Yuldashev A. M. – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida e’tirof etilganidek, jamiyatning demokratiya yo‘lidan jadal rivojlanishi va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati, ko‘p jihatdan, o‘sib kelayotgan yosh avlodning huquqiy ong va huquqiy madaniyat darajasiga bog‘liq. Chunki huquqiy ong va madaniyat – demokratik jamiyat poydevori va huquqiy tizimning yetuk ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shu bois yurtimizda huquqiy ta’lim hamda ma’rifatni, shuningdek, jamiyatda huquqiy bilimlar targ‘ibotini yaxshilash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Respublikamizdagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litsey o‘quvchilarida huquqiy tarbiyani shakllantirish va takomillashtirish ko‘p jihatdan fan o‘qituvchilarining o‘z pedagogik faoliyatlariga yanada jiddiy yondashgan holda o‘quv fanlariga oid nazariy va amaliy bilimlarni ilg‘or pedagogik usullar asosida o‘qitish zaruratini hayotiy ehtiyojning o‘zi taqozo etmoqda. Bu o‘rinda yangi pedagogik texnologiyalar vositasida o‘quvchilar ongida huquqiy tarbiya va huquqiy madaniyat asoslarini motivlashtirish, ya’ni huquqiy savodxonlikni ichki ehtiyojga aylantirish orqali motivatsiyani shakllantirish haqida so‘z ketmoqda. Katta hayot bo‘sag‘asida o‘z yo‘l va o‘rinlarini topmoqchi bo‘lgan yuzlab, minglab akademik litseyni bitiruvchi yoshlarimiz ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy munosabatlarning qay biriga qo‘l urmasin, albatta, hayotda huquqiy savodxonlik ehtiyojiga duch keladilar. Huquqiy savodxonlikni yuksaltirish esa, avvalo jamiyatimizdagi insonlarning, shu qatorda o‘sib kelayotgan yosh avlodning huquqiy ongi, joriy va amal qilinayotgan qonunlarni bilishi, eng muhimi, ularga amal qilish darajasi bilan o‘lchanadi. Huquqiy tarbiya o‘z mazmuniga ko‘ra huquqshunoslik mohiyati, mavjud qonunlarning tamoyil va me’yorlariga mos qarashlar, huquqiy tafakkur va xulqni shaklantirish jarayoni, ya’ni tarbiyalanuvchilarda huquqiy qarashlarni shakllantirish demakdir. Respublikamizdagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylar o‘quvchilarida davlatimiz tomonidan qabul qilingan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi”ning yangi tahrirdagi loyihasi asosida malaka hosil qilish uchun pedagogik jamoa ularda huquqiy tarbiya ko‘nikmalarini shakllantirishi va rivojlantirishi zurur. Huquqiy tarbiya sohasida ko‘nikma va malaka hosil qilgan o‘quvchilar kelajakda jamiyatdagi o‘z o‘rnini tez va qulay topa oladi, chunki ularning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy faoliyat hamda munosabatlaridagi mavjud qonunchilikka amal qilishlari, jamiyatdagi qonun ustuvorligiga ijobiy yodashuvlari, fuqaro sifatida qonunlar bilan kafolatlangan huquq va erkinliklaridan foydalanishgina emas, balki davlat va jamiyat oldidagi majburiyatlari yuzasidan mas’uliyat his qilishlari ham yuqori bo‘ladi. Huquqiy tarbiya o‘z o‘rnida huquqiy ong va huquqiy madaniyatning yuksalishiga zamin yaratib, qonunchilik sohasida ijodiylikka keng yo‘l ochadi. Hech kimga sir emas, jamiyat taraqqiy etishi bilan undagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida qonunlarni mukammallashtirishga ehtiyoj ortib boraveradi. Bu borada jahon hamjamiyatidagi eng rivojlanagan demokratik davlatlarda ham qonun ijodkorligi bir ozga bo‘lsa ham to‘xtab qolgan emas. Demak, bugungi unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida huquqiy tarbiya va madaniyatni shakllantirish – kelajakda qonun va qonunosti hujjatlarimizning huquqiy jihatdan takomillashuviga asos bo‘ladi.
