|
Sotsial psixologiya
|
bet | 59/143 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 3,89 Mb. | | #229196 | Turi | Учебник |
Bog'liq Darslik tayyor 2024Tizimning ikkinchi tavsifi - bu guruh a’zolarining hissiy tanlashining o‘zaro munosabatidir.
Shunday qilib, talaba guruhida faqat bitta ijobiy tanlovga ega bo‘lishi mumkin, ammo agar ushbu tanlov o‘zaro munosabatda bo‘lsa, bu talaba bir nechta guruhdoshlar tomonidan ma’qullanishiga qaraganda guruhda ancha o‘zini ishonchli his qiladi, lekin u boshqalarga, ya’ni unga e’tiborsiz yoki undan ham yomoni, uni rad etayotganlarga e’tiborini qaratadi. Shuningdek, “yulduz” uchun ham nafaqat ko‘plab tanlanishlarga ega bo‘lishi, balki guruhdagi mavqeining barqarorligi va qulay holatini ta’minlash uchun o‘zaro munosabatlar muhim hisoblanadi.
Sotsiometrik tizimning uchinchi tavsifi - shaxslararo tanlanishlar barqaror bo‘lgan guruhlarning mavjudligi.
Bunday mikroguruhlarning mavjudligi yoki mavjud emasligini nafaqat tahlil qilish, balki ular o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganish, ular qanday printsip asosida amalga oshishini tushunish muhimdir. Bu guruhning ajralib qolgan va ajratilgan a’zolari qaysi guruhlarga yo‘naltirilganligi, turli guruhdagi odamlar ushbu guruhlarga qanday munosabatda bo‘lishlari muhimdir. Guruhda paydo bo‘lgan kichik uyushmalar o‘zlarining ichki tuzilishi va birlashmasida juda farq qilishi mumkin yoki ularning ichida bir-birini rad etadigan a’zolari bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin, bu ham guruhning umumiy xususiyatlari uchun muhimdir.
Tizimning to‘rtinchi tavsifi - bu guruhdagi rad etishlar tizimi.
Sotsiometrik matritsa guruhdagi rad etishlar qanday taqsimlanganligini tushunishga imkon beradi. Masalan, guruhda deyarli butun guruh yoqtirmaydigan “yoqimsizlar” bo‘lishi mumkin, yoki, aksincha, deyarli barchasi rad etilishi mumkin, ammo hech kim imtiyozlardan ustun kelmaydi. Sotsiometrik tuzilma haqida fikr yuritganda guruh a’zosining sotsiometrik statusi ancha mustahkam ekanligini ta’kidlash kerak. Bu nafaqat ushbu muayyan guruhda qolishga moyildir, balki ko‘pincha bir kishi bilan boshqa guruhga “o‘tadi”. Buning izohi juda oddiy. Mavqei guruh toifasiga kiradi va guruhdan tashqarida bo‘lmasa ham odam doimiy mavqei bilan unga berilgan rollarni o‘ynashga odatlanib qoladi. Boshqalarning so‘zlariga va xatti-harakatlariga odatiy munosabat shakllari xatti-harakatlarda ko‘rinadi. Mimikasi, pozalari va boshqa noverbal reaksiyalari ham ma’lum bir rolga “moslashadi”. Boshqa guruhga o‘tishda kishi odatiy rollarni o‘ynashni davom ettiradi yoki hech bo‘lmaganda uning roli ongsiz xatti-harakatlar elementlari tomonidan beriladi. Guruh a’zolari taklif qilayotgan tasvirni ko‘radilar va yangi kelgan bilan birga harakatni davom ettiradilar.
