|
Guruhiy qarorlar qabul qilishda o‘zaro ta’sir masalasi
|
bet | 62/143 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 3,89 Mb. | | #229196 | Turi | Учебник |
Bog'liq Darslik tayyor 2024Guruhiy qarorlar qabul qilishda o‘zaro ta’sir masalasi. Guruhda odamlarning bir-birlarini yoqtirishlari yoki aksincha, inkor qilishlari ko‘pincha turli xil qarorlar qabul qilish jarayonida ro‘y beradi. Guruhiy qarorlar qabul qilish individual qarorlar qabul qilish jarayonidan tubdan farq qilmaydi. Ikkalasida ham avval muammo aniqlanadi, ma’lumotlar to‘planadi, bir nechta takliflar ilgari suriladi va nihoyat, eng ma’quli qabul qilinadi. Lekin guruhda bu jarayon biroz boshqacharoq kechadi va nizolar ko‘pincha aynan shu jarayon bilan bog‘liq bo‘ladi.
Amerikalik psixolog T.Mitchellning fikricha, o‘zaro ta’sir guruhiy sharoitida quyidagi omillar vositasida ro‘y beradi:
ayrim a’zolar boshqalariga nisbatan ko‘proq gapirishga moyil bo‘ladilar;
yuqoriroq mavqega ega bo‘lgan shaxslar qarorlar chiqarish jarayonida ham boshqalarga tazyiq o‘tkazishadi;
guruhda ko‘p vaqt o‘zaro fikrlardagi kelishmovchiliklarning oldini olishga ketib qoladi;
guruhda ayrim odamlar ta’sirida asosiy maqsaddan chetlash va maqsadga nomuvofiq qarorlar qabul qilish hollari kuzatiladi;
barcha a’zolar o‘zlari sezmagan holda konformlilikka beriladilar va guruh ta’siriga tushib qoladilar. Shuning uchun ham ba’zan majlisni olib boruvchi rais kun tartibini e’lon qilgan bo‘lsa-da, undan chalg‘ib ketishi va o‘rinsiz qarorlar qabul qilishi mumkin.
Lekin guruhiy qarorlar qabul qilish jarayonining eng katta ijobiy tomoni shundaki, unda ko‘plab fikrlar tug‘iladi va o‘rtaga tashlanadi. Bu fikrlar shunday sharoit yaratadiki, oxir-oqibat alohida individual fikrlardan biroz bo‘lsa-da, farq qiladigan original yangi fikr paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham rahbarlik san’ati ko‘pchilik fikriga tayangan holda oxirida eng ma’qul qarorga kela olishdir. Lekin salbiy tomoni shundaki, guruhiy muzokara va qarorlar qabul qilish jarayoni ba’zi a’zolarda loqaydlik («Menga nima, ular gapirishyapti-ku» kabi), tashabbussizlik («Baribir meniki qabul qilinmaydi, gapirib nima qildim?» kabi) illatlarini ham paydo qilishi mumkin. Bu o‘sha muhitda ayrim odamlar fikri doimo qo‘llab-quvvatlangan, ayrim odamlarga e’tibor, imtiyoz berilgan sharoitlarda rahbarning aybi bilan ro‘y beradi.
Xoffman o‘z eksperimentlarida guruhiy qarorlar qabul qilishga guruhning tarkibi ta’sir qilishi mumkinligini isbot qilgan. Uning fikricha, yaxshi, sifatli, ijobiy fikrlar va qarorlar guruh tarkibi har xil (geterogen tarkib) bo‘lgan sharoitlarda uning tarkibi bir xil (gomogen) bo‘lgandan ancha ko‘p va sifatli bo‘ladi. Gomogen guruhlarda (masalan, tahminan bir xil o‘zlashtiradigan talabalar guruhi) qarorlar qabul qilish mobaynida konfliktlarning kam bo‘lishi va qarorlar tezda qabul qilinishi aniqlangan.
