Savol va topshiriqlar
1. Ishlab chiqarishni joylashtirish va uni hududiy tashkil etish o`rtasida qanday farq bor?
2. Xom ashyo mahsulotga nisbatan ko`p sarflansa, ya'ni mahsulotning xom ashyo sig`imi yuqori bo`lsa, ekologik vaziyat qanday bo`ladi? Misollar yordamida tushuntiring.
3. Yoqilg`i-energetika omilining iqtisodiyot tarmoqlarini joylashtirishga ta'siri qanday?
4. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish tarmoqlarini hududiy tashkil etish xususiyatlari nimalardan iborat?
5. Transport tarmoqlarini joylashtirish qaysi omillarga bog`liq?
6. O`zingiz yashab turgan viloyat yoki shahar xo`jaligi tarmoqlarining joylashuv xususiyatlarini yozma ravishda tavsiflab bering.
MAVZU: HUDUDIY MEHNAT TAQSIMOTI VA IQTISODIY
RAYONLASHTIRISH
REJA
1. Hududiy mehnat taqsimoti haqida tushuncha.
2. Geografik mehnat taqsimotining omillari.
3. Hududiy mehnat taqsimotining bosqichlari.
4. Iqtisodiy rayonlashtirish.
5. Iqtisodiy rayonlashtirish va mintaqaviy siyosat.
Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish bevosita hududiy mehnat taqsimoti bilan bog`liq. Ammo hududiy mehnat taqsimoti asosan ishlab chiqarishning hududiy tarkibini bildiradi va shu sababli u aholi va mehnat resurslarini o`z ichiga olmaydi. Aholining joylanishi esa ko`p hollarda ishlab chiqarishni hududiy tashkil qilish bilan belgilanadi.
Maxsus adabiyotlarda hududiy mehnat taqsimoti bilan bir qatorda geografik, regional (mintaqaviy), akvatorial mehnat taqsimoti kabi turdosh tushunchalar uchrab turadi. Albatta, ular o`rtasida jiddiy farq yo`q, faqat akvatorial mehnat taqsimoti Yer sharining quruqlik qismida emas, balki uning okean va dengizlarida ishlab chiqarishning rivojlanishi, ixtisoslashuvini anglatadi (akva -suv demakdir).
Hududiy mehnat taqsimoti yoki ishlab chiqarishni hudud bo`ylab joylashtirish o`z mohiyatiga ko`ra iqtisodiy geografik jarayon hisoblanadi, chunki iqtisod hudud doirasida taqsimlanadi. Buning natijasida ishlab chiqarish kuchlarining hududiy tarkibi yoki tizimi (sistemasi), iqtisodiy rayonlar to`ri vujudga keladi. Ularning o`zaro hududiy munosabati va joylanish holati, xo`jalikning hududiy tarkibi iqtisodiy geografik vaziyatni ifodalaydi.
Hududiy mehnat taqsimoti ijtimoiy mehnat taqsimotining bir tomonidir. Ammo u ijtimoiy mehnat taqsimotidan biroz keyinroq vujudga kelgan. Sababi, avvallari kishilar tabiatda mavjud imkoniyatlardan foydalanganlar, o`zlarining u yoki bu joyda ma'lum mahsulotni yetishtirishlari esa tarixan kechroq paydo bo`lgan.
Demak, hududiy mehnat taqsimoti (HMT), soddaroq qilib aytganda, turli joylarning-mamlakat yoki rayonlarning turli mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashuvidir. Natijada, ana shu joylarning iqtisodiy "basharasi" shakllanadi va ularning kattaroq hududiy tizimdagi o`rni o`z aksini topadi.
Agar kengroq qilib ta'riflamoqchi bo`lsak, HMT- bu ishlab chiqarish tarmoqlarini hududning tabiiy sharoiti va boyliklari, aholi va mehnat resurslari kabi omillariga qarab joylashtirishdir. Bundan kelib chiqadiki, HMT-ga turli omillar ta'sir ko`rsatadi. Ular:
" Tabiiy sharoit va qazilma boyliklar;
" Aholi va mehnat resurslari;
" Transport;
" Ijtimoiy infrastruktura;
" Ekologik vaziyat;
" Iqtisodiy geografik o`rin;
" Bozor munosabatlari.
