|
O’zbekistonliklarning «Tub burilishga» qo’shgan hissasi
|
bet | 10/11 | Sana | 03.08.2024 | Hajmi | 172,5 Kb. | | #269092 |
Bog'liq 10-maruzaO’zbekistonliklarning «Tub burilishga» qo’shgan hissasi. 1942-yil yozida Kursk yonida bo’lgan qattiq janglarda O’zbekistonda tuzilgan 62-va 69-o’qchi diviziya jangchilari jasorat ko’rsatdilar. O’zbekistonliklar 5-va 15-o’qchi diviziyalar hamda 5-gvardiyachi va 62-gvardiyachi o’qchi diviziyalar tarkibida ham jang qildilar. «Oryol» diviziyasi faxriy nomini olgan 5-o’qchi diviziya tarkibida farg’onalik Ahmadjon Shukurov ham bor edi. Zolotoryovka uchun qattiq janglarda Ahmadjon Shukurov matonat ko’rsatdi, dushmanning 110 ta askar va zobitlarini yer tishlatdi va 15 tasini asir oldi. Bu jasorati uchun unga Qahramon unvoni berildi va Zolotoryovka qishlog’i o’sha paytdan boshlab Shukurovka deb ataladigan bo’ldi.
Kurskdagi porloq g’alabadan so’ng Qizil Armiyaning 2000 km uzunlikdagi frontda qudratli strategik hujumi boshlanib ketdi. Dneprni birinchi bo’lib kechib o’tganlar orasida G’ijduvon tumanidagi Lavzekaron qishlog’idan chiqqan starshina Vali Nabiyev, andijonlik Qambarali Do’smatov, qoraqalpoqlik Xudoybyergan Shoniyozov, shofrikonlik Sharif Ergashev, Buxorodan chiqqan T.A.Tixonov va boshqalar bor edi. Dneprni kechib o’tishda, uning o’ng qirg’og’idagi istehqomlarni egallashda ko’rsatgan jasorati uchun jami 2348 jangchiga, shu jumladan, 26 o’zbek yigitlariga Qahramonlik unvoni berildi.
Kurskdagi g’alaba va dushmanning Dneprdan uloqtirib tashlanishi natijasida jahon urushining borishida tub burilish yasaldi, harbiy strategik tashabbus dushmandan batamom tortib olindi. Stalingraddagi g’alaba Gitler Germaniyasining yengilishi muqarrarligini ko’rsatgan bo’lsa, Kursk va Dneprdagi g’alaba nemis fashist qo’shinlarini halokatga mahkum etdi.
O’zbekistonlik jangchilar Leningrad qamalini yo’q qilish, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va Boltiqbo’yi respublikalarini dushmandan ozod qilish uchun bo’lgan janglarda ham qahramonlik namunalarini ko’rsatdilar. 1944-yil kuz oylariga kelganda dushman mamlakatdan butunlay haydab chiqarildi, SSSR chegaralari tiklandi.
O’zbekistonlik partizanlar. Dushmanni tor-mor etishda partizanlar harakatining o’rni va roli katta bo’ldi. Urushning dushman ustunlik qilgan dastlabki davrida butun-butun harbiy qismlar dushman qurshovida qolib ketdi, ko’plab askar va zobitlar noilojlikdan asirga tushib qoldilar. Harbiy asirlarning soni 5 mln kishidan ortiqroq bo’lib, ular orasida minglab o’zbekistonliklar ham bor edi.
Harbiy asirga olinganlar orasidagi komissarlar, komandirlar birinchilar qatorida otib tashlanar edi. Qolganlari harbiy lagerga tashlanardi, ularga qattiq azob berilar, och-yalong’och ortiqcha yuk, keraksiz xo’randa, deb o’ldirib yuborishar edi. Keyinchalik urush dushman o’ylaganchalik bo’lib chiqmagach, harbiy asirlardan tekin ishchi kuchi sifatida foydalana boshlandi.
Dushman bosib olgan shahar va tumanlar aholisi Germaniyaga haydab ketildi. Ba’zi joylarda mehnatga layoqatli bo’lgan fuqarolarni Germaniyaga ishga yollab olib ketishga ham urindilar.
Germaniyaga haydab ketilgan sovet fuqarolari soni 4 mln.dan ortiq edi. Harbiy asirlar, haydab ketilgan fuqarolar Osvensim, Mautxauzen, Buxinvald va boshqa o’nlab o’lim lagyerlarida saqlandi, xo’rlandi va ko’plari halok bo’ldi.
Dushman ishg’ol qilgan tumanlar aholsining qamalidan chiqib qolgan yoki harbiy asirlikdan qochgan jangchilar tog’larga, o’rmonlarga yashirinib, partizancha kurashga o’tdilar.
Partizanlar harakati Rossiyaning g’arbiy hududlarida, Ukraina va Belorussiyada keng tarqaldi. Partizanlar harakati Markaziy shtabi tayyorlab yuborgan harbiy mutaxassislar, razvedkachilar partizanlar orasiga borib, ularni yirik-yirik otryadlarga biriktirib, uyushgan holda dushmanga qarshi kurashga safarbar etdilar. Dushman qurshovidan chiqib olgan o’zbekistonlik jangchilar ham Rossiyaning g’arbi, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya respublikalaridagi partizan qo’shinlarida ishtirok etdilar.
«Chekist» partizan otryadining razvedkachisi, qo’rqmas partizan Mamadali Topiboldiyevning nomi Belorussiyada mashhur bo’ldi. U dushmanning 67 askar va zobitlarini yo’q qilib, 180 tasini asirga oldi. M.Topiboldiyev ko’rsatgan jasorati uchun Qahramon unvoniga sazovor bo’ldi. Belorussiyaning Pisarevo qishlog’i o’zbek xalqining jasur o’g’loni nomiga Topiboldiyevka deb ataldi. Gomel atrofidagi «Temir yo’l urushi»da ishtirok etgan Jonibek Otaboyev, Bryansk atroflarida dushmanga to’satdan zarba bergan H.Musayev, A.Hakimov, I.Qosimov va boshqalarning nomlari urush solnomasidan o’chmas o’rin oldi.
|
| |