-rasm. Shahar transport oqimi harakatini boshqarish tizimining ierarxik tuzilishi




Download 30,17 Mb.
bet28/72
Sana26.05.2024
Hajmi30,17 Mb.
#254273
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   72
Bog'liq
MAJMUA intelektual boshqarish (Восстановлен)

-rasm. Shahar transport oqimi harakatini boshqarish tizimining ierarxik tuzilishi
O'zining nazorat qilish tartib-qoidalari nuqtai nazaridan, bu darajada, eng oddiy holatda, hududda joylashgan svetofor ob'ektlarini vaqtincha boshqarish qo'llaniladi, ammo bu transport oqimining bir lahzali holatiga javob bermaydi. Shuning uchun zamonaviy telematik tizimlarda transportga bog'liq boshqaruv va moslashuvchan boshqaruv usullari ko'proq qo'llaniladi.
Boshqaruv nuqtai nazaridan transport uzellarining konfiguratsiyasi ham fundamental ahamiyatga ega. Nisbatan oddiy holat - bu chiziqdagi uzellarning joylashishi, buning uchun boshqarish algoritmlarini topish nisbatan oson, chunki optimallashtirish faqat avtomobil klasterlarining bir yoki ikkala yo'nalishda tarqalishiga tegishli. Shahar aglomeratsiyasi uchun odatiy bo'lgan maydonda joylashgan uzellari bo'lgan transport vositalarini boshqarish yanada qiyinroq.
Bunday holda, TRANSYT usuli kabi nisbatan murakkab optimallashtirish protseduralarini tanlanishi kerak, ular tarmoqdagi transport vositalarining ko'p yo'nalishli trafigini ushlab turishga qodir. Shuning uchun, topologik maydon uzellarning joylashuvi bo'yicha yana bo'linadi:
– tekis konfiguratsiyaga ega maydonda;
- chiziqli (arterial) konfiguratsiyaga ega bo'lgan maydon.
Uchinchi daraja. Transport kompleksi boshqaruv ierarxiyasining eng yuqori darajasidir. Odatda u bir nechta sohalarni o'z ichiga oladi.
Uchinchi darajada alohida mintaqaviy markaziy boshqaruv punktlari (svetofor ob’ektlari, tunnellar, to'xtash joylari va boshqalar) birlashtirilgan. Hozirgi vaqtda kompleksni boshqarish tizimini loyihalashda transport oqimini boshqarishning yaxlit tizimi (Integrated Traffic Management - ITM) tushunchasini joriy etish zarur.
Shuningdek, yagona arxitekturani yaratish va barcha tizimlarning o'zaro ta'sirini ta'minlash juda muhimdir. Telematik boshqaruv tizimi har qanday axborotni istalgan vaqtda va tarmoqning istalgan joyidan olish mumkinligi bilan tavsiflanadi.
Ushbu darajada boshqaruv tizimlari transport tirbandliklari bo’lganda yoki favqulodda vaziyatlarda, shuningdek, televizion tizimlarni kuzatishda foydalaniladi. Odatda tizimlar dispetcherning qo'lda aralashuvi imkoniyati bilan avtomatik rejimda ishlaydi. Favqulodda vaziyatlarni boshqarishda ekspert tizimlari favqulodda vaziyatlar sodir bo’lganda muammolarni avtomatik ravishda hal qilishga katta yordam yordam beradi
Kompleks nafaqat shahar aglomeratsiyasidagi uzellar va hududlar tarmog'i, balki mamlakatdagi avtomobil yo'llarini boshqarish tizimi, masalan, xalqaro darajadagi xavfli yuklarni tashish tizimi (RISC management) bo'lishi mumkin.

“Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek avtomobil transporti faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:


1. O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yuklarni tashish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2015-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin.
2. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yuklarni tashish qoidalari talablari idoraviy mansub tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan so‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 1-avgust,
213-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 1-avgustdagi 213-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yuklarni tashish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq avtomobil transportida tashish jarayoni qatnashchilarining o‘zaro munosabatlarini, ularning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini tartibga soladi, shuningdek yuklarni tashishga, ularning saqlanishiga qo‘yiladigan talablarni va O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yuklarni tashishning boshqa shart-sharoitlarini belgilaydi.
Ushbu Qoidalarning amal qilishi fuqarolarga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida tegishli bo‘lgan avtomototransport vositalarini qo‘llagan holda shaxsiy ehtiyojlar uchun ular tomonidan bajariladigan yuklarni tashishga tatbiq etilmaydi.
Avtomobil transportida xavfli, yirik gabaritli va og‘ir yuklarni tashish xususiyatlari alohida normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.
2. Yuklarni temir yo‘l, dengiz, daryo, havo transporti va transportning boshqa turlari bilan o‘zaro hamkorlikda avtomobil transportida tashishda yuzaga keladigan munosabatlar va bunday tashishni tashkil etish tartibi tashuvchilar o‘rtasida tuziladigan bitimlar bilan tartibga solinadi.
3. Bojxona nazorati ostidagi yuklarni tashish O‘zbekiston Respublikasining bojxona qonunchiligi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Yuklarni avtomobilda xalqaro tashishlar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Ushbu Qoidalarda quyidagi atamalar va tushunchalar qo‘llaniladi:
tashish shartnomasi — u bo‘yicha tashuvchi unga yukni jo‘natuvchi tomonidan ishonib topshirilgan yukni borish punktiga yetkazib berish va uni yukni olishga vakil qilingan shaxsga (yukni oluvchiga) topshirish majburiyatini olgan, yukni jo‘natuvchi esa yuk tashilganligi uchun belgilangan to‘lovni to‘lash majburiyatini olgan bitim;
haydovchi — tashuvchining vakili hisoblangan va avtotransport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs;
yukni jo‘natuvchi — yukning mulkdori nomidan ish ko‘ruvchi yoki tashish shartnomasi bo‘yicha yukning mulkdori hisoblangan jismoniy yoki yuridik shaxs;
yukni oluvchi — yukni olishga vakolat berilgan va yukka doir ilova hujjatlarida ko‘rsatilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
yuk — yukni oluvchiga berish uchun yukni jo‘natuvchidan tashishga qabul qilib olingan moddiy boyliklar. Yuk tovardan va taradan iborat bo‘ladi. Yukning sof og‘irligi “netto”, taraning og‘irligi — tara, tara bilan birgalikda tovarning umumiy og‘irligi “brutto” deb ataladi;
yuk o‘rni — avtomobil transportiga yuklashda yoki tushirishda uni tashish yoki yukni oluvchiga topshirish uchun qabul qilish uchun yukning shartli birligi;
mijoz — yukni jo‘natuvchi, yukni oluvchi, ekspeditor;
tirkama — avtotransport vositasi tomonidan shatakka olinadigan va o‘z energiya manbaiga ega bo‘lmagan yuklarni tashish uchun xizmat qiladigan avtotransport vositasi;
tirkama aravalar — uzun o‘lchamli yuklarni tashish uchun qo‘llaniladigan tirkamaning bir turi;
yarimtirkama — to‘liq massasining bir qismi o‘tirg‘ich qurilmasi orqali o‘tirgich shatakchiga beriladigan tirkamaning bir turi;
paket — taglikda yoki uningsiz bitta yirik joyga shakllantirilgan va mexanizatsiyalashtirilgan usulda yuklash, joyni o‘zgartirish va tushirish bo‘yicha operatsiyalarni bajarish imkonini beradigan mayda tarali yoki tarasiz donali yuklar turkumi;
tashuvchi — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda avtotransport vositasiga egalik qiluvchi, yuklarni tashish bo‘yicha tijorat asosida xizmatlar ko‘rsatuvchi va bunga litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
tagliklar — ayri yuklagichlar va kranlar yordamida ortish-tushirish ishlarini mexanizatsiyalash uchun moslama, ko‘p martalik tara hisoblanadi;
yo‘l varaqasi — avtotransport vositasining ishini aniqlash va hisobga olish uchun belgilangan namunadagi yuridik hujjat;
tez buziladigan yuklar — ularni saqlash uchun tashishda maxsus harorat va sanitariya-gigiyena rejimlariga rioya etish talab qilinadigan yuklar;
tara — o‘rab-joylashtirishning asosiy elementi, u o‘zida tashishda, saqlashda va ortish-tushirish operatsiyalarida mahsulotlar va tovarlarni joylashtirish va ularning saqlanishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan buyumni ifodalaydi;
konteyner — kamida 1 m3 hajmli, tovarlarni tarasiz, birlamchi o‘ramda yoki yengillashtirgan tarada tashish uchun mo‘ljallangan ko‘p martalab foydalaniladigan tara;
o‘rab-joylashtirish — unga solingan mahsulotlar va tovarlardan ajratilmaydigan, ularning zarur anjomi hisoblangan va unda mahsulotlar va tovarlarni saqlash hamda ularning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini ta’minlash uchun xizmat qiladigan buyum;
tovar-transport yukxati — transport jarayonining qatnashchilari uchun yagona bo‘lgan, tovar-moddiy boyliklarni hisobdan chiqarishga, ularni yo‘lda hisobga olishga, kirim qilishga, ombor, tezkor va buxgalteriya hisobi uchun, shuningdek yuk tashilganligi uchun hisob-kitob qilish va bajarilgan ishning hisobini yuritish uchun mo‘ljallangan hujjat.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Yo‘l varaqalari va yuklarni avtomobil transportida tashishga tegishli boshqa hujjatlarning (yuklarni tashish masofalarini o‘lchash dalolatnomalarini rasmiylashtirish bo‘yicha nizomlar, yo‘riqnomalar, metodik qo‘llanmalar) shakllari namunalari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 271-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)
II. Tashishning umumiy shartlari
7. Avtomobil transportida yuklarni tashish tashish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Tashuvchi yukni tashish shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda yetkazib berishi kerak. Yukni yetkazib berish muddati yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari amal qilishi davriga ko‘paytirilishi yoki tomonlarning ikki tomonlama bitimi bo‘yicha uzaytirilishi mumkin. Yukni yetkazib berish kechiktirilishi to‘g‘risida kechikishning sabablari va vaqti ko‘rsatilgan holda yo‘l varaqasiga belgi qo‘yiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Yuklar tashilganligi uchun, agar qonunchilikda o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, tashish shartnomasida belgilangan to‘lov undiriladi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tashuvchi, agar qonunchilikda, tashish shartnomasida o‘zgacha hol belgilanmagan bo‘lsa, yoki majburiyatlarning mohiyatidan kelib chiqmasa unga tegishli bo‘lgan tashish to‘lovini va tashish bo‘yicha boshqa to‘lovlarni ta’minlash uchun tashish uchun unga berilgan yukni ushlab turish huquqiga ega.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
10. Tashuvchi, agar tashish shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, tashish shartnomasini bajarish uchun zarur bo‘lgan avtotransport vositalarining tiplari va sonini mustaqil belgilaydi.
