Kurs ishining tarkibiy tuzilishi




Download 192 Kb.
bet3/9
Sana13.04.2022
Hajmi192 Kb.
#19653
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
kurs ishi namuna — копия
1-SINF Musiqa, Kompyuter Tarmoqlari fanidan Amirov Bekzodning
Kurs ishining tarkibiy tuzilishi. Ushbu kurs ishi kirish, ikki bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iborat.


I.BOB. Zulfiya she’riyatining o’ziga xosligi
1.1. Zulfiya ijodiyotining badiiy-estetik xususiyatlari
Mevaning toti u yetishgan ogʻochga qanchalik bogʻliq boʻlsa, ijodkorning bitganlari uning shaxsiyatiga ham shunchalik aloqadordir. Sobiq shoʻro davridagi ijodkorlar orasida Zulfiya sheʼriyati shu jihatdan, ayniqsa, ajralib turadi. Uning nozik chizgilar, goʻzal tashbihlar bilan bir vaqtda “inson ruhiyatini gʻajib tashlay oladigan” ayriliqdan tugʻilgan tiyiqsiz iztirob, taqdirning notantiligiga poʻrtanavor isyon aks etgan lirikasi shoira shaxsiyati va ruhiyatidagi inja manzaralardir, deyish mumkin.
Zulfiya ijodida hijron, sadoqat toʻgʻrisidagi sheʼrlar salmoqli oʻrin egallaydi. Bu – tabiiy hol. Negaki, u oʻzining ikki kishi uchun yashalgan uzoq umri davomida ayriliqning ellik ikki yillik yoʻlini bosib oʻtib, hijron kuychisi va sadoqat timsoliga aylandi. Shoiraning nihoyasiz ayriliqning hasratlari aks etgan sheʼrlarida badbinlik, umidsizlik, noshukurlik, soʻngsiz qaygʻuga asirlik tuygʻulari yoʻq. Uning hijronzada sheʼrlarida suyguvchi, suygani bois ayriliqdan qattiq kuyguvchi, ammo hayotdagi yorugʻliklarni koʻra olguvchi va koʻrganiga shukronalik qilguvchi shokira ayol sezimlari aks etgan.
Zulfiyaning mashhur “Bahor keldi seni soʻroqlab” asarida uning hijron mavzusidagi barcha boshqa sheʼrlaridagi kabi kuchli dard, chegarasiz hijron aks etgan. Ulkan insoniy alam, oʻkinchning sheʼrga yoʻgʻrilgan samimiy ifodasi sheʼrxonning koʻnglini titratadi. Chunki titragan koʻngilning manzarasi oʻqirman ruhiyati va hissiyotini ham titratishi tayin. Sheʼrda ifoda etilgan shoira, bahor, yel timsollarining bari sogʻinch dardiga mubtalo. Ularning uchalasi ham oʻrik gullariga maftun boʻlib, bahor yellarini “baxtim bormi deya” soʻroqqa tutgan, shoiranida, bahornida, yelnida yaxshi koʻrgan jingala sochli xayolchan yigit Hamid Olimjonni birday sogʻinishgan. Bu dard uch qaygʻukashni bir-biriga yaqinlashtiradi, ularni bir-birini suyashga, bir-birini tuyishga undaydi.
Birinchi toʻrtlik mazmun-mohiyati bilan sheʼrga kirish vazifasini oʻtaydi. Lirik qahramonning atrofidagi hamma narsa bahor qaytib kelganidan darak beradi. Tabiat marhamatli, unda fasllar aylanib kelaveradi. Koʻklam goʻzalligiga burkangan olam – toʻkis. Unda bultur bor boʻlgan narsalarning deyarli barchasi bu yil ham mavjud. Lekin lirik qahramon, bahorning oʻzi va sarin yel uchun olam toʻkis emas. Ular kimnidir qoʻmsaydi, qidiradi, topgisi keladi.
