|
Reja: Pedagogik texnika haqida ma’lumot
|
bet | 1/2 | Sana | 14.05.2023 | Hajmi | 97.5 Kb. | | #59454 |
Bog'liq PM 5-2-Ma\'ruza (2) TITUL 2 (3), Uzb coders qollanma
2-MAVZU: O’QITUVCHI KASBIY FAOLIYATIDA PEDAGOGIK TEXNIKANING AHAMIYATI VA UNI SHAKLLANTIRISH USLUBLARI
REJA: 1. Pedagogik texnika haqida ma’lumot
2. Pedagogik texnika xususiyatlari.
3. Pedagogik texnikani namoyon etishda o‘qituvchining tashqi ko‘rinishi.
4. Pedagogik texnikani egallash mahorati.
Tayanch tushunchalar:
Pedagogik texnika; imo–ishora; ma’noli qarash; istehzoli tabassum; tarbiyalanuvchi obyekt; aktyorlik san’ati; integratsion usullar; ilg‘or va novator o‘qituvchilar; ma’naviy va estetik qiyofa; “Mehnat professiogrammasi”; kommunikativ malakalar; gnostik malakalar; pedagogik ijodkorlik; “Murabbiylik shartlari”; mimika; pantomimika; hissiy holat; o‘qituvchining anatomik–fiziologik xususiyati; ijobiy tarbiyaviy ta’sir; nutq tempi; ovoz diapazoni; relaksatsiya usullari; integratsion bilimlar; o‘qitish samaradorligi.
1. Pedagogik texnika haqida ma’lumot
Pedagogik texnika – o‘qituvchining nafaqat ta’lim–tarbiya jarayonida, balki butun kasbiy faoliyatida zarur bo‘lgan umumiy pedagogik bilim va malakalari majmuidir. Pedagogik texnikaning muhim jihatlari – bu avvalo o‘qituvchining mahoratini belgilovchi kasbiy ko‘nikmalari hisoblanadi, ya’ni uning savodli va ifodali so‘zlay olishi, o‘z fikr-mulohazasini va bilimini tushunarli tilda ta’sirchan bayon qilishi, his-tuyg‘usini jilovlay olishi, o‘zining shaxsiy xususiyatlariga xos mimik va pantomimik qobiliyatlarga ega bo‘lishi, aniq imo-ishora, ma’noli qarash, rag‘batlantiruvchi yoki istehzoli tabassum, so‘zning cheksiz qudrati orqali o‘quvchilar ongiga va tafakkuriga ta’sir o‘tkazishi, hozirjavoblik, psixologik bilimlarga ega bo‘lishi kabilardir.
O‘qituvchining pedagogik texnikasi qanday ko‘nikma va malakalardan iborat ekanligi, pedagogik texnika vositasida o‘qituvchi ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiyaviy faoliyatni zamonaviy talablar asosida qanday tashkil qilishi, o‘quvchilarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishida qanday ahamiyatga ega ekanligi kabi muammolar hozirgi kungacha dunyo olimlarining diqqatini o‘ziga jalb etib kelmoqda.
Hozirgi kunda pedagogik texnika tushunchasi ikkita guruhga bo‘lib o‘rganiladi. Birinchi guruh komponentlari o‘qituvchining shaxsiy axloqiy fazilatlari va xulqi bilan bog‘liq bo‘lib, ta’lim–tarbiya jarayonida o‘z–o‘zini boshqarish malakalarida ( refleksiya) namoyon bo‘ladi:
ta’lim-tarbiya jarayonida o‘z xatti-harakatlarini boshqarishi, (mimika, pantomimika);
ta’lim-tarbiya jarayonida o‘z hissiyotini va kayfiyatini jilovlay olishi va turli nojo‘ya ta’sirlarga berilmaslik;
mukammal ijtimoiy perseptiv qobiliyatlarga (diqqat, kuzatuvchanlik, xayol) egaligi;
nutq texnikasini (nafas olish, ovozni boshqarish, nutq tempi) bilishi va o‘z o‘rnida qo‘llay olishi.
Pedagogik texnikaning ikkinchi guruh komponentlari o‘qituvchining shaxs va jamoaga ta’sir ko‘rsatish malakalari bilan bog‘liq bo‘lib, bu guruh ta’lim-tarbiya jarayonining texnologik tomonini qamrab oladi:
o‘qituvchining didaktik, tashkilotchilik, konstruktiv, kommunikativ qobiliyatlari;
ma’lum bir reja asosida o‘z oldiga qo‘yilgan talablarning bajarilishini nazorat qilishi;
ta’lim muassasasida va o‘quvchilar jamoasida ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq bo‘lgan ijodiy faoliyatni tashkil eta olishi;
o‘quvchilar bilan pedagogik muloqot jarayonini bir muvozanatda saqlab boshqara olishi.
O‘qituvchining tarbiyalanuvchi obyektlar oldida o‘z harakatlarini boshqarishida aktyorlik san’atiga xos bo‘lgan xususiyatlari, ya’ni mimik va pantomimik qobiliyatlari muhim rol o‘ynaydi. Aktyor bir obrazni ma’lum bir muddatda tayyorlab, bir yoki bir necha marotaba bir xil ko‘rinishda sahnada namoyish etsa, o‘qituvchi butun o‘quv yili davomida, har bir darsda yangi mavzuni o‘tilgan mavzular bilan bog‘lab, zamonaviy innovatsion usullar vositasida o‘quvchilar ongiga etkazish uchun chuqur tayyorgarlik ko‘radi, sinf jamoasidagi o‘ziga xos pedagogik va psixologik muhitni, har bir o‘quvchining shaxsiy xususiyatlarini e’tiborga olib pedagogik faoliyat ko‘rsatishga majbur. Bunday ulkan mas’uliyatni yuqori saviyada bajarish uchun o‘qituvchidan yuksak pedagogik texnik tayyorgarlikka ega bo‘lish talab etiladi.
Hozirgi zamon o‘qituvchisi pedagogik mahorat tizimida pedagogik texnikaning rolini beqiyos deb biladi. Chunki u o‘qituvchiga o‘z gavdasini tuta bilishi (mimika, pantomimika), his-tuyg‘ularini (emotsiyasini) boshqara olishi, ishtiyoq, qobiliyatlar, nutq texnikasini egallashi va ularni o‘quv faoliyatida, o‘qishdan tashqari ta’lim va tarbiyaviy faoliyatlar jarayonida qo‘llash yo‘llarini tushuntiradi.
