|
Referati mavzu: Kompyuter falsafasining metodologik asoslari
|
bet | 2/7 | Sana | 28.05.2024 | Hajmi | 47,75 Kb. | | #256157 | Turi | Referat |
Bog'liq Falsafa (2) Metodika – bilish ob’ektini o‘rganishga yondoshuvda, nazariy va metodologik manbalarni qo‘llashdagi amaliy taktik jarayon. Metodikani aksariyat holatlarda amaliy faoliyatda ishlatiladigan qaror, metod va metodologiyaning tashkil etish usuli, texnik tashkil etish ko‘nikmasi sifatida olib qaraladi. Zamonaviy ilm-fanda har bir ilmiy sohaga tegishli metodlar va metodologik tizimlarning xilma-xilligi kundan-kunga rivojlanib, rang-barang tus olgani sababli, biror-bir ilmiy muammoni o‘rganishda qanday metodlar jamlanmasi qo‘llanilishi kerak, degan savolga metodika texnikasi yordam beradi. Metodika hozirgi kunda pedagogik sohada dars o‘tish texnikasi, tashkil qilish usuli sifatida tushuniladigan tushuncha bo‘lsa ham, mantiqiy jihatdan o‘rganilayotgan mavzuni yoki muammoni o‘rganishning to‘g‘ri yo‘lini tashkil qilish sifatidagi falsafiy mazmunga bog‘langan. Muammoni o‘rganishga metodik jihatdan to‘g‘ri yondoshuv to‘g‘ri bilim hosil bo‘lishiga yordam beradi. Metodika metod va metodologiya kabi o‘z mohiyatida nazariyaga juda ko‘p bog‘lanmagan, o‘zida ko‘proq tadqiqotni tashkil etishning texnik tomoni bo‘lib ko‘rinsa ham, aslida metodika o‘rganish jarayonida nazariya va metodni qo‘llashda ko‘proq bilim va tajribani talab qiladi. Misol uchun ma’lum bir kasallikni davolashning juda ko‘p usullari bo‘lsa, shifokordan shu kasallikni tez, samarali va kam harajat usulda davolash metodikasida katta tajriba, bilim va qo‘llaniladigan usulga ishonch talab etiladi. Metodika shu bilan birga ma’lum darajada nazariy, metodologik bilimni amaliyot bilan bog‘laydi. Chunki yangi nazariya, konsepsiya, metod va metodologik tizim amaliy jihatdan metodikada qo‘llaniladi.
Metodlarning tasnifi. Metodlar bilish vositasi ekan, u barcha fan sohalarida predmetni bilishda asosiy qurol hisoblanadi. SHuningdek bilishning qonuniyati, darajasi, tamoyillari, sohalariga qarab metodlar umumiy, xususiy hamda fanlararo tadqiqotlar metodlariga bo‘linadi. Umumiy xarakterga ega bo‘lgan metodlar: taqqoslash, analiz va sintez, umumlashtirish, abstraktlikdan konkretlikka qarab borish, induksiya va deduksiya hamda har bir fanga xos, lekin turlicha tarzda qo‘llanadigan metodlardir. Hozirgi zamon fani taraqqiyotining muhim xususiyati shundan iboratki, u ko‘pincha voqe’likning biror tomonini shunchaki aks ettirib qolmasdan, balki muayyan maqsadga muvofiq ravishda bu voqe’likni gavdalantiradi ham. Bu hol bilish metodlarini, ayniqsa formal metodlarni ishlab chiqish va tatbiq etishni taqazo etadi. SHuning uchun formal metodlarning logik tuzilishini maxsus o‘rganishga ham katta e’tibor berilmoqda. Falsafa metodlari. Falsafaning asosiy metodologik quroli nazariy tafakkurdir. Tabiiy fanlarda bo‘lgani kabi falsafada tajriba, eksperiment yoki boshqa bir aniq fan metodlari mavjud emas. Lekin falsafa boshqa barcha fan tizimlarida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, taraqqiyot xususiyati, kashfiyotlar, vujudga kelayotgan qonuniyatlarni umumiy tahlil, analiz va sintezi asosida o‘zining xulosalarini beradi. SHuning uchun falsafada oddiy kuzatuv va mushohada usulidan sinergetik metodgacha oddiy tizimlardan murakkab tizimlargacha bo‘lgan borliq sifatidagi mavjudlikning makon, zamon, harakatdagi jarayoni qonuniyati o‘rganiladi.
