|
O‘zbekiston psixologiyasida oilada er-xotin munosabatlari masalalarining
|
bet | 8/97 | Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 3,74 Mb. | | #246640 |
Bog'liq Оилавий низолар психолгиясиO‘zbekiston psixologiyasida oilada er-xotin munosabatlari masalalarining
tahlil qilinishi
O‘zbek oilalaridagi shaxslararo munosabatlar, muomala madaniyati va nizoli holatlar keyingi yillarda psixologiya fanining keng tadqiqot obyektiga aylanib bormoqda. Bu sohada psixolog olimlardan G‘.B.Shoumarov, E.G‘oziyev, V.M.Karimova, A.M.Jabborov, N.A.Sog‘inov, S.A.Oxunjonova, A.Shojalilov, T.M.Adizova, E.Usmonov, X.Karimov, Sh.SH.Jo‘rayeva, R.S.Samarov, O.Shamiyeva, M.Fayziyeva, N.Salayeva, F.R.Ro‘ziqulov va boshqalar olib borayotgan ilmiy tadqiqot ishlari diqqatga sazovordir.
Atoqli olim G‘.B.Shoumarov mamlakatimizda oila muammolarini izchil va samarali o‘rgangan hamda o‘ziga xos maktab yaratganlardan biridir. Muallif oilaviy hayot masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlarida o‘zbek oilalaridagi shaxslararo munosabatlar psixologiyasini keng ko‘lamda o‘rgangan holda er va xotin o‘rtasidagi mutanosiblik muvaffaqiyatlar garovi ekanligi, oiladagi o‘zaro yordam, do‘stlik, o‘zaro moslik, ahillik, totuvlik, o‘zaro tushunuv, simpatiya kabi his-tuyg‘ular har qanday nizoli holatlarning oldini olishi mumkinligini asoslashga harakat qilgan.
G‘.B.Shoumarov o‘z tadqiqotlari natijalariga tayanib, oilaning mustahkam bo‘lishi, er-xotinning baxtiyor hayot kechirishlari va tinch-totuv yashashlarida ularning o‘zaro qovushishi muhim rol o‘ynaydi, deb ko‘rsatadi. U o‘zaro qovushuvlarni shartli ravishda 3 tarkibiy qismga bo‘linishni e’tirof etadi. Ular: 1) biologik qovushuv, 2) psixologik qovushuv, 3) sotsial qovushuv.
Muallif tadqiqotlarida oilada er bilan xotin orasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklarni psixologik tahlil qilib, ularning asosiy sabablari kelin-kuyovning kasb-faoliyati va oilaning qadr-qimmatini o‘lchashlari unda yetakchilik mavqeini qo‘lga kiritish uchun kurashishlari, bir-birini psixologik xususiyatlarini tushunib yetmasliklari, uy-ro‘zg‘or ishlarini bajarishga tayyor emasliklari, jinsiy tarbiyaga oid bilimlarning yetarli emasligi, bolalarni tarbiyalashdagi kelishmovchiliklari, mijozlarning mos kelmasligi, jinsiy masalalarda kelisholmasliklari, farzandsizlik, rashk va ishonchsizlik ekanligini ko‘rsatib o‘tadi.
O‘zbek psixologiya maktabining asoschilaridan biri E.G‘oziyevning oilaviy hayot muammolari sohasida olib borilayotgan tadqiqotlari ham diqqatga sazovordir. Olimning fikricha, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda yoki yangi oilalar qurishda ana shu muhim asoslarga e’tibor berish va ba’zi bir narsalardan ogoh bo‘lish zarur. “Oila but bo‘lishi uchun birinchi navbatda, shaxslararo tenglikni qaror toptirish kerak. Ikki yosh, ya’ni bo‘lg‘usi kuyov-qayliqlar bir-birlarini chuqurroq o‘rganishlari, ayrim nuqsonlardan ko‘z yumushlari zarur. Yoshlarni qiyinchiliklarni yengishga, o‘zgacha shart-sharoitga ko‘nikishga bolalikdan o‘rgatib borish lozim. Eng muhimi ular o‘rtasida chin muhabbat bo‘lishi darkor. Oilada mehnat taqsimotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ayni muddaodir”.