Sheʼrning ikkinchi bandida lirik qahramon izlayotgan odamining tabiati qandayligini tuydirishga diqqat qaratiladi:
Qancha sevar eding, bagʻrim, bahorni,
Oʻrik gullarining eding maftuni.
Har uygʻongan kurtak hayot bergan kabi
Koʻzlaringga surtib oʻparding uni.
Oʻqirman koʻklamni yaxshi koʻrgan, oʻrik gullariga maftun boʻlib, shaʼniga sheʼrlar bitgan, bahorda uygʻongan har bir kurtak goʻyo unga hayot berganday koʻzlariga surtib oʻpadigan odamning tabiati, hissiyot olamini sezganday boʻladi. Bahorning uni izlab sarsari kezishini ham bu shaxsning qandayligini koʻrsatuvchi belgi deyish mumkin. Sheʼrda bahorning holati: “Qishning yoqasidan tutib soʻradi seni, Ul ham yosh toʻkdi-yu chekildi nari” misralari orqali berilishi koʻklamga muhabbat qoʻyib, uni ham oʻziga shaydo qilgan shaxs tabiati haqida muayyan tasavvur uygʻotadi. Bahorning qish yoqasidan tutishi shoira koʻngil holatini ifodalashi bilan birga yaralish fasli koʻklamning yoʻqotish fasli qishga munosabatini ham aks ettiradi. Olamni ramziy idrok etishga odatlangan xalqimizning badiiy tajribasi bu oʻrinda “qish” timsoli oʻlim ramzi sifatida kelayotganligini anglatadi. Qishning bahor bergan haq savolga javob topolmay koʻz yoshi toʻkishi, nari chekinishi bilan lirik qahramonning koʻklam yeli soʻroqlari qoshida lol qolishi holatidagi uygʻunlik tasviri sheʼrxonni oʻziga rom etadi. Oʻqirman oʻz husnu koʻrkini koʻrsatmoqchi boʻlib shoir yigitni bogʻlardan, yashil qirgʻoqlardan qidirgan shabbodaning uni topolmagach, qahr bilan boʻronga aylanib jarliklarga bosh olib ketishi, alamdan togʻlarning toshini soylarga qulatishi tasvirini tabiiy qabul qiladi. Sezgir oʻqirman lirik qahramonning yanoqlari zaʼfaronligi sabablari toʻgʻrisida ham oʻyga toladi.
Sheʼrda lirik qahramon yotogʻiga kirib, uni savolga tutgan tong yelining dardi insonning dardi kabi samimiy va chin tasvirlangan. Bu misralar bilan tanishayotgan oʻqirman tomogʻiga yigʻi tiqilganday boʻladi. Lirik qahramon, yel va bahorning sheʼrda aks etgan qaygʻuzada holatlarini tuyish sheʼrxon hissiyotini junbushga keltiradi. Sheʼrning kuchi ham odamni ana shu holatga sola bilganida:
Qani oʻsha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun koʻzingda yosh, turib qolding lol?
Nechun qora libos, sochlaringda oq?
Nechun bu koʻklamda sen parishonhol?