Ayni vaqtda ana shu va shunga o`xshash omillar ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishda ham hisobga olinadi. Binobarin, bu masala keyinroq muffasal o`rganiladi. Bu yerda faqat bir omilga to`xtab o`tish joiz. Gap shundaki, avvallari, ya'ni "Sotsialistik rejalashtirish" davrida eng asosiy omil o`ta markazlashgan davlat, ya'ni Butunittifoq manfaatlari" edi; qolgan sharoitlarning qulaylik yoki noqulayliklaridan qat'iy nazar, agar ya'ni davlat, Ittifoq uchun qaysi bir mahsulot zarur bo`lsa, u albatta yetishtirilishi shart edi. Masalan, O`zbekistonda paxtadan tashqari boshqa qishloq xo`jalik tarmoqlari-bog`dorchilik, uzumchilik, polizchilikni ham rivojlantirish mumkin edi, ammo markaz sanoati uchun paxta kerakligi tufayli bu yerda xo`jalikning tor sohasi, xom ashyoga yo`naltirilgan tizimi shakllandi.
Hozirgi bozor munosabatlariga o`tish davrida vaziyat butunlay o`zgardi; endigi sharoitda yetakchi omil-bozor, iste'mol va talab omili muhim bo`lib qoldi. Qolgan omillarning ta'siri esa bunga nisbatan sustroq. Chunki, nimaga ixtisoslashuv, nima yetishtirishni davlat emas, bozor belgilaydi, davlat esa, bu jarayonni u yoki bu vositalar yordamida tartibga solib boradi.
HMT uchun yetishtirilgan mahsulot mahalliy ehtiyojni qondirgan holda albatta bozorga, almashuvga chiqarilishi kerak. Bundan ayon bo`ladiki, mazkur jarayonning asosida ishlab chiqarishning nafaqat mujassamlashuvi (konsentratsiyasi), balki uning ixtisoslashuvi ham yotadi. Ixtisoslashuv esa mahsulotning chetga yuborilishi bilan belgilanadi. Shu bois, bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotning ortiqcha qismi boshqa joyga (mamlakat yoki rayonga) chiqarilishi lozim; mahsulotning shu joyning o`zida to`la, batamom iste'mol qilinishi ixtisoslashuv, HMT emas, bu oddiy natural xo`jalikdir. Bunday davlatlar jahon xo`jalik tizimiga kira olmaydilar, milliy iqtisodiyoti zaifligi sababli ular jahon bozorida ishtirok eta olmaydilar. Agar mamlakat ichida shunday mintaqalar mavjud bo`lsa, u holda uning yagona geoiqtisodiy tizimi vujudga kelmaydi, iqtisodiy xavfsizlik ta'minlanmaydi; xo`jalikning hududiy tarkibini shakllanmaganligi natijasida ichki iqtisodiy integratsiya jarayonlari rivojlanmaydi.
HMT-ning rivojlanishida transportning roli katta. Chunki transport mahsulot ishlab chiqarilgan joy bilan uni iste'mol qiladigan rayon o`rtasidagi aloqadorlikni bajaradi, transport harakati esa mahsulotning iste'mol rayonidagi tannarxiga kiradi.
HMT-da bir necha bosqich yoki daraja mavjud. Hozirgi sharoitda ular quyidagilar:
- Xalqaro mahnat taqsimoti;
- Davlatlararo mehnat taqsimoti;
- Mamlakat ichidagi mehnat taqsimoti;
- Yirik iqtisodiy rayonlar doirasidagi mehnat taqsimoti;
- Ma'muriy-iqtisodiy rayonlar (viloyatlar) ichidagi mehnat taqsimoti.