Demak, pedagogik texnika o‘qituvchi kasbiy faoliyatida shunday kasbiy va shaxsiy malakalar yig‘indisiki, u o‘qituvchining pedagogik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil qilish va boshqarish ishlarida asosiy yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lib xizmat qiladi.
Ilg‘or va novator o‘qituvchilarning texnik mahorati pedagogik faoliyat olib borishlarida, mimik va pantomimik harakatlarida, ovozini idora qila olish xususiyatlarida kuzatiladi. Bu shundan dalolat beradiki, o‘qituvchilar pedagogik texnika san’atini mukammal egallaganlar, uning ko‘nikma va malakalarini o‘zlarida aniq shakllantirishgan va turli pedagogik vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyatlariga egadirlar.
Pedagogikada o‘qituvchi chuqur hissiyotga berilishini, shaxsiy hayotidagi turli ruhiy vaziyatlar tufayli kayfiyatining o‘zgarib turishini o‘zi qattiq nazorat qilish talab qilinadi. Ushbu nazoratni o‘qituvchining o‘zi boshqarishi lozim. Bu jarayonning ijobiy natijalari o‘qituvchining refleksiv qobiliyatlarida namoyon bo‘ladi.
Pedagogik texnikaning yana bir muhim xususiyati pedagogik ta’sir ko‘rsatishdagi o‘qituvchining ma’naviy va estetik qiyofasi. Bu tarbiyalanuvchilarga yaqqol namoyon bo‘ladigan xususiyatdir. Agar o‘qituvchi ma’naviy qashshoq bo‘lsa, nutqi tartibsiz va muloqotda no‘noq bo‘ladi, didi past, o‘z hissiyotlarini jilovlay olmaydigan qo‘pol bo‘lsa, uning ta’lim-tarbiya berishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Pedagogik texnikaning sirlarini egallash yo‘llari o‘qituvchi rahbarligida olib boriladigan mashg‘ulotlar va mustaqil pedagogik faoliyat jarayonida shakllanib boradi. Pedagogik texnika sirlarini mukammal egallashda va uni takomillashtirishda kasbiy jihatdan o‘qituvchi o‘z – o‘zini doimiy shakllantirib borishi, ya’ni o‘z oldiga qo‘yilgan talablar nuqtai nazaridan mohir o‘quvchi shaxsiy fazilatlarini va kasbiy malakalarini shakllantirishga qaratilgan faoliyati muhim rol o‘ynaydi.
2. Pedagogik texnika xususiyatlari
Pedagogik texnikaning muhim xususiyatlaridan biri o‘qituvchining o‘quvchilar bilan bevosita muloqoti jarayonida shakllanadigan kasbiy texnik ko‘nikma va malakalaridir. Bunda pedagogik texnikaning ko‘nikma va malakalari o‘qituvchining pedagogik mahorati bilan aloqadorlikda shakllanib boradi.
Rivojlangan pedagogik texnika xususiyatlari o‘qituvchiga o‘quvchilar bilan muloqot jarayonida zarur so‘z va gap ohangi, qarash, imo-ishorani tez va aniq topish, kutilmagan pedagogik vaziyatlarda bosiqlik va osoyishtalik, aniq fikr yuritish, vaziyatni fikran va tez tahlil qilish kabi qobiliyatlarini namoyish etish bilan ifodalanadi. Pedagogik texnikaning ushbu xususiyatlari o‘qituvchi kasbiy mahoratida aniq ifodalangan individual shaxsiy shakl oladi, ya’ni o‘qituvchining psixologik–fiziologik xususiyatlari asosida uning shaxsiy pedagogik texnikasini tarkib toptiradi.
Individual pedagogik texnikaning shakllanishi o‘qituvchining yoshi, jinsi, mijozi, fe’l–atvori, salomatligi, anatomik–fiziologik xususiyatlariga bog‘liq. O‘qituvchilarda individual shaxsiy pedagogik texnika malakalarini shakllantirish muammolari ayniqsa psixolog olimlarning tadqiqot markazidan o‘rin olgan. Psixolog olimlar R.Z.Gaynutdinov, M.G.Davletshin, S.Jalilova, M.Abdullajonova kabilar o‘qituvchilarning individual kasbiy faoliyatini batafsil o‘rganishib, o‘qituvchining shaxsiy “Mehnat professiogrammasi”ni ishlab chiqdilar. Olimlarning fikrlariga ko‘ra o‘qituvchi professiogrammasi o‘qituvchilarga qo‘yiladigan maxsus talablarni o‘z ichiga oladi hamda har bir fan o‘qituvchisining alohida ixtisoslashgan xarakteristikasini belgilab beradi. Jumladan, ular ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat olib boradigan “O‘qituvchi-murabbiy professiogrammasi”da quyidagi hislatlar, ya’ni “Pedagogik texnika” malakalari mujassamlashgan bo‘lishini ta’kidlaydilar:
O‘qituvchining shaxsiy hislatlari: bolalarni sevishi, kamtarligi, dilkashligi, mehnatsevarligi.
Kasbiga xos bilimlari: ta’lim va tarbiya jarayoni mohiyatini bilishi, pedagogik va psixologik bilim asoslarini egallashi, o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga asosan psixologik imkoniyatlarini anglashi, tarbiyaviy ta’sir etishning samarali usullaridan oqilona foydalana olishi, ota-onalar va jamoatchilik bilan olib boriladigan faoliyat mazmunini puxta bilishi.
Kasbiga xos hislatlari: milliy mafkura, umuminsoniy qadriyatlar, milliy an’ana va urf-odatlarning asl mohiyatini tushunishi, kuzatuvchanligi, pedagogik qobiliyatga egaligi,o‘zini qo‘lga ola bilishi, o‘zini anglay olishi, pedagogik takt, nutq madaniyati.