Respublikamizdagi “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylar o‘quv jarayonida o‘qitilayotgan davlat va huquq asoslari fanini o‘zlashtirishda bevosita huquqiy bilim asoslari yetakchi hisoblanadi. Shu o‘rinda huquqiy tarbiyaning samaradorligini ta’minlash maqsadida, yuqorida tilga olingan o‘quv fanini o‘qitishda o‘quvchilarda motivatsiya – huquqiy tarbiya zaruratini ichki ehtiyojga aylantirish va huquqiy bilim sohasida muayyan bilim, ko‘nikma hamda malakalarni shakllantirish zarur. Shuningdek, ta’lim jarayonida o‘qitiladigan barcha umumta’lim va sohaga yo‘naltirilgan fanlarni ham huquqiy mazmun bilan boyitgan holda, fanlarga oid qonuniy asoslarni izohlab o‘zlashtirish huquqiy tarbiya sohasida optimal va yuqori samaradorlik natijalarni ta’minlaydi. Bu sohada fanlararo bog‘lanish va ilg‘or pedagogik texnologiyalarga asoslangan binar darslarni tashkil etish yaxshi natija beradi. Aytaylik, ona tili va adabiyot, rus tili, o‘zbek tili fanlarini o‘qitishda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni va uning mazmun-mohiyatini mavzudan kelib chiqqan holda yoritish hamda fanga bog‘lab o‘qitish; biologiya yoki geografiya darslarida o‘qitishni ekologiya huquqi asoslari bilan izohlash; maishiy zo‘ravonlik maxsus kursini o‘qitishda oila va oilaviy munosabatlarning huquqiy asoslarini sharhlab o‘tish shular jumlasidandir. U yoki bu o‘quv fani asoslarini o‘zlashtirishda o‘quvchilarga mustaqil ish va izlanish orqali ma’lumot yig‘ish hamda mavzuga oldindan tayyorgarlik ko‘rish vositasida yechimini topayotgan masalaning huquqiy tomonini yoritib berish; loyihaviy ta’lim usulini qo‘llashda huquqiy asoslarga alohida urg‘u berish; keys-stadi va kichik guruhlar bilan ishlash metodida huquqiy savodxonlik va qonunchilikni mustahkamlashga qaratilgan muammoli vaziyatlarni yuzaga keltirish; intellektual qobiliyatni yuzaga chiqarishga qaratilgan ta’lim usullari vositasida huquqiy ijodkorlik tamoyillariga oid savollarni o‘rtaga tashlash bilan munozara darslarida o‘quvchilarni qonunchilik ijodkorligiga yo‘naltirish kabi pedagogik mahoratlarni amalda qo‘llash ta’lim va huquqiy tarbiyaning integratsiyalashuviga keng yo‘l ochadi. Yangi pedagogik metodlarni puxta o‘zlashtirish hamda “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylarning ta’lim jarayonida o‘qitilayotgan barcha fanlarni huquqiy tarbiya bilan yaqinlashtirish avvalo fan o‘qituvchilarimizdan yuksak huquqiy savodxonlikni talab etadi. Bu sohada pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash ta’lim muassasalarining xizmati alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Huquqiy tarbiya asoslarini mustahkamlashdagi yana bir harakat bu “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylarida huquqiy targ‘ibot hamda ma’rifat ishlarini yuritish, qonunchilikni ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni faollashtirishdir. Huquqiy targ‘ibotga yo‘naltirilgan tadbirlarda o‘quvchi yoshlarning faol ishtirok etishi kelajakda mamlakatimiz aholisining huquqiy ongi va madaniyatini oshishiga xizmat qiladi. O‘quvchi yoshlar faolligida “Siz qonunni bilasizmi?”, “Qonun ustivorligi”, “Konstitutsiyamiz – baxtimiz poydevori” kabi ko‘rik tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, harbiy prokuratura vakillari bilan hamkorlikda davra suhbati va munozara tarzidagi uchrashuvlarni tashkil etish, o‘zbek, rus, chet tili o‘qituvchilari ishtiroki va ma’naviyat bo‘limi boshchiligida “Konstitutsiyamiz – kelajagimiz kafolati”, “Mening huquq va majburiyatlarim”, “Qonun ustuvorligi deganda nimani tushunaman?”, “Huquqiy davlat poydevori” kabi mavzularda ijodiy ishlar tanlovini yo‘lga qo‘yish hamda bu yo‘nalishda o‘quvchilar faoliyatini ijobiy baholash va rag‘batlantirish zarur. Yosh avlodning huquqiy savodsizligi oqibatida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarning yechimi o‘qitish jarayonida ta’lim va huquqiy tarbiyaning hamkorligida o‘z ifodasini topadi.
“Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylarida huquqiy tarbiya va huquqiy madaniyat targ‘ibotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlatning va fuqarolik jamiyatining yanada ravnaq topishi, xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida qonun ustuvorligini ta’minlanishiga zamin yaratadi. Bu sohada “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari ustoz-murabbiylaridan huquqiy bilimlarni puxta egallab, pedagogik texnologiyalarni samarali qo‘llagan holda pedagogik faoliyatga ijodiy yondashuvlari talab etiladi.
|