Har qaday qarorlar qabul qilish jarayoni psixologik jihatdan tavakkalchilikka asoslanishi ham isbotlangan. Lekin tavakkalchilik darajasi guruh sharoitida individual holatdagidan ancha past bo‘lar ekan. O‘rtacha guruh a’zosining bu o‘rindagi fikri: «Tavakkal shu gapni aytaychi, noma’qul bo‘lsa, guruh borku, ular ma’qullashganku?». Demak, guruh sharoitida qabul qilingan har qanday qaror mohiyatan sotsial xarakterli bo‘lib, uning to‘g‘ri va foydali, natijali bo‘lishida rahbarning roli katta bo‘ladi.
VII.9. Guruhdagi psixologik muhit va uni o‘rganish
Guruh va jamoalar to‘g‘risida gap ketganda, ko‘pincha uning «ma’naviy muhiti», «psixologik muhiti» degan iboralar ishlatiladi. Chunki bu narsa o‘sha yerdagi ishning yaxshiligi, faoliyatning samarasi bilan bog‘lanadi. Sotsial psixologik muhit deganda, biz o‘sha guruhning a’zolari fikrlari, hissiyotlari, dunyoqarashi, ustanovkalar va o‘zaro munosabatlaridan iborat bo‘lgan emotsional- intellectual
holatni tushunamiz. Bu o‘rindagi asosiy omil - bu a’zolarning o‘zaro munosabatlaridir. Ma’lumki, o‘zaro munosabatlar ish yuzasidan, faoliyat maqsadlari va mazmuni bilan hamda bevosita bir-birlarini yoqtirish-yoqtirmaslikka asoslangan insoniy emotsional hissiyotlar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Professional faoliyatni bajarish jarayonida tabiiy birinchi tipli munosabatlar ustuvor bo‘lib, ikkinchilarining xarakteri birinchisidan kelib chiqadi. Do‘stlar to‘plangan davradagi muhit esa aksincha, bevosita simpatiyalarga tayanadi.
Sotsial psixologiyada ana shunday psixologik muhitni eksperimental tarzda o‘rganishga katta e’tibor beriladi. Eng keng tarqalgan usullardan biri sotsiometriya bo‘lib, uning asoschisi amerikalik olim Yakob Levi Moreno hisoblanadi. Sotsiometriya lotincha «so cietas» - jamiyat, va «metreo» - o‘lchayman so‘zlaridan olingan bo‘lib, guruhdagi shaxslararo munosabatlarni o‘lchashga qaratilgan texnikadir. Nazariy sotsiometriya uning muallifi fikricha, jamiyatdagi barcha nizolar, muammolarni yechishning usullaridan biri - insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganish va shunga ko‘ra, jamiyatda o‘zgarishlarni amalga oshirish kerak, degan g‘oyaga asoslanadi. Amalda esa har bir jamoalarda maxsus sotsiometrik so‘rovlar o‘tkaziladi va uning natijalari tashkiliy jarayonlarda inobatga olinadi.
Lekin oxirgi paytlarda sotsiometriyaga nazar o‘zgargan, uning yuzlab modifikasiyalari, turlari ishlab chiqildi. Ahamiyatlisi shuki, uni haqiqatdan ham guruhdagi ma’naviy-psixologik muhitga ta’sir etuvchi emotsional munosabatlarni aniqlashda mutaxassis tomonidan ishlatish mumkin. Bunda har bir guruh a’zosi tanlov sharoitiga solinadi, ya’ni u, u yoki bu sharoitda, vaziyatda yoki faoliyatni bajarishda o‘ziga yoqqan (yoqmagan ham) sherigini guruhdoshlari orasidan tanlashi kerak. Masalan, maktab o‘quvchilariga «Kim bilan birga dars tayyorlashni xohlarding?», «Kim bilan maktab yer uchastkasidagi xasharda yonma-yon turib ishlashni istarding?», mehnat jamoalarida esa «Boshliq tomonidan berilgan muhim topshiriqni ikki kishi bajarishi kerak bo‘lsa, sheriklikka kimni olgan bo‘lardingiz?», talabalarda «Xorijga o‘qishga yuborishsa, guruhdoshlaringdan kimlar senga sherik bo‘lishini istaysan?» kabi savollar bilan murojaat qilinadi. So‘rov anonim bo‘lib, har bir ishtirokchi 3-5 tagacha tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Natijalar jadvalga solinib, qayta ishlanadi va hattoki, grafik tarzida chiziladi. Quyida mehnat jamoasida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sotsiometrik testdan biri havola etilgan.
|
| |