CHAQIRUVGA QADAR BOSHLANG‘ICH TAYYORGARLIKNING ZAMONAVIY BOSQICHDAGI DOLZARB MUAMMOLARI VA UNI RIVOJLANTIRISHNING ISTIQBOLLI YO‘LLARI
Sotvoldiyev A.– Nizomiy nomidagi TDPU Harbiy ta’lim fakulteti dotsenti
Xasanov M. – Nizomiy nomidagi TDPU Harbiy ta’lim fakulteti sikl boshlig‘i, zahiradagi podpolkovnik
Keyingi yillarda ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quv jarayonlarini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, kadrlar bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv jarayonlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2018-yil 28-noyabr kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qaror qabul qildi.
Mazkur qarorda quyidagi ilovalarga muvofiq me’yoriy hujjatlar tasdiqlandi:
–Umumiy o‘rta va maxsus ta’lim maktablari o‘quvchilarini harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qitilishining samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi;
–hududlardagi harbiy qismlar harbiy xizmatchilari bilan yangi asarlar va kitoblarning taqdimoti, kitobxonlik kechalari hamda tarix fani bo‘yicha mashg‘ulotlarni tizimli ravishda tashkil etishga mas’ul etib belgilangan umumta’lim maktablarining ro‘yxati;
–umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘quv xonalarini jihozlash konsepsiyasi;
–Mudofaa vazirligining malakali va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan ofitserlari tomonidan umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani mashg‘ulotlarining o‘tilishi bo‘yicha to‘lov-shartnomasining namunasi1.
Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan topshiriqlarni qo‘shma qarorga muvofiq Mudofaa, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamkorlikda qator ishlarni amalga oshirmoqdalar.
Harbiy ta’lim fakultetining umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlik ishlari natijalarini tahlillarga ko‘ra, ilm-fan taraqqiyoti va Qurolli kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar bilan hamohangligini ta’minlash yo‘lida qator ishlarni amalga oshrish maqsadga muvofiq deb topildi. Bunday xulosa qilishga muayyan sabablar mavjud bo‘lib, ularni quyidagicha izohlash o‘rinli bo‘ladi:
Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikka doir barcha huquqiy-me’yoriy hujjatlarni o‘zaro uyg‘unligini to‘liq ta’minlash;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarida CHQBT bo‘yicha (koordinatsion markaz) bo‘lim boshlig‘i (mutaxassis) shtatini kiritish (hozirgi kunda fan mutaxassisiga biriktirilgan).
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-dekabrdagi 348-son qaroriga ilova, Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida NIZOm talablari va Mudofaa, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari qo‘shma qarorining 1- ilovasida ko‘zda tutilgan tadbirlarning o‘zaro nomutanosib joylarini muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari Vazirliklarining “Namunaviy shtatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” gi Qaror loyihasining 4 bandida kichik maktablarda CHQBT rahbari lavozimini faqat 10-11- sinflar sonidan kelib chiqib rejalashtirilgan;
Qo‘shma qarorda kiritilgan yangi shtat birligining “O‘quvchi-yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari” lavozim vazifalari va majburiyatlarini aks ettirish.
Bundan tashqari chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quv fani dasturining yangi davr talablariga mos ravishda takomillashtirish. Dastur talablarini bajarilishida muhim omil bo‘lib hisoblanadigan tabel buyumlari ro‘yxati va ular davlatning qaysi tashkilotlari tomonidan ta’minlanishini ko‘rsatuvchi jadval ilovalari kiritish ham e’tiborga molikdir.
Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani metodik ta’minotini didaktik vositalar bilan boyitish, dastur, darslik, o‘quv qo‘llanma va metodik qo‘llanmalarni yangi adabiyotlar yaratish konsepsiyasining so‘nggi talablariga ko‘ra ta’minlash ham masalalardan biridir.
Yuqorida qayd etilgan masalalarni mantiqiy tizimlashtirish, qo‘shma qaror ijrosini to‘laqonli bajarilishiga zamin bo‘ladi.
Ma’lumki, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tabiyalashda umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanining samarali o‘qitilishi, yoshlarimizning Mudofaa Vazirligining Oliy harbiy o‘quv yurtlariga kirib ta’lim olishlarida va Qurolli Kuchlarimizda mavjud barcha harbiy xizmat turlarida harbiy xizmat qilishga hozirlik ko‘rishlarida muhim zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Chaqiruvga qadar boshlang‘ich ta’lim jarayoni harbiy kasbga e’tiqodli va qobiliyatli yoshlarimizni saralashimiz va ularga o‘z vaqtida kerakli ta’lim-tarbiya berishimiz, shuningdek, to‘g‘ri ko‘rsatma va yo‘nalishlar berishimiz uchun katta imkon deb qarash kerak.
Bugungi kunda barcha yoshlarimizning xavfsizlik va barqarorlik yo‘lida paydo bo‘layotgan tahdidlarga u yoki bu ma’noda fikr bildirishlarining o‘zi kifoya qilmaydi. 1
Yoshlarimizni mamlakatimiz hududida yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning turli ko‘rinishlari sodir bo‘lganda oqilona to‘g‘ri yo‘l tuta olishlarini, o‘zini va atrofidagilarni himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘ra bilishlari talab etiladi.2
Bu borada soha vakillari mas’uliyatni his qilishimiz chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligini o‘qitish samaradorligini oshirishning optimal yo‘l-yo‘riqlarini izlash va uning yechimini topish muammosini doimiy kun tartibiga qo‘yishimizva bunga katta mas’uliyat bilan qarashimiz kerak bo‘ladi.
Biz o‘g‘il bolalarimizni aql-farosatli, g‘ururli, botir, shuningdek, kuchli qilib ta’lim-tarbiya berishimiz uchun chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarliknieng yaxshi fursatlardan deb qarashimiz va bu vaqtni samarali o‘tkazishimiz lozim bo‘ladi.Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bizlar yoshlarni chaqiruvga qadartayyorgarligini mavsumiy ishlar sarasiga kiritmasligimiz va bu borada o‘z mas’uliyatimizni chuqur anglashimiz shart bo‘ladi.
|