Xalqaro mehnat taqsimotining ilmiy asoslarini ingliz iqtisodchilari Adam Smit va David Rikardolar yaratgan. Ular qiyosiy afzallik yoki qulaylik g`oyasini ishlab chiqishgan. Ushbu g`oyaga u yoki bu mahsulotni ma'lum bir vaqt davomida qayerda ko`proq va arzonroq ishlab chiqarilishi nazarda tutiladi. Mohiyatan shunga o`xshash "omillar" g`oyasini shved olimlari Xeksher va Olinlar oldinga surishgan. Bunda muayyan bir mahsulotni ishlab chiqarishda qaysi omilning qulay yoki arzonligi e'tiborga olinadi. Masalan, respublikamizning qator hududlarida qishloq xo`jaligi hamda yengil va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda agroiqlimiy sharoit va mehnat resursi omillari juda qulay. Shu bois bunday hududlar aynan qishloq xo`jaligi va xalq iste'mol mollarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Ta'kidlash kerakki, ilgarigi tizimda oxirgi ikki bosqichda hududiy mehnat taqsimoti amalda yo`q edi. Masalan, O`rta Osiyo iqtisodiy rayoni mamlakatga asosan paxta yetishtirib berardi; O`zbekiston doirasida esa bunday hududiy taqsimot yanada zaif edi.
SSSRning parchalanishi natijasida hududiy mehnat taqsimotining vertikal tizimida keskin o`zgarishlar yuz berdi: avvalgi ittifoqdosh respublikalar-endigi mustaqil davlatlar, jumladan, O`zbekiston jahon hamjamiyatining alohida sub'yekti sifatida bu taqsimotning birinchi bosqichidan joy oldi, ya'ni beshinchi o`rindan birdaniga birinchi o`ringa ko`tarildi. Albatta, bunday "sakrash" oqibatida anchagina muammolar yuzaga keldi. Agar bu muammoni sobiq O`rta Osiyo iqtisodiy rayoni darajasida ko`rmoqchi bo`lsak, hozirgi kunda qo`shni respublikalar o`rtasida iqtisodiy integratsiya jarayonlarini rivojlantirish, yagona iqtisodiy makonni shakllantirish juda qiyin bo`lib qoldi. Buning sabablaridan biri-barcha respublikalarning asosan bir xil mahsulot, ya'ni paxta yetishtirishga ixtisoslashganidir.
Xuddi shunday vaziyat respublikamiz ichida yanada yaqqolroq ko`rinadi. Binobarin, milliy iqtisodiyotning biryoqlama, paxta yakka hokimligiga yo`naltirilgan tizimining o`rniga turli tarmoqlarga ixtisoslashgan xo`jalik tarkibini vujudga keltirish zarur. Sobiq Ittifoqdan meros qolgan hududning tor ixtisoslashuvi ayrim viloyatlarda, masalan, Sirdaryo, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazmda tamomila o`zgartirilganicha yo`q. Shu bois, mamlakatimizda ichki-mintaqalar, viloyatlar va hatto ma'muriy qishloq tumanlari doirasida mehnat taqsimotini chuqurlashtirish lozim.
HMT ixtisoslashuvga, bir joyning ikkinchi joydan xo`jalik yo`nalishi bo`yicha farq qilishiga, hududiy rang-baranglikka olib keladi. Bu esa iqtisodiy rayonlarning shakllanishiga asos bo`lib xizmat qiladi. Demak, hududiy mehnat taqsimoti ixtisoslashuv iqtisodiy rayonlar o`rtasida zanjirsimon aloqadorlik mavjud.
Ma'lumki, har bir fanning o`ziga xos va o`ziga mos birlamchi tushunchasi bor. Masalan, biologiyada hujayra, kimyoda molekula, fizikada atom, tarixda-davr va h.k. Geografiyaning bosh tushunchasi rayondir. Iqtisodiy rayon esa iqtisodiy geografiyaning asosiy tushunchasi hisoblanadi.
Boshqa fanlarda bo`lganidek, birlamchi tuuncha ham oson va, ayni vaqtda, ham qiyindir. Umuman rayon deganda ma'lum o`xshashlikka ega bo`lgan hududning bir qismi nazarda tutiladi. Tabiiy geografiyada, masalan, botqoqlik, tepalik, tog`lik, tekislik, cho`l va boshqa landshaft turlari rayon hisoblanadi, chunki ular shu jihatlari bilan atrof, qo`shni hududlardan farq qiladi. Iqtisodiy geografiyada tog`-kon, dehqonchilik, chorvachilik, dam olish kabi mintaqa rayonlarni ajratish mumkin.