Muallif o‘z tadqiqotlarida oilada yuzaga keladigan ziddiyatlar va oila buzilishlari haqida ham alohida to‘xtalib, uning muayyan sabablari: er-xotinning xarakter jihatidan mos tushmaganligi, farzand ko‘rmaslik, kelinning ma’naviy va jismoniy jihatdan haqoratlanganligi, moddiy ta’minotdagi kamchiliklar, tarbiyaviy qashshoqlik, oilada ortiqcha an’ana va marosimlarning mavjudligi, ichkilikka ruju qo‘yish, rashk, madaniy hordiq chiqarish imkoniyatining yo‘qligi, qarindosh-urug‘chilikdagi ko‘ngil buzar ishlar mavjudligini ko‘rsatib o‘tadi. Shuningdek, E.G‘oziyevning bu sohadagi ishlari bilan tanishar ekanmiz, ularda o‘zbek oilasidagi shaxslararo munosabatning o‘ziga xosligi, oila barqarorligining ijtimoiy-psixologik mezonlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar borligini ko‘ramiz.
Atoqli olima V.M.Karimova o‘z shogirdlari bilan o‘zbek yoshlarida oila to‘g‘risidagi ijtimoiy tasavvurlar shakllanishi, o‘zbeklarning oilaviy psixologiyasining o‘ziga xos tomonlari haqida salmoqli tadqiqot ishlarini olib borgan. Muallif tadqiqotlari davomida o‘zbek xalq og‘zaki ijodida, islom dinining muqaddas manbalarida, sharq mutafakkirlari asarlarida, taniqli pedagog va psixolog olimlar asarlarida nikoh va oila, oilaviy hayot muammolariga doir materiallarni izchil o‘rganib, psixologik tahlillari asosida bir qator ilmiy g‘oyalarni ilgari surgan.
Muallifning fikricha, oilaviy-ijtimoy tasavvurlar murakkab va ko‘p komponentli psixologik tizimlar bo‘lib, ularning tarkibiga oilaning umumiy qadriyatlari, shaxslararo munosabatlarga xos tasavvurlar, erkak va ayol fazilatlari, ularning oilaviy munosabatlardagi o‘rni va ahamiyati to‘g‘risidagi, oilaviy rollar va ularni amalga oshiruvchi ijtimoiy ustanovkalar, reproduktiv tasavvurlar va boshqa ijtimoiy-psixologik tushunchalar kiradi.
N.Sog‘inov o‘zbek oilasiga xos bo‘lgan nikoh va oila munosabatlari-nikohdan qoniqish, nikoh motivlari, oila qurishning o‘zbeklarga xos bo‘lgan yosh xususiyatlari, yosh o‘zbek oilalaridagi psixologik mojarolar va ajralishlarning sabablarini tizimli tarzda o‘rgangan olimlardan biridir. Bu tadqiqotda ilgari xech o‘rganilmagan ilmiy ma’lumotlar to‘plandiki, ularga ko‘ra, o‘zbek oilasining qurilishiga sabab bo‘ladigan asosiy motiv – bu birinchi o‘rinda “Farzandli bo‘lish”, ikkinchi o‘rinda “Jamoatchilikning gap-so‘ziga qolmaslik”, uchinchi o‘rinda “Ota-ona va qavmi-qarindoshlarning istaklarini bajo etish” va hokazolar aniqlandi. Muallifning to‘plagan ma’lumotlari yosh oilalar, mojaroli oilalar va yoshlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lganlar uchun muhim ilmiy yo‘l-yo‘riqdir.
Bu kabi izlanishlar keyinchalik M.Utepbergenev, M.Dushanov ishlarida davom ettirildi. Ularda oila va nikoh munosabatlari qoraqalpoq va qirg‘iz oilalari misolida o‘rganildi.
X.Karimovning ilmiy ishlarida o‘zbek oilasida er-xotin orasidagi nizolar boshqa millat vakillari (rus, ukrain va boshqa) oilalaridagi nizolardan farqlanishi, ya’ni o‘ziga xos etnopsixologik xususiyatlarga ega ekanligi aniqlangan o‘zbek oilalaridagi er-xotin orasida nizolarning kelib chiqishiga milliy-madaniy muhitiga xos bo‘lgan nikoholdi omillarining xususiyatlari: ya’ni ba’zida tanishish imkoniyatining bo‘lmasligi yoki qisqaligi ham ta’sir etishi, natijada yuzaga kelgan nizo sabablarini tomonlar o‘zidan qidirmasligi, uni bartaraf etishda ota-onalarga tayanish, oiladagi o‘zaro munosabatlar qo‘pollik asosiga qurilishi va boshqa bir qator salbiy holatlar yuzaga kelishi ko‘rsatib o‘tiladi.