Yelning sogʻinch va alam toʻla bu savollari qarshisida lol qolgan, oʻttizga ham kirmay sochlariga oq oralagan, qora libos kiygan parishonhol maʼshuqa ne qilarini bilmay, uning etagidan tutib, u bilan birga qabristonga – oshiq yoniga ketadi. Yelning alam zoʻridan aftoda kezib, ogʻochlarning hali uygʻonmagan kurtaklariga gʻamnok soʻzlashi, hali ochilmagan gʻunchalar bagʻrini chok-chok etishi holati tasviri katta taʼsir kuchiga ega. Sheʼrda tabiat hodisalari bilan shoira dardining mohirona uygʻunlashuvi inson ham, tabiat ham taqdir irodasi oldida ojiz ekanini koʻrsatadi. Koʻklam ham, yel ham maʼshuqa singari bu yoʻqotishga koʻnishga majbur. Ular koʻnmay ilojlari yoʻqligini bilishadi, ammo ayriliqqa koʻnikish ham qoʻllaridan kelmaydi. Tirik jonki bor hayotning azaliy qonunlari bilan hisoblashishga majbur. Ana shu majburiyat sheʼr qahramonini yashashga mahkum etadi. Qolaversa, shoira suyuklisining hayotini davom ettirish, joʻshqin ovozini soʻndirmaslik uchun ham yashashi kerak. Sheʼrning soʻnggi bandidagi: “Hijroning qalbimda, sozing qoʻlimda, Hayotni kuylayman, chekinar alam. Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda, Men hayot ekanman, hayotsan sen ham” misralarida aks etgan nekbin samimiyat, ikki kishi uchun yashash masʼuliyatini zimmasiga olgan lirik qahramonning qatʼiy ishonchi oʻqirman koʻnglida chuqur iz qoldiradi. Soʻnggi bandning ifoda tarziga eʼtibor qilgan sheʼrxon shoiraning qator badiiy kashfiyotini sezadi. Chunonchi, misralarda “h” tovushining toʻrt bor qaytarilgani, “t” bilan boshlanadigan ikki soʻzning yonma-yon keltirilgani, “qalbimda”, “qoʻlimda”, “yodimda” soʻzlarining musiqiy ohangdoshligidan mohirona foydalanish sheʼrning taʼsir darajasini oshirib, uni hijron lirikasining yuksak namunalaridan biriga aylantirgan.
Shoiraning ayriliq ifodasi boʻlmish yana bir sheʼri “Koʻrganmiding koʻzlarimda yosh” deb ataladi. Sheʼrning birinchi bandida gul berishning ikki shakli tasvir etilgan. Oldin oshiq lirik qahramon – maʼshuqaga gul keltirgan boʻlsa, oʻlim ularning oʻrnini almashtiradi. Lirik qahramonning: “Endi har chogʻ men eltaman gul”, – degan hasrati sababi shunda.
Zulfiyaning hijron lirikasida unga hamisha tabiat hamdard. Bu holat sheʼrning ikkinchi bandida yaqqol aks etgan:
Keldim. Uzoq qoldim men sokin,
Sening aziz boshingda yolgʻiz.
Osmon tiniq edi va, lokin
Parcha bulut yetib keldi tez.
Osmon tiniq boʻlishiga qaramay, yoʻq yerdan parcha bulutning yetib kelishi, lirik qahramonning koʻzlarida yosh koʻrib, uning iztiroblariga bardosh qilolmay, duv-duv yosh toʻkishi tasvirining taʼsir darajasi, samimiyligi, haqqoniyligi, hayotiy asosi sheʼrxonni oʻyga toldiradi.
Sheʼrning soʻnggi bandidagi dastlabki ikki misra oʻqilganda, ikki munglugʻ jonning holatidan oʻqirman yuragida ham ismsiz bir ogʻriq paydo boʻlib, koʻzga yosh qalqitadi. Bu misralar oʻqirman koʻnglida qani edi, shoira izlayotgan odam: “Keldingmi?” – deb yotgan joyidan bosh koʻtara qolsa, degan istakni uygʻotadi. Sheʼrxonda ana shunday tuygʻuni paydo qilishning oʻzi shoir uchun eng yuksak natijaga erishmoqdir. Asl intim lirika namunasigina shunday quvvatga ega boʻladi. Odam oʻzganing emas, oʻzining tuygʻulari tasvirini bergandagina samimiy boʻla oladi. Zero, sinchkov adabiyotshunos Fayzulla Salay qayd etganidek, intim lirika:”… samimiy doʻstlik, muhabbat, vafo va sadoqatni tarannum etuvchi lirik asarlardir. Intim lirika paydo boʻlishi jihatdan gʻoyat qadimiydir. Negaki, ilk sanʼat asarlarida kishilararo munosabatlar yetakchi oʻrin tutganligiga shubha yoʻq… Dil rozi, muhabbat izhori, hijron dardi, visol quvonchi barcha xalqlar sheʼriyatining doimiy motivlaridan sanaladi”.

Download 192 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Download 192 Kb.