|
Shahrisabz davlat pedagogika instituti
|
bet | 47/165 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 8,11 Mb. | | #248969 |
Bog'liq Mutaxassislikka kirish saytdan olinganAdabiyotlar ro‘yxati:
1. Qosimova K., Matjonov S., G‘ulomova X., Yoʻldosheva Sh., Sariyev Sh. Ona tili oʻqitish metodikasi. –T.: Nos’hir 2009. – 163 b.
2. Boymurodova G., Sattorova X., Muslimova Sh., Kabilova Z., Saydaliyeva G., Karimova F. Oʻqish:4-sinf. Oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanma -T.: “Sharq” 2017.
3. PIRLS 2021 Assessment Frame work. Ina V.S. Mullis, Michael O.Martin. International Association forthe Yevaluationof Yeducational Achievement (IEA), TIMSS& PIRLS International Study Center, Lynch School of Yeducation, Boston College. 2019. www.timssandpirls.bc.edu.
16-mavzu: BOSHLANG‘ICH SINFLARDA BADIIY ASARNI TAHLIL QILISH
Reja:
1.Badiiy asarni tahlil qilishning adabiy asoslari.
2.Kichik yoshdagi oʻquvchilarning badiiy idrok etishdagi psixologik xususiyatlari.
3. Boshlangʻich sinflarda badiiy asar ustida ishlash jarayoni.
Tayanch so‘z va iboralar: badiiy asar, asarni o‘qish, asar bilan tanishtirish, o‘quvchilarni badiiy asar ustida ishlashga o‘rgatish, ekskursiya, film namoyish etish, o‘qituvchi hikoyasi, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, o‘qish darslari, psixologik xususiyatlar, idrok qilish, badiiy asar matni, badiiy asar ustida ishlash, mustaqil ishlar.
Badiiy asar ustida ishlash bosqichlari. Zamonaviy maktab oldiga qo‘yilgan vazifalar, kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar umumiy rivojlanishining o‘sganligi, psixologiya va xususiy metodika sohasidagi yutuqlar sinfda o‘qish mazmuni va o‘qitish metodlariga o‘zgartirish kiritishni talab etmoqda. SHularga bog‘liq holda badiiy asarnn tahlil qilish metodikasi takomillashtira borildi: takroriy bayon qilish mashqlari kamaytirildi, ijodiy va o‘qilgan matn yuzasidan o‘z fikrini bayon qilish ko‘nikmasini o‘stiradigan mashqlar ko‘paytirildi, asar qismlari ustida emas, balki yaxlit asar ustida ishlanadigan bo‘ldi, asar g‘oyasi va obrazlarini tushuntirishda o‘quvchilarning mustaqilligi ortdi, matn ustida ishlashda xilma-xil topshiriq turlaridan, ta’limda texnika vositalaridan va ilg‘or pedagogik texnologiya usullaridan ko‘proq foydalanila boshlandi va h. k.
XX asrning 60-yillarida yaratilgan maktab dasturida kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda shakllantiriladigan matn ustida ishlash ko‘nikmalari belgilab berildi, shuningdek, 1-4-sinflarda o‘qish malakasiga qo‘yilgan talablar ancha aniq ajratildi. XX asrning 70-yillari boshlarida mazmuni va metodik apparati jihatidan hayotga yaqinlashtirilgan o‘qish kitoblari yaratildi.
Mustaqillik tufayli ta’lim sohasida ham katta islohotlar amalga oshirildi. 1999 yil boshlang‘ich ta’limning ham “Davlat ta’lim standarti” yaratildi, o‘quv dasturlari yangilandi. 2005 yil tajriba-sinov natijalari hisobga olinib, davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqildi, “O‘qish kitobi” darsliklari ham yangilandi.