Shaxsiy pedagogik uddaburonligi: dars mashg‘ulotlarida zarur materiallarni tanlay olishi, o‘quvchilarning bilish faoliyatini boshqarishi, ta’lim-tarbiya jarayonini istiqbolli rejalashtirishi, o‘quvchilar jamoasini boshqara olishi.
Tashkilotchilik malakalari: o‘quvchilar jamoasini uyushtira bilishi, turli ziddiyatli vaziyatlarda ham o‘quvchilar jamoasini boshqarishi, amaliy muammolarni hal etishda uddaburonligini namoyish eta olishi.
Kommunikativ malakalari: o‘quvchilarni o‘ziga jalb etishni bilishi, o‘quvchilar va ota-onalar bilan maqsadga muvofiq pedagogik muloqotlarni tashkil qilishi, o‘quvchilarning jamoada o‘zaro munosabatlarida bir xil muvozanatni tartibga solishi.
Gnostik malakalari: o‘quvchilarning asab psixik holati darajasini aniqlay olishi, o‘z pedagogik faoliyati natijalarini tanqidiy tahlil qila olishi, ustoz o‘qituvchilar mahoratini nazariy va amaliy jihatdan o‘rganib borishi, psixologik va pedagogik adabiyotlardan to‘g‘ri foydalana bilishi, o‘quvchilar xulq-atvorini mukammal o‘rganishi.
Ijodiy hislatlari: o‘z pedagogik mahoratini doimiy takomillashtirib borishi, o‘quvchilarni tarbiyalashda o‘z dasturini ishlab chiqishi va uni muvaffaqiyatli amalga oshirishi, o‘quvchilar nazari bilan voqelikni tahlil qilish qobiliyati, o‘quvchilarga pedagogik ta’siri natijalarini oldindan ko‘ra olishga intilishi.
Psixolog olimlarning fikricha, ushbu professiogramma yosh o‘qituvchilarga o‘zlarining kelgusida o‘qituvchilik kasbini to‘g‘ri va ongli ravishda tanlab, kasbiy mahoratlarini takomillashtirib borishlariga yordam beradi. Demak, o‘qituvchi professiogrammasi ham pedagogik texnikani egallashning muhim xususiyatlaridan biri bo‘lib, o‘qituvchilarning o‘z kasbiy texnikasini mukammal egallab, rivojlantirib borishiga va o‘z kasbiy faoliyatidan qanoatlanishni his etishga olib keladi. Bularning barchasi o‘qituvchilarning tinimsiz pedagogik mehnati tufayli yuzaga keladi. O‘qituvchining pedagogik texnikasi – pedagogik faoliyatining tashkiliy shakli bo‘lib, qo‘l bilan tutib bo‘lmaydigan, behad uzoq ijodiy izlanishlar va azob-uqubatli kechinmalar, tinimsiz pedagogik faoliyat, o‘qituvchining fahm-farosati, bilimi va mahorati bilan amalga oshiriladigan qizg‘in ijodiy mehnatining mahsulidir.
Bir maromda olib boriladigan tizimli ijodiy mashg‘ulot tufayli aktyor yuksak cho‘qqilarni egallaydi. O‘zgalar obrazini mujassamlashtirishda u ma’lum bir qolipdan aslo chiqib keta olmaydi. Demak har qanday ijodkorlik, hatto pedagogik ijodkorlik ham ma’lum bir belgilangan qolipda shakllanishi kerak. U o‘qituvchining ichki kechinmalari, tuyg‘ulari va hissiy reaksiyalari asosida qurilishi aslo mumkin emas. Chunki, tarbiyalash san’atida o‘qituvchining pedagogik texnikasi, ya’ni “bir qolipda”gi mehnat madaniyati borki, u boshqa biror kasbiy faoliyatga aslo o‘xshamaydi. Shuning uchun, respublikamizda tarbiyaviy texnologiyalarni muntazam bilishga intilish, o‘qituvchi kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini uzluksiz oshirib borish o‘qituvchining bir qolipdagi mehnat madaniyatini shakllantirishga, pedagogik texnika malakalarini doimiy oshirib borishiga qaratilgan. Ta’kidlash joizki, hali biror o‘qituvchi oliy ta’lim muassasasini tugatib, yoki malaka oshirish kurslarida bilim olib birdaniga pedagogik texnika sirlarini mukammal biladigan tajribali o‘qituvchi bo‘lib qolgani yo‘q. O‘qituvchida pedagogik texnika ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatish jarayonida, o‘quvchilar bilan yakkama-yakka muloqot jarayonida, pedagogik amaliyotda shakllanib boradi.
Hozirgi davr talablari nuqtai nazaridan, o‘qituvchiga qo‘yilayotgan javobgarlik hissi kengayib murakkablashib bormoqda. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan islohotlarning yuksak natijalari bevosita o‘qituvchilarning qizg‘in mehnati samarasiga bog‘liq. Vatanimizning porloq kelajagi uchun yosh avlodni har tomonlama yetuk, barkamol inson qilib voyaga etkazishda o‘qituvchining kasbiy bilimi, faoliyat texnikasi mutlaqo yangilanib, hozirgi zamon talablariga javob bera oladigan darajada bo‘lishi kerak. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” talablariga muvofiq o‘qituvchi o‘zining ta’lim-tarbiyaviy faoliyatida milliy-madaniy va umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligiga doimo e’tibor berib kelishi lozim. O‘qituvchining pedagogik texnikasi ham vatanparvarlikka, xalqimizning ma’naviy merosini mustahkamlashga, o‘quvchilarning o‘z imkoniyatlarini erkin namoyon qilishiga asoslangan bo‘lishi shart. Shu ma’noda taniqli adib Tursunoy Sodiqova asarlarida hozirgi kun o‘qituvchisiga qo‘yiladigan “Murabbiylikning shartlari” oqilona berilgan: “...Siz insonlarning hech bir yo‘q joydan “shoxini ko‘kartirish”, qulfi dilini ochish, dunyosini kengaytirish, kechagi holatidan bugunini yuksakroq qilish uchun bu ishga qo‘l urdingiz. Ammo oldin biling: umringizni sarflab olib borayotgan harakatlaringiz ro‘parangizdagi o‘quvchiga yoqayaptimi, yo‘qmi? Bor gap shunda!
