|
Reja kirish turli geologik sharoitlarda konni suv haydash yoli bilan ishlatish sistemalari
|
bet | 7/9 | Sana | 29.05.2024 | Hajmi | 74,28 Kb. | | #256921 |
Bog'liq KURS ISHI Termokimyoviy metodlar
Mazkur metodlar qatlamga kislorod (havo) haydalganda uning qatlamdagi neft bilan reaktsiyaga kirishishi natijasida katta miqdorda issiqlik (qatlam ichra yonish) ajralib chiqishiga asoslangan. Bu metodlar quduq tubida neftning yonishi natijasida to’plangan issiqlikning qatlam ichiga siljishidan mahsuldor qatlamda issiqlik to’planishiga asoslanadi. Qatlamga haydalgan havo yonish zonasini qatlam ichra harakatlantiradi. Neft uyumlarini ishlatishda quyidagi metodlardan foydalaniladi:
1. To’g’ri yo’nalgan «quruq» yonish, havo haydaladigan quduq tubida neft yondiriladi va yonish zonasi haydalayotgan havo bilan aralashib, suyuqlik chiqarib olish qudug’i tomon siljiydi;
2. To’g’ri yo’nalgan nam yonish yoki o’rta nam yonish, bunda qatlamga ma’lum bir nisbatda havo va suv haydaladi. Natijada yonish fronti oldida qaynoq suv hoshiyasi hosil bo’ladi, ya’ni yonish fronti oldidagi zonaga issiqlik kirib keladi, bu o’z navbatida haydalayotgan havo sarfini keskin kamaytirgan holda neftni chiqarib olish koeffitsientining ortishiga olib keladi.
Ikkinchi jarayon nisbatan samarali hisoblanadi. Bunda ham neftni siqib chiqarishda qatlamga bug’ haydalgandagi kabi hamma omillardan foydalaniladi, bundan tashqari bu jarayonga xos bo’lgan qo’shimcha omillar (karbonat angidrid gazining suv bilan aralashmasi, sirt-faol moddalar va b. yordamida neftni siqib chiqarish) ham qo’llaniladi.
Aralashmalar yordamida neftni siqib chiqarish metodlari
Bunday metodlar guruhiga qatlamdagi neft bilan unga haydalayotgan karbon ikki oksidi (CO2), suyultirilgan neft gazi (propan), boyitilgan metan gazi, yuqori bosimli quruq gazlar qo’shilishidan hosil bo’lgan aralashma ta’sirida neftni siqib chiqarilishi mansub. Qo’llaniladigan har bir metod ma’lum bir bosimdagi, tarkibdagi va fazoviy holatdagi neftni siqib chiqarishda samara berishi mumkin. Qatlam bosimi 20 MPa dan yuqori bo’lgan uyumlardan neftni yuqori bosimli quruq gaz bilan, 10-20 MPa bosimda – boyitilgan gaz bilan, 8-14 MPa bosimda – suyultirilgan gaz bilan siqib chiqarish samarali hisoblanadi. Ushbu metodlarni qatlam o’tkazuvchanligi har xil qiymatga ega bo’lgan uyumlarda qo’llash mumkin, lekin amaliyotda ularni o’tkazuvchanligi past qatlamlarda, oddiy suv bostirish metodini qo’llash mumkin bo’lmagan uyumlarda ham amalga oshirish mumkin. Neftni suyultirilgan propan gazi bilan siqib chiqarishda qatlam temperaturasi 96-970S dan ko’p bo’lmasligi lozim, chunki undan yuqori temperaturada u gazsimon holatga o’tadi. Yuqori bosimdagi boyitilgan gazlar bilan neftni siqib chiqarish qatlamning neftga to’yinganligi yuqori – 60-70% dan ortganda amalga oshiriladi. Suyultirilgan gazlar va karbonat angidrid gazlari bilan siqib chiqarish metodlari neftga to’yinganlik 35-40% bo’lganda ham qo’llanishi mumkin, ayniqsa bu metodlardan qatlamga uzoq vaqt suv bostirilgandan so’ng foydalanish afzalroqdir.