4. Kichik guruhlar psixologiyasi muammosi
Kichik guruhlar muammosi sotsial psixologiyada eng yaxshi ishlangan va ko‘plab ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilgan ob’yektlardandir. Bu an’ana Amerikada o‘tgan asrimiz boshida o‘tkazilgan ko‘plab eksperimental tadqiqotlardan boshlangan bo‘lib, ularda olimlar oldiga qo‘yilgan asosiy muammo shu ediki, individ yakka holda yaxshi ishlaydimi yoki guruhda yaxshiroq samara beradimi, boshqa odamlarning yonida bo‘lishi uning faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi. Shuni ta’kidlash lozimki, bunday sharoitlarda individlarning o‘zaro hamkorligi (interaktsiya) emas, balki ularning bir vaqtda bir yerda birga bo‘lganligi faktining (koaktsiya) ta’siri o‘rganildi. Olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, boshqalar bilan hamkorlikda bo‘lgan individ faoliyatining tezligi oshadi, lekin harakatlar sifati ancha pasayishi aniqlandi. Bunday ma’lumotlar amerikalik N.Triplett, nemis olimi A.Mayer, rus olimi V.M.Bexterev, yana bir nemis olimi V.Myode va boshqalarning tadqiqotlarida ham qayd etildi.
Bu psixologik hodisa sotsial psixologiyada sotsial fasilitatsiya nomini oldi. Uning mohiyati shundan iborat ediki, individning faoliyat mahsullariga uning yonida bo‘lgan boshqa individlarning bevosita ta’siri bo‘lib, bu ta’sir avvalo, sensor kuchayishlar hamda ish harakatlarning, fikrlashlarning tezligi namoyon bo‘ladi. Lekin ayrim eksperimentlarda teskari effekt ham kuzatiladi, ya’ni boshqalar ta’sirida individ reaktsiyalarida tormozlanish, faoliyatining susayishi holatlari; bu narsa fanda ingibitsiya nomini oldi. Lekin olgan faktlarning qandayligidan qat’iy nazar, olimlar uchun kichik guruhlar asosiy tadqiqot mavzusiga aylanib qoldi va ular natijasida qator qonuniyatlar ochildi.
Birinchidan, kichik guruhlarning hajmi uni tashkil etuvchi shaxslar soni xususida shunday fikrga kelindiki, kichik guruh «diada» ikki kishidan tortib, to maktab sharoitida 30-40 kishigacha deb qabul qilindi. Ikki kishilik guruh deyilganda, avvalo oila, yangi shakllangan oila ko‘proq nazarda tutiladi, lekin samarali o‘zaro ta’sir nazarda tutilganda 7±2 kishi nazarda tutiladi. Bunday guruh turli sotsial psixologik tadqiqotlar uchun ham, sotsial psixologik treninglar o‘tkazish uchun ham qulay hisoblanadi.
Ikkinchidan, guruhning o‘lchami qanchalik katta bo‘lsa, uning alohida olingan shaxslar uchun qadrsizlanib borish xavfi kuchayadi. Ya’ni shaxsning ko‘pchilikdan iborat guruhdan o‘zini tortish va uning normalarini buzishga moyilligi ortib boradi.
Uchinchidan, guruhning hajmi kichiklashib borgan sari shaxslararo o‘zaro munosabatlar taranglashib boradi. Chunki, shaxslarning bir-birlari oldida mas’uliyatlarining oshishi va yaqindan bilishlari uning o‘rtasidagi aloqalarda doim aniqlik bo‘lishini talab qiladi. Munosabatlardagi har qanday disbalanslar ochiq holdagi ziddiyatlarni keltirib chiqaradi.
To‘rtinchidan, agar guruh a’zolarining soni toq bo‘lsa, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar juft bo‘lgan holdagidan ancha yaxshi bo‘ladi. Shundan bo‘lsa kerak, boshqaruv psixologiyasida odamlarni biror nimaga saylashda va umuman rasmiy tanlovlarda guruhdagi odamlar soni toq qilib olinadi.
Beshinchidan, shaxsning guruh taz’yiqiga berilishi va bo‘ysunishi ham guruh a’zolarining soniga bog‘liq. Guruh soni 4-5 kishi bo‘lgunga qadar, uning ta’siri kuchaya boradi. Lekin undan ortib ketgach ta’sirchanlik kamayib boradi. Masalan, kuchada sodir bo‘lgan baxtsiz hodisaning guvohlari soni ortib borgan sari, jabrlanganga yordam berishga intilish, mas’uliyat hissi pasayib boradi. Bu qonuniyatlarni bilish, tabiiy guruhlarni boshqarish ishini ancha yengillashtiradi.