Murabbiylikni xohlagan, shu kasbga o‘qigan odam murabbiy bo‘lib qolmaydi. Ustozlikning o‘ziga xos parhezlari, bosib o‘tilmaydigan chegara chiziqlari bordir! Birinchidan, dilingizda ustoz─murabbiyning yozilganu yozilmagan qonun-qoidalariga bo‘ysunaman, degan Allohga qasamingiz bo‘lsin! Ikkinchidan, niyatingiz sof bo‘lsin! Men insonlarni faqat yaxshilikka o‘rgataman deng, orqamda o‘z qo‘lim bilan yaratilgan fayzli bog‘lar qoladi, deb tilak tilang! Toki shogirdlaringiz sizning sharofatingiz bilan faqat savob ishlarga dahldor bo‘lsinlar. Uchinchidan, haqiqiy murabbiy bo‘laman desangiz, birovga biror narsa o‘rgatishni astoydil xohlang va siz ilm oluvchiga nisbatan muhabbat qo‘ying! Har bir ishingizga fidoyilik bilan kirishing. Buning otini ixlos deydilar! Shu ishtiyoq sizda qanchalik kuchli bo‘lsa, Tangri sizga shuncha ko‘p uquv beradi, ep beradi, mushkullaringizni O‘zi osonlashtiradi. Murabbiylikda ta’tilga chiqish, sog‘ligi, kayfiyatiga qarab faoliyatini to‘xtatish, degan gap yo‘q. Yo‘lda ham, cho‘lda ham, hamma fasl, hamma manzilda, qo‘yingchi, umringizning oxirgi nuqtasigacha siz faoliyat ustidasiz. Bu degani, sizning borlig‘ingiz, har bir so‘z, har bir ishorangiz odamlar uchun nur, madad va xaloskorlikdir.
Nazardan qolgan, qarg‘ish olgan, loqayd murabbiylar tarbiya maskanlariga qadam bosmasliklari kerak. Ular ishlayveradilar, ammo o‘qituvchilikning noni yuqmaydi, ro‘shnolik ko‘rmaydilar, falokatlari arimaydi, niyatlariga etmaydilar. Chunki muqaddas kitoblarda “neki bersak, egallab turgan kasb koringizdan berurmiz” deb yozilgan. Kasbga halollik buyuk ibodatdir”1. Adiba o‘qituvchidan o‘z kasbiga sadoqatli bo‘lishni, fidoyilikni, yuksak ma’naviyatni, tinimsiz mehnatni, o‘quvchilarga nisbatan mehr va muhabbatni, halol va pokiza bo‘lishni talab qiladi. Bu aynan o‘qituvchi pedagogik texnikasining ham muhim xususiyatlaridan biridir.
3. Pedagogik texnikani namoyon etishda o‘qituvchining tashqi ko‘rinishi
O‘qituvchining tashqi ko‘rinishi pedagogik texnikasini namoyon etuvchi muhim xususiyatlaridan biridir. Har qanday insonning tashqi ko‘rinishi atrofdagilarga estetik ma’no va zavq kasb etib, doimiy e’tiborda bo‘lishini unutmaslik kerak. O‘qituvchining tashqi ko‘rinishini asosan namoyish etuvchi muhim hususiyatlari uning chehrasidagi mehribonlik, jiddiylik, yurishida bosiqlik, tabiiylikdir. O‘qituvchi sinfga kirishi bilan so‘zsiz o‘quvchilar e’tiborida bo‘ladi, ular bilan muloqotga kirishadi.
Sinf sahnasida bajarilayotgan uning xoh ijobiy, xoh salbiy xatti-harakatlari o‘quvchilarga ta’sir o‘tkaza boshlaydi. Ayniqsa, yosh o‘qituvchilar ilk bor darsga kirishlaridan oldin his-hayajonini, qo‘rquvini engishlari, o‘zlarini erkin tutishlari, birinchi dars paytida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday muvaffaqiyatsizlikdan o‘zlarini yo‘qotmasliklari lozim.
O‘qituvchining tashqi ko‘rinishida, pedagogik texnikasi tizimidagi mimik, pantomimik holatlar muhim ahamiyatga ega. O‘qituvchining hatti-harakatini bevosita namoyish etuvchi mimik va pantomimik ifodasi, o‘qituvchining imo-ishorasida, ma’noli qarashlarida, rag‘batlantiruvchi yoki istehzoli tabassumida namoyon bo‘ladi va ular o‘qituvchi-tarbiyachining pedagogik ta’sir ko‘rsatishida, mashg‘ulotlarni samarali va mazmunli o‘tishida puxta zamin tayyorlab beradi.
MIMIKA - bu o‘z fikrlarini, kayfiyatini, holatini, hissiyotini qosh, ko‘z va chehra muskullarining harakati bilan bayon qilish san’atidir. Ba’zan o‘qituvchi chehrasining va nigohining ifodasi o‘quvchilarga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Mimik harakatlar, ifodalar ma’lumotlarning hissiy ahamiyatini kuchaytirib, ularni chuqur o‘zlashtirish imkoniyatini beradi. O‘quvchilar o‘qituvchining muomalasi va xatti-harakatiga qarab kayfiyatini, munosabatini tezda «uqib» oladilar. Shuning uchun oiladagi ba’zi noxushliklar, hissiyotga berilish, g‘am va tashvishning o‘qituvchi chehrasida va mimik belgilarida ifodalanishi mumkin emas. Chunki ushbu noxushliklar o‘qituvchining pedagogik faoliyatiga dars mashg‘ulotlarini mukammal bajarishida o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. O‘qituvchining chehrasida, mimik belgilarida faqat dars mashg‘ulotlariga xos bo‘lgan, o‘quvchilarga ta’lim va tarbiyaviy topshiriqlarni yechishga yordam bera oladigan ko‘rinishlarni ifodalash lozim.
O‘qituvchining chehrasidagi ifoda, nutqi, o‘quvchilar bilan o‘zaro munosabati uning individual xarakteriga mos bo‘lishi kerak. O‘qituvchi chehra ko‘rinishidagi mimik ifoda, ta’lim-tarbiya qonuniyatlariga mos ishonch, ma’qullash, ta’qiqlash, norozilik, quvonch, faxrlanish, qiziquvchanlik, befarqlik, ikkilanish kabi xususiyatlarni ifodalashi mumkin. Bunda ovozdagi turli o‘zgarishlar, nutqning tushunarli bayon etilishi muhim ahamiyatga ega. Mimik ifodaning asosiy belgilarini namoyish etishda qosh, ko‘z, chehra ko‘rinishi ishtirok etadi.
