MAZMUNI VA MOHIYATI
Mamarizayev E. Yu.– Nizomiy nomidagi TDPU Harbiy ta’lim fakulteti Umumqo‘shin tayyorgarlik sikl boshlig‘i, podpolkovnik
Globallashuv sari borayotgan hozirgi dunyoda davlatning xalqaro raqobat jarayoni shartlariga tez moslashuvi uning muvaffaqiyatli va barqaror rivojlanishining asosiy omili hisoblanadi. Bunda yuksak taraqqiy etgan davlatlarning asosiy ustunligi - shaxsni rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligi, ta’lim tizimining tarbiyaviy yo‘g‘rilganligi holatiga, jamiyat a’zolarida vatanparvarlik, ma’naviy madaniyat, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘ularining shakllantirilganligida, mafkuraviy immunitet hosil qilinganligida o‘z ifodasini topadi
Milliy ma’naviyatimizni tiklash borasida olib borilgan, davom etayotgan ishlar, xalq ta’limining tubdan isloh qilinayotgani O‘zbekistonda vatanparvar, ijtimoiy faol, ma’naviyati yetuk shaxslarni tarbiyalash, xalq xo‘jaligi, boshqaruv idoralari, fan-texnika va madaniyatning barcha sohalari uchun etuk mutaxassislar tayyorlash imkoniyatining vujudga kelishi bilan belgilanadi
Bugungi kunda mamlakatimizda ma’naviy jihatdan barkamol insonni tarbiyalash, ta’lim va maorif tizimini takomillashtirish, milliy istiqlol g‘oyasi asosida ma’naviy va ruhiy jihatdan yangi avlodni voyaga yetkazish, o‘z Vataniga, el-u yurtiga sadoqatli fuqarolarni tarbiyalash ijtimoiy zarurat sifatida qaralmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz” nomli asarida ta’kidlaganidek, milliy g‘oya va istiqlol mafkurasi yurtimizda yashayotgan barcha kishilarning ma’naviy boyligiga, dunyoqarashining negiziga aylanishiga erishish biz uchun eng asosiy maqsaddir1.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevraldagi 140-son qarori asosida shakllantirilgan “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash” Konsepsiyasida milliy armiyamizga jismonan baquvvat va ma’nan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchani hamda bu boradagi nazariy-amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash; yoshlarda yon-atrofimiz va jahonda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish ko‘nikmalarini, turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish; har qanday murakkab vaziyatlarda tezkor va mustaqil qaror qabul qilish, zamonaviy harbiy-texnika vositalaridan samarali foydalanish malakasiga ega yoshlarni tarbiyalash zarurati alohida ta’kidlanadi2. Binobarin, O‘zbekiston manfaatlarini nafaqat harbiy sohada, balki hayotning barcha jabhalarida himoya qilishga tayyor turish, yurt uchun fidoyi bo‘lish – bu bugungi kun talabi ekanini hayotiy misollar va ta’sirchan vositalar orqali yoshlar ongiga singdirib borish muhim ahamiyatga ega.
Joylarda, avvalambor chekka hududlarda istiqomat qilayotgan ko‘p sonli yoshlarning o‘z iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun keng sharoitlar yaratish, ularni turli zararli illat va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish kabi muhim vazifalarni hal etishda “Yoshlar ittifoqi” yoshlar ijtimoiy harakati O‘zbekiston yoshlarini buyuk maqsadlar sari birlashtiradigan va safarbar etadigan ommaviy harakatga aylandi. Shu sababli, mazkur sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bog‘liq bir qator yangi va muhim vazifalarni belgilab berganini alohida qayd etish joiz.
Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish maqsadida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrash; demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega tashabbuskor, shijoatli, el-yurt manfaati yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, bilim va salohiyatini safarbar qiladigan, mamlakat istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yoshlar safini kengaytirish; yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, tashabbuslarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashish; yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va oila muqaddasligi g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, erta turmush qurish va yosh oilalar ajralishining oldini olishga qaratilgan samarali tadbirlarni amalga oshirish; yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish kabilar alohida e’tirof etilgan.
Ma’lumki, Vatanni himoya qilishda davlat funksiyalarining asosiy mazmuni-bu agressiya holatida qurolli himoya va tinchlik vaqtida har qanday agressiyaga zarbani berishni kafolatlovchi Qurolli Kuchlarni doimiy jangovor tayyorgarlikda ushlab turishdir. Shundan kelib chiqadiki, davlat mexanizmini ajralmas bo‘lagi bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga mamlakat mudofaasini ta’minlash javobgarligi topshiriladi. Demak, mamlakatimiz yoshlarining katta qismi bo‘lgan talabalarda “Harbiy chaqiriqqacha tayyorlov” o‘quv predmetlarini o‘qitish mobaynida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etadigan, xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, halol va fidoyi yoshlarni tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Shu bilan birga yoshlarning ilmiy va badiiy kitoblar, jumladan, elektron asarlarni o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, huquqiy, ekologik, tibbiy va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali ularda turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat” va boshqa yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish yetakchi vazifalar qatoridan o‘rin egallaydi. Talabalar ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va bu xislatlarning rivojlanganlik darajasini muntazam tahlil qilib borish zarurati mavjudligini qayd etish joizdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 125-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini yaratish va umumiy harbiy munosabatlarni o‘rnatish maqsadlari aniq ko‘rsatilgan bo‘lib, unda o‘zbek xalqining, mamlakat suvertnitetining va hududiy yaxlitligini himoya qilish muhimligi qayd etilgan 1.
Qurolli Kuchlar bilan bir qatorda Vatanni himoya qilish funksiyalarini boshqa davlat organlari ham bajarmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Mudofaa to‘grisida”gi qonunning 1-moddasida ko‘rsatilgandek, davlat mamlakatga xavfsizlik va mudofaani ta’minlaydi, respublika va xalqning tinch hayotini himoyasini qurolli Kuchlar ta’minlaydi. Ma’lumki, mamlakatning mudofaa qudrati o‘suvchan birlikda olingan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ma’naviy-siyosiy va harbiy potensialiga asoslangan bo‘lib, Davlat boshqaruv va hukumat organlarining vakolatlari, Davlat, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning burchlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ko‘rsatilgan Oliy Majlis va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari asosida amalga oshiriladi. Buning asosida siyosiy, iqtisodiy harbiy hukmronlikning birlik prinsipi yotadi. Bu organlarning vakolatlariga mamlakat xavfsizligini ta’minlash va mudofaa qudratini oshirish, uning mudofaa potensialini rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasida harbiy qurilishning muhim yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha masalalarni ko‘rib chiqish va yechish kiradi2. Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasi davlat hukumatining yuqori organi sifatida shu xususida Vatanni himoya qilish masalalari bo‘yicha ham katta vakolatlarga ega.
|