AXBOROTLASHGAN JAMIYATDA YOSHLAR VA ULARNING HIMOYASI
Kamolov Z. X.–O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”direktori
Globallashuv davrida ilmiy rivojlanish hamda fan-texnika taraqqiyoti bilan axborotlashgan jamiyatning yuzaga kelishi natijasida voqea va hodisalarning o‘ta jadal sur’atlarda davomiyligi qaror topmoqda. Faol iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni amalga oshirayotgan jamiyatimiz shiddat bilan oqib kelayotgan va o‘z ichiga turli g‘oya hamda maqsadlarni qamrab olgan minglab axborotlar oqimi ichida o‘z milliy davlatchilik manfaatlarini himoya qiluvchi hayot tarzini mustahkamlab bormoqda. Aynan shu holatdagi hayot tarzida jamiyatimiz yoshlarining axborotlashgan tizimda o‘z o‘rinlarini topa olishlari, kundalik hayotimizga kirib kelayotgan ko‘plab ijobiy axborot oqimidan unumli foydalana olishlari, milliy davlatchiligimiz va ma’naviy qarashlarimizga zid bo‘lgan axborot oqimlaridan vaqtida o‘zlarini himoya qila olishlari, mafkuraviy jihatdan “g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan” kurasha bilishlari kelajagimiz taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim omildir.
Hech kimga sir emas, har qanday mamlakatning ertangi kuni, farovon turmush va Vatan taraqqiyoti o‘sha jamiyat yoshlarining qo‘lidadir. O‘ta notinch va har xil qarashlar, mafkuraviy ziddiyat hamda qonli to‘qnashuvlardan holi bo‘lmagan yer yuzining turli mintaqalarida ma’lum bir davlat yoki jamiyat yoshlari kimlarningdir manfaatlari ko‘zlangan vayronagarchilik g‘oyalarining ijrochisiga aylanib qolmoqdalar. Jahon miqyosida yuzaga kelgan va davom etayotgan ma’naviy bo‘shliq, mafkuraviy kuchsizlik va milliy iftixor hamda g‘urur hissining zayiflashuvi oqibatida ommaviy madaniyat unsurlari, diniy fundamental qarashlar, e’tiqod, millat va irqiy ayirmachilik, zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi ekstremistik oqimlar keng tarqalayotganligi va bu salbiy holat umumjahon hamjamiyatiga jiddiy xavf solayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Zero, qator sharq va g‘arb davlatlaridagi ayanchli holat, mazkur jarayonlarda yoshlarning ishtiroki bu fikrlarning to‘g‘riligi yuzasidan o‘z isbotini topmoqda. Jamiyat va xalq oshoyishtaligi, yurt farovonligi va milliy davlatchilik manfaatlaridan shaxsiy manfaatlar ustun qo‘yilmoqda, azaliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan mafkuradan og‘ishib, buzg‘unchi g‘oyalar ilgari surilmoqda, milliy va diniy bag‘rikenglik darz ketib, millatchilik hamda diniy ayirmachilik avj olmoqda.
Mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq yoshlarimizga bo‘lgan e’tibor alohida ahamiyat kasb etib, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Davlatimiz boshchiligida yoshlarga oid davlat siyosati belgilab olindi, milliy ta’lim modeli shakllantirildi, ta’lim tizimining huquqiy asosi qaror topdi va kafolatlandi. Yoshlar ta’limning mazmun-mohiyatiga fundamental bilimlarni puxta o‘zlashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb va mutaxassisliklarga yo‘naltirish, shuningdek, yoshlarimiz ongida har qanday yot va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi tepki bera oladigan mafkuraviy immunitetni shakllantirish maqsad qilib qo‘yildi.
