzatib borishi kerakligi, oilaning iqtisodiy jihatdan to‘kisligini ta’minlovchi, xotiniga va farzandlariga mehribon, xushmuomalali, to‘g‘ri so‘z bo‘lishi uning farovonligi va barqarorligini ta’minlovchi muhim omillar ekanligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
    Turmush madaniyatini, odob-axloq, sevgi-muhabbat borasida o‘ziga xos qaytarilmas fikrlar sohibi buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy (1441-1501)ning “Mahbub ul-qulub” yoki “Qalblarning sevgisi” deb nom qo‘yilishi bejiz emas. Chunki bu asarda Navoiy insonlarga qalbidagi eng kerakli o‘g‘itlarni bayon etib, ularni turmushdagi, oilaviy hayotdagi turli hodisalar va vaziyatlardan chiqishga imkon beruvchi yaxshi fazilatlar, ularni tarbiyalash masalalariga diqqatni qaratadi.
    Alisher Navoiy “Mahbub ul qulub” asarining 37 fasl “uylanganlik va xotinlar to‘g‘risida” ayolning fazilatlari va uning oiladagi o‘rni haqida quyidagilarni yozadi; “Er bilan xotin bir-biriga mos tushsa, o‘rtada boylik va saranjomlik bo‘lur, uy bezagi undan va uylanganning (erning) tinchligi undan. Husni bo‘lsa, ko‘ngilga yoqimli bo‘lur, yaxshiligi bo‘lsa, jon ozig‘idir. Aqlli bo‘lsa, turmush intizomli va ro‘zg‘or kerak yarog‘i tartibli va saranjomli bo‘ladi. Ana shunday turmush o‘rtog‘i bo‘lsa - g‘am kulfatda sirdosh va hamdaming bo‘lur, maxfiy va yashirin dard va mashaqqatda hamnafas va hamrohing bo‘lur. Turmushdan har jafo yetsa, hasratdoshing ul va osmondan har bir balo kelsa, ko‘makdoshing ul. Ko‘ngling g‘amidan ul g‘am chekadi. Nosoz juft uy uchun ham ochiq va ham yashirin qo‘rqinchli kasallikdir. Uyatsiz bo‘lsa, ko‘ngil undan ozorlanadi, yaramas bo‘lsa, ruh undan azob tortadi. Tili yomon bo‘lsa kuyovning ko‘ngli yaralanadi, yomon ishlik bo‘lsa, erga yuz qarolik keladi. Mayxo‘r bo‘lsa, uy obodonligi yo‘qoladi va buzuqi bo‘lsa uy ichi rasvogarlikka aylanadi”.
    Navoiy ayol kishining oiladagi o‘rniga quyidagicha to‘xtaladi: “Yaxshi xotin- oilaning davlati va baxti. Uyning ozodaligi, uy egasining xotirjam va osoyishtaligi undan, husnli bo‘lsa - ko‘ngil yozig‘i, xushmuomala bo‘lsa - jon ozig‘idir. Oqila bo‘lsa, ro‘zg‘orda tartib-intizom bo‘ladi, asbob-anjomlar saranjom turadi. Kishi bu kabi jufti halol bilan qovushsa, agar bunday baxtga erishsa, g‘am va kulfatda sirdoshga, oshkor va pinhoniy dard-alamda hamnafas tan mahramiga ega bo‘ladi. Turmushda boshingga har qanday jafo tushsa, hamdarding u. Teskari aylanuvchi falakdan har balo kelsa, ko‘makdoshing u. Ko‘nglingga g‘am yuzlansa, u hamroh, badaningga xastalik va zaiflik kelsa, uning ham joni halak, ammo xudo ko‘rsatmasin, nomuvofiq xotin uchrasa, o‘z uyingda halokatli illat paydo bo‘ladi. U beandisha, shallaqi bo‘lsa, ko‘ngil undan ozor chekadi va yomonlik axtaruvchi bo‘lsa, undan ruh azob chekadi. Tili achchiq bo‘lsa, barchaning dilini yaralaydi, pokiza bo‘lmasa, eriga yuzi qoralik keltiradi, agar mayxo‘r bo‘lsa, uy odobi yo‘qoladi, axloqsiz bo‘lsa, oila rasvo bo‘ladi”.
    Husayn Voiz Koshifiy (1440-1505) o‘zining hayotdan olgan saboqlari, tajribalari asosida insonparvarlik, ijtimoiy hayot, oilaviy odob, adolat, halollik, sofdillik, to‘g‘rilik, rostgo‘ylik haqidagi fikrlarini qiziqarli hikoyalar, rivoyatlar, pandu-nasihatlar yordamida bayon etgan. U salbiy axloqiy xislatlarni qoralaydi va ularning inson hayoti va jamiyat uchun katta zarar olib kelishini qator ibratli rivoyatlar bilan ko‘rsatadi. Koshi-fiy jamiyatda, odamlar o‘rtasida va oiladagi o‘zaro munosabatlarda axloq meyorlari bo‘lib, bu meyorlar insonlarning xulq, fe’l-atvorlarini tartibga solib turadigan axloqiy talablardir, deb baholaydi. U ijobiy xislatlarning kishilarda bo‘lishi shart bo‘lgan insoniy fazilat deb tushunadi. Insoniy fazilatlar; sabr, hayo, iffat, pokizalik, sobitqadamlik, saxiylik, rostgo‘ylik, shijoat, kamtarlik, xushyorlik, oliyhimmatlilik, diyonatlilik, ahdiga vafolik, andishalilik, izzat-hurmatni bilish, sir yashira olish kabi fazilatlarni birma-bir ta’riflab, ularning ahamiyati va oqibatlarini aytib o‘tadi.
