109
ahamiyatga ega bo‘lgan faqat asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yagona
me’yorlar o‘rnatiladi.
Eksportni tartibga solish – eksport nazorati va olib chiqishni cheklash
– a’zo mamlakatlarning milliy xavfsizligi, milliy boyliklarni saqlash,
intellektual mulkni himoya qilish, aholi hayoti va salomatligi, atrof-muhit
muhofazasi maqsadlarida kamroq tovar guruhlariga qo‘llaniladi.
Yevroittifoqda a’zo mamlakatlar tashqi iqtisodiy ekspansiyaning
ko‘pgina muhim instrumentlari – eksportga davlat subsidiyalari, eksport
kreditlari, eksportyorlarga turli soliq, ma’muriy va boshqa turdagi yordam
ko‘rsatish usullarini qo‘llashda mustaqilliklari saqlangan.
Hozirgi vaqtda YeIda sanoat mahsuloti eksportini tartibga solish,
asosan, a’zo mamlakatlar siyosatini muvofiqlashtirish mexanizmi
yordamida amalga oshiriladi. Eksport kreditlarini taqdim qilish
sharoitlarini kelishishga alohida e’tibor beriladi. Shu maqsadda maxsus
organ – sug‘urtalash, kafolatlar va moliyaviy kreditlar sohasida siyosatni
muvofiqlashtirish bo‘yicha guruh tuzilgan, unga YeI barcha a’zo
mamlakatlari va YeI Kengashi vakillari kiradi.
Eksportni tartibga solishning boshqa instrumentlari ko‘proq: miqdoriy
cheklashlar (neft va undan olinadigan mahsulotlar), eksportni bevosita
taqiqlash va litsenziyalash (kimyo mahsulotlari, radioaktiv moddalar) kabi
ma’muriy choralar hisoblanadi.
Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini olib chiqishni tartibga solish
xususiyatlariga eksportni subsidiyalash kiradi: YeI qishloq xo‘jalik fondi
(YeI yagona budjetining tarkibiy qismi) xarajatlarining umumiy miqdori
yagona agrar siyosatni o‘tkazish uchun barcha sarflarning 20-40 % ini
tashkil qiladi. Ko‘p hollarda subsidiyalar ma’lum tovarlar (galla, sut
mahsulotlari) bo‘yicha jahon baholaridan ancha yuqori. Subsidiya darajasi
har biri konkret holda YeI Komissiyasi tomonidan aniqlanadi.