YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK TARBIYASIGA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI ORQALI TA’SIR KO‘RSATUVCHI OMILLAR
Kochkarov A.K. – Nizomiy nomidagi TDPU Harbiy ta’lim fakulteti maxsus tayyorgarlik sikli boshlig‘i, katta o‘qituvchi
Bolangiz televizor qarshisida. Qanaqa ko‘rsatuv, qanaqa film yoki klipni tomosha qilyapti? Kuzatganmisiz, tahlil qilganmisiz? Kabel televideniyesi orqali namoyish etiladigan filmlarga yaqin-yaqindan boshlab 7+, 12+, 16+ va shu kabi yorliqchalar qo‘yib namoyish etiladigan bo‘ldi. Demak, namoyish shu yoshdan kattalarga mo‘ljallangan, degani. Demak, uni kichik yoshdagi tomoshabin ko‘rsa, ruhiyatiga yomon ta’sir etishi mumkin, degani. Ammo o‘rtaga Xitoy devori qurib bo‘lmaydi-da. Shafqatsizlik, zulm, zo‘ravonlik, qisqasi yovuzlik targ‘ib etiladigan filmlarni bolalar, o‘smirlar bemalol tomosha qilyapti. Plyuslarni qo‘yish bilan emas, bunday filmlarga moviy ekrandan joy bermaslik bilan kurashish kerak, aslida.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2018-yilning 1-yanvaridan 1-oktabriga qadar Rossiya teleekranlarida 350 dan ziyod xorij filmlari namoyish etilgan. Ularning aksariyati kishi ruhiyatida salbiy emotsiyalarni uyg‘otadigan janrlarda ekan. Ya’ni zulm, inson zotiga nisbatan nafrat, dushmanlik va hokazo. Bilib, bilmaslikka olyapsizmi, xullas farzandingizni qotillikka, yovuzlikka o‘rgatadigan “muallim” shundoqqina uyingizning to‘rida turibdi.
Bunga misollar talaygina:
2014-yilning 20-marti “RIA Novosti” shunday xabar tarqatgan: Nyu-Yorkning Bruklin tumanida avtobus ichida 14 yoshli o‘smir o‘qotar quroldan ajal urug‘ini sochgan. Nafratga duchor bo‘lgan kimsaning o‘rniga 39 yoshli Enjel Rojasni boshidan yaralagan. Jabrdiyda voqea joyida halok bo‘lgan.
2014-yili o‘qotar qurolda maktab o‘quvchisi Jeylin Frayberg tengdoshlariga qarata o‘t ochgan. So‘ngra o‘zini o‘zi otib o‘ldirgan. Internet orqali bu xabarni o‘qib, etim junjikib ketdi. Fojianing sababini ham yozishibdi.
2017-yilning 5-senabrida Rossiyaning Moskva shahridagi maktabda 15 yoshli 9- sinf o‘quvchisi sinfga o‘qotar qurol va bolta olib kirgan. Uning tashqi ko‘rinishiga tanbeh bergan o‘qituvchi, ushbu o‘quvchi tomonidan o‘q uzish va bolta bilan zarba berish natijasida qattiq shikastlangan. Bundan tashqari bu holatdan qo‘rqib maktabning 3 qavatidan sakragan uch nafar o‘quvchilar ham turli jarohatlar bilan kasalxonaga keltirilgan. Ushbu o‘quvchi jinoyat sodir etgunga qadar bir yil davomida telegramm kanalidagi sahifasida maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilarini qanday usullarda o‘ldirish kerakligi to‘g‘risidagi o‘ziga xos usullarini taqdim qilib borgan. E’tiborni tortadigan yana bir holat shu davr mobaynida hech kim bu narsaga e’tibor bermaganligida.
2018-yilning 29-oktabrida AQSHning Shimoliy Karolina shtatidagi Matyus shahrida otishma yuz berdi, natijada bir o‘quvchi halok bo‘lgan. Otishmani ushbu maktab o‘quvchisi sodir etgan.
Bularga sabab o‘quvchi qotillarning tengdoshlari tomonidan kamsitilishi emish. Yana bir sabab - sinfdosh qizga muhabbati. Shu arzimagan sabablar nafrati kosasini to‘ldirib yuborganiga ishonmadim. Agar bu o‘quvchi qotillarni yosh desak, unda kattalar-chi? Halovatimni yo‘qotdim. Insoniyat qayerga qarab ketyapti? Gunoh, savob tushunchalari qadrsizlanyaptimi? Insoniy fazilatlar nahotki yovuzlik oldida mohiyati, rangini yo‘qotmoqda. Yosh vujuddagi bunchalar tajovuzkorlik qayerdan? Bilim, ziyo maskanida, ezgulik urug‘i qalblariga ekiladigan joyda qon to‘kish, ustoziga qurol o‘qtalish, odam o‘ldirish... Yo‘q, asl sabab boshqa yoqda.
Moskvada Sergey Gordeev degan o‘quvchi maktabga qurol ko‘tarib kelib, bahosini pasaytirgani uchun o‘qituvchisini otib o‘ldiradi. So‘ngra politsiyachi ham uning qurboniga aylanadi.
