II BOB. YOSHLAR MA’NAVIYATINI YUKSALTIRISHNING MUHIM OMILLARI




Download 0.66 Mb.
bet12/33
Sana21.03.2017
Hajmi0.66 Mb.
#506
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   33

II BOB. YOSHLAR MA’NAVIYATINI YUKSALTIRISHNING MUHIM OMILLARI

2.1. Yoshlar ma’naviyatini shakllantirishda ma’naviy merosning ahamiyati


Istiqlolga erishganimizdan buyon, davlat, jamiyat diqqat markazida boʻlib kelayotgan masalalardan biri bu yoshlarni barkamol, komil shaxs qilib tarbiyalashdir. Koʻrib turganimizdek, bu borada juda katta sa’i-harakatlar islohotlar amalga oshirildi va bu hanuzgacha davom ettirilib kelinmoqda. Mustaqillikkacha boʻlgan yillarning sarhisobini qiladigan boʻlsak, hech bir davrda yoshlarga bunday imkoniyatlar yaratilmagan, yoshlar uchun bunday keng yoʻl ochilmagan.

Yurtboshimiz Islom Karimov yoshlarga ishonch bildirib, shunday degan edilar: “Bizning eng katta ishonchimiz, madad-tayanchimiz - bu oʻsib kelayotgan yosh avlodimizdir. Takroran aytamanki, men oʻzimning taqdirimni ham, mamlakatimiz va mustaqilligimiz taqdiri va kelajagini ham ana shu yoshlar qiyofasida, ularning pok qalbi, erkin tafakkuri, mustahkam irodasi va dunyoqarashida koʻraman”.1

Yoshlarda ma’naviy salohiyatni yuksaltirishning bir qancha omillari mavjud boʻlib, ular sirasidan milliy qadriyatlar va xalq ogʻzaki ijodining oʻrni salmoqlidir.

“Albatta, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, oʻziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib boʻlmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma’naviy meros, madaniy boyliklar, koʻhna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri boʻlib xizmat qiladi”.2

Xalq ogʻzaki ijodi turkumiga kiruvchi xalq maqollarida ham qadim ajdodlarimizning turmushi, dunyoqarashi, oʻy-kechinmalari aks etgan. Ajdodlarimiz oʻzlarining hayoti tajribasidan kelib chiqib, pandnoma, nasihatomuz va ibratli soʻzlari ogʻizdan-ogʻizga koʻchib, sayqallangan. Buni kitob shaklida esa ilk bor Mahmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻatit turk” asarida jamlanganligini guvohi boʻlamiz. Bu asarda bir qancha gʻoyalarni ulugʻlovchi xalq maqollari toʻplangan. Vatanparvarlik gʻoyasini ulugʻlovchi maqollar “Vatan uchun oʻlmoq ham sharaf” bu oʻrinda yoshlarga tarbiya berish jarayonida buyuk “Shiroq” afsonasini va Najmiddin Kubroni misol qilib keltirish mumkin. “Ona yurtning tuprogʻi ona sutidan aziz” har bir ona oʻz farzandini ona Vatan qurshovida tarbiyalaydi. Umuman olganda, xalq maqollari tarixdan saboq beruvchi kichik bir ma’naviy qadriyatdir. Xalq maqollari yoshlarning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishdagi ahamiyati juda katta. Chunki, maqollar turli gʻoyalarni ulugʻlaydi va kishilarni shu gʻoyalar asosida tarbiyalanishga undaydi.

Darhaqiqat, yoshlar ma’naviyatini shakllanishida ma’naviy merosning oʻrni beqiyos. Ma’naviy merosning yoshlar ma’naviyatini shakllantirishdagi ahamiyati shundaki, ularni imon-e’tiqodli, milliy gʻoyaga sadoqat, bir-birlariga mehr oqibatni, oʻz Vataniga, millati, dini, tili, tarixi, madaniyati urf-odatlariga hurmat ruhida tarbiyalashda asosiy omillardan biri boʻlib hisoblanadi.

Inson haq-huquqlarini hurmat qilish, insonni aziz va mukarram, barcha mavjudotlarning toji va fazilat egasi sifatida e’zozlash, Yaratuvchi oldida barcha insonlarning tengligi va erkinligini ta’minlash Islom ta’limotida, uning muqaddas kitoblari - Qur’on va Hadislarda ustuvorlik qiladi.1

Darhaqiqat, inson kamolati va yoshlar ma’naviyatini boyitadigan, ta’bir joiz boʻlsa, ma’naviy asos boʻlib hizmat qiladigan, bir soʻz bilan aytganda komil inson boʻlib shakllanishda Islom ma’naviyatini oʻrni beqiyosdir.

