|
Matematika darslarida muammoli ta’lim
|
bet | 107/165 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 8,11 Mb. | | #248969 |
Bog'liq Mutaxassislikka kirish saytdan olinganMatematika darslarida muammoli ta’lim.
Og‘zaki ko‘rsatmalik ta’lim jarayonida o‘quvchilar o‘qituvchining tushuntirishi orqali bilimlarni ongli ravishda o‘zlashtiradilar hamda ularni amalda qo‘llash malakalari hosil bo‘ladi.
Asta-sekin uzluksiz ta’limning mazmuni tubdan o‘zgartirildi, ya’ni matematika ta’limni maqsad va vazifalariga mos keladigan yangi, ancha takomillashgan izohli-illyustrativ metodi vujudga keltirildi. Izohli-illyustrativ ta’limda o‘rganilayotgan ob’ekt mohiyati izohlanadi, hayotiy dalillar bilan bog‘lanadi hamda o‘qituvchining ana shu o‘rganilayotgan ob’ektga nisbatan ko‘rsatadigan misol va xilma-xil ko‘rgazmali qurollari orqali tasdiqlovchi xulosasi bilan yakunlanadi.
Izohli-illyustrativ ta’limda o‘qituvchi dalillarni o‘zi bayon qilib beradi, o‘zi ularni tahlil qiladi va yangi tushunchalarning mohiyatini tushuntiradi, ya’ni teorema, qoida va qonunlarni o‘zi ta’riflaydi.
Izohli-illyustrativ ta’lim metodi umumta’limiy maktablarimizda qo‘llanish darajasiga nisbatan an’anaga aylandi va hozirda ham qo‘llanilmoqda. Hozirgi zamon ilmiy-texnika revolyusiyasi davrida izohli-illyustrativ ta’lim metodi o‘quvchilarning fikrlash qobiliyatini yetarli darajada rivojlantira olmaydi, ularni o‘rganilayotgan mavzu materialini puxta bilishlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantira olmaydi hamda fanga bo‘lgan qiziqishlarini yuqori darajada shakllantira olmaydi. Shuning uchun maktablarimizda ta’lim jarayonini jadallashtirish g‘oyasi keng tarqalib, ta’limning yangi metodi - muammoli ta’lim metodi qo‘llanila boshladi.
Ta’lim metodlarining turini aniqlash o‘quv jarayonini tashkil qilish prinsiplarini o‘zigagina emas, balki aqliy faoliyat xarakteriga ham bog‘liqdir, bu esa o‘z navbatida fikrlashning reproduktiv va produktiv turlarini o‘zaro qo‘shib olib borish bilan belgilanadi. Izohli-illyustrativ ta’lim jarayonida barcha bilimlar, ko‘nikmalar va malakalar o‘zlashtirishning reproduktiv metodi asosida amalga oshiriladi, ya’ni o‘quvchilar fanning tayyor natijalarini, tayyor faoliyat usullarini o‘zlashtiradilar, bu esa ularda xotira va reproduktiv fikrlash malakalarini shakllantiradi. Faqatgina produktiv ijodiy fikrlash malakalari o‘rganilgan nazariy mavzu materialiga bog‘liq bo‘lgan masala yoki misollarni yechish davomida egallanadi, xolos. Birok reproduktiv fikrlash natijasida to‘plangan ma’lum hajmdagi bilim va malakalar o‘quvchilarning mustaqil bilish va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun yetarli bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ta’limni jadallashtirish g‘oyasini turli yo‘nalishlari turli olimlar (M.A.Bankov, M.A.Danilov, M.Maxmutov, Yu.K.Babanskiy va boshqalar) tomonidan eksperiment qilinib ko‘rildi va nazariy jihatidan isbotlandi.
O‘tkazilgan eksperiment va kuzatishlar natijasida ta’lim jarayonida o‘quvchilarning bilish faoliyatlarini jadallashtirish hamda ularning intellektual imkoniyatlaridan yuqori darajada foydalanish umumiy qonuniyatlari ishlab chiqildi. Bu qonuniyatlar quyidagilardan iborat:
1. O‘rganilayotgan mavzu materiallari yuzasidan muammoli savollar sistemasini tuzish.
2. Tuzilgan muammoli savollar sistemasi aoosida suhbat metodi orqali tushuntiriladigan mavzu materialini o‘rgatish va uning tub mohiyatini ochib berish.