Qosh, ko‘z, chehra o‘quvchilar javobidan qoniqish, xursand bo‘lish, faxrlanish yoki e’tirof, norozilik, qoniqmaslik, xafa bo‘lish va boshqa belgilarni ifodalash bilan birga, o‘quvchilar diqqatini bo‘lmasdan, boshqalarga xalaqit bermasdan ta’lim-tarbiya ishlarini samarali olib borishga ham yordam beradi. Shuni alohida qayd qilib o‘tish joizki, mimik ifodalar o‘qituvchining xarakterini, ichki dunyosini, ma’naviyatini, pedagogik faoliyatining individual xususiyatlarini bekamu ko‘st namoyish etadi. O‘qituvchining mimikasi ifodalangan nigohi o‘quvchilarga, yoki ayrim o‘quvchiga qaratilgan bo‘ladi. Doskaga, eshikka, derazaga, ko‘rgazmali qurollarga yoki devorga nigoh tashlab mimik ifodalarni namoyish qilish aslo mumkin emas.
PANTOMIMIKA – bu o‘qituvchining gavdasi, qo‘l, oyoq harakatini tartibga soluvchi uslubdir. O‘qituvchilarning ta’lim-tarbiyaviy faoliyatida o‘quvchilar bilan muloqoti muhim ahamiyat kasb etishi barchaga ma’lum. Biroq o‘quvchilar bilan muloqotda o‘qituvchining pantomimikasi, ya’ni, gavda, qo‘l, oyoq harakati to‘g‘ri ifodalanmasa, ta’lim-tarbiyaga asoslangan muloqot natija bermasligi mumkin. O‘qituvchi o‘z gavdasi, qo‘li, oyoq harakatlarining holati orqali har qanday pedagogik ma’lumotlarning obrazini “chiza” olsa, o‘quvchilar bundan zavqlanadilar, ular ichki his-tuyg‘ulari, tashqi hissiyotlari bilan qo‘shilib butun ongini o‘quv materiallari mazmunini o‘zlashtirishga qaratadilar. Pantomimika gavdani rost tutib yura bilish, qo‘l va oyoq harakatlarining bir-biriga mosligi, fikrlarini aniq va to‘liq bayon qilib qo‘lini, boshini turli harakatlarda ifodalash o‘qituvchining o‘z bilimiga, kuchiga ishonchini bildiradi. Shuning uchun o‘qituvchining o‘quvchilar oldida o‘zini tuta bilish holatini tarbiyalashi lozim. (oyoqlari 12-15 sm. kenglikda, bir oyoq sal oldinga surilgan holda turish). O‘qituvchining yurishi, qo‘l va oyoq orqali imo-ishoralari ortiqcha harakatlardan holi bo‘lishi kerak. Masalan: auditoriyada orqaga oldinga tez-tez yurish, qo‘llari bilan turli imo-ishoralar qilish, boshini har tomonga tashlash va hokazo. Bunday holatlar dars davomida o‘quvchilarning e’tiborini bo‘lib, g‘ashini keltiradi va o‘rganilayotgan fanga, o‘qituvchiga nisbatan hurmatsizlik kayfiyatini uyg‘otadi.
O‘qituvchi mashg‘ulot o‘tish jarayonida faqat oldinga yurishi tavsiya qilinadi. U yondan, bu yonga yurish talabalar fikrini bo‘ladi. Old tomonga yurayotganida o‘qituvchi muhim voqealarni bayon qilishi mumkin, chunki bunda talabalar o‘qituvchini butun diqqatlari bilan eshitayotgan bo‘ladilar.
O‘qituvchining pantomimik harakatlari tizimida o‘z hissiy holatini boshqara olishi muhim ahamiyatga ega. O‘qituvchi o‘quvchilar bilan muloqot jarayonida qizg‘in kuzatuv ostida bo‘ladi. Uning kayfiyatidagi o‘zgarishlar pantomimik harakatlarida namoyon bo‘ladi. Shu tufayli o‘quvchilarga ta’lim-tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish jarayonida (darsda, darsdan tashqari mashg‘ulotlar paytida, tarbiyaviy ishlar jarayonida) o‘z hissiyotini boshqara olishi, jiddiy bo‘lishi, umidbaxshlik, xayrixohlik kayfiyatida bo‘la olish qobiliyatlariga ega bo‘lishi zarur. Pantomimik harakatlar tizimi o‘qituvchiga birdaniga paydo bo‘ladigan ko‘nikma emas. Buning uchun o‘qituvchi o‘z ustida tinimsiz ishlashi, ilk pedagogik faoliyati davrida kamchiliklarini tezda topib bartaraf eta olishi darkor. Chunki, yillar davomida o‘qituvchi o‘zining har bir harakatiga moslashib uni odat qilib olishi mumkin. Mukammal pantomimik malakalarga ega bo‘lgan o‘qituvchi o‘z-o‘zini nazorat qila oladi, ko‘p yillik faoliyati davomida sog‘lom asab tizimini o‘zida tarbiyalab asabiylashishdan, hissiy va aqliy zo‘riqishlardan o‘zini saqlay oladi.
O‘qitish samaradorligini oshirish va ijobiy tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish uchun o‘qituvchining harakatlarida aktyorlik va rejissyorlik malakalari ham mujassamlashgan bo‘lishi lozim. Xususan, gumanitar fanlar o‘qituvchilari aktyorlik qobiliyatiga ega bo‘lishlari lozim. Ma’lum mavzular, obrazlar, tarixiy qahramonlar haqida so‘zlaganda aktyorlik, rejissyorlik malakalari zarur. Ular o‘qituvchiga o‘quvchilarning his-tuyg‘ulariga ta’sir ko‘rsatishda, mavzu qahramonlariga nisbatan hissiy-qadriyatli munosabatda bo‘lish tajribasini o‘zlashtirishiga yordamlashadi.