Rayon tushunchasining murakkabligi shundaki, u tashqaridan qaraganda oddiy ko`rinsada, ichki tuzilishi bo`yicha rang-barang, murakkab hududiy tizimdir. Masalan, Farg`na iqtisodiy rayonini olaylik; ushbu rayon (mintaqa) respublika mehnat taqsimotida avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati, paxta va pilla, meva yetishtirishga ixtisoslashgan. Ammo mazkur tarmoqlar vodiyning barcha qismlariga ham mos emas, qolaversa, bulardan tashqarii mahalliy ahamiyatga ega bo`lgan iqtisodiyot tarmoqlari ham mavjud.
Mazkur tushunchaning yana bir mushkullik tomoni-uning hududiy ko`lami bo`yicha ko`p bosqichli, ko`p "qavatli" ekanligidir. Chunonchi, Janubi-sharqiy Osiyo, Yevropa, Sibir, Farg`ona vodiysi, Toshkent viloyati, Bekobod tumani, uning "Oybek" jamoa xo`jaligi ham rayondir. Demak, rayon ichida rayon, uning tarkibida yana "rayoncha" xuddi "matryoshka" o`yinchog`idek. Ehtimol, geografiya fanining muhim bir xususiyati aynan ana shunday turli masshtabda fikrlay olish qobiliyatiga ega bo`lishidadir.
Uchinchi qiyinchilik ilmiy adabiyotlarda rayonga o`xshash tushunchalarning mavjudligida bo`lsa kerak. Jumladan, ingliz tilidagi region, nemis tilidagi landshaft, fransuzcha peyzaj, o`zbek tilida mintaqa, tuman, nohiya kabilar ham umuman olganda, hududning bir qismini bildiradi. Bu atamalarning barchasi ishlatishga haqli, biroq ularning o`z o`rnida qo`llanilishi ma'qul. Masalan, region kattaroq hududni (xususan xalqaro iqtisodiy munosabatlar va siyosiy geografiyada) landshaft-tabiiy geografik muhitni, peyzaj-qaysi birj oy manzarasini tavsiflashda qo`l keladi.
Yana boshqa bir chalkashlik bor: baynalmilal mazmunga ega bo`lgan "rayon" tushunchasi haqiqiy geografik borliq va shu bilan birga ma'muriy hududlarga ham tegishli. Uning ustiga, ushbu so`zni barcha holatlarda mahalliylashtirish-nohiya va tumanga o`girish maqsadga muvofiq emas. Shu nuqtai nazardan oddiy tabiiy geografik rayonlarni (tog`, cho`l voha va h.k.) tuman, iqtsiodyi rayonlarni-iqtisodiy nohiya shaklida aytish mutlaqo noto`g`ri.
Iqtisodiy rayonlar dunyoning barcha mamlakatlarida, ularning maydonining katta-kichikligidan qat'iy nazar, mavjud. Bu rayonlar yirik iqtisodiy mintaqa (zona), asosiy va mahaliy darajada bo`ladi. Shuningdek, iqtisodiy rayonlarni ma'muriy-hududiy birliklar, masalan, viloyat miqyosida ham ajratiladi-ki, ularni boshqarish boshqa tipdagi rayonlarga qaraganda osonroq va qulayroq.
Xo`sh, iqtisodiy rayonlar nima uchun kerak? Avvalambor bu rayonlarsiz iqtisodiy geografiya fanining o`zi ham bo`lmaydi (rayon-joy, yer, hudud, demak "geo"). Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, iqtisodiy rayon iqtisodiy geografiyadir. Binobarin, iqtisodiy geografiya fanining tarixi iqtisodiy rayonlarning shakllanishi, hududiy mehnat taqsimotining natijasidir.