Tashuvchi yukni tashish shartnomasida belgilangan muddatda tegishli yukni tashish uchun yaroqli holatdagi soz avtotransport vositasini yukni jo‘natuvchiga yukni ortish uchun beradi, yukni jo‘natuvchi esa yukni belgilangan muddatlarda tashuvchiga taqdim etadi.
11. Agar mijozni tashuvchi tomonidan berilgan avtotransport vositasi qoniqtirmasa, u holda u tegishli dalolatnomani tuzib va uni tashuvchiga berib avtotransport vositasini rad etishga haqlidir.
12. Yukni jo‘natuvchi tomonidan tashishga yaroqli bo‘lmagan holatda taqdim etilgan va uni o‘z vaqtida jo‘natishni ta’minlaydigan muddatda yukni jo‘natuvchi tomonidan zarur holatga keltirilmagan yuk taqdim etilmagan deb hisoblanadi.
13. Agar tashuvchi quyidagi holatlar bo‘yicha tashishda uning saqlanishini ta’minlay olmasa, tashuvchi yukni tashish uchun qabul qilishni rad etishi mumkin:
yuk zarur tarzda bo‘lmagan tarada yoki o‘ramda taqdim etilgan;
yuk bajarish uchun yuklarni tashishga qabul qilingan buyurtmanomaga muvofiq emas;
yukning taqdim etilgan turkumi massasi avtotransport vositasining yuk ko‘tarishidan ortiq;
yuk tashish yo‘nalishining avtomobil yo‘li bo‘ylab harakat vaqtincha to‘xtatilishi yoki cheklanishi tufayli yetkazib berilishi mumkin emas.
14. Agar:
Oldingi tahrirga qarang.
bunday tashish qonunchilikda taqiqlangan bo‘lsa;
(14-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
tovar xususiyatiga ega bo‘lgan yuklar tovar-transport yukxatlari bilan rasmiylashtirilmagan bo‘lsa;
tashish uchun taqdim etilgan yuklarning har xil tiplari o‘z xossalariga ko‘ra bir avtotransport vositasida birgalikda tashishga qo‘yilmasa;
yuk yo‘l harakati xavfsizligiga xavf solsa va Yo‘l harakati qoidalari talablariga javob bermasa yukni jo‘natuvchi (ekspeditor) yukni taqdim etmasligi, tashuvchi esa yukni tashish uchun qabul qilmasligi kerak.
15. Yukni jo‘natuvchi yuklarni tashishga taqdim etishda narxni e’lon qilishga haqlidir.
Yukning e’lon qilingan qiymati miqdori tashuvchida shubha uyg‘otgan taqdirda u o‘z hisobidan shartnoma asosida ekspertlarni jalb etishi va yukning real qiymati to‘g‘risida dalolatnoma tuzishi mumkin.
16. Qiymati e’lon qilingan yuk tashishga taqdim etilganda yukni jo‘natuvchi uch nusxada yuk o‘rinlari ro‘yxatini tuzishga majburdir. Ro‘yxatning bir nusxasi yukni jo‘natuvchida, ikkinchi nusxasi — tashuvchida qoladi, uchinchi nusxasi — yukni jo‘natuvchi tomonidan yuk o‘rnining ichkarisiga qo‘yiladi.
17. Yuklarni qabul qilish-topshirishda tovar-transport yukxatida ushbu yuklarning yuk o‘rinlari massasi va soni (imkoniyati bo‘lsa sanab) ko‘rsatiladi.
U bo‘yicha tovar-moddiy boyliklarning harakati hisobi yuritilmaydigan yukni tashish erkin shakldagi buyurtma-naryad asosida amalga oshirilishi mumkin. Har xil avtotransport vositalarida tashilishi kerak bo‘lgan yuk ortilgan taqdirda foydalaniladigan avtotransport vositalari soniga muvofiq bo‘lgan miqdorda buyurtmalar-naryadlar tuziladi.
18. Tarali va donali yuklar massasi yukni jo‘natuvchi tomonidan ular tashishga taqdim etilgunga qadar belgilanadi va yuk o‘rinlariga tamg‘a bosishda ko‘rsatiladi. Ushbu yuklarni tashishda bir avtotransport vositasida tashiladigan yukning butun turkumining umumiy massasi tarozida tortish orqali yoki yuk o‘rinlarining barcha massasini sanab chiqish yo‘li bilan belgilanadi. Yuklarning ayrim turlari uchun massa o‘lchash yoki hajmli massa bo‘yicha hisoblab chiqish yo‘li bilan aniqlanishi mumkin.
19. Yukni jo‘natuvchi (ekspeditor) tovar-transport yukxatida yukning massasini va, agar massa to‘g‘ridan-to‘g‘ri tortish orqali aniqlanmasa, uni aniqlash usullarini ko‘rsatishi kerak.
20. Yuklar yopiq avtotransport vositasida yoki yukni jo‘natuvchi (ekspeditor) tomonidan tamg‘alangan alohida seksiyalar, konteynerlar yoki tsisternalarda tashilganda, yukning massasi yukni jo‘natuvchi (ekspeditor) tomonidan aniqlanadi.
21. Notovar xususiyatga ega bo‘lgan yuk massasini aniqlashda yukni jo‘natuvchi tortish yo‘li bilan bir rusumdagi bir necha avtotransport vositalarini nazorat tartibida tarozida tortishi mumkin, shundan keyin yukning umumiy massasini avtotransport vositalari soniga bo‘lish yo‘li bilan bir avtotransport vositasidagi yukning o‘rtacha massasini aniqlash mumkin.
22. Agar tashish uchun taqdim etilgan yukning tarasi yoki o‘ramini tashqi tomondan ko‘zdan kechirishda tashuvchi tomonidan yukning yo‘qotilishiga, buzilishiga yoki shikastlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan nuqsonlar aniqlansa, yukni jo‘natuvchi nuqsonlarni bartaraf etishi yoki tashishda yukning saqlanishini ta’minlaydigan boshqa ishlarni bajarishi kerak.
23. Yukni jo‘natuvchi tomonidan tashish uchun taqdim etilgan yukning massasi avtotransport vositasining nominal yuk ko‘tarishidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
24. Yukning massasi yoki sonini aniqlash yukni jo‘natuvchi va yukni oluvchi tomonidan bir xil usulda amalga oshiriladi. Tashish uchun yukni qabul qilishda massani aniqlash uchun butun yukni tarozida tortish zarur. Yukning alohida qismlarini tortish orqali yukning umumiy massasini aniqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
25. Sisterna kuzovli avtotransport vositalarida tashiladigan to‘kiladigan va uyuladigan yuklar, shuningdek quyib tashiladigan oziq-ovqat yuklari massasi avtotransport vositalarini tashish uchun mo‘ljallangan turg‘un tarozilarda aniqlanadi.
26. To‘kiladigan, uyuladigan va quyuladigan yuklarni tashish oldidan avtotransport vositasining massasi tekshiriladi.
27. Yuklarni avtomobillar tortiladigan tarozilarda tortish yukning massasini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi, tortish mijoz bilan tashuvchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha amalga oshiriladi.