AQSH federal qidiruv byurosi ma’ruzasida keltirilishicha, 2000-2017-yillar oralig‘ida mamlakat hududida o‘qotar quroldan fuqarolarga qarata o‘t ochish bilan bog‘liq 160 ta ko‘ngilsiz hodisa qayd qilingan. Oqibatda 1043 kishi hayotdan ko‘z yumib, 557 nafari turli darajada yaralangan. Bunday ko‘ngilsiz hodisalarning to‘rtdan biri ta’lim muassasalarida sodir etilgan. Ha, bu do‘ppini boshdan olib qo‘yib, o‘ylaydigan jiddiy muammo.
Multfilmlarning bola ongiga jarohat yetkazishi alohida bir mavzu. “Simpsonlar” va “Griffinlar” multfilmini translyatsiya qilgani uchun ota-onalar Rossiya telekanallarini sudga berishgan. Nihoyat, kech bo‘lsa-da tushunib yetishmoqda. Tanaga yetkazilgan jarohat bitib ketishi mumkin. Lekin qalbga yetkazilgani bitmaydi-da. Ayniqsa, murg‘ak qalblarga. Hatto Rossiyada psixologlar 2x2 kanalida namoyish etiladigan multfilmlarga qarshi norozilik bildirishdi. Farzandlarni yomon yo‘llarga boshlaydi, degan xulosaga kelishdi.
Internetda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra Yaponiyada “Pokemon” multfilmining 38-qismini tomosha qilganidan so‘ng 500 nafardan ziyod bola tutqanoq belgilari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Bola ongini jarohatlovchi axborotlarning ta’sirini anglayapsizmi? Ko‘zga ko‘rinmaydigan yovning kuchini chamalayapsizmi?.
Olimlar zamonaviy multfilmlarning bola ongiga ta’sirini turli omillarda ko‘rsatishga urinishgan. Shulardan birinchisi rangi. Ya’ni zamonaviy multseriallar va multfilmlarning deyarli barchasi yorqin bo‘yoqlarda ishlangan. Bular shunchalar rang-barangki, har doim ham bir-biriga muvofiq kelavermaydi. Bu esa bola agressivligi ortishiga olib kelarkan.
Ikkinchi omil-tovush. Hozirgi multfilmlar kutilmagan tovush va shovqinlarga shunchalar boyki, bu bolaning cho‘chishiga, bora-bora ularda qo‘rquv paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Navbatdagi omil syujet bilan bog‘liq. Zamonaviy multfilmlarning aksariyatida syujetlarda chalkashliklar shunchalar ko‘pki, katta odam ham ba’zan aks ettirilayotgan voqealarni tushunmay angrayib qoladi. Bolada esa bunday holatlar jahl chiqishi, asabiylashishga sabab bo‘ladi.
To‘rtinchi omil salbiy qahramonlarning jazosiz qolib ketishi, nimani xohlasa shuni qilishi bilan bog‘liq. Bola ruhiyatida ham ko‘ngil tusagan ishni qilish mumkin ekan, bu uchun hech qanday jazo yo‘q, degan tushuncha paydo bo‘ladi.
Beshinchisi, multqahramonlarning turli tryuklari. Ya’ni sakrash, parvoz qilish, mushtlashish va hokazo. Bolada ham bu harakatlarni bajarib ko‘rish istagi paydo bo‘ladi. Axir, qahramonlar tegirmondan butun chiqyapti-ku. Demak bola xavfli tryuklarni bajarib, hech qanday jarohat olmayman, degan fikrga boradi.
2019-yilning 15-marti. Yangi Zellandiyaning Kreys cherch shahri masjidi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra masjidda otishma bo‘lgan. Bu otishmani 28 yoshli Avstraliya fuqarosi Brenton Tarron amalga oshirdi. Otishma natijasida 49 ta musulmon otib jabrlangan. Ulardan 27 kishi halok bo‘lgan va 30 ga yaqini og‘ir ahvolda kasalxonalarga joylashtirilgan. Eng achinarlisi insoniylik qalbini yo‘qotgan bu qotil 17 daqiqa davomida amalga oshirgan xudbinligini ijtimoiy tarmoqda translyatsiya qilib borgan. Qotillik qahramoni Tarron ham bola bo‘lgan, keyin ulg‘aygan. Kim biladi, balki u ham har xil tryukli mantiqsiz multfilmlarni sevib ko‘rgandir.
Bundan tashqari, deyarli barcha telekanallarda namoyish etilayotgan “sevgi afsonalari”, ya’ni ochiqdan – ochiq erkak va ayolning jinsiy sarguzashtlari. Sir emaski, bu illat bizning telekanallarda ham paydo bo‘layotgani tashvishli holat. Xohlaymizmi, yo‘qmi biz bolani sutkani 24 soatida zangori ekran iskanjasidan himoya qila olmaymiz.
Yoshlarga hayotda boshqacha bo‘lishini tushuntirishga to‘g‘ri keladi. O‘ylaymanki, farzand qalbi, ongini bugun himoya qilishimiz lozim bo‘lgan salbiy axborotlarning ayrimlaridan voqif bo‘ldingiz.
|