Iqtisodiy rayonlarsiz, hududning ichki jihatdan iqtisodiy turli-tumanligini anglamasdan turib mamlakat iqtisodiy geografiyasini o`rganish mumkin emas. Zero, har qanday davlatning iqtisodiy salohiyati va xavfsizligi uni tashkil qilgan mintaqalar birligi bilan ifodalanadi;mintaqalar, ichki hududlarsiz "mamlakat" mavhum tushuncha bo`lib qolaveradi. Bundan tashqari, mamlakat iqtisodiy geografiyasini faqat xo`jalik tarmoqlari orqali "yoppasiga", umuman yoki "o`rtacha" o`rganib bo`lmaydi.
Nazariy va amaliy jihatdan iqtisodiy rayonlar har qanday davlatning mintaqaviy siyosatni olib borishda zarur. Sababi, davlat o`zining barcha ichki qismlarga, uning imkoniyat va ehtiyojlari, muammolaridan kelib chiqqan holda "muomala" qiladi. Bozor iqtisodiyotiga o`tish davrida davlatning mintaqaviy siyosati maxsus vositalar budjet-kredit, soliq, investitsiya mexanizmlari) yordamida ishlab chiqarish kuchlarini hududiy jihatdan tartibga solib, boshqarib boradi.
Unutmaslik zarurki, HMT mintaqalarning iqtisodiy mustaqilligini ta'minlashga yordam beradi. Ammo shu bilan birga, hududlararo iqtisodiy aloqalar ham kerak. Zero, hududlarning xo`jalik ixtisoslashuvi bo`yicha turlanishi ular o`rtasidagi iqtisodiy aloqalarni taqozo etadi.
HMT va iqtisodiy integratsiya natijasida turli miqyosdagi bozorlar yoki bozorlar muhiti vujudga keladi. Ular mahalliy, mintaqaviy, mintaqalararo, milliy va xalqaro darajada bo`ladi. Mamlakatlar doirasidagi bozorlar esa amaldagi iqtisodiy rayonlar chegarasini belgilaydi, chunki har bir bosqichdagi bozor o`zining ta'sir doirasiga, makoniga ega. Nemis olimi A. Lyosh ham o`z vaqtida iqtisodiy landshaftlar (rayonlar)-ni bozorlar makoni, ta'sir radiusi yoki hududi bilan aniqlagan edi, hozirgi kunda esa yetakchi tarmoqlarni bozorga ixtisoslashgan tarmoqlar, deb ham aytishadi.
Har bir mamlakat milliy iqtisodiyotining barkamolligi, mustahkamligi bosqichma-bosqich turli darajadagi bozorlarni o`z mahsuloti bilan ta'minlanishi, import mahsulotlarining o`rinini qoplovchi imkoniyatlarni yaratish negizida amalga oshiriladi. Xuddi shu maqsadda xalq iste'mol mollarini ko`proq yetishtirish ayni muddaodir.
Hozirgi davrning eng muhim muammolaridan biri- respublika ichida hududiy mehnat taqsimotini rivojlantirish, iqtisodiy rayonlar va viloyatlar xo`jalik tizimini shakllantirishdan iboratdir. Bu o`rinda barcha hududlarning faqat yoki asosan paxtachilikka ixtisoslashuvi aslo shart emas; u bilan birga xo`jalikning yana boshqa sohalarini ham rivojlantirish zarur. Masalan, Farg`ona iqtisodiy rayonida (paxtachilikdan tashqari) pillachilik, bog`dorchilik, to`qimchilik va mashinasozlik (avtomobilsozlik), Qashqadaryoda-neft va gaz sanoati, Qoraqalpog`istonda -kimyo sanoatining rivojlanishi va h.k. Ana shundagina mintaqalar mamlakat tashqarisidagi bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega bo`ladilar. Bu esa ochiq, erkin iqtisodiyot, bozor munosabatlariga mos keladi, iqtisodiyotni yanada liberallashtirishga sharoit yaratadi.