Uyumlarni chegara tashqarisidagi zona bilan o’zaro ta’siridan uyumlarda, ayniqsa yiriklarida qatlam bosimining pasayishi suv bosimli sistemaning hamma qismidagi qatlam bosimi holatiga ta’sir etadi. Natijada ishlatilayotgan uyumlarga yaqin joylashgan yangi uyumlarni o’zlashtirish boshlangandagi bosimi miqdori suv bosimli sistemaning boshlang’ich bosimiga nisbatan past bo’lishi mumkin. Agar ishlatilayotgan uyumlar bir vaqtda hosil bo’lgan jinslarda joylashgan bo’lsa, ularning o’zaro ta’siri kuzatiladi, bunda qatlam bosimining pasayish tezligi gaz chiqarib olish sur’atiga mos kelmaydi.
Uyumda qatlam bosimi pasayishi oqibatida ishlatish jarayonida quduq debiti muntazam kamayib boradi. Neft quduqlaridan farqli o’laroq, bosimning pasayishiga bog’liq holda gaz qudug’ining debitining kamayishi kuzatiladi, hatto quduq tubida doimiy depressiya saqlanganda ham debitning kamayishi davom etaveradi. Bunday vaziyat quduq tubi zonasida gazning juda katta tezlikda harakatlanishi natijasida filtratsiyaning chiziqli qonunining buzilishidan kelib chiqadi.
Qatlam va quduq tubi bosimlarining pasayishi bilan ular orasidagi geostatik bosim miqdori ortadi va u jins-kollektorlarning, ayniqsa quduq tubi zonasidagi jinslarning deformatsiyalanishiga olib keladi. Natijada jinslarning kollektorlik xususiyatlari yomonlashadi va quduq debitining kamayishi kuzatiladi. Qatlam bosimining pasayishidan quduqda yuvuvchi suyuqlikning yutilishi va boshqa murakkabliklar kelib chiqishi mumkin, bunday salbiy hodisalarning oldini olish uchun burg’ilanayotgan quduqdagi mahsuldor qatlamni ochish texnologiyasiga o’zgartirishlar kiritish kerak bo’ladi. Gaz uyumlarining muhim xususiyatlaridan biri shundan iboratki, gazning yuqori darajada harakatchanligi hisobiga har bir uyum yaxlit bir gazodinamik sistemani hosil qiladi, demak, uyumni ishlatish jarayonida uning hamma qismi o’zaro bog’liq holda bo’ladi. Shuningdek, gaz uyumlarini ishlatishning boshqa xususiyatlariga qatlam gazining tez harakatlanishi bilan bir qatorda quduqlar debitining kattaligi ham kiradi, bir xil kollektorlik xususiyatlariga ega bo’lgan qatlamlardagi gaz quduqlarining debiti neft quduqlarinikiga nisbatan ikki marotaba katta bo’ladi. Bu hol gaz uyumini juda yuqori sur’atlarda ishlatish imkonini beradi va shu sababli qaziladigan quduqlar to’ri zichligi neft uyumlarinikiga nisbatan kam bo’ladi.
Yuqorida qayd qilinganlardan ma’lumki, qatlam va quduq tubi bosimining pasayishidan gaz quduqlari debiti ham kamayib boradi. Quduq debitining pasayish jarayonida chiqarib olinayotgan gaz miqdorining uzoq vaqt o’zgarishsiz qolishini ta’minlash maqsadida qo’shimcha quduqlar burg’ilanib, ulardan foydalaniladi. Natijada ishlayotgan quduqlar soni ortadi. Lekin shunda ham quduqlar to’rining o’rtacha zichligi neft uyumlarini ishlatish jarayonidagiga nisbatan kam bo’ladi. Olinadigan gaz zaxiralarining 60-70% chiqarib olingandan so’ng odatda quduqlar qazish to’xtatiladi.
Neft va gaz konlarini ishlatish chog’ida suvlangan quduqlarni ishlatish masalasi turlicha hal qilinadi. Neft quduqlarida suv paydo bo’lgandan keyin ham u uzoq vaqt ishlatiladi, olinayotgan mahsulotda suvning miqdori ortib, 95-99% ga etganda quduqni ishlatish to’xtatiladi. Natijada suvlangan quduqlardan katta hajmdagi yo’lakay suvlar olinadi. Suv bosimli rejimda ishlayotgan gaz uyumlarida uyumga suv kirib kelsa va quduqda namoyonlansa, bunday quduqlar ozroq miqdorda suv olingach to’xtatiladi. Buning asosiy sababi shundaki, gaz konlari qurilishida gazni yig’ish va tayyorlashda uning tarkibida ko’p miqdorda suv bo’lmasligi lozim. Gazkondensat uyumlarni ishlatish ham o’ziga xos xususiyatga ega. Qatlamlarning tabiiy rejimidan foydalanib uyumdan gaz olishda quduq tubidagi bosim, so’ngra qatlam bosimi ham kondensatsiya boshlanishidagi bosimdan pasayadi. Natijada dastlab quduq tubi zonasida, undan keyin hamma joyda fazaviy o’tish boshlanadi – kondensat gazdan suyuq holatda ajraladi va jins g’ovaklari ichiga joylashadi, kondensatni chiqarib olish koeffitsienti qiymati pasayadi.