Cheksiz va turli g‘oyalarni targ‘ib etuvchi axborotlar oqimi buxronida qolgan umumjahon axborotlashgan jamiyatida yoshlarimizga u yoki bu axborot manbalari yoki mazmun va mohiyatlarini taqiqlab qo‘yish mantiqsizlik bo‘lar edi. Bu holat ma’lum bir ma’noda turli sohalardagi taraqqiyot rivojiga to‘sqinlik qilishi ham mumkin. Biroq, bugungi kunda Vatanimiz yoshlari cheksiz va turfa axborot oqimlaridan to‘g‘ri hamda oqilona foydalana oladilarmi? Zarur bo‘lganda salbiy axborot oqimlariga qarshi turib, o‘z shaxsiy fikrlarini bildira olish, fuqarolik pozitsiyalarini saqlab qolish, milliy mafkuramiz, davlatchiligimiz va jamiyatimiz manfaatlarini himoya qilish qobiliyatiga egami?
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarimizning faol ishtirok etishi, davlat va fuqarolik jamiyati qurilishidagi ularning o‘rni, fuqarolik burch, huquq va majburiyatlarini amalga oshirishda ularning faolligi yuqoridagi ikkilanuvchi qarashlarning asossiz ekanligini isbotlab bermoqda. Prezidentimiz boshchiligida davlatimiz har bir sohadagi islohotlarda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni himoya qilish maqsadini ustuvor deb bilmoqda. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni yuksak harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yoshlarimizni kelajakda Vatan himoyachilari sanalgan harbiy sohaga yo‘naltirish faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi 5106-sonli “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish”ga doir farmoyishining tegishli bandida “Buyuk davlat arbobi va sarkarda sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini inobatga olgan holda respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berilsin” ko‘rsatmasi yosh avlodni harbiy vatanparvarlikka yo‘naltirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqdi.
Respublikamizdagi “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litsey o‘quvchilarining ta’lim-tarbiya va harbiy sohaga yo‘naltirish jarayonini tashkillashda axborot xavfsizligaga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Axborotlashgan jamiyatda yuzaga keluvchi turli muammolarga tez va to‘g‘ri yechim topa olish, har qanday vaziyatda ham jamiyat va milliy davlatchiligimiz manfaatini ustun bilish, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy munosabatlarda qonun ustuvorligini ta’minlash, milliy ma’naviyatimiz va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq qolish kabi qator omillarni yoshlarimiz, xususan, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litsey o‘quvchilarining ongida shakllantirishda bugungi kunda, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, jamiyatimizning har bir vakili mas’uldir. Bu sohada, ayniqsa, farzandlari kamoliga ko‘z tikib turgan ota-ona va butun mahoratlarini o‘z kasbiga bag‘ishlagan ta’lim tizimi pedagoglaridan yuz chandon ko‘proq xushyorlik hamda ogohlik talab etiladi. Oilada, mahalla-ko‘ylarda, bilim maskanlarida, ta’lim dargohlarida yoshlarimizning yurish, turish, qiziqish va dunyoqarashlaridan ogoh bo‘lish; ularning fikrlariga quloq tutish, mulohazalarini o‘rganish; ijobiy fikrlarini, bunyodkorlik g‘oyalarini, faoliyatlaridagi yutuqlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish; fikr va mulohazalaridagi ikkilanishlarida yordamchi bo‘lish, ijobiylik va to‘g‘ri yo‘l sari yo‘naltirish; mavjud muammolarini ijtimoiy hamkorlik asosida hal etish va qayta takrorlanmasligi uchun ularning oldini olish zarur. Zero, Prezidentimizning 2019-yil 28-iyundagi “O‘smirlarning harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar va dalat xizmati uchun kadrlar zahirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida “Yuksak intellektual salohiyatga, zamonaviy fikrlash hamda dunyoqarashga ega, davlatimiz manfaatlari va suverenitetini fidokorona himoya qilishga tayyor bo‘lgan har tomonlama kamol topgan, jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk yosh avlodni tarbiyalash tizimini yaratish”da axborotlashgan jamiyatning yoshlarimiz oldiga qo‘yayotgan qator muammo va ularning yechimlarini ijobiy hal etish, zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan samarali foydalanish, kompyuter va internet tizimini qo‘llashda yuksak savodxonlikni ta’minlash, axborot xavfsizligi yuzasidan optimal natijalarga erishish va ularning samaradorligini ta’minlash barchamizning oldimizga qo‘yilgan o‘ta mas’uliyatli vazifadir.
|