|
Sotsial psixologiya
|
bet | 51/143 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 3,89 Mb. | | #229196 | Turi | Учебник |
Bog'liq Darslik tayyor 2024Aktiv holat. Bu - agar kreslo yoki divan kabi mebel bo‘lsa, unga bemalol yastanib yoki yotib olmaslik, suhbatdoshning yuzidan tashqari joylariga qaramaslik, mimika, bosh chayqash kabi harakatlar bilan uning har bir so‘ziga qiziqayotganligingizni bildirishni nazarda tutadi;
Suhbatdoshga samimiy qiziqish bildirish. Bu nafaqat suhbatdoshni o‘ziga jalb qilib, balki keyin navbat kelganda o‘zining har bir so‘ziga uni ham ko‘ndirishning samarali yo‘lidir.
O‘ychan jimlik. Bu suhbatdosh gapirayotgan paytda yuzda mas’uliyat bilan tinglayotganday tasavvur qoldirish orqali o‘zingizning suhbatdan manfaatdorligingizni bildirish yo‘li.
Agar biz suhbatdoshimizni yaxshi, diqqat bilan tinglasak, bu bilan biz unda o‘z-o‘ziga hurmatni ham tarbiyalaymiz. Demak, tinglash jarayoni ko‘pchilik tasavvur qilgani kabi unchalik passiv jarayon emas ekan. Uning muloqotning samarali bo‘lishidagi ahamiyati nihoyatda katta. Chunki tinglash qobiliyati gapiruvchini ilhomlantiradi, uni ruhlantiradi, yangi fikrlar, g‘oyalarning shakllanishiga sharoit yaratadi. Shuning uchun ma’ruzachi professorning har bir chiqishi va ma’ruzasi agar talabalar tomonidan diqqat bilan tinglansa, bu pedagogik muloqotdan ikkala tomon ham teng yutadi.
Amaliy muloqot treningi - IPTning bir ko‘rinishi bo‘lib, u yoki bu professional faoliyatni amalga oshirish jarayonida zarur bo‘ladigan kommunikativ malaka, ko‘nikma va bilimlarni hosil qilishga qaratilgan tadbirdir. Guruh va jamoalarda muloqot treningi vositasida muzokaralar olib borish, ish yuzasidan hamkorlik qilish yo‘l-yo‘riqlarini birgalikda topish, katta auditoriya oldida so‘zlashga o‘rgatish, majlislar o‘tkazish, janjalli, konfliktli holatlarda o‘zini to‘g‘ri tutish malakalari hosil qilinadi. Bundagi asosiy narsa - trening qatnashchilari ongiga birovlarni tushunish, o‘zini o‘zga o‘rniga qo‘ya olish, boshqalar manfaatlari bilan o‘zinikini uyg‘unlashtira olish g‘oyasini singdirishdir. Treninglar mobaynida guruhiy munozaralar, rolli o‘yinlarning eng optimal variantlari sinab, mashq qilinadi.
VI.5. Muloqotning psixologik tizimi
Hamkorlikdagi faoliyatda zaruriyat tufayli inson boshqa kishilar bilan birlashishi, ular bilan munosabatga kirishishi, aloqa o‘rnatishi, o‘zaro tushunishga erishishi va kerakli axborotni olishi, shunga mos javobni berishi kerak. Bunda muloqot faoliyatning bir tomoni, uning axborot aspekti - kommunikatsiya sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq predmet yasash bilan birga inson o‘zi yasagan predmetda o‘zini «translyatsiya» qiladi, ya’ni o‘zini boshqalarda davom ettiradi. Hosil qilingan predmet (qurilgan bino, yozilgan qatorlar, o‘tqazilgan daraxt) bir tomonidan faoliyat predmeti, ikkinchi tomondan inson o‘zini ko‘rsatadigan vositadir. Chunki bu boshqa kishilar uchun hosil qilingan. Shunday qilib, faoliyat muloqotning bir qismi, uning tomoni; muloqot faoliyatning bir qismi va tomonidir. Lekin muloqot va faoliyat barcha hollarda yaxlit (buzilmas) birlikni tashkil etadi.