Kondensat yer osti gazlarining separatsiyalangan (ajralib chiqqan) suyuq mahsuloti hisoblanadi. Mo’tadil sharoitdagi qatlam gazining kondensati suyuq uglevodoroddan tarkib topadi. Uglevodorodli kondensat foydali qazilma hisoblanadi. Tarkibida ko’proq pentan va alkan, tsiklan, aren tarkibli, nisbatan og’ir uglevodorodlar mavjud. Kondensatning zichligi odatda 0,758 g/sm3, temperaturasi 2000S dan 3500S ga etganda rostmana qaynaydi.
Kondensat neft kimyosi sanoatida qimmatbaho xom ashyo hisoblanadi. Shu sababli zaxirasiga ko’ra yirik, kondensat miqdori yuqori bo’lgan uyumlarda kondensatsiya boshlanish bosimidan yuqori bo’lgan qatlam bosimining saqlanishini ta’minlaydigan ishlatish sistemasini qo’llash o’ta dolzarb muammolardan hisoblanadi. Hozirgi vaqtda bu maqsadga qatlamga quruq gaz yoki suv haydash metodini qo’llab erishish mumkin. Aksariyat hollarda birinchi metod qo’llanilib, unga ko’ra qatlamga ushbu uyumdan chiqarib olinayotgan kondensatdan ajralgan gaz qatlam bosimini saqlab turishga etarli hajmda haydaladi. Bunday texnologik usul saykling-jarayon deb ataladi. Qatlamga quruq gaz haydash quduqdan chiqarib olinayotgan gaz tarkibida kondensat miqdori minimumga tushguncha davom etkaziladi. Shundan keyin bu jarayon to’xtatilib, haydash quduqlari chiqarib olish quduqlari fondiga o’tkaziladi, uyum oddiy gaz uyumi sifatida ishlatiladi. Bu metodni qo’llashda ayrim qiyinchiliklar ham kelib chiqadi, chunonchi, quruq gazning ko’p qismidan uzoq vaqt davomida xalq xo’jaligida foydalanilmaydi hamda jarayonni amalga oshirishda texnik murakkabliklar yuzaga keladi.
Uyumlarning ishlatish sistemasini tanlashda, birinchi navbatda quduqlar sonini aniqlashda qatlam-kollektorlarning mustahkamligi asosiy rol o’ynaydi. Gaz quduqlari debitining yuqori bo’lishi quduq tubi zonasidagi qatlamlarning tabiiy tuzilishini buzishi mumkin, shunga ko’ra bu jarayon neft quduqlaridan foydalangandagiga nisbatan shiddatli kechadi. Kuchsiz sementlangan terrigen jinslar va gil sementli yotqiziqlar tez buzilishga moilroqdir. Jinslarning maydalanishi quduq suvlanganda yanada tezlashadi, chunki suv ta’sirida sement ko’pchiydi va deformatsiyalanadi. Bunday jarayonlarni quduqlardagi drenajlanayotgan qatlamlar qarshisiga maxsus filtrlar o’rnatish, quduqning suvsiz ishlash muddatini cho’zish, quduq debitini cheklash kabi tadbirlar bilan to’xtatish mumkin. Oxirgi holatlarda gaz olish sur’atini saqlab qolish uchun quduqlar miqdorini ko’paytirish kerak. Gaz quduqlarini ishlatishda jinslarning buzilishi mumkin bo’lgan hajmini va bu jarayonni cheklash tadbirlari kernni va turli rejimdagi suvsiz hamda suvlangan quduqlarni o’rganish, konni tajriba-sanoat miqyosida ishlatish va razvedka qilish davrlarida asoslash lozim bo’ladi.
|
| |