|
Ta’limning umumiy va xususiy qonuniyatlari
|
bet | 4/10 | Sana | 11.01.2024 | Hajmi | 212,82 Kb. | | #134522 |
1. Ta’limning umumiy va xususiy qonuniyatlari.
Tayanch iboralar: mashq qonuni, intensivlik qonuni, didaktik tamoyillar, bilimning ilmiy xarakteri, nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog’liqligi, tabaqalashtirish tamoyili,
O’zaro bog’liqlik qonuni - ta’lim-tarbiya jarayonida ikkita ruhiy harakatning o’zaro bog’liqligidagi rivojlanish qonuni. Bu qonun bo’yicha ta’lim-tarbiya jarayoni ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchi ruhining bir yo’nalishdagi harakatini taqozo etadi. Bu qonunga binoan, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil qiluvchi ikki shaxsdan birining harakati ikkinchisiniki bilan mos kelmasa, ta’lim-tarbiya jarayoni sodir bo’lmaydi. Bunda darsni samarali tashkil qilish va uni sifatli, mazmunli amalga oshirish uchun pedagog sinfda, yoki auditoriyada bir xildagi holatni, ya’ni, bilim berish va bilim olish holatini shakllantirish kerak.
Mashq qonuni - qonun bo’yicha, egallangan bilimni ko’nikma, so’ng malakaga aylantirishda, mashqni iloji boricha tez amalga oshirishni taqozo etadi;
Intensivlik qonuni - bu qonun bo’yicha, mashqlar javobi qanchalik intensiv ravishda bo’lsa, Shunchalik tez o’zlashtiriladi;
Assimilyatsiya qonuni - bo’yicha har bir yangi “turtki” qaytar reaktsiyani vujudga keltiradi, deyiladi. Shuning uchun egallagan bilimni qaytarish yo’li bilimni “turtib” turish kerak, deyiladi;
Natijaviy qonunda - reaktsiya ijobiy bo’lsa, bilim mustahkamlanadi, agar salbiy bo’lsa, xotira uni o’chirib tashlaydi, deyiladi.
Ta’lim tamoyillari-ta’lim beruvchining faoliyatini va ta’lim oluvchining bilish faoliyati xususiyatini belgilovchi asosiy boshlanmalardir. Ta’lim tamoyillari ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchi faoliyatining muhim ichki tomonlarini aks ettiradi hamda turli formada, turli mazmunda va har xil yo’sinda tashkil etiladigan ta’limning samaradorligini belgilaydi. Shuning uchun ta’lim tamoyillari ta’lim berishning ma’lum ob’ektiv qonuniyatlarini o’zida aks ettiradi.
Olimlarning ta’lim tamoyillarining soni va nomi to’g’risidagi fikrlari bir-biridan farq qilsa ham, ammo, ularning mazmuni va o’qitish qonuniyatlarini tushunish an’anasi asosan bir xildir.
Binobarin, quyidagi ta’lim tamoyillari tizimini taklif qilish mumkin: ta’limning ustuvorligi, ta’limning demokratlashuvi, ta’limning insonparvarlashuvi, ta’limning ijtimoiylashuvchi, ta’limning milliy yo’nalganligi, ta’lim va tarbiyaning uzviy bog’liqligi, iqtidorli yoshlarni aniqlash, yuqori darajada bilim olishlari uchun shart- sharoitlar yaratish kabilar. Jamiyat talab qilayotgan uzluksiz ta’limga tegishli bu qonun-qoidalar, o’qitish, bilim berish, ya’ni ta’lim jarayoniga samarali ta’sir ko’rsatadi. Pedagogika ta’limning ilmiy- nazariy, uslubiy asoslari alohida o’rganiladi.