    O‘z davrining yetuk ulamosi Rizouddin ibn Faxruddin er-xotin munosabatlarining sofligi naqadar muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etgan holda bu masalaga shunday yondashadi. “Go‘zal muomalali bo‘lmoq islom shariatining birinchi qoidalaridandir. Go‘zal muomalaning eng lozim qismi xotin bilan bo‘lajak muomaladir. Qur’oni Karim xotinlar bilan go‘zal mushoirat etishga buyurgandir. Bunday muomala etuvchi erning dunyosi tuzuk, oxirati rohat bo‘lur. Xotinga go‘zal muomala qiluvchi oliy tabiatli erlar shariatu aql tarafidan man etilgan narsalarga xotinlarini yo‘llamaydilar va eng aziz bolasiga bo‘lgan mehru-shafqati darajasida oqibat ko‘rsatib, xotinlarini barcha mashaqqatdan saqlaydilar, qurbilari yetmagan xizmatga buyurmaydilar”.
    Turkiston jadidchiligining ulkan namoyandalaridan biri Abdurauf Fitrat “Oila” nomli asarida farzandlar tarbiyasi, qizlar ham ilm olish kerakligi va bu sohada ota-onaning vazifalari, uylanish va uylanmaslik, uylanishda qanday xotin tanlash lozim, bo‘lajak er-xotin birinchi marta nimalarga e’tibor berishi lozimligi, er-xotinning qanday yashamoqlari xususida oilaning maishati va idorasi, er xotinga xos sifat va fazilatlar to‘g‘risida hayotiy ma’lumotlarga tayanib ilg‘or g‘oyalarni ilgari suradi. U “millat taqdiri mana shu millat vakillari yashagan oilaning holatiga bog‘liqdir, qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va tartibli bo‘ladi”, - deb yozadi”.
    Fitrat mazkur asarining uylanishda qanday xotin tanlash lozim mavzusida “er xotin mushkulotdan iborat bo‘lgan hayot safarida birga bo‘lib, jismoniy va ruhiy osoyishtalikka sherik, insoniy vazifalarni bajarishda dastyor, qayg‘u va umidsizlik damlarida g‘amxo‘r, saodat va baxtiyorlik chog‘lari bir-birlariga hamdam bo‘lishlari lozim. Shunday ekan, ular albatta, eng avvalo, bir-birlarini kamoli diqqat va tajriba yuzasidan imtihon qilishlari zarur. Xotin erkak holidan va yigit qiz ahvolidan yaxshigina xabardor bo‘lib, keyin turmush qurishlari lozim”, deb ogohlantiradi. Fitratning fikricha, uylanish uchun yana to‘rt narsaga alohida e’tibor berish lozim: mol, nasab, husn va imonu-e’tiqod. “Uylanish orzusida bo‘lgan er bilan xotinning mol (boylik)lari va nasablari taqriban bir xil bo‘lishi lozim. Aks holda er bilan xotin bir-birlariga teng bo‘lmay, hayotini mudom azobga qo‘yadi”.
    Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, oilaviy munosabatlar masalasi Sharq mutafakkirlari asarlarida alohida e’tibor bilan qaraganlar. Buyuk tafakkur egalari o‘zlarining asarlarida oilaning muqaddasligi, uning jamiyat hayotida tutgan o‘rni, oila muqaddasligini belgilovchi muhim milliy-madaniy va milliy-psixologik omillar ko‘rsatib o‘tilgan. Ayniqsa, oilaning asosini tashkil etuvchi er va xotinga xos sifat va fazilatlarning shakllangan bo‘lishi, ular oilaviy burch va vazifalarini sadoqat bilan ado etishlari, bir-biriga mehribon va kechirimliligi eng muhim qadriyat sifatida e’zozlanadi.
    Umuman olganda, sharq mutafakkirlarining ma’naviy merosidan bunday misollarni adoqsiz davom ettirish mumkin. Ko‘rinib turibdiki, er-xotin munosabatlarining oila barqarorligiga ta’siri masalasiga Sharq mutafakkirlari va ma’rifatparvar ziyolilari alohida e’tibor bilan qaraganlar. Ularning asarlarida oilaning muqaddasligi, uning jamiyat hayotida tutgan o‘rni, oila muqaddasligini belgilovchi muhim milliy-madaniy va milliy-psixologik omillar ko‘rsatib o‘tilgan. Ayniqsa, oilaning asosini tashkil etuvchi er va xotinga xos sifat va fazilatlarning shakllangan bo‘lishi, ular oilaviy burch va vazifalarini sadoqat bilan ado etishlari, bir-biriga mehribon va kechirimliligi eng muhim qadriyat sifatida e’zozlanadi.



    Download 3,74 Mb.
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   97




    Download 3,74 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Qarshi davlat universiteti psixologiya kafedrasi oilaviy nizolar psixologiyasi

    Download 3,74 Mb.