28. Avtopoyezdlarni tortishda butun avtopoyezdni taroziga o‘rnatish zarur. Agar platformaning o‘lchami butun avtopoyezdni o‘rnatish imkonini bermasa, shatakchi va tirkama alohida tortiladi.
29. Katta o‘lchamli va uzun yuklarni tortishda yuklarning quyi uchlari tarozilarning harakatlanmaydigan qismlaridan (staninalar, ustunlar) yoki bog‘lovchi romdan tashqarida turmasligi kerak.
30. Yuklarni tarada, o‘ramda yoki mayda turkumlar bilan tashishga tayyorlashda yukni jo‘natuvchi har bir yuk o‘rnini markalashga haqlidir.
Yukka tovar-transport yukxatlaridagi ma’lumotlar markalashga muvofiq bo‘lishi kerak.
Yukning xossalarini ko‘rsatish va yuklarni ortish (tushirish), tashish yoki saqlashning maxsus qoidalariga rioya qilish zarur bo‘lganda yukni jo‘natuvchi maxsus markalanishi kerak.
31. Markalaydigan yorliqlar qog‘oz, karton, mato, metall yoki plastmassadan tayyorlanishi mumkin hamda eng qulay, yaxshi ko‘riladigan joylarda taraga ishonchli mahkamlangan bo‘lishi kerak.
32. Bir necha yukni oluvchilar manziliga yetkazib beriladigan sim chiviqlar, quvurlar yoki boshqa katta o‘lchamli buyumlarni tashishda ushbu buyumlarning oxiri moyli bo‘yoqda markalanishiga yo‘l qo‘yiladi.
33. Uyulgan, to‘kilgan yoki quyilgan holda ortiladigan va tushiriladigan yuklarni tashishda markirovka qilinmaydi.
34. Yukni jo‘natuvchi (ekspeditor) furgon tipidagi kuzovli avtotransport vositasini, bir yuk oluvchiga yetkazib beriladigan konteynerlarni tamg‘alashga, yashchiklar, qutilar va boshqa taradagi mayda donali tovarlarni esa tamg‘alashga yoki banderol qilishga haqlidir.
Yuklarni banderol qilish o‘ramning yaxlitligini buzmasdan yukka yaqinlashishni istisno etishi kerak.
Yukni tamg‘alash yoki banderol qilish holati tovar-transport yukxatida qayd etiladi.
35. Bir necha manzillar bo‘yicha tashiladigan yukning saqlanishini ta’minlash uchun tashuvchi kuzovni alohida tamg‘alanadigan seksiyalarga bo‘lish imkonini beradigan to‘siqlar o‘rnatishi mumkin.
36. Yukni jo‘natuvchi (ekspeditor) tomonidan tamg‘alangan yuk tashuvchi tomonidan yukni oluvchiga yukning massasi, holati va yuk o‘rinlari soni tekshirilmasdan topshiriladi.
37. Kuzovni tamg‘alash tamg‘aning yaxlitligini buzmasdan yukka yaqinlashish va avtotransport vositasi kuzovi, konteyner, seksiya yoki alohida yuk o‘rnining tamg‘asini olib tashlash imkoni berilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
38. Yukni avtotransport vositasiga ortish, shuningdek uni mahkamlash, to‘sish, bog‘lash, tushirish, mahkamlagichlar, qoplamalarni olib tashlash, bortlarni (tsisternalarning qopqoqli tuynuklarini) yopish va ochish, shlanglarni tushirish va chiqarib olish, shlanglarning vintlarini burash yoki orqaga burash, agar tashish shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, yukni jo‘natuvchi (yukni oluvchi) tomonidan amalga oshiriladi.
39. Tashuvchi yukni jo‘natuvchi (yukni oluvchi) bilan kelishuv bo‘yicha ortish-tushirish ishlarini bajarishni o‘z zimmasiga olishi mumkin.
40. Yuklar avtotransport vositasi kuzovida tashish vaqtida yukning o‘rami va avtotransport vositasi saqlanishi ta’minlanadigan tarzda joylashtirilishi va mahkamlanishi kerak.
41. Yukni jo‘natuvchi (ekspeditor), yukni oluvchi, agar tashish shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, ortish, tashish va tushirish uchun zarur bo‘lgan moslamalar va yordamchi materiallarni taqdim etishi, o‘rnatishi va olib tashlashi kerak.
42. Mijozga tegishli bo‘lgan barcha moslamalar tashuvchi tomonidan tushirish punktida yuk bilan birgalikda yukni oluvchiga beriladi yoki tashish shartnomasiga muvofiq ortish punktiga yoki boshqa joyga qaytariladi.
43. Tashuvchi tomonidan avtotransport vositasida yukni taxlash yoki mahkamlash yo‘l harakati xavfsizligi yoki yuk va/yoki avtotransport vositasi saqlanishini ta’minlash talablariga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda tashuvchi mijozni bundan xabardor qilishi va, agar tashish shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, aniqlangan kamchiliklar mijoz tomonidan bartaraf etilguniga qadar tashishni bajarishni to‘xtatishi kerak.
44. Tashuvchining avtotransport vositasi yuklash uchun kelish vaqti ortish punktida tegishli belgi qo‘yilgan yo‘l varaqasi yukni jo‘natuvchiga (ekspeditorga) taqdim etilgan paytdan boshlab, tashuvchining avtotransport vositasi ortish uchun kelgan vaqt esa — tovar transport yukxati va tushirish punktlariga kelganlik to‘g‘risidagi tegishli belgi qo‘yilgan yo‘l varaqasi yukni oluvchiga taqdim etilgan paytdan boshlab hisoblanadi.
45. Agar haydovchi yukni jo‘natuvchi (ekspeditor) tomonidan rasmiylashtirilgan tovar-transport yukxatini olgan bo‘lsa va yuk avtotransport vositasining yuk bo‘linmasida turgan bo‘lsa, tashuvchining avtotransport vositasini yuklash tugallangan deb hisoblanadi.
46. Yuk yuk bo‘linmasidan to‘liq tushirilganda, yuk bo‘linmasini tozalash bo‘yicha barcha zarur ishlar bajarilganda va yuk olinganligi to‘g‘risida yukni oluvchining belgisi qo‘yilgan tovar-transport yukxatlari haydovchiga topshirilganda avtotransport vositasidan yukni tushirish tugallangan deb hisoblanadi.
Yuklar tushirilgandan keyin avtotransport vositalari va konteynerlar ushbu yuklarning qoldiqlaridan tozalanadi, ushbu bandda sanab o‘tilgan ayrim yuklar tashilgandan keyin esa avtotransport vositalari va konteynerlar yuvilishi va zaruriyat bo‘lganda — bo‘lak-bo‘lak va maydalangan alebaster; asbest; barit (og‘ir shpat); mineral momiq paxta; sabzavot sharbati; gaja (gipsli ohakgil); gips; glina; alyuminiy oksidi; dolomit; grafit; vannalar uchun mineral loylar; ozuqa xamirturushlari (gidroliz sulfat); kartoshka va lavlagi qoldig‘i; kul; ohaktosh; kaolin; asbest karton; g‘isht; koagulyantlar; omixta yem; apatit konsentrati; nefelin konsentrati; bo‘yoqlar va quruq bo‘yoqlar; yormalar (iste’mol o‘rami shikastlanganda); bo‘r, merteli; un; rangli metallar qipiqlari; chiqindilar; pegmatit; asfalt, ohaktosh, metallurgiya magneziti, shamot (olovbardosh) kukunlari; chang; sigaretlar (papiroslar) (iste’mol o‘rami shikastlanganda); tuz; kukunsimon yuvuvchi vositalar; texnik va qurilish shishasi (singan taqdirda); rangli metallar va ularning qotishmalari qirindilari; sulfatlar, xavflilaridan tashqari, tamaki va moxorka xomashyosi; tamaki (barglardan va ildizlardan hidlanadigan ishlov berilgan); yanchilgan va ildizlardagi talk (talkli tosh); shisha tara (singgan taqdirda); torf va torf mahsulotlari; o‘g‘itlar; quritilgan go‘sht qiymasi (qoplarda); ferroqotishmalar; sement; bo‘lak-bo‘lak shamot; taxtakunjara; tez buziladigan yuklar; hayvonlar va parrandalar dezinfeksiya qilinishi kerak.
Avtotransport vositalari va konteynerlarni tozalash, yuvish va dezinfeksiyalash majburiyati yukni oluvchilarga tegishlidir. Tashuvchi yukni oluvchi bilan kelishgan holda avtotransport vositalari va konteynerlarni yuvish va dezinfeksiyalash ishlarini bajarishni o‘z zimmasiga olishga haqlidir.
47. Tovar va notovar xususiyatga ega bo‘lgan yuklarni tashish tovar-transport yukxati bilan rasmiylashtirilishi kerak.
48. Yuk ortiladigan avtotransport vositasining tovar-transport yukxatlari va yo‘l varaqalari qat’iy hisobot beriladigan hujjatlar hisoblanadi, matbaa usulida tayyorlanadi, hisobga olish seriyasi va tartib raqamiga ega bo‘ladi.