Til muomala vositasidir. Til muomalaga kirishuvchilar o‘rtasidagi kommunikatsiyani ta’minlaydi, chunki uni axborot beruvchi ham, uni qabul qiluvchi ham birday tushunadi. Boshqa kishiga axborot beruvchi (kommunikator) va uni qabul qiluvchi (retsipiyent) muloqot jarayonida bir xil tildan foydalanishi kerak, aks holda bir-birini to‘g‘ri tushunolmaydi. Axborot almashishda bola onasiga savollar beradi va ular unga javob beradilar, bu javoblardan bola o‘z faoliyatida keyinchalik foydalanadigan umumiy bilimlarning faqat ozgina qismini oladi. Umumiy bilimlarning bu ozginagina qismini bola til shaklida, til yordamida so‘z belgilari tizimida hosil qila oladi. Maktabda ham xuddi shunday bo‘ladi, o‘quvchi olam haqida barcha bilimlarni o‘qituvchining tushuntirishidan yoki darslikdan, ya’ni til yordamida o‘zlashtiradi. Bu yerda til o‘zining muhim vazifalaridan birini bajaradigan, ya’ni yashash vositasi sotsial-tarixiy tajribani berish va o‘zlashtirish vositasi tarzida namoyon bo‘ladi.
Ikkinchidan, har bir alohida odamning ish-harakati va faoliyatini ko‘pincha sotsial qiymatga ega bo‘lmagan o‘zga kishilarning bevosita tajribalari belgilaydi. Masalan, men oshxona tomon yo‘l olaman. Yo‘lda o‘rtog‘im uchrab menga: «oshxona yopilgan», deydi. Shu paytda bu xabar mening faoliyatimni ma’lum bir tarzda boshqaradi: men qayrilib, boshqa oshxona tomon jo‘nayman. Bu yerda til o‘zining boshqa muhim vazifasi bilan, ya’ni vosita yoki kommunikatsiya usuli yoki odamning xatti-harakatlarini boshqaruvchi bir vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Har qanday kommunikatsiya, har qanday munosabat suhbatdoshiga ta’sir qilishdan iboratdir.
Uchinchidan, har bir alohida odamning ish-harakatlari va faoliyatlarini har bir ayrim kishilarning shaxsiy tajribasi belgilaydi. Odamning «shaxsiy» tajribasi, o‘z individual tajribasi, boshqa kishilarning tajribalari va sotsial tajribaning o‘ziga xos aralashmasidan iborat. Odam hayvondan farqli o‘laroq, o‘z harakatlarini rejalashtira oladi. Bunday rejalashtirishning va umumiy fikriy masalalarni hal qilishning asosiy quroli tildir. Bu yerda biz tilning uchinchi vazifasi aqliy faoliyatning (idrok, xotira tafakkur, xayol) quroli sifatidagi vazifasiga to‘qnash keldik. So‘z belgilar tizimi sifatida tildan nutq faoliyatida foydalaniladi.
O‘rtog‘ining boshiga tushgan kulfatdan xabar topib, unga hamdardlik bildirayotgan suhbatdoshi nutqsiz kommunikatsiya belgilarini ishlatadi: yuzlarini g‘amgin tutadi, past ohangda, qo‘llarini yuziga yo peshonasiga qo‘ygan va boshini chayqagan holda chuqur xo‘rsinib gapiradi va h.k.
Muloqot murakkab jarayon bo‘lganligi uchun ham ayrim olingan muloqot shaklini tahlil qilganimizda, unda juda xilma-xil ko‘rinishlar, jabhalar va qismlar borligini aniqlashimiz mumkin. G.M.Andreyeva muloqotning quyidagi tuzilishini taklif etadi:
Muloqotning kommunikativ tomoni (ya’ni, muloqotga kirishuvchilar o‘rtasidagi ma’lumot va axborotlar almashinuvi jarayoni)
Muloqotning interaktiv tomoni (ya’ni, muloqotga kirishuvchi tomonlarning bir-birlarining sotsial xulq-atvoriga ta’sir ko‘rsatish jarayoni)
Muloqotning persepsiv tomoni (ya’ni, muloqotga kirishuvchi tomonlarning bir-birlarini idrok etishlari va tushunishlari bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab psixologik jarayon)
VI.6. Psixologlarning muloqotning kommunikativ tomoni
Muloqotning kommunikativ tomoni deyilganda, uning shaxslararo axborotlar, bilimlar, g‘oyalar, fikrlar almashinuvi jarayoni sifatidagi vazifalari nazarda tutiladi. Bu jarayonning asosiy vositasi bo‘lib til xizmat qiladi. Ma’lumki, aloqa vositasi sifatida nutqning asosan ikki turi farqlanadi: yozma va og‘zaki nutq.