3. Muammoli savollar asosida izlanish xarakteridagi o‘quv vazifalarini qo‘yish.
Yuqoridagi bosqichlar asosida o‘quv materiali tushuntirilganda o‘quvchilar o‘zlari darrov tushunib yetmaydigan dalil va tushunchalarga duch keladilar, natijada o‘rganilayotgan mavzu materiali bilan o‘quvchilar orasida muammoli vaziyat hosil bo‘ladi.
Ta’rif. O‘rganilayotgan ob’ekt (bilishga doir nazariy material yoki masala) bilan o‘rganuvchi sub’ekt (o‘quvchi) orasidagi o‘zaro harakatlarning o‘ziga xos bo‘lgan turiga muammoli vaziyat deyiladi.
Muammoli vaziyat - bu o‘quvchilarni o‘rganilayotgan mavzu materialidagi dalil va tushunchalarning qanday hosil bo‘lishini bilmaslikdan ham ana shu mavzu materialining tub mohiyatini olib beruvchi matematik tushuncha, aksioma va teoremalarni o‘rganilayotgan mavzu materialiga tadbiq qila olmaslik paytida vujudga keladigan intellektual qiynalishdir.
Muammoli vaziyatning roli va ahamiyatini aniqlash o‘quvchilarning tez fikrlash faoliyatini psixologik, pedagogik qonuniyatlarini hisobga olish asosida o‘quv jarayonini qayta qurish muammoli ta’limning asosiy g‘oyasini belgilab beradi. Muammoli ta’limda bilimning deyarli katta qismi o‘quvchilarga tayyor holda berilmaydi, balki o‘quvchilar tomonidan muammoli vaziyatlarni mustaqil xal qila bilish faoliyati jarayonida egallab olinadi.
Ta’rif. Muammoli vaziyatlarni hal qilish asosida hosil qilingan dars jarayoni muammoli ta’lim deyiladi.
Yuqoridagi mulohazalardan muammoli ta’lim nazariyasi o‘quvchi intellektual imkoniyatlarini ochib beruvchi rivojlantiruvchi xarakterdagi ta’lim tashkil kilishning psixologik, pedagogik yo‘llari va usullarini tushuntiradigan ta’lim jarayoni ekanligi ko‘rinadi.
Muammoli ta’limda o‘qituvchi faoliyati shundan iboratki, u zarur hollarda eng murakkab tushunchalar mazmunini tushuntira borib o‘rganilayotgan mavzu materiali bilan o‘quvchilar orasida muntazam ravishda muammoli vaziyatlar vujudga keltiradi, o‘quvchilarni faktlardan xabardor qiladi, natijada o‘quvchilar bu faktlarni analiz qilish asosida mustaqil ravishda xulosa chiqaradilar va umumlashtiradilar, tushuncha, qoida va teoremalarni o‘qituvchi yordamida aniqlab ifoda qilinishi yoki ma’lum bilimlarni yangi vaziyatlarda qo‘llanishini o‘rganadilar, natijada o‘quvchilarda aqliy operatsiya va bilimlarni amaliyotda qo‘llanish malakalari shakllanadi.
Maktab matematika kursida o‘rganiladigan nazariy mavzu materiallari masala va misollarni ularning mazmuniga ko‘ra muammoli va muammoli bo‘lmagan turlarga ajratish mumkin.
Agar o‘rganilayotgan mavzu materialidagi masala va misollari yechish jarayoni o‘quvchilar uchun yangi matematik tushuncha, daili va qoidalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, avvalgi usul bilan yechish mumkin bo‘lmasa-yu, yechishning yangi usullari talab etilsa, u holda bunday masala yoki misol mazmunan muammolidir, aksincha, shunday masala yoki misollar o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilarga yechish uchun berilishi mumkinki, bunday masala va misollar o‘quvchilar uchun muammoli bo‘lmay qoladi, chunki ular masala va misol yechilishining yangi usullarini mustaqil izlanmasdan, o‘qituvchining tushuntirishiga qarab o‘zlashtirib oladilar, berilgan masala yoki misol faqatgina koeffitsientlari bilan avvalgilaridan farq qiladigan darajada bo‘ladi.
|
| |