Bu masalada Prezidentimizning mana shu fikrlari katta ilmiy, ta’lim-tarbiyaviy ahamiyatga ega: “Savob – ulugʻ insoniy fazilat, yuksak milliy qadriyatlardan biridir. Mening komil ishonchim shuki, savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kuni qilish kerak”.2

Darhaqiqat, Qur’onda inson haq-huquqlarini hurmat qilish gʻoyasi yetakchilik qiladi. Unda ota-onalarning farzandlar tarbiyasi masalasi boʻyicha burchlari, mas’uliyatlari nimalardan iboratligi belgilangan. Ta’kidlanishicha, “ota-onalik huquqini qozonish uchun bola tugʻulishining oʻzi kifoya qilmay, balki ularga ta’lim-tarbiya berish eng muhim shartlardan biridir. Farzandga odob-axloq oʻrgatish, uni kasb-hunarli qilib tarbiyalash, balogʻatga yetganda oʻgʻil boʻlsa uylantirish, qiz bola boʻlsa turmushga chiqarish, ularni moddiy va ma’naviy ta’minlab turish kabi sermashaqqat vazifalar ham ota-onalar zimmasidadir”.1

Qur’oni Karimda farzandlarning ota-onalar oldidagi vazifalari ham bayon etilgan. Bu haqda uning Al-Isro surasi, 23-oyatida shunday deyilgan: “Robbing, faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “uf” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi soʻz ayt!”2

Qur’oni Karimda insonni ulugʻlash lozimligiga oid qoidalar boʻyicha muhim koʻrsatmalar mavjud. Paygʻambarimizning hikmatli soʻzlari yigʻindisidan iborat boʻlgan Hadislar Qur’oni Karimdan keyin Islom dini va shariatning ikkinchi asosi sifatida musulmon dunyosida e’tirof etilgan.

Hadislarda inson ma’naviy-axloqiy kamolotining asosiy yoʻllari va mezonlari ham belgilab berilgan. Buni ul muborak Zotning quyidagi hikmatlaridan aniq-ravshan koʻrish mumkin:

-Sen birovga ravo koʻrganni u senga ravo koʻrmasa, bunday suhbatdoshlikda xosiyat yoʻq.

-Har qanday sharoitda Allohga taqvodor boʻl, yomonlik qilsang uni yaxshilik bilan yuv. Odamlarga xushmuomalali boʻl.

- Har qanday ishning yaxshisi - oʻrtachasidir.

-Inson hayotiga zarur hisoblangan ayrim narsalarning oz boʻlishi fazilatdir. Masalan: ovqat bilan uyquning kami shu jumlaga kiradi. Koʻp yeyish, koʻp ichish ochkoʻzlik, shahvatparastlik nishonasidir.1

Ma’rifatparvarlik gʻoyalari jahondagi barcha dinlarda boʻlgani kabi Islomda ham ustuvorlik qiladi. Buni ayniqsa, uning ilmga munosabati masa-lasida yaqqol koʻrish mumkin. Ilm bilan shugʻullanishni, uni rivojlantirish, olimlarni hurmat qilishni Rasululloh juda koʻp ta’kidlaganlar. Hadisi Sharifda bu haqda quyidagi ibratomuz fikrlar bayon etilgan: “Ilm egallang! Ilm - sahroda doʻst, hayot yoʻllarida tayanch, yolgʻizlik damlarida - yoʻldosh, baxtiyor daqiqalarda - rahbar, qaygʻuli onlarda - madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda – quroldir”.

Ilm talab qilish va unga xolis amal qilishga undaydigan Muborak Dini Islom inson kamolotini yuksak boʻlishga targʻib etadi. Bu esa oʻz navbatida oʻsib kelayotgan yosh avlodning yuksak ma’naviyatli boʻlishiga bogʻliqdir. Yoshlarni yuksak ma’naviyatli boʻlishi uchun mamlaktimizda, har yili barcha soho rivojiga, birdek xizmat qiladigan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Har bir davlat oʻz aholisini, ayniqsa bilim va yangilikka chanqoq yoshlarini ilmiy bilimlar, ma’rifiy-ma’naviy ozuq boʻladigan axborotlar bilan ta’minlanishidan manfaatdordir. Oʻzbekistonda ham oʻsib kelayotgan yosh av­lodning intellektual ehtiyojlarini qondirishga, ma­daniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni saqlab qolishga yoʻnaltirilgan, prinsipial “axborot siyosati” shakllantirildi va hayotga joriy etilmoqda.