Falsafaning asosiy ilmiy metodlaridan biri dialektik metoddir. Dastlab dialektika so‘zi ma’nosi suhbat yoki dialog yuritish san’ati, usuli sifatida qo‘llanilib, yunon tilida «suhbatlashuv san’ati», «bahslashuv san’ati» degan ma’noni bildirgan. Turli nuqtai-nazarlarni izohlash, o‘z fikri to‘g‘riligini isbotlash mahorati Suqrot va Aflotunda yaqqol namoyon bo‘lgan. Ularning ta’kidlashicha, haqiqatning qandaydir yangi narsa, ya’ni bahsning boshlanishida bo‘lmagan, lekin muhokama jarayonida paydo bo‘lgan narsa sifatida tug‘ilishiga muloqot yordam beradi. Shu tariqa tafakkurning ijodiy asosi shakllanadi. Dialektika elementlari Qadimgi Hindiston va Xitoy falsafasida ham mavjud bo‘lgan. Masalan, daosizm falsafasiga ko‘ra, dunyoda hech narsa doimiy emas. Falsafa tarixida Qadimgi yunon dialektikasini alohida aytib o‘tmoq zarur. Geraklitning fikricha, hamma narsa mavjud va ayni vaqtda mavjud emas: hamma narsa o‘tkinchi, doimo paydo bo‘lish va yo‘q bo‘lish jarayonida bo‘ladi. Masalan, uning fragmentlaridan birida bunday deyiladi: «Bizdagi ayni bir narsa – jonli va jonsiz, uyg‘oq va uxloq, yosh va qari. Axir, bu o‘zgargan o‘shadir va aksincha, o‘sha o‘zgargan budir»1 . Dialektik qarashlar Arastuda uning modda bilan shakl o‘rtasidagi nisbatni ularning bir-biriga o‘tish imkoniyati va sharoiti sifatida qilgan tahlilida mavjuddir. Har bir narsa boshqa narsaga: marmar haykalga, daraxt stolga aylanishi mumkin va hakozo. Hozirgi zamon falsafasida dialektika falsafiy bilimning muhim elementi sifatida mavjuddir. Falsafada dialektika g‘oyalarini ishlab chiqishda ekzistensional dialektika va messianlik dialektikasi kabi bir qator yo‘nalishlarni ko‘rsatish mumkin. Eksistensial dialektika inson «Men»ining rivojlanish qonuniyatini tushunishga urinadi. Messianlik dialektikasi o‘z ta’limotiga praktika tushunchasini asos qilib oladi va butun dunyoga sotsiologiya kategoriyalari nuqtai-nazaridan qaraydi. XX asr dialektik falsafasining ma’lum yo‘nalishlaridan biri mashhur Frankfurt maktabining namoyondalaridan biri T.Adornoning negativ dialektikasidir. Bu maktabning asosiy g‘oyasiga ko‘ra, rivojlanish buzishdir, hammani va hamma narsani inkor etishdir. T.Adornoning «negativ dialektikasi»ga ko‘ra, qaramaqarshiliklar kurashi, miqdorning sifatga o‘tishi, turli tizimlarning o‘sishi va murakkablashuviga emas, balki aksincha, uning parchalanishiga, o‘lishiga yo‘nalgan. Adorno ijtimoiy tizimlarning rivojlanishiga diqqatni jalb qiladi va rivojlanishning asosi regressiv ijtimoiy o‘zgarishlardir (refleksiyaning o‘lishi, uning stereotip reaksiyalar, fikrlash shablonlari bilan almashinishi va hakozolardir), deb biladi. Jamiyatda bu ommaviy madaniyatning rivojlanishi va yoyilishi, insoniy munosabatlarning standartlashuvi, o‘ziga xosliklarning yo‘qotilishi orqali ifodalanadi. «Negativ dialektika»da inkor har qanday tushunchalar tizimidan voz kechish, qandaydir pozitiv model bo‘lmagan utopiyaning konkret imkoniyatlarini deb har qanday dialektiklikni inkor etish sifatida ko‘rinadi.
|
| |