Pedagogik texnika malakalari o‘qituvchining maxsus fanlar bo‘yicha bilimlarni egallash, pedagogik mahoratini takomillashtirishga intilish, o‘z kasbiga qiziqish, burch hamda mas’uliyatni his qilish asosida oshiriladi. Ular yoshlarni o‘qitish, tarbiyalash, tashkil qilish, targ‘ibot qilish, mustaqil bilim olish ishlariga yordam beradi.
O‘qituvchining tashqi ko‘rinishida nutq texnikasi, his-tuyg‘ularini boshqara olish, mimik va pantomimik malakalar bir qolipda mukammal olib borilganda ko‘zlangan maqsadga albatta erishiladi. Bunda so‘z, gap ohangi, qarash, imo-ishoralar, kutilmagan pedagogik vaziyatlarda uddaburonlik, osoyishtalik bilan ziddiyatdan chiqish, voqelikni oldindan ko‘ra olish va adolatli tahlil qilishga asoslanish maqsadga muvofiqdir. Bu xususiyatlar o‘qituvchining shaxsiy, individual psixik, fiziologik fazilatlari asosida tarkib topadi. Pantomimik harakatlarni boshqarishda ham o‘qituvchining individual pedagogik texnikasi, yoshi, jinsi, mijozi, fe’l-atvori, sihat-salomatligi va anatomik-fiziologik xususiyatlari muhim ahamiyatga ega.
O‘qituvchi avvalo tarbiyachi sifatida o‘zida yuqoridagi malakalarni shakllantirishi, ularning mazmunini chuqur o‘zlashtirib, pedagogik texnikani egallashning imkoniyatlaridan foydalanishi kerak. Shunda u o‘qituvchini pedagogik mahorat sari etaklaydi. Shunday qilib, o‘qituvchining tashqi ko‘rinishi ham pedagogik texnikaning muhim xususiyatlaridan biri bo‘lib – tarbiyalanuvchilarga ko‘rib, eshitib turgan narsalarini erkin fikrlash orqali, o‘z mulohazalarini mustaqil, cho‘chimasdan o‘qituvchiga etkazish imkoniyatini beradi. “Tarbiyachi tashkil etishni, yurishni, hazillashishni, quvnoq yoki jahldor bo‘lishni bilishi lozim, u o‘zini shunday tutishi kerakki, uning har bir harakati, yurish-turishi, kiyinishi bolalarni tarbiyalasin” – deb yozgan edi taniqli pedagog A.S. Makarenko.
4. Pedagogik texnikani egallash mahorati
O‘qituvchi pedagogik faoliyatida pedagogik texnikaning ko‘nikma va malakalarini mukammal takomillashtirgan holda o‘z mahoratini oshirish uchun quyidagi jarayonlarni bilishi lozim:
1. O‘qituvchi o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan pedagogik texnikaning muhim tarkibiy qismlaridan biri uning nutq texnikasidir (nutq tempi, diksiyasi, tovush ohangini baland, o‘rta, past qila olishi va hokazo).
Dars jarayonida o‘quv materiallarini idrok qilishda o‘qituvchining nutqi muhim rol o‘ynaydi. Olimlarning fikricha, o‘quvchilar tomonidan 1/2 foiz o‘quv materialini tafakkur orqali idrok qilish va o‘zlashtirish o‘qituvchilarning nutqiga va uning so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishiga bog‘liq. O‘quvchilar o‘qituvchining nutqini nihoyatda kuzatuvchanlik va qiziqish bilan tinglaydilar. Past ohangda gapiradigan o‘qituvchining darsi o‘quvchilar uchun zerikarli bo‘ladi, nihoyatda baland gapirish, oddiy suhbat chog‘ida ovozni baland qilib so‘zlashish o‘quvchilarni darsdan bezdiradi va charchatadi. O‘quvchilarning bunday o‘qituvchi ta’limidan ko‘ngillari soviydi. Shuning uchun o‘qituvchi savodli gapirishi, o‘z nutqini chiroyli va tushunarli, ta’sirchan qilib bayon qilishi, o‘z fikr va his-tuyg‘ularini so‘zda aniq ifodalash malakalariga ega bo‘lishi lozim.
Chiroyli, savodli, ta’sirchan gapiruvchi o‘qituvchilarning nutqlari o‘quvchilar ongiga tez ta’sir etadi, o‘quv materiallarini oson o‘zlashtirib olishiga katta imkoniyat yaratadi, o‘quvchilar bunday o‘qituvchilarning darslarini toqatsizlik bilan kutadilar. O‘qituvchilar o‘z nutqlari ustida tinimsiz ishlashlari, so‘zlarning chiroyli, ma’noli, ta’sirchan bo‘lishi uchun mashq qilishlari, ovoz diapazonlarining kuchi, nutq tembrining harakatchanligi va diksiyasini doimo mashq qilib borishlari lozim.
Ovoz diapazoni chegarasi baland yoki past gapirish toni bilan belgilanadi. Diapazonning qisqarishi tovushning past tonligiga olib keladi. Past ohangda so‘zlashish o‘qituvchining idrokini bo‘shashtiradi va susaytiradi.
O‘qituvchi tovush diapazonini, uning tembri bilan bog‘lab ishlatsa, gaplari chiroyli, mayin, jozibali chiqib, tinglovchilarni o‘ziga jalb etadi va o‘quv materiallari mazmuni yanada yaxshi idrok qilinadi.
O‘qituvchining notiqlik texnikasi so‘zlarni aniq, to‘g‘ri, tiniq eshitilarli va tushunarli bayon qilishida namoyon bo‘ladi. To‘g‘ri va mukammal ovoz diksiyasiga ega bo‘lgan o‘qituvchi so‘zlarni ifodali bayon qiladi. Ifodali gapirishda til, lab, kichik tilcha, pastki jag‘ ishtirok etadi. O‘qituvchi ifodali gapirishi, so‘zlarni talaffuz qilishi uchun yuqoridagi organlarni doimo mashq qildirishi lozim. Shunday qilib, pedagogik texnikada nutq malakalari muhim ahamiyat kashf etar ekan, o‘qituvchi doimo gapirish tempi, ritmi, diksiyasi, ovoz kuchi, diapazoni, harakatchanligi ustida mashq qilishi zarur, ushbu jarayon alohida bir faslda ko‘rib chiqiladi.