Navqiron avlod davr ruhida ma’naviy kamol topib, buyuk ajdodlarimiz barhayot mevasidan oziqlanib, zamonaviy bilimlarni egallab, ularni ongi, shuuriga singdirib bormas ekan, bizning oʻz oldimizga qoʻygan ulugʻvor maqsadlarimizga erishishimiz, nurli istiqbolimizni bunyod etishimiz ham qiyin. Mana shu bois ham yoshlar tarbiyasi, ularni barkamol insonlar etib shakllantirish, voyaga yetkazish masalasi har doim davlatimiz oldidagi birinchi darajali vazifalardan biridir.

Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “erkin fuqaro ma’naviyatini, ozod shaxsni shakllantirish masalasi oldimizda turgan eng dolzarb vazifalardandir. Boshqacha aytganda, biz oʻz haq-huquqlarini taniydigan, oʻz kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan, atrofida sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga mustaqil munosabat bilan yondashadigan, ayni zamonda shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uygʻun holda koʻradigan erkin, har jihatdan barkamol insonlarni tarbiyalashimiz kerak”1.

Darhaqiqat, yoshlar mamlakat ertasining davomchilari sifatida yaxshi tarbiya koʻrgan boʻlishlari, har tomonlama chuqur bilim va koʻnikmaga ega, atrofda boʻlayotgan voqea-hodisalarga mustaqil va toʻgʻri baho bera oladigan, ta’bir joiz boʻlsa, xalq manfaatini, oʻz manfaati bilan uygʻun holda olib boradigan qilib tarbiyalash hayotiy zaruriyatdir.

Abu Nasr Farobiy ta’limotida inson ta’lim yordamida barcha fanlarni puxta oʻzlashtirish bilan ma’naviy-axloqiy fazilatlarga, odob me’yorlari va kasb-hunarga oid malakalarga ega boʻladi. U “Ta’lim-tarbiyada ragʻbatlantirish, odatlantirish, majbur etish metodlarini ilgari surdi. Bu usullar esa, oʻz navbatida, Farobiyning “Fozil insonlar jamiyati”da axloqan pok, barkamol avlodning tarbiyasi uchun xizmat qilish kerak edi.

IX-X asrdan keyingi davrlarda yashab oʻtgan allomalar ham inson axloqi, yoshlar tarbiyasi masalasiga oid koʻp ish olib borganlar. Bu xayrli ishga tasavvuf olamining allomalari Najmiddin Kubro, Fariddin Attor, Baxouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Aziziddin Nasafiy, Alisher Navoiy va boshqalar katta hissa qoʻshdilar.

Umumiy ma’noda yoshlarning ma’naviyatini shakllantirishda quyidagi manbalarni e’tirof etish mumkin. Masalan, Asqar Mahkam tarjimasi boʻlgan, “Avesto” tarixiy-adabiy yodgorligi, Oʻrhun-Enasoy yodgorligi, Imom al-Buxoriyning “Al-Adab al-Mufrad” va “Al-jome’ as-Sahih” (Ishonchli toʻplam), At-Termiziyning “Sahih at-Termiziy”, Abu Nasr Farobiyning “Fozil odamlar shahri”, Abu Ali ibn Sinoning “Hikmatlar”, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk”, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” va “Ichingdagi ichindadir”, Alisher Navoiyning “Mukammal asarlar” toʻplami, Mahmudxoʻja Behbudiyning “Bayoni soniy”, Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yohud axloq”. Abdurauf Fitratning “Chin sevgi” va boshqalarni shular jumlasiga kiritish mumkin. Bu allomalarning ijodiy faoliyati, boy ma’naviyati tufayli milliy tarbiya tizimining asoslari vujudga keldi.

Shuni alohida ta’kidlash kerak-ki, milliy ta’lim-tarbiya modeli konsepsiyasining mazmuni milliy turmush tarzi va ma’naviy-axloqiy an’analari bilan bogʻliqdir. Shu boisdan ham respublikamiz jamiyatshunos olimlari faylasuflar, ta’lim-tarbiya tizimida milliy modelining asosiy xususiyatlarini tahlil etayotganda koʻproq uning milliy tarbiyadagi oʻrni hamda ahamiyatini ochib berishga harakat qilishmoqda.