49. Tovar-transport yukxati belgilangan tartibda yukni jo‘natuvchi tomonidan har bir borishga har bir yukni oluvchining nomiga alohida to‘rt nusxada tuziladi, ulardan:
birinchi nusxa yukni jo‘natuvchida qoladi va tovar-moddiy boyliklarni hisobdan chiqarishni (zararni) hisobga olish uchun mo‘ljallanadi;
ikkinchi nusxa yukni oluvchiga beriladi va u tomonidan moddiy boyliklar kirim qilinishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi;
uchinchi va to‘rtinchi nusxalar tashuvchiga beriladi hamda tashuvchining mijoz bilan hisob-kitob qilishi va avtotransport ishini hisobga olish uchun xizmat qiladi.
50. Ko‘p miqdordagi tovar-moddiy boyliklar tashish uchun bir vaqtning o‘zida taqdim etilganda qo‘shimcha varaqani — barcha qo‘shimcha varaqalarda tovar bo‘limida ko‘rsatilgan tovar-transport yukxatining bosh varaqasi seriyasi va tartib raqami takrorlangan holda to‘rt nusxada to‘ldiriladigan tovar-transport yukxatining davomini qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi.
51. Bir yukni jo‘natuvchidan bir yukni oluvchining manziliga aynan bir xil masofada bir necha marta borishni talab etadigan bir xildagi yuklarni tashish smena mobaynida avtotransport vositasi tomonidan bajarilgan barcha ishga jamlangan holda bitta tovar-transport yukxati bilan rasmiylashtirilishi mumkin. Bunda oraliq borishlarni rasmiylashtirish yukni jo‘natuvchi tomonidan haydovchiga har bir alohida borishga talon berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Talon faqat berilgan kun uchun haqiqiydir va uch nusxada to‘ldiriladi, ulardan bir nusxasi yukni jo‘natuvchida, ikkinchi nusxasi — haydovchida va uchinchi nusxasi yukni oluvchida qoladi.
52. Haydovchi (yoki yukka hamrohlik qiluvchi shaxs) yukni tovar-transport yukxatida ko‘rsatilgan yukni oluvchiga topshirishi kerak.
53. Yukni yukni oluvchiga massa va o‘rinlar soni bo‘yicha topshirish yuk yukni oluvchidan qabul qilingan tartibda amalga oshiriladi (tarozida tortish, o‘lchash, yuk o‘rinlarini sanab chiqish va shu kabilar).
54. Shikastlanmagan konteynerlar, tsisternalarda kelgan va yukni jo‘natuvchining shikastlanmagan tamg‘alariga ega bo‘lgan yuklar yukni oluvchiga yukning massasi, holati va yuk o‘rinlari soni tekshirilmasdan beriladi.
Yuk yukni oluvchiga shikastlangan tarada, avtotransport vositasining shikastlangan kuzovida yoki yukni jo‘natuvchining shikastlangan tamg‘alari bilan kelgan taqdirda, tashuvchi tovar-transport yukxatiga muvofiq yuk o‘rinlarining massasini, sonini yoki yukning holatini tekshirishi kerak.
55. Standart og‘irlik va mijoz tomonidan har bir yuk o‘rnida ko‘rsatilgan og‘irlik bo‘yicha tashish uchun qabul qilingan taradagi va donali yuklar borish punktida yukni oluvchiga o‘rinlar hisobi bo‘yicha tortilmasdan, faqat shikastlangan o‘rinlardagi (agar shunday bo‘lsa) yukning og‘irligi va holatini tekshirgan holda topshiriladi.
Uyulgan va to‘kilgan holda tashiladigan, kamomad belgilarisiz kelgan yuklar yukni oluvchiga og‘irlikni tekshirmasdan topshirilishi mumkin.
56. Tashuvchining qayta yo‘naltirish, yukni realizatsiya qilish yoki uni yukni jo‘natuvchiga qaytarish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlari mijoz tomonidan tashish shartnomasi shartlariga muvofiq to‘lanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
57. Tashuvchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bo‘yicha yukni oluvchi yukni qabul qilishni rad etgan taqdirda, yuk tashuvchi tomonidan yukni jo‘natuvchiga (agar tashish shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa) qaytarilishi yoki uning yozma ko‘rsatmasi bo‘yicha boshqa yukni oluvchiga berilishi mumkin. Yukni oluvchi, agar u yuridik shaxs hisoblansa, tovar-transport yukxatiga imzo bilan tasdiqlangan yuk qabul qilinishi rad etilganligi to‘g‘risidagi yozuvni qayd etishi kerak.
(57-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
58. Yukni qayta yo‘naltirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) haydovchi aloqa vositalaridan foydalangan holda tashuvchini yukni oluvchi yukni qabul qilishni rad etgan sana, vaqt va sabablari to‘g‘risida xabardor qiladi;
b) tashuvchi yozma shaklda yoxud aloqa vositalaridan foydalangan holda yukni jo‘natuvchini yukni oluvchi yukni qabul qilishni rad etganligi va sabablari to‘g‘risida xabardor qiladi va yukni qayta yo‘naltirish haqidagi ko‘rsatmani so‘raydi;
v) yukni jo‘natuvchi yukni yetkazib berish mumkin emasligi to‘g‘risida xabardor qilingan paytdan boshlab 2 soat mobaynida undan qayta yo‘naltirish to‘g‘risida bildirishnoma olinmagan taqdirda tashuvchi yozma shaklda yukni jo‘natuvchini yuk qaytganligi to‘g‘risida xabardor qiladi va haydovchiga yukni jo‘natuvchiga qaytarish to‘g‘risida ko‘rsatma beradi;
g) yukni jo‘natuvchidan tovar-transport yukxatida ko‘rsatilgan yukni oluvchigacha yetkazib bergan holda yukni qayta yo‘naltirish to‘g‘risida ko‘rsatma olinganda tashuvchi aloqa vositalaridan foydalangan holda haydovchini qayta yo‘naltirish to‘g‘risida xabardor qiladi.
Yuklarni tashishda avtomabilllardagi dispecherlik boshqaruvi

Yuklarning ayrim turlarini tashish xususiyatlari


1. Umumiy shartlar
59. Yuklarning ayrim turlarini tashishda ularning xossalaridan, gabaritlari va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib:
tashuvchi haydovchi texnika xavfsizligi, yong‘inga qarshi xavfsizlik, yo‘l harakati xavfsizligi, yuklarni qabul qilish va yetkazib berish qoidalari bo‘yicha o‘qitilishini va unga yo‘l-yo‘riq berilishini ta’minlaydi;
tashuvchi yukni tashish shartnomasida belgilangan muddatda yukni jo‘natuvchiga tegishli yukni tashish uchun yaroqli holatdagi soz avtotransport vositasini yuklash uchun beradi. Yukni boriladigan joyga tashishga, tipi va yuk ko‘tarishiga ko‘ra tashish shartnomasida belgilanganga muvofiq bo‘lgan, shuningdek tegishli asbob bilan jihozlangan avtotransport vositalari va konteynerlar yukni tashish uchun yaroqli deb e’tirof etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
yukni jo‘natuvchi tovar-transport hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan fitosanitariya, sanitariya, karantin, bojxona talablarini va boshqa talablarni bajarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni, shuningdek tashishning cheklangan muddatlari va harorat rejimi to‘g‘risidagi tavsiyalarni va konteynerning qulflash, tamg‘alash qurilmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatadi.
(59-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
60. Bitta avtotransport vositasida bir necha yukni oluvchilarga yuklarni tashishda yukni jo‘natuvchi (ekspeditor) ularni avtotransport vositasi kuzovida har bir yukni oluvchiga mo‘ljallangan yukning butun assortimenti yuklanishini ta’minlaydigan etib joylashtirishi, shuningdek har bir yukni oluvchiga tovar-transport yukxatlarini yozishi shart.
2. Yuklarni tashish
61. Tez buziladigan yuklar asosan harorat rejimiga rioya qilgan holda izotermik kuzovli (furgonlarda, refrijiratorlarda va shu kabilarda) ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalarida tashiladi.
Tez buziladigan yuklar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
a) o‘simlik mahsulotlari: mevalar, reza mevalar, sabzavotlar, qo‘ziqorinlar va boshqalar;
b) hayvonlarning mahsulotlari: har xil hayvonlar va parrandalarning go‘shti, baliq, ikra, sut, tuxum va boshqalar;
v) qayta ishlash mahsulotlari: sut mahsulotlari, har xil yog‘lar, muzlatilgan mevalar, kolbasa mahsulotlari va boshqa go‘sht mahsulotlari, pishloqlar va shu kabilar;
g) o‘simliklar: ko‘chatlar, gullar va boshqalar.
