|
Pedagogika fanining asosiy kategoriyalarini nimalar tashkil etadi?
|
bet | 6/10 | Sana | 08.01.2024 | Hajmi | 25,7 Kb. | | #132703 |
Bog'liq pedagogika seminarPedagogika fanining asosiy kategoriyalarini nimalar tashkil etadi?
Pedagogika fanining asosiy kategoriyalarini shaxs, tarbiya, ta’lim, bilim, ko‘nikma, malaka, ma’lumot, rivojlanish kabi tushunchalar tashkil etadi.
Shaxs kim?
Shaxs – jamiyatning psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari, xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turadigan, muayyan xulq-atvor va dunyoqarashga ega a’zosi.
Tarbiya nima?
Tarbiya – muayyan, aniq maqsad va ijtimoiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama o‘stirish, uning ongi, xulq-atvori, dunyoqarashini tarkib toptirish jarayoni.
Ta’lim nima?
Ta’lim – o‘quvchilarni nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish, ularning bilish qobiliyatlarini o‘stirish, dunyoqarashlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan jarayon.
Bilim nima?
Bilim – shaxsning ongida tushunchalar, sxemalar, ma’lum obrazlar ko‘rinishida aks etuvchi borliq haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy ma’lumotlar majmui.
Ko‘nikma nima?
Ko‘nikma – shaxsning muayyan faoliyatni tashkil eta olish qobiliyati.
Malaka nima?
Malaka – muayyan harakat, faoliyatni bajarishning avtomatlashtirilgan shakli.
Ma’lumot nima?
Ma’lumot – ta’lim-tarbiya natijasida o‘zlashtirilgan, tizimlashtirilgan bilim, hosil qilingan ko‘nikma va malakalar, tarkib topgan dunyoqarash majmui.
Rivojlanish nima?
Rivojlanish – shaxsning fiziologik va intellektual o‘sishida namoyon bo‘ladigan miqdor hamda sifat o‘zgarishlar mohiyatini ifoda etuvchi murakkab jarayon. Rivojlanish oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga, eski sifatlardan yangi holatlarga o‘tish, yangilanish, yangining paydo bo‘lishi, eskining yo‘qolib borishi, miqdor o‘zgarishining sifat o‘zgarishiga o‘tishi tarzida ro‘y beradi.
Maqsad nima?
Maqsad (arabchadan niyat, oliy tilak, intilish) – erishish, amalga oshirish uchun ko‘zda tutilgan narsa, murod, muddao. Tarbiyada maqsad ham muhim omil sanaladi, zero, uning yordamida shaxs faoliyatining yo‘nalishini aniq belgilab oladi.
Faoliyat nima?
Faoliyat – shaxsning moddiy borliqqa, tabiatga, boshqa shaxslarga munosabati shakli, ularga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan hatti-harakatlarining majmui.
“Metodologiya” tushunchasi qanday ma’noni anglatadi?
Metodologiya (yunoncha “methodos” – yo‘l, usul, “logos” – ta’limot) – shaxsning amaliy va nazariy faoliyatini to‘g‘ri uyushtirish, tuzish to‘g‘risidagi ta’limot; ilmiy bilish va dialektik taraqqiyot mohiyatini yorituvchi ustuvor g‘oya, etakchi tamoyil, muhim qonuniyatlar, nazariy hamda amaliy yondashuvlar majmui.
|
| |