X.Karimov tadqiqot ishlari natijalariga tayanib er-xotin o‘rtasidagi yuz beradigan nizoli holatlarning klassifikatsiyasini ishlab chiqqan. Nizolar klassifikatsiyasini asoslashda nizo sabablari, unda ishtirok etganlar soni, uning ifodalanish darajalari, nizo o‘chog‘i, yo‘nalganlik xarakteri, bosqichlari va boshqalar asos qilib olingan. Shu bilan bir qatorda, muallif tadqiqotlariga tayanib oilaviy nizolarning oldini olish yo‘llari, bartaraf qilish choralari, unda o‘zaro murosabatlar barqarorligini ta’minlashga bog‘liq tavsiyalarni ham ilgari suradi.
N.Salayevaning tadqiqotlarida Xorazm oilalarining etnopsixologik xususiyatlari o‘rganilgan. Muallifning fikriga ko‘ra, xorazm oilalari milliy madaniyatida etnik xususiyatlarga rioya qilingan holda vorislik saqlanib kelmoqda. Xorazm oilalarining etnopsixologik xususiyatlari o‘zbek xalqi istiqomat qilayotgan boshqa hududlardan o‘zining tarixiy kechishi, makoni, madaniyati va turmush tarzi bilan muayyan darajada farqlanishga ega.
N.Salayeva tadqiqotlari natijalariga tayanib, hozirgi o‘zbek xalqining oilaviy munosabatlarida etnopsixologik xususiyatlarga amal qilinishiga qarab quyidagicha oila toifalarini farqlashni taklif etadi:
1.Urf-odatlar oilaviy munosabatlarda qonun darajasida qabul qilingan oilalar.
2.Urf-odatlar oilaviy munosabatlarda hayotiy meyor darajasida qabul qilingan oilalar:
3.Urf-odatlar oilaviy munosabatlarda o‘z aksini topmagan oilalar
Shuningdek, o‘zbek oilalaridagi ajralish erkaklarga nisbatan ayollarda, shahar oilalariga nisbatan qishloq oilalarida muammoli va salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi, er-xotin va ularning yaqinlari orasida nizolar hamda ziddiyatli holatlarning keskinlashuvi saqlanib qolishi, ajralish tufayli yuzaga kelgan, noto‘liq oilalar bolalari shaxsiga, ularning ruhiyatiga jiddiy salbiy ta’siri ilmiy asoslangan.
O.Abdusattorovaning fikricha, zamonaviy o‘zbek oilasidagi erkaklar va ayollarning o‘zaro munosabatlarida ayollar mavqei mustahkamlanib borib, bu ularning liderlik pozitsiyalarida hamda turmush o‘rtoqlarini hamkor va sherikchilik munosabatlari tizimida ko‘rishni afzal ko‘rishlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shu sababli ham bu holat ularning o‘z jinslarini va turmush o‘rtog‘idagi qarama-qarshi jinsga nisbatan ustanovkalarini belgilaydi. Tadqiqot zamonaviy erkaklar va xotin-qizlarning ayollik va erkaklik obrazlarida femininlik hamda sof maskulinlik sifatlari ko‘proq androginlik sifatlariga o‘rin berayotganligini, qizlarda maskulinlik sifatlari ham tobora sezilarliroq namoyon bo‘layotganligini ko‘rsatdi.
Psixologiya fani sohasida oila va nikoh muammolari M.Fayziyeva, N.Lutfullayeva, U.Saribayeva va boshqalar tomonidan ham samarali o‘rganilgan. Jumladan, M.Fayziyeva nomzodlik ishida oila barqarorligiga shaxslararo munosabatlar ta’sirining ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini o‘zbek milliy-madaniy muhit sharoitida o‘rganib, o‘zbek oilalarida er-xotinning baxtli hayot va farovon turmushini ta’minlovchi sifat va fazilatlar tizimini aniqlagan. N.Lutfullayeva esa talaba yoshlardan iborat bo‘lgan oiladagi munosabatlarning ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini o‘rgangan hamda nikohdan qonikmaslikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlab bergan. U.Saribayevaning ilmiy tadqiqotlarida esa er-xotinning jinsiy-psixologik nomutanosibligini keltirib chiqaruvchi ijtimoiy, ijtimoiy-psixologik va psixologik sabablar aniqlangan.