2. Pedagogik texnika malakalarini mukammal egallash uchun avvalo, o‘qituvchi o‘z fanini, o‘qitadigan predmetining boshqa fanlar bilan o‘zaro aloqadorlikda bilishi, pedagogik va axborot texnologiyalarini, pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini davr taraqqiyoti darajasida bilishi, kasbiy jihatdan o‘z-o‘zini tarbiyalay oladigan bo‘lishi zarur. Chunki pedagogik texnika o‘qituvchilarning individual shaxsiy xususiyatlariga ham bog‘liq. Har bir o‘qituvchi o‘z tafakkuriga, fikrlash qobiliyatiga, o‘zining kasbiy yo‘nalishi, kasbiy laboratoriyasiga ega bo‘lishi kerak. Bu yo‘nalish va laboratoriyani o‘qituvchilarning o‘zlari mustaqil fikr yuritishlari, mustaqil bilim olishlari, pedagogik mahoratini oshirib borishlari orqali qo‘lga kiritadilar va mohir o‘qituvchiga xos fazilatlarni tarbiyalaydilar hamda kasbiy ideal sari harakat qiladilar.
3. Pedagogik texnika sirlarini mukammal bilish o‘qituvchining tashkiliy - metodik malakalarni egallashiga ham bog‘liq. Bu malakalar zarur bilimlar bo‘yicha ma’ruzalarni tinglash, maxsus adabiyotlarni o‘qish orqali qo‘lga kiritiladi. Tashkiliy-metodik malakalar aytilgan yo‘l-yo‘riqlar, ko‘rsatmalarni o‘zining individual kasbiy tajribasida sinab, ko‘nikma hosil qilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tashkiliy-metodik malakalarning individual xususiyatlari, jamoa va guruh bo‘lib ishlash, o‘qish, faoliyat ko‘rsatish asosida qurilgani ma’qul. Chunki guruh yoki jamoa bo‘lib o‘qish, ishlash har bir o‘qituvchiga refleksiv qobiliyatlari asosida, o‘zini boshqalar ko‘zi bilan ko‘rishni va baho berishni, faoliyatidagi nuqsonlarni seza bilishni, muomala va xulq-atvorning yangi shakllarini izlab topish va sinash imkoniyatini beradi. Bu esa o‘z-o‘zini bilish, o‘z-o‘zini tarbiyalash uchun asos bo‘ladi va pedagogik vazifalarning yangi usullarini tekshirib ko‘rish, nazariy masalalarini hal qilish uchun tajriba maydonini tashkil qilishga zamin yaratadi. Demak, tashkiliy - metodik malakalarni egallashda guruh, jamoa faoliyati, mashg‘ulotlar pedagogik texnika asoslarini egallash imkoniyatini beradi.
4. Pedagogik texnikani bir maromda egallashda, har bir o‘qituvchining o‘z individual dasturini ishlab chiqishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday dasturni tuzishdan oldin o‘qituvchi o‘zida pedagogik texnika malakalarini shakllanganligining boshlang‘ich darajasini aniqlab olish zarur. Ya’ni, o‘qituvchining dastlabki o‘quv-tarbiya ishlaridagi natijalarida, nutq madaniyatining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qo‘yilishida, harakatidagi mimik va pantomimik holatlarda ro‘y beradigan nuqsonlar e’tirof etiladi. Bunda natija yaxshi bo‘lsa, kelajakda pedagogik texnikani egallash ancha oson bo‘ladi.
Ushbu faoliyat natijasida ko‘nikma va malakalar yanada rivojlantiriladi. Individual dastur pedagogik texnika malakalarining yetishmaydigan jihatlarini to‘ldirish uchun xizmat qiladi. Bu dastur ma’lum mashqlar yoki mashqlar majmuini o‘z ichiga oladi.
5. Shuni ham unutmaslik lozimki, pedagogik texnikani namoyish etishda o‘qituvchining umumiy madaniyati, ma’naviy va estetik dunyoqarashi muhim o‘rin tutadi. Agar o‘qituvchining tashqi ko‘rinishi qashshoq, so‘zlarni talaffuz qilish qobiliyati past, estetik jihatdan omi, bo‘lar-bo‘lmas voqealarga nisbatan o‘z hissiyotiga erk beradigan bo‘lsa, tarbiyalanuvchilarning e’tiqodiga, aql-idrokiga, bilish va anglash tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Demak, o‘qituvchi o‘zidagi ana shu nuqsonlarni qayta tarbiyalashi lozim.
Ta’kidlash joizki, pedagogik texnikaning ko‘nikma va malakalarini egallash yo‘llari to‘g‘risida bildirilgan fikrlarga e’tibor bermaslik, pedagogik faoliyat jarayonida ularning beqiyos ahamiyatiga yetarlicha baho bermaslik, shuningdek, pedagogik texnika malakalarini tanqidiy, har bir o‘qituvchining individual xususiyatlarini hisobga olmay ish yuritish pedagogik mahoratni egallashga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va o‘quv-tarbiyaviy jarayonda o‘qituvchilarning ta’lim-tarbiyaviy faoliyatida nuqsonlarning ko‘payishiga olib keladi.
Pedagogik texnikani egallashning asosiy yo‘llari o‘qituvchining malaka oshirish kurslariga ishtiroki, ustoz murabbiylar rahbarligidagi mashg‘ulotlar (ulardan pedagogik texnika sirlarini o‘rganish) va mustaqil (kasbiy jihatdan o‘z-o‘zini tarbiyalash) ishlashdir. Pedagogik texnika ko‘nikma va malakalarini egallash individual-shaxsiy salohiyat ekanligini hisobga olib, pedagogik texnikani egallashda va uni takomillashtirishda kasbiy jihatdan o‘z-o‘zini tarbiyalash, ya’ni talabalik yillarida o‘zida tajribali o‘qituvchilarning shaxsiy fazilatlarini va kasbiy malakalarini shakllantirishga qaratilgan faoliyat yetakchi rol o‘ynaydi, deb aytish mumkin. Kasbiy ideal sari intilishda bu harakat pedagogik texnikani egallashda muhim rol o‘ynaydi.