O‘zbek maktablarida taniqli rus metodist-olimlari T.G.Ramzayeva, M.S.Vasil’yeva, V.G.Goretskiy, K.T.Golenkina, L.A,Gorbushina, M.I.Omorokova, Ye.A.Nikitina, N.S.Rojdestvenskiylar, o‘zbek olimlaridan A.Zunnunov, K.Qosimova, Q.Abdullayeva, S.Matchonov, M.Yusupov, M.Umarova, X.G‘ulomovalar ishlab chiqqan takomillashgan sinfda o‘qish metodikasidan ijodiy foydalanilmoqda.
Boshlang‘ich sinflarda badiiy asar quyidagi muhim metodik qoidalar asosida tahlil qilinadi:
1. Asar mazmunini tahlil qilish va to‘g‘ri, tez, ongli, ifodali o‘qish malakalarini shakllantirish bir jarayonda boradi (asarning mazmunini tushuntirishga oid topshiriq o‘qish malakalarini takomillashtirish topshirig‘i ham hisoblanadi).
2. Asarning g‘oyaviy asoslari va mavzusini, uning obrazlari, syujet chizig‘i, kompozitsiyasi va tasviriy vositalarini tushuntirish o‘quvchilarning shaxs sifatida umumiy kamol topishiga yaxshi xizmat qiladi, shuningdek, bog‘lanishli nutqining o‘sishi (lug‘atining boyishi va faollashishi)ni ta’minlaydi.
3. O‘quvchilarning hayotiy tajribasiga tayanish asar mazmunini ongli idrok etishning asosi va uni tahlil qilishning zaruriy sharti hisoblanadi.
4. Sinfda o‘qishga o‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirish, atrof-muhit haqidagi bilimlarini kengaytirish va ilmiy dunyoqarash asoslarini shakllantirishning samarali vositasi sifatida qaraladi.
Asarni tahlil qilishda hisobga olish zarur bo‘lgan muhim omillardan biri uning o‘quvchilarga hissiy ta’siridir. O‘quvchilar muallifning asosiy fikrini tushunibgina qolmay, muallif hayajonlangan voqeadan ham hayajonlansinlar. Matnni tahlil qilish o‘quvchida fikr ko‘zg‘atishi, hayotiy tajribasining muallif qayd etgan dalillarga to‘g‘ri kelish-kelmasligini aniqlashi zarur. Tahlil davomida asarning estetik qimmati, badiiy go‘zalligi ham alohida qayd qilib o‘tiladi.
O‘qish darslari o‘quvchilarda badiiy asarlarning bir-biridan farqini ajrata olish, yozuvchining hayotiy voqealarni qanday badiiy vositalar orqali aks ettirgani va qanday obrazlar yaratganini aniqlay olish, mustaqil o‘qish va asarni tahlil qilish malakasini hosil qiladi. O‘quvchilar adabiy ma’lumotlarni o‘zlashtirish orqali badiiy asarning mazmuni, g‘oyasi va ahamiyatini anglab ola boshlaydilar.
O‘quvchilarning nutqini o‘stirishda, yuqoridagilar bilan birga, adabiy tushunchalarni shakllantirish ham muhim o‘rin tutadi. O‘quvchilar adabiy tushunchalarni o‘rganish natijasida badiiy adabiyot san’atning bir turi ekanligi, uning hayot bilan aloqadorligini bilib oladilar.
Boshlang‘ich sinflarda asar tahlilida badiiy til vositalari − sifatlash, o‘xshatish, jonlantirish, mubolag‘a va adabiy janr turlari − ertak, hikoya, masal, she’r, doston, maqol, topishmoq kabilar bilan amaliy ravishda tanishtiriladi.
Badiiy asar tilini tahlil qilish orqali o‘quvchilarda o‘z ona tiliga muhabbat hissi, badiiy asarni ongli o‘qish ko‘nikmasi o‘stiriladi, asar g‘oyasini chuqur idrok etishga zamin hozirlanadi, o‘quvchilar nutqi rivojlantiriladi.
