Pedagogik kvalimetriyaning fan sifatidagi asosiy vazifalari:
Kadrlar tayorlash milliy dasturi, Davlat dasturlari, Prezident farmoni va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan vazifalarning bajarilishini nazorat qilish;
Professor-o‘qituvchilarning pedagogik faoliyati, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlari, o‘qitiladigan kurslarning moddiy-texnik,o‘quv-metodik majmualarining sifatini aniqlash;
Fanlar bo‘yicha talabalarning DTS bilan me’yorlangan bilim, ko‘nikma, malakalarni o‘zlashtirish, kompetensiyalarni tarkib topganlik darajasi va sifatini aniqlash.
Shu bilan bir qatorda professor-o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya jarayonida talabalarning o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma, malakalari va kompetensiyalarini nazorat qilish va baholashda kvalimetriyaning asosiy metodlaridan biri, test topshiriqlaridan foydalanish, standart va nostandart test topshiriqlarini tuza olishi, test o‘tkazish jarayonining metodikasi, olingan natijalarni ekspertizadan o‘tkazish, yakuniy natijalarni umumlashtirish, pedagogning kasbiy-pedagogik modelini tuzish va modelning har bir tarkibiy qismining egallanganlik darajasini aniqlash, talabalarning umumiy va kasbiy layoqatini aniqlash metodikasi, talabalar tomonidan bilimlarni egallaganlik va tarbiyalanganlik darajasini aniqlash va pedagogik xulosa yasash malakasini egallagan bo‘lishi zarur.
Xo‘sh, ayrim professor-o‘qituvchilar tomonidan ishlab chiqilgan testlar pedagogik kvalimetriya fanining talablariga javob beradimi?
Ta’lim-tarbiya jarayonida foydalaniladigan test topshirig‘i to‘rtqiyinlik darajasi asosida tuzilishi va har bir topshiriqning qiyinlikdarajasi topshiriq pasportida ko‘rsatilishi kerak:
Oson (reproduktiv) (I) – talabalar tomonidan o‘quv materiali qayta ishlanmasdan, ularning xotirlash qobiliyatini aniqlovchi, hodisa,voqea, qonun va atamalarning mohiyatini bilishni talab qiladigan daraja;
O‘rtacha qiyin (produktiv) (II) – talabalardan obyektlarni tahlil qilish, sintezlash, taqqoslash, bir nechta qonun va qonuniyatlarni bir vaqtda qo‘llab, umumlashtirish orqali xulosa yasashni talab qiluvchidaraja;
Qiyin (qisman-izlanishli) (III) – talabalar tomonidan avval o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarni yangi kutilmagan vaziyatlarda qo‘llash, obyektlarni tahlil qilish, sintezlash, qiyosiy taqqoslash, qonun va qonuniyatlarni qo‘llab, umumlashtirish orqali xulosa yasashni talab qiluvchi daraja;
Eng qiyin (kreativ) (IV) – talabalar tomonidan avval o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarni kutilmagan vaziyatlarda vujudga keltirilgan o‘quv muammolarni hal etishda qo‘llash, tahlil, sintezlash, qiyosiy taqqoslash, umumlashtirish, xulosa yasash kabi aqliy operatsiyalarni bajarishni talab qiluvchi daraja.
Test topshirig‘ining savoli aniq, lo‘nda, qisqa ifodalanganbo‘lishi, unda zaruriy muhim ma’lumotlar keltirilishi, keraksiz,ortiqcha so‘zlarni ishlatmaslik, shuningdek, savol ikki xil ma’noni anglatmasligi kerak.
Standart test topshirig‘ining javobi to‘rtta bo‘lib, ulardan bittasi mutlaq to‘g‘ri bo‘lishi, muqobil javoblar orasida “javoblarningbarchasi to‘g‘ri”, “javoblarning barchasi noto‘g‘ri”, “to‘g‘ri javob yo‘q”,“to‘g‘ri javob A va V” yoki “to‘g‘ri javob S va D” kabi iboralar ishlatilmasligi kerak.
Test topshirig‘ining javoblari ham, noto‘g‘ri javoblari ham bitta mavzu doirasida bo‘lishi, shakl jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lishi,to‘g‘ri javob shaklan ajralib turmasligi, muqobil javoblar variantlarida so‘zlarni keraksiz takrorlamaslik, shuningdek, tushunarli,aniq va qisqa bo‘lishi, asosli ravishda tanlanishi talab etiladi.
Test topshirig‘i savolida to‘g‘ri javobni topishga yordam beruvchi so‘z va iboralar ishlatilmasligi, orfografik va grammatik xatolarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.
|