Tashkiliy-metodik jihatdan pedagogik texnika mashg‘ulotlari individual, guruh yoki ketma-ketlikda o‘tkaziladi. Masalan, zarur bilimlar ma’ruzalarda yoki tegishli adabiyotlarni mustaqil o‘qish asosida, integratsion bilimlarni egallash, portal, kompyuter texnologiyalari yordamida egallanishi mumkin. Avtomatlashtirishga doir ayrim oddiy harakatlar (turli artikulyatsiya, fonatsion nafas olish usullari, relaksatsiya usullari va shu kabilar) o‘qituvchi tomonidan muntazam mashg‘ulotlar asosida egallanadi. Tegishli ko‘nikmalarni ishlab chiqish, individual ishlashni dastlab o‘qituvchining nazorati va rahbarligida, keyin esa mustaqil ishlash talab qiladi.
Pedagogik texnika malakalarini shakllantirishda o‘qituvchining jamoada faoliyat olib borishi va mashg‘ulotlarda o‘z-o‘zini nazorat qilishi alohida rol o‘ynaydi. Pedagogik texnika mashg‘ulotlarining bu shaklini ancha batafsilroq ochib berish maqsadga muvofiqdir, chunki u hozirga qadar o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan o‘quv va metodik adabiyotlarda ma’lum darajada ko‘rsatib berilmagan.
Har qanday jamoada, xoh o‘qituvchilar, xoh o‘quvchilar jamoasi bo‘lsin, o‘qituvchi ular oldida o‘zini boshqa kishilar ko‘zi bilan ko‘rishi, hulq-atvor va muomalaning yangi shakllarini izlab topishi va sinab ko‘rishi, o‘zining jamoa bilan birga bajaradigan ishi xususiyatlarini anglashi lozim. Shundagina pedagogik faoliyatning individual uslublarini ongli ravishda shakllantirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Jamoa shaxsning o‘z-o‘zini bilishi va o‘z-o‘zini tarbiyalash laboratoriyasi, pedagogik vazifalarni hal qilishning yangi usullarini tekshirib ko‘radigan, nazariy va amaliy masalalar, turli muammolar muhokama qilinadigan tajriba maydoni bo‘lib qolishi mumkin.
Psixologlar pedagogik texnikaning keng imkoniyatlarini jamoa bo‘lib o‘rganishni, o‘qituvchilar orasida bunday jamoalarning eng qulay miqdorini 10–14 kishidan iborat etib belgilashni ta’kidlab o‘tadilar. Qatnashchilarning xuddi shunday miqdori ulardan har birining boshqa o‘qituvchilar bilan birga faoliyat olib borishda individual psixologik muammolarini juda to‘liq ravishda aniqlab hal etish, refleksiv va empatik darajasini jiddiy oshirish, kasbiy pedagogik fahm-farosatini rivojlantirish, boshqalarga ta’sir etish vositalarining kengaytirish imkoniyatlarini ochib beradi.
Shu narsa muhimki, guruh qatnashchilari, bo‘lajak o‘qituvchilar kasbiy hamkorlik jihatidan birga ishlash malakalarini egallashga faol intilishlari, o‘z-o‘zini bilish va kasbiy jihatdan o‘z-o‘zini tarbiyalash bo‘yicha muvaffaqiyatli faoliyat olib borishga psixologik jihatdan tayyor bo‘lishlari kerak.
Barcha hollarda ham individual, ham guruhiy mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin pedagogik texnikani egallashning individual dasturi tuzib chiqilishi lozim. Bunday dasturni tuzish uchun avvalo pedagogik texnika malakalarini shakllantirishning boshlang‘ich darajasini aniqlab olish zarur. Biroq, tajribalarning ko‘rsatishicha, odatda, mazkur bosqichda faqat malakalar haqidagina emas, shu bilan birga dastlab avtomatlashtirilgan (ta’limni boshlash vaqtiga kelib) ko‘nikmalar haqida ham mulohazalar olib borish mumkin. Masalan, nafas olish va ovozning tabiiy bir holatga qo‘yilishi, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish, bundan oldingi tarbiyaviy metodlarning natijasi bo‘lgan savodli, ifodali nutq, mimik va pantomimik harakatlar bo‘lishi mumkin.
Bunday ko‘nikma va malakalarning mavjudligi pedagogik texnika imkoniyatlarini mukammal shakllantirishni ancha osonlashtiradi. Shunga qaramasdan barcha hollarda ana shu ko‘nikmalarni tegishli malakalar tarkibiga kiritish yuzasidan muayyan faoliyat olib borilishi zarur. Pedagogik texnika malakalarini shakllantirishning boshlang‘ich darajasiga qarab uni egallashning individual dasturi yetishmaydigan malakalarni shakllantirishga qaratilgan ayrim mashqlarni yoki ularning to‘liq majmuasini ishlab chiqish lozim.
Pedagog va psixolog olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, o‘z faoliyatini endigina boshlayotgan o‘qituvchilar duch keladigan qiyinchiliklarning asosiy sababi aynan pedagogik texnikaga oid ma’lumotlarni bilmasligi oqibatida sodir bo‘lmoqda. Pedagogik texnika to‘g‘risida yuqorida aytib o‘tilgan fikr va mulohazalarga e’tibor qilmaslik, pedagogik faoliyatda nazariy va amaliy tajribalarning yo‘qligi, o‘z faoliyatiga tanqidiy nazar bilan baho berolmaslik oqibatida hamda o‘qituvchida individual pedagogik texnikani rivojlantirish, tahlil qilish va uni takomillashtirish yuzasidan aniq maqsadga qaratilgan pedagogik faoliyatning yo‘qligi mazkur qiyinchiliklarning asosiy sabablaridan biri ekanligini unutmaslik kerak.
Pedagogika oliy ta’lim muassasalaridagi kasbiy tayyorgarlik jarayonida pedagogik texnikani egallash bo‘lajak o‘qituvchiga o‘zining kasbiy yo‘nalishining boshlanishidayoq ko‘pgina xatolardan holi bo‘lishda, talabalarga ta’lim-tarbiya berishning yuksak samaradorligiga erishishda yordam beradi.
|
| |