Xalq og‘zaki ijodida ertak janrining bolalar tomonidan yaxshi qabul qilinib, qiziqib o‘qilishining sabablaridan biri ertak tilining ta ’sirchanligi, o‘tkir sujetliligi va xalq tiliga yaqinligidir. Ertak o‘qib bo‘lingach, uning badiiy tili ustida ishlashga alohida ahamiyat berish zarur.
2-sinf „O‘qish kitobi“da keltirilgan „Karnaychi shoh’ ertagida “yov qora bulutday yopirilib kelayotgan ekan”, „Kuychi terak’ ertagida “Terakning shoxlari xuddi surnay chalgandek ovoz chiqarib, yaproqlari esa shildirab raqsga tushar ekan”, “To‘rg‘aylar qo‘shiq aytib, ularga jo‘r bo‘lar ekanlar”, “Oh, deb nola qilibdi terak”, “Ustun ularning nag‘malariga jo‘r bo‘lib, sho‘x-sho‘x kuy chalibdi” kabi badiiy vositalar yordamida tasvirlangan manzaralar juda ko‘p. Ular ustida ishlash o‘quvchi nutqini o‘stirish bilan birga ularni fikr yuritishga, mulohaza qilishga ham o‘rgatadi.
Ertaklarda o‘xshatishlar, jonlantirish va mubolag‘alardan foydalanilgan. O‘quvchilarga ularni izohlab berish, keyinchalik matndan toptirish, qayta hikoyalashda ulardan nutqlarida foydalanishga o‘rgatish zarur.
Asar o‘qib bo‘lingach, badiiy til vositalari ustida ishlanadi. CHunki ularning ma’nosi matndan, asar mazmunidan anglashiladi. Ayniqsa, masallarda allegoriyani ochishda ko‘chma ma’noli so‘zlardan ko‘p foydalaniladi. Ular bolalarga masal mazmunini tushunishga xalal bergani uchun ayrim ko‘chma ma’noda ishlatilgan so‘zlar asarni o‘qishdan oldin tushuntiriladi.
O‘qish metodikasi adabiyotshunoslik, psixologiya, pedagogika ishlab bergan nazariy qoidalarga asoslanadi. Sinfda o‘qishni to‘g‘ri uyushtirish uchun o‘qituvchi badiiy asarning o‘ziga xos xususiyatlarini, ta’limning turli bosqichlarida o‘qish jarayonining psixologik asoslarini, kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarning matnni idrok etish va o‘zlashtirish xususiyatlarini hisobga olishi zarur.
O‘qish ta’limi bo‘yicha o‘quvchilarni faqat matn bilan tanishtirish yordamida dastur talablariga javob berib bo‘lmaydi. Negaki, matn tagzaminidagi tarbiyaviy g‘oya uni tushunish, idrok qilish natijasidagina ochiladi. Boshqacha aytganda, har qanday asardagi sehr-joziba matn zaminidagi yashirin mazmun-mohiyatni anglab yetilganda o‘quvchi diqqatini o‘ziga jalb etishi mumkin. Bunga adabiy-nazariy tushunchalarni o‘zlashtirish, adabiy tahlil malakalarini shakllantirish orqali erishiladi.
Badiiy asar ustida ishlash va uning asosiy bosqichlarini belgilashda o‘qituvchi badiiy asarning san’at asari sifatida o‘ziga xos xususiyatlari va o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasini nazarda tutadi.
Badiiy asarda barcha qismlar (g‘oyaviy asos, kompozistiya, syujet, tasviriy vositalar) o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Syujet rivoji asosida asar qahramonlarining yangi-yangi qirralari ochila boradi. Bu xususiyatlar asar ustida ishlashda uni yaxlit o‘qish va idrok etishni talab etadi.