Tarbiya muammolari, deb xulosa qiladi E.Yusupov, insoniyat tarixining barcha davrlaridagi gʻoyalar, mafkuralar tizimidan ham katta oʻrin olgan. Insonning ongi, e’tiqodi uchun boʻlgan kurashlar ham yoshlarga tarbiyaviy yoʻllar orqali ta’sir etish shaklida namoyon boʻladi. Shu sababli ham jismoniy sogʻlom, ma’naviy barkamol insonni tarbiyalash Oʻzbekiston milliy istiqlol mafkurasining asosiy tamoyillaridan biri boʻlib qolmoqda. 1

Ushbu masalada ham respublikamiz olimlari oʻziga xos konsepsiyalarni ilgari surishmoqda. Jumladan, faylasuf olim J.Tulenov, ma’naviy barkamol inson aql-idrok asosida harakat qiladi. Vataniga, xalqi va millatiga sodiq boʻlish ham madaniyatlilik, ma’naviylik, barkamollik, axloqiy poklik belgilaridan hisoblanadi2 - degan fikrni ilgari suradi. Ulfat Mahkamov esa, odamlardagi yaxshilik qilish, rostgoʻylik, hayoli boʻlish kabi eng ulugʻ fazilatlar birlashsagina, u komil inson boʻlib yetishishini ta’kidlaydi.3

Nozar Toʻraev, Mansur Oltinovlar “Yuqori malakali mutaxassis olim, me’mor, san’atkor, harbiy xodim boʻlish barkamollikni anglatmaydi, inson kamolotga yetish uchun zarur hayot maktabini oʻtashi, iymon-e’tiqod yoʻliga kirish talab etiladi”,1 deb ta’kidlaydilar.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, har qanday taraqqiyot va tamaddunlar turli xalqlar ma’naviyati, madaniyati, erishgan yutuqlari va intilishlari uygʻunlashuvidan tugʻiladi. Ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi oʻta murakkab, qaltis va mas’uliyatli davri ma’naviy-ma’rifiy ishlar, mafkuraviy ta’lim-tarbiya markazida yosh avlod turishi zarurligini, farzandlarimizning aql-zakovatli, teran fikrli, mustahkam e’tiqodli qilib tarbiyalanishlariga jiddiy e’tibor berishni, ularning soddalik qilib soxta oqimlar yoʻliga kirib pana-pasqadamlarda pisib yurgan har xil johil odamlarning gapi va yoʻliga kirib ketishlariga aslo yoʻl qoʻyib, beparvo qarab boʻlmaydi. Oʻz navbatida, xalqimiz tarixidagi buyuk allomalarni, xususan, ma’rifatli dunyo Buxoriylar, Fargʻoniylar, Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar va ular qoldirgan buyuk ma’naviy meroslarni qanchalik izzat ikrom qilgan boʻlsa, yigirma birinchi asrda biz xalqimiz, millatimizga nisbatan ana shunday ehtiromni qaytadan qoʻlga kiritishimiz kerak. Ulugʻ kishilarning kelajak avlodga qoldirgan buyuk ma’naviy meroslari nafaqat yoshlar ma’naviyatiga balki, barcha insonlar kamolatiga birdek daxldordir. Qadim Turon sarchashmalaridan bahramand boʻlish, ulkan baxt. Chunki, bunday ma’naviy meroslarni orzu qilgan qancha millat va elatlar bor. Biz esa bu baxtga sazovormiz. Bu bilan faxrlansak, chuqur oʻrgansak va kundalik hayotimizga tadbiq etsak hamda kelajak avlodga tushuntira olsak, ma’naviy meros vorisiyligini ta’minlagan boʻlamiz.

Buning uchun esa ta’lim-tarbiya tizimini muntazam takomillashtirib, milliy modelning hayotiyligini, uning milliy gʻoya tamoyillari bilan uzviy aloqadorlikda rivojlantirishni ta’minlay olishimiz zarur. Ana shundagina biz kutilgan natijalarga erisha olamiz.





Download 0.66 Mb.
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   33




Download 0.66 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



II BOB. YOSHLAR MA’NAVIYATINI YUKSALTIRISHNING MUHIM OMILLARI

Download 0.66 Mb.