Og‘zaki nutqning o‘zi dialogik va monologik turlarga bo‘linadi. Dialogik nutqning mazmuni, uning xarakteri, davomiyligi muloqotga kirishgan shaxslarning shaxsiy qarashlariga, qiziqishlariga, bir-birlariga bo‘lgan munosabatlariga, maqsadlariga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘qituvchi bilan o‘quvchining, siyosiy rahbarlarning, diplomatlarning, ko‘chada uchrashib qolgan dugonalarning, sevishgan ikki yoshning dialogik suhbatlari bir-biridan farq qiladi.
Monologik nutq esa bir kishining boshqa kishiga yoki kishilar guruhiga nisbatan murojaati bo‘lib, uning psixologik tuzilishi, fikrlarning mantiqan tugal bo‘lishi, gapirayotgan paytda grammatik qonun-qoidalarga rioya qilish kerakligi kabi shartlari mavjud. Masalan, ma’ruzaga tayyorlanayotgan talaba tayyorgarlik paytidan boshlab, ma’ruza qilib bo‘lgunga qadar, qator ichki ruhiy kechinmalarni boshdan kechiradi, unga ko‘p kuch va vaqt sarflaydi. Dialogik nutqqa nisbatan bu nutq turi murakkabroq hisoblanadi.
Odamlar muloqot jarayonida so‘zlardan tashqari turli xil harakatlardan, qiliqlardan, holatlardan, kulgu, ohanglar va boshqalardan ham foydalanadilar (ya’ni psixologik ta’sir vositalaridan). Ular muloqot jarayonini yanada kuchaytirib, uni to‘ldiradi, ba’zan esa nutqli muloqotning o‘rnini bosadi.
Buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoy odamlarda 97 xil kulgu turi hamda 85 xil ko‘z qarashlar turi borligini kuzatgan. G.M.Andreyevaning yozishicha, odam yuz ifodalari, nigohlarining 20.000 ga yaqin ko‘rinishi bor. Ayniqsa, birinchi bor uchrashganda ko‘zlar to‘qnashuvi, nigohlarning roli keyingi muloqotning taqdiriga kuchli ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Bularning barchasi muloqotning hissiy tomondan boy, mazmundor bo‘lishini ta’minlab, odamlarning bir-birlarini tushunishlariga yordam beradi.
Muloqotning noverbal vositalarining milliy xususiyati borligini alohida ta’kidlash lozim. Bundan tashqari, noverbal muloqotda suhbatdoshlarning fazoviy joylashuvlari ham katta ahamiyatga ega. Masalan, o‘zbek xalqining muloqot jarayoni boy, o‘zaro munosabatlarining bevosita xarakteri unda shunday vositalarning ko‘proq ishlatilishi bilan bog‘liq. Bolalarning o‘z yig‘isi bilan onasiga o‘z his-kechinmalari hamda xohishlarini bildirishlari ham bolalarning yosh xususiyatlariga bog‘liq. Boshqa millatlar madaniyatiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, ularda ham ba’zi bir muloqot vositalarning turli millatlarda turli maqsadlarda ishlatilishining guvohi bo‘lish mumkin. Bolgarlar agar biron narsa bo‘yicha fikrni tasdiqlamoqchi bo‘lishsa, boshlarini u yoq-bu yoqqa chayqashar, inkor qilishmoqchi bo‘lsa-chi, aksincha, bosh siltashar ekan. Ma’lumki, o‘zbeklar, ruslar va bir qator boshqa millatlarda buning aksi, “yo‘q” deyish yoki norozilikni bildirish uchun bosh sarak-sarak qilinadi.
Noverbal muloqotda suhbatdoshlarning fazoviy joylashuvlari ham katta ahamiyatga ega. Masalan, ayollar ko‘proq hissiyotlarga boy bo‘lganliklari sababli, suhbatlashayotganlarida bir-birlariga yaqin turib gaplashadilar, erkaklar o‘rtasida esa doimo fazoviy masofa bo‘ladi. Olimlarning aniqlashlaricha, bolalami odatdagiday orqama-ketin o‘tqazib o‘qitgandan ko‘ra, ularni yuzma-yuz o‘tqazib davra qilib o‘qitgan ma’qul ekan, chunki bunday sharoitda o‘quvchilarda ham javobgarlik hissi yuqoriroq bo‘lar ekan hamda emotsiyalar almashinishgani uchun ham guruhdagi psixologik vaziyat ijobiy bo‘lib, bolalarning predmetga va bir-birlariga munosabatlari ancha yaxshi bo‘lar ekan.