Keyingi yangi davrda gender tenglik masalasi, xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini oshirishga bag‘ishlangan qator tadqiqotlarga yosh psixolog olimlarning qo‘shilishi ushbu yo‘nalishning ham istiqbolli ekanligini ko‘rsatmoqda. Davr talabidan kelib chiqayotgan bu vazifa o‘zbek psixologlari oldiga qator muammolarni qo‘yish bilan birgalikda ulardan gender muammolari, jinsiy tafovutlar masalasiga ilmiy jihatdan yondashishni taqozo etadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘g‘il va qizlarning ijtimoiy tasavvurlarida jinsiy tafovutlarga oid tushuncha, bilim va ko‘nikmalar, stereotiplar eng avvalo oilada shakllanadi. Shuning uchun ham oila psixologiyasi doirasida aynan jinsiy tafovutlar va gender muammolari o‘rganilishi va amaliyotda qanday ekanligi tadqiq etilishi kerak.
O‘zbekistonda ham gender masalasi ko‘pincha oila muammolari doirasida o‘rganilishi an’anaga aylangan. Qator tadqiqotlarda (E.G‘oziyev, G‘.Shoumarov, V.Karimova, I.Yoqubov, B.Qodirov, S.Mirhosilov, E.Usmonov, N.Sog‘inov, F.Akramova, L.Karimova, O.Hayitov, N.Salayeva, O.Shamiyeva, O.Abdusattorova va bosh.) oilaviy hamda shaxslararo o‘zaro munosabatlarga e’tibor qaratilgan.
Mualliflarning oila va oilaviy munosabatlarning ijtimoiy-psixologik omillari va oqibatlariga bag‘ishlangan asarlarida oilada yoshlarni gender munosabatlarga tayyorlash muammolariga, gender tasavvurlarning shaxs tarbiyasidagi o‘rni va boshqa shu kabi masalalarda e’tibor qaratilgan. Ularning tadqiqotlarida er-xotin va oiladagi sibling munosabatlarning bola shaxsiga ta’siri, jumladan, erkaklik va ayollik fazilatlari shakllanishidagi o‘rni o‘rganilgan, ilmiy xulosalar chiqarilgan.
O.Shamiyevaning tadqiqotlari rahbar ayollar shaxsining ijtimoiy-psixologik xususiyatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda rahbar ayollarning faoliyati ularning ijtimoiy-psixologik tuzilmasini ijtimoiy vaziyatlarga nisbatan xulqni muvofiqlashtirish jarayonida tarkib topishi, takomillashishi va rivojlanib borishi ilmiy asoslangan. Shuningdek, rahbarga xos shakllangan sifat va fazilatlar (ijtimoiy, psixologik va madaniy) oilada shaxslararo munosabatlarning barqarorlashuviga, undagi tarbiyaviy-psixologik, muhitning yanada yaxshilanishiga ijobiy ta’sir etishi ko‘rsatib o‘tilgan.
R.Umurzakovaning ilmiy tadqiqot ishi oilaning sotsial institut sifatidagi vazifalari va oila mustahkamligi o‘rtasidagi aloqadorlik aniqlaganligi, nikoholdi munosabatlar, urf-odat va an’analarning oila mustahkamligiga ta’siri hamda o‘zbek oilalarida turmush qadriyatlarining oila mustahkamligiga pozitiv tarbiyaviy ta’sirini o‘rganilganligi bilan ahamiyatlidir. F.Otaxo‘jayevning oila va nikohning huquqiy tomonlarini o‘rganishda xizmatlari katta. Uning nikoh va uning huquqiy tartibga solinishiga bag‘ishlangan asarida bir-biriga zid faktlar, tushunmovchiliklar va bir qator kamchiliklar bo‘lishiga qaramay etnografik, tarixiy materiallarga boy. U zamonaviy oila hayotida bo‘lib o‘tayotgan jarayonlar haqida tasavvurlarimizni kengaytirishga yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda oila va nikoh munosabatlari, oilaviy turmushning turli jabhalariga xos muammolar, falsafa, tarix, etnografiya, sotsiologiya, pedagogika, psixologiya, huquq fan sohalarining vakillari tomonidan muayyan darajada o‘rganilayotgan bo‘lsa-da, lekin oila hayotiga xos ba’zi bir muammolar hali ham o‘z dolzarbligini saqlab kelmoqda. Chunonchi, oila-nikoh munosabatlarining beqarorligi, ajralishlar sonining oshib borishi, oilada er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarda ziddiyatlar va keskinlishuvi saqlanib qolmoqda.
|
| |