Jahon tajribasi shuni ko`rsatadiki, mamlakatlarning alohida, "berk", ya'ni eksport-importsiz rivojlanishi yaxshi iqtisodiy natijalar bermaydi. Shuning uchun ilg`or mamlakatlarda ochiq savdo, ya'ni "fritredizm" prinsipi mavjud. Bizning mustaqil mamlakatimiz ham xalqaro geografik mehnat taqsimotida, jahon bozori va xo`jalik tizimida o`ziga munosib va nufuzli o`ringa ega bo`lishi kerak. Respublikaning bunday faolligi esa mintaqalar-iqtisodiy rayonlar va viloyatlar salohiyati orqali amalga oshiriladi.
Hududiy mehnat taqsimotining yuqori bosqichida ham jiddiy o`zgarishlar yuz bermoqda. Eng muhimi, jahon xo`jalik tizimi yanada rivojlanib bormoqda. Bunga sabab bu tizimning globallashuvi, mamlakat va mintaqalararo mehnat taqsimotining takomillashuvi, iqtisodiy integratsiya jarayonlarining faollashuvi, yirik Trans milliy kompaniya va korporatsiyalarning butun dunyoni o`rgimchakdek o`rab olishi va boshqalardir.
Mavjud ma'lumotlarga qaraganda, mamlakatning eksport kvotasi, ya'ni tashqariga chiqariladigan mahsulotning yalpi ichki mahsulot qiymatidagi ulushi 10 foizdan kam bo`lsa, bunday davlatning milliy iqtisodiyoti berk va u jahon xo`jalik tizimida, xalqaro mehnat taqsimotida ishtirok etmaydi. Agar bu ko`rsatkich 40-50 foiz bo`lsa, u holda mamlakat bunday tizimda faol qatnashadi. Hozirgi vaqtda butun jahon bo`yicha eksport kvotasi 25 foizni tashkil etadi.
E'tiborga olish joizki, avvallari jahon mamlakatlari u yoki bu mahsulot yetishtirishga moslashgan bo`lsalar (Braziliya -kofe, Kuba-shakar, Mug`iliston- teri, jun), endigi kunda ular mahsulotlarning turli xillariga ixtisoslashmoqdalar. Ayni vaqtda yetuk mamlakatlar ilmiy-texnika taraqqiyotining oldingi saflarida borib, zamonaviy, ilmtalab ishlab chiqarish tarmoqlariga, yangi texnologiyalarga (nau-xau) ixtisoslashib bormoqdalar. Ulardagi mavjud ishlab chiqarish sohalari (ayniqsa ko`p mehnattalab va ekologik xavfli tarmoqlar) boshqa mamlakatlarga ko`chmoqda. Natijada, mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishi darajasidagi farq kuchaymoqda, jahon iqtisodiyotining geografik tarkibida muhim o`zgarishlar sodir bo`lmoqda.
Shu bilan birga, xalqaro miqyosda mamlakatlarning ayrimlari qurol-yaroq ishlab chiqarishga, yana ba'zi birlarining norasmiy ravishda narkobiznesga ixtisoslashuvi ham kuzatilmoqda. Bundan tashqari, xizmat ko`rsatish, xalqaro turizm ham qator mamlakatlarning rivojlangan industriyasiga aylanmoqda.
Xalqaro mehnat taqsimotining yanada chuqurlashuvi va intensivlashuvi natijasida dunyoning turli qismlarida mamlakatlarning yirik hududiy -iqtisodiy birikmalari vujudga kelmoqda. Chunonchi, 1957-yilda shakllangan Yevropa Hamjamiyati yoki Umumiy bozor -hozirgi Yevropa Ittifoqi 25 mamlakatni o`z doirasiga oldi va ular orasida mehnat taqsimoti rivojlanmoqda. Xuddi shunga o`xshash Osiyo-Tinch okeani regioni, Shimoliy Amerikada ham yirik mamlakatlararo iqtisodiy tizim (NAFTA) paydo bo`lgan. Ehtimol, kelajakda ular MDH hududida, jumladan, O`rta Osiyo va Qozog`iston mintaqasida ham shakllanishi mumkin. Buning oqibatida xalqaro mehnat taqsimotining asosiy sub'yekti sifatida alohida mamlakatlar emas, balki ko`proq mamlakatlararo iqtisodiy uyushmalar katta ahamiyatga ega bo`ladi.
|