Agar tashish hujjatlarida yukni jo‘natuvchi tomonidan tashishning cheklangan muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, shuningdek agar tashishning cheklangan muddati yetkazib berish muddatidan kam bo‘lsa, tez buziladigan yuklar tashish uchun qabul qilinmaydi.
Tez buziladigan yuklar, agar:
yukni oluvchi yukni qabul qilishni rad etsa, yukni jo‘natuvchi esa yangi yukni qabul qiluvchi to‘g‘risida yozma ko‘rsatmalar bermagan bo‘lsa;
yuklar ularni bundan keyin tashib bo‘lmaydigan yoki maqsadga muvofiq bo‘lmagan darajada shikastlangan bo‘lsa sotilishi kerak.
Tashuvchi tez buziladigan yukni sotish uchun berish zarurligi to‘g‘risida mijozni yozma ravishda xabardor qilishi kerak. Agar bildirishnoma jo‘natilgandan keyin besh kalendar kundan so‘ng mijozdan javob olinmasa, tashuvchi tez buziladigan yukni uning ruxsatisiz sotishi mumkin.
Agar o‘z xususiyatiga ko‘ra omborga joylashtirilishi mumkin bo‘lmasa, shuningdek agar yukni sotish kechiktirilishi uning buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, tashuvchi yukni sotish uchun qisqaroq muddatda ham berishi mumkin.
Sotilgan yuk uchun tashuvchi olgan summa ular o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha mijozga o‘tkaziladi (beriladi).
Tashuvchi tashish uchun berilayotgan tez buziladigan yuklarning sifatini tanlab tekshirishi mumkin, germetik o‘ramdagi yuklar bundan mustasno.
Yukni ochish va keyinchalik uni o‘rab-joylashtirish tekshirishdan keyin yukni jo‘natuvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Yukni jo‘natuvchi tashuvchiga tez buziladigan yukka tovar-transport yukxati bilan birgalikda, agar bunday yuk majburiy sertifikatlanishi kerak bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, sertifikat yoki sifat guvohnomasini taqdim etishi kerak.
Yukni jo‘natuvchi tez buziladigan yukka tovar-transport yukxatida yuklashdan oldin yukning amaldagi haroratini va yukni tashishning cheklangan muddatini ko‘rsatishi kerak. Agar yukxatida ko‘rsatilgan tashishning cheklangan muddati yetkazib berish muddatidan ortiq bo‘lsa, tez buziladigan yuklar tashuvchi tomonidan tashish uchun qabul qilinmasligi kerak.
Bir avtotransport vositasida tarkibi va xossalariga ko‘ra bir xil bo‘lgan tez buziladigan yuklarning har xil turlarini birgalikda tashishga yo‘l qo‘yiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
611. Avtomobil transportida tashish uchun taqdim etiladigan tez buziladigan yuklar ro‘yxati mazkur Qoidalarga 1-ilovada keltirilgan. Tez buziladigan yuklarni saqlash va tashish harorat rejimi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
612. Bitta avtotransport vositasida birga tashishga ruxsat beriladigan tez buziladigan yuklar ro‘yxati mazkur Qoidalarga 2-ilovada keltirilgan.
613. Tez buziladigan yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalarini ko‘rikdan o‘tkazish tartibi mazkur Qoidalarga 3-ilovada keltirilgan.
(611—613-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-apreldagi 277-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/277/1048-son)
62. Taraga joylashtirilgan sabzavotlar, mevalar, reza mevalar, uzumni tashishda yukni jo‘natuvchi ularni avtotransport vositasi kuzovining yuk o‘rinlariga zich qator qilib joylashtiradi.
63. Unli-kremli qandolatchilik mahsulotlari o‘ramlarda tashiladi. Ular avtotransport vositasi kuzovida bir nechta qator qilib ustma-ust joylashtirilishi mumkin.
Unli-kremli qandolatchilik mahsulotlarini nooziq-ovqat mahsulotlar, shuningdek o‘tkir hidli mahsulotlar yoki yangi yopilgan non bilan birgalikda tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
64. Non va non-bulka mahsulotlarini tashish uchun furgon tipidagi kuzovli, seksiyalarga bo‘lingan va lotoklar o‘rnatish uchun yo‘naltiruvchilar bilan jihozlangan avtotransport vositasi yoki non va non-bulka mahsulotlarini konteynerlarda tashish uchun moslashtirilgan avtotransport vositasi qo‘llaniladi. Non va non-bulka mahsulotlarini ushbu talablarga muvofiq jihozlanmagan avtotransport vositalarida tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Non va non-bulka mahsulotlarini tashish uchun yukni jo‘natuvchidan qabul qilish va yukni oluvchiga topshirish tashuvchi tomonidan har bir lotokdagi (konteynerdagi) mahsulotlarning sonini hisoblamasdan standart to‘ldirilgan lotoklar (konteynerlar)ning nomi va soni bo‘yicha amalga oshiriladi.
65. Un ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari — tsisternalarda tarasiz usulda va sholcha bilan yopilgan bortli platformali avtotransport vositalari — furgonlarda tarali usulda tashilishi mumkin. Yorma faqat tarali usulda tashiladi.
Un, yorma, shakar va tuzni turg‘un hidli yoki ularning o‘rami yuzasini iflos qiluvchi yuklar bilan birgalikda tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Texnik tuz sholcha bilan o‘ralgan ochiq avtotransport vositalarida tashiladi.
Un, yorma, shakar va tuz solingan qoplar, agar ularni joylashtirish balandligi avtotransport vositasi borti balandligidan ortiq bo‘lsa mahkamlanadi.
66. Don, hashakning silos massasi va pichanni tashishda avtotransport vositasining kuzovi yukni atmosfera yog‘ingarchiligidan va tashishda kamayishdan himoya qilish uchun parda bilan jihozlanadi.
67. Paxta xomashyosi avtotransportning barcha turlarida tarasiz usulda (to‘kilgan holda) tashiladi, elita urug‘lik chigit va yangi qoplarda tashiladigan yangi navlar bundan mustasno. To‘kilgan holda tashiladigan paxta xomashyosining usti mato bilan yopilishi kerak.
Paxta xomashyosini tashiydigan avtotransport vositalari uchqun so‘ndirgichlar, olovni o‘chirgichlar va kuzovni yopish vositalari bilan jihozlanadi.
Xavfsizlik shartlari va agrotexnika talablari bo‘yicha paxta xomashyosini daladan tayyorlov punktiga tashishda avtotransport vositalarining paxtazorga kirishiga ruxsat berilmaydi.
Yukni jo‘natuvchi, yukni oluvchi tomonidan paxta xomashyosini jo‘natish va qabul qilish seleksiya va sanoat navlari, terish turlari va hokazolar bo‘yicha bir xildagi turkumlar bilan amalga oshiriladi.
Paxta tolasi, lintni tashishda yukning saqlanishini va yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun poliga metall bo‘lmagan material to‘shalgan va tekis bortli yopiq avtotransport vositalaridan foydalanilishi kerak.
Paxta tolasini bo‘yog‘i qurimagan yuk bo‘lmalarida hayvonot-xomashyo yuklari (teri xomashyosi, jun va shu kabilar) va nam chiqaruvchi yuklar bilan birgalikda tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tolali paxta mahsulotlarining har bir turkumi (turkumning bir qismi) transportda alohida tashiladi. Avtotransport vositasiga tolali paxta mahsulotlarining bir nechta turkumlarini (qoidaga ko‘ra uchtagacha), agar ular bir xildagi seleksiya va sanoat navlari bo‘lsa, avtotransport vositasiga yuklashga yo‘l qo‘yiladi, bunda har bir turkumga sifat to‘g‘risidagi alohida hujjat rasmiylashtiriladi.
Yukni oluvchi bilan kelishgan holda avtotransport vositalariga tolali mahsulot turkumlari, agar ayni bir seleksiya va sanoat mollaridan bo‘lsa, ularning uchtadan ortiq turkumini yuklashga yo‘l qo‘yiladi. Yuklanadigan turkumga sifat to‘g‘risidagi alohida hujjat rasmiylashtiriladi.
Taxlamlarni avtotransport vositalariga ortish va tushirishda kamarlarni yechishga va ularning “tugunchalari” uzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Texnik chigitlar to‘kilgan holda yoki toza, quruq, o‘zga hidlarsiz qoplarda tashiladi.
Transportda tashishda o‘rtacha tolali va uzun tolali seleksiya navlari urug‘liklari, turlicha sanoat navlari va darajalari, shuningdek namlik yuqori bo‘lgan urug‘liklar aralash tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ekiladigan chigit solingan qoplar yopiq avtotransport vositalarida tashiladi. Ekiladigan chigitlarni ochiq avtotransport vositalarida tashishda chigit solingan qoplar brezent bilan yopiladi.
Dorivor ishqor bilan ishlov berilmagan ekiladigan chigitlarni to‘kilgan holda transportda tashishga yo‘l qo‘yiladi.