O‘quvchilarni badiiy asar ustida ishlashga o‘rgatish ularda adabiy-estetik tahlil malakasini shakllantirish va o‘stirish orqali ta’lim-tarbiya berishni nazarda tutadi. Asar matnini tahlil qilish muallif fikrini, hissiyoti va xulosalarini tushunishga yordam beradi, asarda ifoda etilgan voqealarga munosabat uyg‘otadi. Asar tahlili o‘qituvchidan o‘quvchilar faoliyatini ma’lum maqsadga yo‘naltirishni taqozo qiladi.
“Maktabda badiiy asarni tahlil qilishdan asosiy maqsad asarda ifodalangan hayotiy voqeani yoritish orqali o‘quvchilarni badiiy adabiyot olamiga olib kirish, tasvirlanayotgan voqealarga nisbatan muallifning munosabati va niyatlarini payqab olishga imkoniyat yaratishdan iboratdir. O‘quvchilarning yozuvchi oldinga surgan g‘oya, muammolarni to‘liq tushunishlariga erishmay turib, adabiyotning yoshlarni tarbiyalashdagi vazifasini amalga oshirib bo‘lmaydi”8.
O‘quvchi asarning mazmuni bilan uni mutolaa qilish paytida tanishsa, tahlil qilishda uning poetik vositalariga murojaat qiladi. Mutolaa hissiyotni boyitib, aqlni peshlasa, tahlil asar zamiridagi ma’noni chuqur o‘rganishga yordam beradi.
O‘qituvchi badiiy asar ustida ishlashda quyidagi masalalarni hal qilishi lozim:
1. Asar ustida ishlashning maqsad va mazmunini aniqlab olishi.
2. Asarni tahlil qilish uchun dars bosqichlarini belgilab olishi.
3. Har bir asar tahlili uchun topshiriqlar tizimini ishlab chiqishi.
4. Asarni qanday metodlar asosida o‘rganishni aniqlashi.
5. O‘quvchilar egallaydigan bilim, ko‘nikma va malakalar doirasini belgilab olishi.
Boshlang‘ich sinflarda badiiy asar ustida ishlash uch asosiy bosqichga bo‘linadi:
Birinchi bosqich (birinchi sintez). Bu bosqichning asosiy vazifasi matnni yaxlit idrok etish asosida asarning aniq mazmuni va tasviriy ifoda vositalari bilan tanishtirishdan iborat.
Ikkinchi bosqich (analiz). Bu bosqichning vazifasi va ish mazmuni voqealar rivojining bog‘lanishini belgilash, ishtirok etuvchi shaxslarning xulq-atvori va ularning asosiy xususiyatlarini aniqlash (nega shunday qildi va bu uning qanday xususiyatini ochadi), asar kompozistiyasini ochish (tugun, kulminastion nuqta, echim), asarning aniq mazmunini tasviriy vositalar bilan birga tahlil qilish va qahramonlar xulq-atvorini baholash (muallif nimani tasvirlagani, qanday tasvirlagani, nima uchun u yoki bu dalilni tanlagani)dan iborat.
Uchinchi bosqich (ikkinchi sintez). Bu bosqichning ish mazmuni ishtirok etuvchi shaxslarning muhim xususiyatlarini umumlashtirish, qahramonlarni taqqoslash va baholash, asarning g‘oyasini aniqlash, badiiy asarni hayotni bilish manbai va san’at asari sifatida baholash (qanday ma’lumotlarga ega bo‘ldik, asar nimaga o‘rgatadi, muallif o‘z fikri va taassurotlarini qanday qilib aniq, ravshan va ta’sirli tarzda etkazadi va hokazo)dan iboratdir.
Ikkinchi sintezdan so‘ng o‘qilgan asarga bog‘liq holda ijodiy xarakterdagi ishlar o‘tkaziladi.
Asar maqsadga muvofiq tahlil qilinsa, o‘quvchilar faolligi ortadi, chunki asarni tahlil qilish ular uchun ijodiy jarayondir.
|
| |