Demak, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda muloqotning barcha vositalariga, ayniqsa, nutqqa e’tibor berish kerak. Bolalarni ilk yoshlik chog‘laridanoq nutq madaniyatiga o‘rgatish, nutqini o‘stirish choralarini ko‘rish kerak. Pedagog esa, shunday nutq madaniyatiga ega bo‘lishi kerakki, u avvalo uning faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishni ta’minlasin, qolaversa, bolalarda nutqning o‘sishiga imkoniyat bersin.
VI.7. Muloqotning interarktiv tomoni
Muloqotning interarktiv tomoni deyilganda, kishilarning muloqot jarayonida birgalikdagi faoliyatda bir-birlariga amaliy jihatdan bevosita ta’sir etishlari tushuniladi. Shu tufayli odamlar hamkorlikda ishlash, bir-birlariga yordam berish, bir-birlaridan o‘rganish, harakatlar muvofiqligiga erishish kabi qator qobiliyatlarini namoyon qilishlari mumkin. Shu tufayli o‘qituvchi bola shaxsiga maqsadga yo‘nalgan holda ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Aslini olganda, har qanday muloqot, agar u bema’ni, maqsadsiz, quruq gaplardan iborat bo‘lmasa, doimo muloqotga kirishuvchilarning xulq-atvorlarini, ularning ustanovkalarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega.
Jamiyat miqyosida oladigan bo‘lsak, odamlarning turli sharoitlarda o‘zlarini tutishlari, xulq-atvorlarining boshqarilishi ma’lum psixologik qonuniyatlarga bog‘liqligini ko‘rish mumkin. Bunga sabab jamiyatda qabul qilingan turli normalar, qonun-qoidalardir. Chunki, o‘zaro muloqot va o‘zaro ta’sir jarayonlarida shunday xatti-harakatlar obrazlari kishilar ongiga singib boradiki, ularni har bir kishi norma sifatida qabul qiladi. Masalan, o‘smir bola, umuman yoshlar jamoat joylarida kattalarga o‘rin bo‘shatib berishlari kerakligi ham xulq-atvorning bir normasi. Shu normaga amal qilish yoki qilmaslik ijtimoiy nazorat tizimi orqali boshqariladi. Ya’ni, yuqoridagi sharoitda agar o‘smir bola avtobusda qariyaga joy bo‘shatmasa, jamoatchilik o‘sha zahoti uni ijtimoiy tartibga chaqiradi.
Demak, har bir shaxs turli sharoitlarda turlicha rollarni bajaradi, bu rollarning qanday bajarilayotganligi, odamlarning kutishlariga mos kelishligi ijtimoiy nazorat tizimi orqali kuzatib turiladi. Shuning uchun ham muloqotga kirishgan kishilar doimo o‘z xulq-atvorlarini, qolaversa, o‘zgalarning xulq-atvorini nazorat qilib, harakatlarda bir-birlariga moslashadilar. Lekin gohida shaxsdagi rollarning ko‘p bo‘lishi rollarning ziddiyatiga olib kelishi mumkin. Masalan, maktab o‘qituvchisining o‘zi o‘qitayotgan sinfda farzandi bo‘lsa, dars paytida shunday ziddiyatni boshdan kechirishi mumkin, ya’ni bir vaqtning o‘zida ham ota yoki ona, ham o‘qituvchi rolini bajarishga majbur bo‘ladi. Yoki xulqi yomon o‘quvchining uyiga kelgan o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida ham o‘qituvchi, ham mehmon rollari o‘rtasida qiynaladi.
Turli rollarni bajarayotgan shaxslarning o‘zaro muloqotlari kutishlar tizimi orqali boshqariladi. Masalan, xohlaydimi yoki xohlamaydimi, o‘qituvchidan ma’lum harakatlarni kutishadiki, ular o‘qituvchi roliga zid bo‘lmasligi kerak. O‘z rollariga mos harakat qilgan, doimo me’yor mezonida ish tutgan kishining harakatlari odobli harakatlar deb ataladi. Masalan, o‘qituvchining odobi, o‘z kasbini ustasi ekanligi, bolalar qalbini tushuna olishi, ularning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olgan holda ish tutishi uning odobga ega ekanligining belgisidir. Odobsiz odam esa buning aksidir.