Ishqor bilan ishlov berilgan chigitlarni sexga transportda tashishda nobudgarchiliklarga va ekiladigan chigitlarning shikastlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nuqsonlari aniq ko‘rinib turgan, bog‘lash kamarlari va o‘ralgan matoning yaxlitligi buzilgan, xo‘llangan va ifloslangan taxlamli paxta tolasi, lint taxlamlari, shuningdek o‘zidan o‘zi isib ketadigan yoki o‘zidan o‘zi yonib ketadigan paxta tashish uchun qabul qilinmaydi.
Tashiladigan paxta xomashyosining amaldagi massasini aniqlash uchun ham tayyorlov punktida yuklashda (tara, brutto), ham paxta tozalash zavodlarida tushirishda (brutto, tara) avtotransport vositasining bir tipdagi tarozilarida tortiladi, shuningdek har bir kuzovdan namuna olish, analizlar qilish yo‘li bilan natijalari paxta xomashyosining turkumiga tatbiq etiladigan uning konditsion massasi aniqlanadi.
68. Hayvonlar yoki parrandalarni tashish ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasida yoki u mavjud bo‘lmaganda, hayvonlar yoki parrandalarni tashish uchun jihozlangan bort platforma tipidagi kuzovli avtotransport vositasida tashiladi.
Hayvonlar yoki parrandalarni o‘zi ag‘dargich kuzovli avtotransport vositasida tashish taqiqlanadi.
Tashuvchi, agar bu tashish shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, hayvonlar yoki parrandalarni kuzatib borishni o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Tashish shartnomasi shartlariga muvofiq yukni kuzatib boradigan mijoz yoki tashuvchining vakili hayvonlar yoki parrandalarning kamomadi, jarohatlanishi va o‘latga chalinishi, shuningdek sanitariya normalariga rioya etilmaganligi, hayvonlarni (parrandalarni) parvarish qilish uchun mo‘ljallangan mol-mulkning kamayishi va buzilishi uchun javob beradi.
Asalarilarni tashishda maqbul harorat 80S. Asalarilarni avtotransport vositalari — furgonlarda tashqi havo harorati 100Sdan ortiq bo‘lmaganda tashishga yo‘l qo‘yiladi.
69. Charm, teri, momiq, pat, jun va boshqa shunga o‘xshash yuklarni (charm va teri-mo‘yna xomashyo) tashish yuk albatta brezent bilan yopilgan holda furgonlarda yoki bortli avtotransport vositalarida amalga oshiriladi.
Charm va teri-mo‘yna xomashyoni avtotransport vositalari bilan chilvir bilan bog‘langan tagliklarda tashishga yo‘l qo‘yiladi.
Tuzlangan terilar bochkalarda, taxlamlarda, bog‘lam qilib va alohida (tarasiz) tashiladi. Terilarni quruq yuklar va o‘zga hidlarni o‘ziga singdirib oladigan yuklar bilan birgalikda tashish taqiqlanadi.
Tuzlangan terilar atmosfera yog‘ingarchiliklaridan ishonchli himoyalangan bo‘lishi kerak. Separatsiyada yoki kuzovning poliga yotqizish uchun eman taxtalardan foydalanish taqiqlanadi.
Yuvilgan va yuvilmagan (yog‘li) junni birgalikda tashish, nam yoki ho‘l junni tashish uchun taqdim etish va uni nam yoki yog‘li yukka yuklash taqiqlanadi.
Hayvonlarning yunglari presslangan holda taxlamlar yoki qoplarda tashiladi.
70. Yiriklashtirilgan paketlarda yoki konteynerlarda idish-tovoqni tashishda avtotransport vositasi kuzovining poliga zich qilib teng o‘lchamda xashak, pichan qatlami yoki yog‘och qipig‘i to‘shaladi. Paketlar qatorlariga ham gorizontal va vertikal bo‘yicha o‘rash materiali qo‘yiladi.
Shishadan yasalgan, xo‘jalikda ishlatiladigan idish-tovoq konteynerlarda, tara-uskunalarda yoki polietilen plyonka yopishtirilgan paketlarda tashiladi.
Idish-tovoq solingan tara va konteynerlarga “EHTIYOT BO‘LING, ShIShA!” degan yozuv yozilishi kerak.
Ovqatlanish anjomlari solingan qutilar suv o‘tkazmaydigan qog‘oz bilan qoplangan yog‘och yashchiklarga yonma-yon joylashtiriladi. O‘ralgan yashchiklar ko‘ndalangiga po‘lat o‘rash lentasi yoki yumshatilgan sim bilan o‘raladi.
Ovqatlanish anjomlarini kimyoviy moddalar va metallni korroziyaga uchratadigan boshqa materiallar bilan birgalikda tashishga ruxsat berilmaydi.
Yukni oluvchi pachkalar (paketlar) ichidan singandagi tovush eshitilsa ularni ochishni va tovarni bittalab topshirishni talab qilish huquqiga ega. Buyumlarning singanligi aniqlanganda yukni oluvchi buyumlarni qabul qilishni va singan buyumlarning haqini to‘lashni rad etishga, tashish shartnomasida belgilangan miqdorda tashuvchidan jarima undirishga, agar tovarlarning haqi to‘langan bo‘lsa, to‘langan summalarni belgilangan tartibda qaytarishni talab qilishga haqlidir.
71. Suyuq organik o‘g‘itlar faqat ixtisoslashtirilgan avtotsisternalarda tashilishi kerak. Tashuvchi avtotsisternaning barcha rezbali birikmalari, qopqoqli tuynuklari va qulf qurilmalarining germetikligini, shuningdek shlanglarning mahkamlanganligi ishonchliligini ta’minlashi va to‘ldirish darajasini nazorat qilishi kerak.
72. Matolar va ulardan tikilgan buyumlar maxsus qattiq, yarim qattiq va yumshoq taraga joylashtirib tashiladi.
Matolar va ulardan tikilgan buyumlar solingan qattiq tara (taxta va faner yashchiklar) ko‘ndalangiga qulfga mahkamlangan metall lenta bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak.
Ipak matolarning taxlamlarini ingichka sim bilan o‘rash taqiqlanadi.
Toyga o‘ralgan matolar qog‘oz bilan yoki o‘rash matosi bilan qoplanishi, bir chokda tikilishi va ko‘ndalangiga chilvir bilan o‘ralishi kerak.
73. Gilam va gilam buyumlar qanday holda ishlab chiqarilgan bo‘lsa, o‘sha shaklda o‘ralmasdan rulonlarda tashish uchun taqdim etilishi mumkin.
74. Poyabzalning har xil turlari maxsus taraga (karton qutilar, karton, yog‘och, faner, kombinatsiyalashtirilgan yashchiklarga solingan holda) joylashtirilgan holda tashish uchun taqdim etiladi.
75. Maishiy mashinalar, priborlar va boshqa murakkab maishiy texnika avtotransport vositasida tashish uchun yukning turiga qarab mahkamlangan holda zavod o‘ramida tashish uchun taqdim etiladi. O‘ramga manipulatsion belgilar (“EHTIYOT BO‘LING, ShIShA!”, “TEPA QISMI”, “NAMDAN SAQLANG!”) bosiladi.
76. Mebel tashish uchun ham tarada, ham tarasiz usulda taqdim etiladi. Mebel tarasiz usulda tashilganda tashuvchi maxsus jihozlangan avtotransport vositasini qo‘llashi kerak.
77. Sement va gips tarasiz va tarali usulda (qoplarda) tashiladi. Tarasiz usulda tashish faqat ixtisoslashtirilgan avtotsisternalarda amalga oshiriladi.
Sement va gipsni ixtisoslashtirilgan avtotsisternalardan omborxonaga tushirish uchun yukni oluvchi qattiq qoplamali maydonchalarga ega bo‘lishi kerak.
Sement doimiy ravishda tushiriladigan joylarda (qorishma uzellari, zavodlar, qurilish maydonlari va shu kabilarda) yukni oluvchi ixtisoslashtirilgan avtotsisterna tushirish tomonga 12 — 140 qiyalikda bo‘lishini ta’minlagan holda tushirish maydonchalarini jihozlashi kerak.
Ixtisoslashtirilgan avtotsisternalarni tushirish joyiga traktorlarda shatakda olib kelish, shuningdek tushirish shlanglarini sim, chilvir va boshqa qo‘losti vositalar yordamida qabul qilish qurilmalariga mahkamlash taqiqlanadi.
78. Asbestotsement shifer (yassi, to‘lqinli yoki boshqa konfiguratsiyali) avtotransport vositasida tashish uchun lentali yoki sim mahkamlash bandajlari bilan mahkamlangan konteynerlarda, tagliklarda taqdim etiladi.
Transportda tashish vaqtida mahkamlash buzilgan taqdirda shifer yukni oluvchiga tovar-transport yukxatida ko‘rsatilgan listlar soni bo‘yicha topshiriladi.