Ta’lim tamoyillari o’quv yurtlari oldida turgan ulkan vazifalar asosida belgilanadi. Ular o’zaro bir-biri bilan mustahkam bog’liq holda bir tizimni tashkil etadi, har bir darsda didaktik tamoyillarning bir nechtasi ishtirok etishi mumkin. Ular ta’lim oldida turgan asosiy maqsadlarni hal etishga o’z hissasini qo’shadi. Ta’lim tizimi isloh qilinayotgan hozirgi jarayonda ta’lim oluvchilarga mustahkam bilim berish, ularni erkin, mustaqil fikrlay oladigan insonlar qilib tarbiyalashda, ta’lim tamoyillarining mohiyatini chuqur anglash va hayotga tatbiq etish muhim muammolardan biridir.
O’quv yurtida beriladigan bilim ilmiy xarakterga ega bo’lishi, fan-texnikaning so’nggi yutuq va kashfiyotlarini o’zida ifoda etishi lozim. Shunday ekan ta’lim oluvchi ilm-fandagi yangiliklardan xabardor bo’lishi lozim, chunki o’quv fanlari ham ilm-fan asosida yaratiladi. O’qitishning ilmiy tamoyillari ta’lim jarayonida ta’lim oluvchilarni hozirgi zamon fan-texnika taraqqiyoti darajasidagi oliy bilimlar bilan qurollantirish, ayniqsa ta’lim oluvchilarni ilmiy tadqiqot usullari bilan tanishtirib borishga qaratilgan.
Ilmiylik ta’limning mazmuniga ham, usullariga ham aloqadordir. Shunday ekan, bilim, ilm-fan bilan o’quv predmeti o’rtasida hamkorlik o’zaro bog’liqlik bo’lishiga erishish lozim. Ta’limning hamma bosqichlarida ilmiy izohlardan foydalanmoq lozim.
Nazariy bilimlarni amaliyot bilan, turmush tajribalari bilan bog’lab olib borish ta’limning yetakchi qoidalaridan hisoblanadi. Ta’lim-tarbiya sohasidagi yutuqlar, eng avvalo, nazariy bilan amaliyotning o’zaro bog’liqligiga asoslanadi. Shundagina ta’lim oluvchi o’rganayotgan o’quv-materialining tub mohiyatini tushunib etadi va amaliyotda ulardan foydalana oladi. Buning uchun ta’lim beruvchi ta’lim jarayonida ta’lim oluvchilarning faol ishtirok etishlariga erishmog’i lozim. Faol ishtirok esa, bilimlarni ongli,
tushunib o’zlashtirishga olib keladi.
Ta’limdagi onglilik va faollik ta’lim oluvchilardagi ko’tarinki kayfiyat, ko’proq bilishga intilish, mustaqil fikrlash va xulosalar chiqarishga undaydi. Bilimlarni ongli va faol o’zlashtirish o’qitish jarayonining psixologik tomonlarida o’z ifodasini topadi.
O’qitishda nazariy bilimlar qanchalik qat’iy bayon etilsa, ta’lim oluvchilarning fikr yuritishi ham shunchalik aniq va ravshan bo’ladi va o’quv materiallarini ongli o’zlashtirish darajasi ham oshadi. Ta’lim tizimi isloh qilinayotgan hozirgi jarayonda yoshlarning mustaqil fikr yuritishi, mustaqil sur’atda bilim olishga intilishi talab qilinadi. Buning natijasida bilimlarni o’zlashtirish jarayoni ijodiy tus oladi. Bunday sharoitda ta’lim beruvchi ta’lim oluvchining mashg’ulotlarga munosabati va bu jarayonda o’zini qanday tutishga e’tibor bermog’i lozim. Yoshlarni o’qish istagi ta’lim jarayonining zaruriy va mantiqiy qismidir. Shunday ekan, ta’limning samaradorligi ta’lim beruvchining ta’lim oluvchilarning o’qishga izchil va muntazam qiziqtirib borishiga bog’liqdir. Buning uchun ta’lim beruvchi, ularni o’qishga ijodiy munosabatda bo’lishga, mustaqillikka, ishchanlikka odatlantirishi lozim.