Demak, o‘zaro muloqot jarayonida bir odam ikkinchi odamga psixologik ta’sir ko‘rsatadi. Bu ta’sir ikkala tomondan ham anglanishi yoki anglanmasligi mumkin. Ya’ni, ba’zan biz nima uchun bir shaxsning bizga naqadar kuchli ta’sirga ega ekanligini, boshqa biri esa, aksincha, hech qanday ta’sir kuchiga ega emasligini tushunib yetmaymiz. Bu esa pedagogikada muhim muammodir. Har bir pedagogning o‘z ta’sir uslublari va ta’sir kuchi bo‘ladi. O‘qituvchi shaxsining bolalarga ta’siri quyidagi eksperimentda juda yaqqol kuzatilgan. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga anchagina o‘yinchoqlar berib, shularning ichida faqat bittasiga, qizil yog‘och o‘yinchoqqa tegmaslik aytilgan. Bolalar yolg‘iz qoldirilib, harakatlari pinxona kuzatilgan. Juda ko‘p bolalar ta’qiqlangan o‘yinchoqqa baribir tegishgan. Eksperimentning ikkinchi seriyasida esa endi barcha o‘yinchoqqa tegish mumkin-u, faqat qizil qutichaning qopqog‘ini ochish mumkin emas, deb aytilgan. Shu quticha tepasiga esa shu bolalarning o‘qituvchisi surati ilib qo‘yilgan. Bu seriyada birinchisiga qaraganda “ta’qiqni buzuvchilar” soni keskin kamaygan. Demak, bu narsa o‘qituvchi shaxsining bola harakatlariga ta’sirini yaqqol isbotlab turibdi.
Shaxslararo ta’sir haqida gap ketganda, o‘qituvchi obro‘yining roli haqida ham aytish lozim. Chunki, obro‘li odam doimo o‘sha obro‘ qozongan guruhida o‘z mavqeiga va ta’siriga ega bo‘ladi. Shaxs obro‘yi uning boshqa shaxslarga irodaviy va emotsional ta’sir ko‘rsata olish qobiliyatidir. Ma’lumki, obro‘ amal yoki hayotiy tajriba bilangina orttirilmay, uning haqiqiy asosi - shaxsning odamlar bilan to‘g‘ri munosabati, undagi odamiylik xislatlarining, boshqa ijobiy xislatlarining uyg‘unlashuvidadir. Psixologik obro‘ - ta’sir ko‘rsatishning eng muhim mezonidir.
VI.8. Muloqotning perseptiv tomoni
Muloqotning perseptiv tomoni kishining kishi tomonidan idrok qilish, tushunish va unga baho berishdir. Boshqa kishilarni tushunib olish bilan kishi suhbatdosh bilan bo‘ladigan faoliyat, aloqa istiqbolini aniqroq belgilab oladi.
Muloqot ishtirokchilari o‘z ongida bir-birlarining ichki dunyosini qayta tiklashga, his-tuyg‘ularini, xulq-atvorining sabablarini fahmlab yetishga harakat qiladi. Shaxsga boshqa odamlarning faqat tashqi qiyofasi, ularning fe’l-atvori va xatti-harakatlari, ular qo‘llanadigan kommunikativ vositalargina bevosita in’om etilgan va ana shu ma’lumotlarga tayangan holda o‘zi bilan muloqotga kirishgan odamlarning kimligini tushunib yetish, ularning qobiliyatlari, niyatlari kabilar haqida xulosa chiqara olish uchun muayyan ishni bajarishiga to‘g‘ri keladi.
Taniqli psixolog Sergey Leonidovich Rubinshteyn shunday deb yozgan edi: «Kundalik hayotda odamlar bilan muloqotga kirishar ekanmiz, biz ularning xulq- atvoriga qarab mo‘ljal olamiz. Negaki, biz ularning tashqi ma’lumotlari mohiyatini go‘yo «o‘qib», ya’ni «mag‘zini chaqib» chiqamiz, shu yo‘sinda matnning ichki psixologik jihati mavjud bo‘lgan mazmunini aniqlaymiz». Bunday o‘qish naridan beri tez yuz beradi, chunki atrofdagilar bilan muloqot jarayonida bizda muayyan darajada ularning fe’l-atvoriga nisbatan avtomatik tarzda amal qiladigan psixologik ichki ma’no hosil bo‘ladi.
|
| |