5. Kichik guruhlar klassifikatsiyasi
Kundalik hayotda shaxs muloqotda bo‘ladigan, vaqtini birgalikda o‘tkazadigan kishilar guruhi ham turli xil bo‘ladi. Masalan, agar odamlar ko‘chada tasodifiy hodisani tomoshabini bo‘lib turishgan bo‘lsa, ularni psixologiya tilida guruh emas, agregasiya (olomon) deb atashadi. Haqiqiy guruh uchun o‘sha odamlarning barchasiga aloqador umumiy faoliyat va hamkorlik qilish, bir-birlariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati bo‘lishi kerak.
Rus olimi Robert Semyonovich Nemov kichik sotsial guruhlarning quyidagi klassifikasiyasini taklif etgan: Tarixan kichik guruhlarni rasmiy va norasmiy turlarga bo‘lish qabul qilingan. Bunday bo‘linishni amerikalik olim E.Meyo taklif etgan edi. Uning fikricha, rasmiy
guruh har bir a’zolarining rasmiy rollarga ega ekanligi, ular mavqeining va guruhda tutgan o‘rnining aniqligi bilan xarakterlanadi. Bu guruhlardagi munosabatlar asosan «vertikal» tarzda ro‘y berib, guruhning bir yoki bir necha a’zosida «hokimiyat» bo‘lganligi uchun ham, ular boshqalarni boshqarish, ularga buyruq, rasmiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega bo‘ladilar. Rasmiy guruhga misol qilib har qanday birgalikdagi faoliyat maqsadlari asosida shakllangan jamoalarni ishlab chiqarish brigadasi, talabalar guruhi, sinf o‘quvchilari, pedagogik jamoa va boshqalarni olish mumkin.
Rasmiy guruhlardan farqli o‘laroq, norasmiy guruhlar ham mavjud bo‘ladiki, ular asosan stixiyali tarzda, aniq maqsadsiz tarkib topadi va ularda a’zolarning aniq mavqelari, rollari oldindan belgilangan bo‘lmaydi. Ko‘pincha norasmiy guruh rasmiy guruh tarkibida tashkil topadi va ularni boshqarish ham oldindan belgilangan bo‘lmay, odamlar ichidan u yoki bu shaxsiy sifatlari tufayli ajralib chiqqan a’zolar norasmiy rahbarlik rolini bajarishlari mumkin.
Bundan tashqari, sotsial psixologiyada referent guruh tushunchasi ham bor. Bu tushuncha fanga birinchi marta amerikalik tadqiqotchi G.Xaymen tomonidan 1942 yilda kiritilgan edi. U o‘z tadqiqotlarida shuni isbot qildiki, ma’lum bo‘lishicha, guruh a’zolari uchun shu guruh ichida yoki boshqa doiralarda shunday shaxslar mavjud bo‘lar ekanki, u o‘z xatti-harakatlari, fikrlari va yo‘nalishlarida o‘sha guruh a’zolariga ergashish, ularni tanqidsiz qabul qilishga moyil hamda tayyor bo‘lar ekan. Shunday shaxslar guruhi referent guruh nomini oldi.
O‘quvchi uchun bunday guruh rolini maktabdagi bir necha o‘qituvchilar, otasi yoki onasi, yaqin do‘sti yoki qarindoshlaridan kimdir o‘ynashi mumkin. Shunisi xarakterliki, shaxs doimo shu guruhga ergashadi, uni qadrlaydi, u bilan muloqotda bo‘lishga intiladi. Rus psixologlari bu guruhni odatda shaxs uchun mavjud haqiqiy guruh (a’zolik guruhi) tarkibidagi yoki unga qarshi bo‘lgan guruh sifatida qaraydilar. Nima bo‘lganda ham ana shunday guruhning mavjudligi shaxs uchun ahamiyatli bo‘lib, uning xulq-atvori uchun etalon hisoblanadi.
Amerikalik sotsiologlar referent guruhlarning bir necha turlarini farqlaydilar.
|
| |