Ta’lim jarayoni, uning mazmuni unda ko’tarilgan hayotiy masalalar yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Shu sababli ta’lim Shaxs-shakllanishining asosiy manbaidir.
Umuman, bilimlar-voqealikning haqiqat in’ikosidir. Ammo, voqelikning har qanday tarzda to’g’ri aks ettirilishi ilmiy bilim bo’la olmaydi. Masalan, maktab yoshiga etmagan bola tevarak-atrofidagi dunyoni to’g’ri biladi, lekin undagi in’ikos etarlicha chuqurmas, shuning uchun uning bilimlarini ilmiy bilim deb bo’lmaydi.
Tevarak-atrofni o’rab olgan dunyoning qonuniyatlarini, narsa va hodisalarning ichki muhim xossalarini va o’zaro aloqalarini aks ettiruvchi bilimlargina ilmiy hisoblanadi. Bu bilimlar aqliy jihatdan o’zishga hal qiluvchi ijobiy ta’sir ko’rsatadi, chunki ular hozirgi zamon fani, texnikasini ishlab chiqarishni, madaniyat va san’atni o’zlashtirish imkoniyatini beradi.
Ta’limning ilmiyligi ta’lim oluvchining o’quv materialidagi qonuniyatlarini aks ettirishi, tushunishi va o’zlashtirishi uchun to’g’ri sharoit yaratish maqsadida zarurdir.
O’qitish, tarbiya berish deganda biz ta’lim va tarbiyaning bir- biridan ajralmasligini tushunamiz. Shunday ekan, maktab obro’si,
o’qituvchi obro’si, avvalo, darsda shakllanadi. Til va adabiyot darsimi, matematika darsimi har doim ularning tarbiyaviy imkoniyatlarini ko’ra bilish, tarbiya usullaridan foydalanish lozim.
Ta’lim oluvchilar ilmiy bilimlarni o’zlashtirar ekan, uning dunyoqarashi ham, irodasi va axloqiy sifatlari, iymon-e’tiqodi va qobiliyati ham o’sib rivojlanib boradi.
Ta’limning tarbiyaviy imkoniyatlaridan foydalanishda ta’lim beruvchi avvalo, ta’limni usulbiy jihatdan to’g’ri tashkil etishga, o’quv materiallarining mazmuni bilan bog’liq tarbiyaviy maqsadlarni aniq belgilashga va bilim olishga qiziqtira olishga bog’liqdir. Shu bilan birga, ta’lim beruvchining ta’lim oluvchilar oldidagi obro’- e’tibori ham muhim tarbiyaviy ahamiyatga egadir.
O’qitish jarayonini ko’rgazmali tashkil qilish zarur. Ham eshitish, ham ko’rsatish orqali o’quv materiallarini idrok qilish, ularni ongli va puxta o’zlashtirish, bilimlarni turmushdagi zaruriyatini anglab etishlariga asos soladi, diqqatni barqarorlashtiradi. Shuning uchun ko’rgazmali materiallar o’rganilayotgan mavzuning mazmuniga mos kelishi, ta’lim oluvchining yoshi va bilim darajasiga muvofiqlashgan bo’lishi hamda ulardan foydalanishning samarali yo’l va vositalar ishlab chiqilgan bo’lishi lozim.
Bilimlar turli yo’l, vositalar orqali puxta o’zlashtirgandagina, u mustahkam esda qoladi, bu esa o’quv materiallarini ongli o’zlashtirishga, nazariya bilan amaliyotni bog’lashga, ko’rsatmalilikka amal qilishga va bilimlarni takrorlash orqali mustahkamlashga bog’liqdir. Ta’limning bosh maqsadi esa bilimlarni tizimli va puxta o’zlashtirishdir.
Yuqoridagi qayd etilgan ta’lim tamoyillarining umumiy tavsiflari muayyan ta’lim tamoyillari haqida ihcham mukammal ma’lumot berishga asos bo’la oladi. Quyida ular to’g’risidagi ma’lumotlarni keltiramiz.
|
| |