79. G‘isht avtotransport vositasida konteynerlarda, tagliklarda va ularsiz, shuningdek uyulgan holda tashiladi. Tagliklar, agar g‘ishtni joylashtirishning balandligi avtotransport vositasi kuzovi bortining balandligidan yuqori bo‘lsa, to‘suvchi qurilmalarga ega bo‘lishi kerak.
Tashuvchi paketning pastki qatoridan, burchaklaridan yoki chetlaridan g‘ishtlar tushib ketayotgan bo‘lsa, shuningdek agar g‘ishtni joylashtirishning balandligi avtotransport vositasi kuzovi borti balandligidan yuqori bo‘lsa, to‘suvchi qurilmalar yo‘q bo‘lganda paketlarni tashishga qabul qilmasligi mumkin.
Xom g‘isht 7 tonnagacha yuk ko‘taradigan avtotransport vositasining tagliklarida tashilganda paketlar yukni jo‘natuvchi tomonidan kuzovning o‘qi bo‘ylab joylashtirilishi, 7 tonnadan ortiq yuk ko‘taradigan avtotransport vositasida tashilganda esa — kuzovning yon bortlaridan biriga taqashtirilib shaxmat tartibida kuzovning o‘qiga perpendikulyar joylashtirilishi kerak.
80. Qurilish qorishmalari kuzovi tsisterna shaklidagi avtotransport vositalari — qorishma tashuvchilarda, bortli avtotransport vositasining kuzoviga o‘rnatilgan maxsus konteynerlar va pastak yog‘och taralarda, shuningdek orqa bort termoizolatsiya qopqoqlari, kigiz to‘shamalar, shuningdek yilning qish vaqtida kuzovni ishlatilgan gazlar bilan isitish uchun qurilmalar bilan qo‘shimcha ravishda zichlashtirilgan avtosomosvallarning kuzovlarida tashiladi.
Qurilish qorishmalari yopishib qolishidan himoya qilish uchun iflos narsalar va zanglardan sinchiklab tozalangan kuzovning ichki yuzasiga xlorli kalsiyning suvli eritmasi surtiladi.
81. Listli shishani tashish uchun brezent bilan ta’minlangan bort platformali avtomobillardan (avtopoyezdlardan yoki avtomobil furgonlardan) foydalaniladi. Vitrinaga mo‘ljallangan list shisha maxsus jihozlangan avtotransport vositalarida tashilishi kerak.
Listli shisha yog‘och yashchiklarda, universal yoki maxsus konteynerlarda, ko‘p oborotli yashchiklarda va shishaning saqlanishini ta’minlaydigan boshqa tarada tashiladi.
Shisha solingan yashchiklar bir-biriga zich taqalgan holda avtotransport vositasining harakati yo‘nalishi bo‘ylab ko‘ndalang holda uning kuzoviga joylashtiriladi. Kuzov to‘lmagan taqdirda yashchiklar harakat vaqtida siljimaydigan va tebranmaydigan qilib mahkamlanadi yoki tikiladi.
Ko‘p oborotli yashchiklardagi listli shishani avtotransport vositasi kuzovining uzunasi va ko‘ndalangiga o‘rnatish mumkin. Yashchiklarni mahkamlash: yupqa taxtalar bilan tikish yoki burchaklari orqali sim bilan bog‘lash zarur.
Ko‘ndalangiga joylashtirishda ko‘p oborotli yashchiklarni avtotransport vositasining kabinasiga tomon sal qiya holda o‘rnatish zarur.
Nosoz va singan shisha bo‘laklari bo‘lgan yashchiklar va konteynerlar tashish uchun qabul qilinmaydi.
82. Santexnika buyumlari (chinni-ganch, metall) ularning himoya qilinishini ta’minlaydigan zavod o‘ramida tashish uchun taqdim etiladi.
83. Temir-beton buyumlar konstruksiyasiga qarab yo‘lda yukning barqaror holatini ta’minlaydigan uskuna bilan jihozlangan ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalarida va gorizontal, vertikal yoki qiya holatda ixtisoslashtirilmagan avtotransport vositalarida tashilishi mumkin.
Ixtisoslashtirilgan avtotransportdan devorbop panellar va to‘sgichlarni, shuningdek massasi 16 tonnadan ortiq temir-beton buyumlarni tashish uchun foydalaniladi.
Bortli platformali avtotransport vositalaridan (avtopoyezdlardan) uncha katta bo‘lmagan o‘lchamli temir-beton buyumlarni (poydevor bloklari, to‘shamalar, plitalar, zinapoya marshlari va boshqalarni) tashish uchun foydalaniladi.
Uzun o‘lchamli temir-beton buyumlarni (fermalar, to‘sinlar va boshqalarni) tashish uchun yarimtirkamali va tirkamalar — yog‘och aravali avtopoyezddan foydalaniladi.
84. Yog‘och-taxta va arralangan binokorlik materiallarini tashish uchun foydalaniladigan ixtisoslashtirilmagan avtotransport vositalari yog‘och-taxtalar kabinaga siljishining oldini oluvchi maxsus moslamalar (tishlar, sirg‘alishga qarshi taroqlar) bilan jihozlanadi, kabinaning orqasiga esa yog‘och xoda, govronlarning zarbalaridan himoya qilish uchun g‘ov o‘rnatiladi.
Yog‘och-taxta va arralangan binokorlik materiallari avtotransport vositasi va tirkama bo‘yicha teng joylashtiriladi. Avtotransport vositasidagi yukning balandligi tirkama-yog‘och aravadagi yukning balandligidan 100 millimetrdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Yog‘och-taxta va arralangan binokorlik materiallarini tashishda yukni jo‘natuvchi yog‘och-taxta materiallarini oldindan uzunligi bo‘yicha navlarga ajratib paketlarga joylashtirishi va ularni inventar bog‘ich bilan mahkamlashi kerak.
Yog‘och-taxta va arralangan binokorlik materiallarini yukni jo‘natuvchidan tashish uchun qabul qilish va yukni oluvchiga topshirish tashuvchi tomonidan hajmi bo‘yicha, paketli usulda tashishda esa — yuk o‘rinlari (paketlar) soni bo‘yicha amalga oshiriladi.
85. Metall va undan yasalgan buyumlarni tashish uchun ularning guruhiga qarab bortli platformali avtotransport vositalari, yarimtirkamali shatakchilar, metall tashuvchilar, tirkamali-yog‘och aravali avtomobillar qo‘llaniladi.
Metall va undan tayyorlangan buyumlar:
uzun o‘lchamli prokat (po‘lat prokat, burchaklar, shvellerlar va qo‘shtavrlar — shtabellarda yoki bog‘lamalarda;
po‘lat kanatlar — buxtaga yoki barabanga o‘ralgan holda;
o‘rama setkalar — yumshoq po‘lat sim bilan o‘ralgan holda;
yassi setkalar — paketlarga bog‘langan holda;
kichik gabaritli metall (mixparchinlar, boltlar, gaykalar, shaybalar, vintlar) — taraga joylashtirilgan holda;
elektrodlar — qog‘ozga o‘ralgan va yashchiklarga joylashtirilgan holda;
rangli metallar va qotishmalar — pachkalarga bog‘langan va taraga joylashtirilgan holda tashiladi.
Uzun o‘lchamli metallarni (va boshqa metallardan tayyorlangan buyumlarni) yuklashda tirkama-yog‘och aravalarda tirkamaning burishini ta’minlash uchun avtomobilga nisbatan istalgan tomonga 90 darajada kabina bilan yuk o‘rtasida oraliq qoldirilishi kerak.
Tashuvchi avtotransport vositasi kuzovining old qismiga yuk kabinani shikastlashidan himoya qilish uchun po‘lat g‘ov o‘rnatishi kerak.
86. Yuk ortilgan konteynerni qabul qilib olishda tashuvchi va mijoz konteynerni tashqi tomondan ko‘zdan kechiradilar, tamg‘aning, tamg‘alash simining yaxlitligi va sozligini, konteyner raqami va tamg‘a izi nazorat belgisining tovar-transport yukxatida ko‘rsatilgan konteyner raqami va nazorat belgisiga muvofiqligini tekshiradilar.
Yukni joylashtirishda yukni jo‘natuvchi yuk bilan konteyner eshigi o‘rtasida 30 millimetrdan 50 millimetrgacha bo‘sh oraliq qoldirishi kerak. Yuk konteyner ichida yukni jo‘natuvchi tomonidan noto‘g‘ri joylashtirilishi yoki mahkamlanishi oqibatida yuz bergan yukning buzilganligi va shikastlanganligi uchun tashuvchi javob bermaydi. Tamg‘a noaniq bosilgan, shuningdek noto‘g‘ri ilingan tamg‘ali konteynerni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Har bir konteynerga yukni jo‘natuvchi yuklangan o‘rinlar sonini ko‘rsatgan holda imzo bilan tasdiqlangan yukning ro‘yxatini solib qo‘yadi.
(86-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
Yuk nosoz konteynerda, shuningdek tamg‘a buzilgan yoki tamg‘alanmagan konteynerda kelgan taqdirda yukni oluvchi konteynerni ochishi, tashuvchining vakili bilan birgalikda yukning massasi, o‘rinlar soni va holatini tekshirishi kerak va yuk yo‘qotilganligi, buzilganligi yoki shikastlanganligi aniqlangan taqdirda tovar-transport yukxatiga yozuvni qayd etishi yoki belgilangan tartibda dalolatnoma tuzishi kerak.
87. Kimyo-farmatsevtika sanoati mahsulotlari (dori-darmonlar) tashish uchun 20 kilogrammdan og‘ir bo‘lmagan massali karton qutilarda, yog‘och yashchiklarda, shisha idishlarda, shuningdek konteynerlarda taqdim etiladi.
Shisha o‘ramdagi suyuq dori-darmonlar ortish, transportda tashish va tushirish paytida shikastlanmasligi uchun yashchiklar tagliklar bilan birga joylashtiriladi. Shisha idishlar yog‘och kataklarga yoki novdalardan yasalgan savatlarga joylashtiriladi. Yashchiklarning tubi, tagliklar va savatlardagi bo‘sh oraliqlar hamda qopqoqning ostidagi joy o‘rash materiali bilan to‘ldiriladi.
88. Kauchuk o‘ralmasdan taxlamlarda, yashchiklarda, qoplarda va bloklarda tashiladi.
Avtotransport vositasi kuzovi ichki yuzasining barcha metall qismi kauchukdan quruq taxtalar yoki faner bilan to‘silgan bo‘lishi kerak. Kauchukning ustiga boshqa har qanday yukni yuklash taqiqlanadi.
Kauchukni ortish boshlanguniga qadar yukni jo‘natuvchi yong‘inga qarshi xavfsizlikning zarur choralarini ta’minlashi kerak.
Lateksni (tabiiy kauchukning suvli eritmasini) tashishda maxsus saqlagichli klapanli bochkalar qo‘llaniladi.
Xalq iste’moli tovarlariga tegishli bo‘lgan rezina va rezina buyumlar (poyabzal, o‘yinchoqlar, attorlik buyumlari) o‘ralgan shaklda tashiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
881. Sochiluvchan (qadoqlanmagan) qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, qurilish va maishiy chiqindilarni, shuningdek, boshqa to‘kiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari) yuklarni N, O3 va O4 toifadagi bortli va o‘zi ag‘daruvchi avtotransport vositalarida majburiy tartibda amaldagi standartlar asosida brezent (zichligi 660 g/m2 dan kam bo‘lmagan) yoki polivinilxlorid qoplamali (zichligi 900 g/m2 dan kam bo‘lmagan) materiallardan tayyorlangan tent bilan bort sathidan oshirmasdan va bortga mustahkam qotirilib, yuza qismi to‘liq yopilgan tarzda tashiladi.
Bunda tent bortni har tomonidan 200±50 mm dan kam bo‘lmagan holda yopilishi va mahkamlovchi moslamalar bilan qotirilishi lozim.
(881-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-avgustdagi 406-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2023-y., 09/23/406/0625-son)
882. Avtotransport vositalarining qurilish obyektlaridan kuzovni va avtotransport vositalarining g‘ildiraklarini yuvmasdan umumiy foydalaniladigan yo‘llarga chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(881-882-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 395-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.05.2018-y., 09/18/395/1282-son)
IV. Tashuvchilar, yukni jo‘natuvchilar va yukni oluvchilarning huquq va majburiyatlari hamda ularning javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
89. Tashuvchi va mijoz o‘z huquq va majburiyatlarini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradilar.
(89-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
90. Tashuvchilar va mijozlar tashish shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar buzilganligi uchun qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(90-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
91. Taqdim etilmagan yoki bo‘lmasa taqdim etilgan, biroq tashilmagan yukka taqdim etilgan tashish qiymati tashish paytida amal qilgan, shartnomada ko‘rsatilgan tarifning tashish qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Jabrlangan tomon o‘z shartnoma majburiyatlarini bajarmagan tomondan zarar qoplanishini talab qilishi mumkin.
92. Mijoz, agar yuk yukni oluvchining talabi bo‘yicha:
shahar va shahar atrofida tashishda — yuk tashish uchun qabul qilingan kundan boshlab 10 kun mobaynida;
shaharalararo tashishda — yetkazib berish muddati tamom bo‘lgandan keyin 30 kun mobaynida;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralash tashishda — yuk tashish uchun qabul qilingan kundan boshlab to‘rt oy o‘tgach yukni oluvchiga berilmasa, yukni yo‘qotilgan deb hisoblashga va yuk yo‘qotilganligini qoplashni talab qilishga haqlidir.
93. Avtotransport vositasi tashish shartnomasida belgilangandan ortiqcha vaqt normasida yuk ortilgan yoki tushirilgan holda bekor turib qolganligi, shuningdek mijozning aybi bo‘yicha avtotransport vositasi to‘xtash joyida yoki borish yo‘lida bekor turib qolganligi uchun tashuvchi tashish shartnomasida nazarda tutilgan neustoykani talab qilishga haqlidir.
94. Tovar-transport yukxatidagi yoki yo‘l varaqasidagi avtotransport vositasi kelgan va jo‘nab ketgan vaqt to‘g‘risidagi belgilar avtotransport vositasi bekor turib qolganligi uchun da’vo qo‘zg‘ash uchun asos hisoblanadi.
95. Tashish shartnomasida tovar-transport yukxatini, shuningdek yo‘l varaqasini rasmiylashtirish rad etilganligi yoki noto‘g‘ri rasmiylashtirilganligi uchun mijoz tomonidan tashuvchiga neustoyka to‘lash nazarda tutilishi mumkin.
96. Yukni jo‘natuvchi u tomonidan tovar-transport hujjatlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlarning noto‘g‘riligi, noaniqligi yoki to‘liq emasligi munosabati bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha zararlar uchun tashuvchi, yukni oluvchi va tashish jarayonida ishtirok etuvchi barcha shaxslar oldida javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
97. Mijoz avtotransport vositalariga qonunchilikda taqiqlangan va ilova hujjatlarida ko‘rsatilmagan yuklar ortilganligi uchun javob beradi.
(97-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
98. Yukni tashish shartnomasidan kelib chiqadigan da’voni tashuvchiga taqdim etishdan oldin unga talab taqdim etish majburiydir.
Tashish shartnomasi shartlari bajarilmasligi yoxud zarur tarzda bajarilmasligi munosabati bilan tashuvchi bilan mijoz o‘rtasidagi kelishmovchiliklar hollari tomonlarning kelishuviga ko‘ra erkin shakldagi dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi mumkin, ularda tomonlarning javobgarligi choralarini belgilash uchun asos hisoblanadigan holatlar ko‘rsatiladi.
99. Yukning yo‘qolganligi, buzilganligi, kamomadi yoki shikastlanganligi uchun zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo har bir jo‘natish bo‘yicha alohida taqdim etilishi kerak. Bir yukni jo‘natuvchining bir yukni oluvchi manziliga bir turdagi yuklari bo‘yicha jo‘natishlar guruhiga bitta da’vo taqdim etishga yo‘l qo‘yiladi.
Da’volarga zarur hujjatlar (tovar-transport yukxati, tovar uchun chek va zararning hisob-kitobi) ilova qilingan bo‘lishi kerak.
100. Tashuvchiga da’volar mijoz tomonidan ushbu Qoidalarning 7-bandida belgilangan muddatlar tamom bo‘lgandan keyin taqdim etilishi mumkin.
Zarur hujjatlarsiz tashuvchiga berilgan da’volar u olingan kundan boshlab o‘n kun muddatda berilgan hujjatlar bilan birgalikda va qaytarish sabablari ko‘rsatilgan holda ariza beruvchiga qaytariladi. Bunda da’volarni taqdim etish uchun belgilangan muddat to‘xtatilmaydi.
Da’vo pochtada yoki bevosita tashuvchiga tilxat ostida berilgan kun mijoz tomonidan da’vo berilgan kun deb hisoblanadi.
Da’voni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida tashuvchi mijozni o‘ttiz kunlik muddatda xabardor qilishi kerak. Da’vo tashuvchi tomonidan rad etilgan taqdirda u da’vo rad etilishining sabablarini ko‘rsatishi kerak.
101. Tashuvchi da’voni to‘liq yoki qisman rad etgan, yoxud tashuvchidan o‘ttiz kunlik muddatda javob olinmagan taqdirda tashuvchiga da’vo yukni jo‘natuvchi yoki yukni oluvchi tomonidan taqdim etilishi mumkin.
V. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
102. Ushbu Qoidalar buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(102-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
103. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 11-dekabrdagi 472-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan yuklarni tashishga qo‘yiladigan talablar buzilgan hollarda yuklarni tashish qoidalari buzilishi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq javobgarlikka olib keladi.

Download 30,17 Mb.
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   72




Download 30,17 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



-rasm. Shahar transport oqimi harakatini boshqarish tizimining ierarxik tuzilishi

Download 30,17 Mb.