|
O’zbekistonliklarning urushning so’nggi pallasidagi jasoratlari. Ur
|
bet | 11/11 | Sana | 03.08.2024 | Hajmi | 172,5 Kb. | | #269092 |
Bog'liq 10-maruzaO’zbekistonliklarning urushning so’nggi pallasidagi jasoratlari. Urush o’zining so’nggi pallasiga kiradi. Berlin uchun qattiq janglar bo’ldi. Qahramonlar-Botir Boboyev, Tojiali Boboyev, Solih Umarov, Shuhrat ordenining to’liq kavalyerlari Abdulla To’qmoqov va Said Nomozovlar Berlinni zabt etishda qahramonlarcha jang qildilar. «Berlinni olinganligi uchun» medali bilan o’zbekistonlik jangchilardan 1706 kishi taqdirlandi. Fashistlar Germaniyasi tor-mor etildi. Germaniya ustidan qozonilgan g’alaba uchun medali bilan 109208 o’zbekistonlik jangchi taqdirlandi.
O’zbekistonlik jangchilar Yaponiyaga qarshi urushda ham faol qatnashdilar. Ular 20-,79-,275-,388-,221-diviziya va boshqa harbiy qismlarning tarkibida jang qildilar. Seysin port shahrini egallashda 335-o’qchi diviziyasida leytenant Fozil Karimov, razvedkachi Vali Sulaymonov alohida jasorat ko’rsatdilar. Dushman sohiliga tushirilgan desantchilar orasida pulemyotchi Nishon Bozorov chaqqonlik bilan jang qilib yaponlarning 9 ta askari, 2 ta zobitini yer tishlatdi. U «Jasorat uchun» medali bilan mukofotlandi. Shuningdek, leytenant A.A.Karimov, o’qchi vzvod komandiri, kichik leytenant U.Doniyorov, pulemyotchilar qismi komandiri S.Qo’chqorov va boshqalar dushmanga qaqshatqich zarba berdilar.
6 yil davom etgan, butun insoniyotga og’ir kulfatlar solgan urush tamom bo’ldi. Urush insoniyatga juda katta qimmatga tushdi. 50 milliondan ortiq kishi halok bo’ldi, 90 milliondan ortiq kishi yarador va mayib bo’lib qoldi. Moddiy talafotlar qimmati 4 trillion dollardan oshib ketadi. Urush Yevropa, Afiika, Osiyo va Okeaniyada turli frontlarda olib borildi, fashizmni tor-mor etishda ko’p mamlakatlar qatnashdi. Biroq urushning asosiy og’irligi sovet kishilari zimmasiga tushdi. 27 millionga yaqin sovet kishilari urush alangasida halok bo’ldi. 18 milliondan ortiq jangchilar yarador va nogiron bo’lib qoldilar.
O’zbekistondan urushga safarbar etilganlardan 263 ming kishi halok bo’ldi, 132 ming 670 kishi bedarak yo’qoldi, 60 ming 452 kishi urushdan nogiron bo’lib qaytdi. Bu urush tufayli eng kamida 400 000 oila bevosita ayriliq azobiga duchor bo’ldi, ularning qarindosh-urug’lari nazarga olinsa, butun respublika aholisi motam libosini kiydi.
Urushga bormaganlarga ham oson bo’lmadi. Yuz minglab vatandoshlarimiz mehnat frontida zahmat chekdilar, qish qahratonida diydirab, saraton olovida yonib, o’zi emasdan, o’zi kiymasdan, topgan nasibasini frontga jo’natib azob-uqubatlar chekdi. Bir burda non tanqis bo’lgan paytlarda o’zbek xalqi urush tufayli uy-joysiz qolgan yuz minglab oilalarga boshpana berdi, yetim bolalarning boshini siladi. «Ikkinchi jahon urushiga, qanday qaralmasin, bu urush qaysi g’oya ostida va kimning izmi bilan olib borilgan bo’lmasin,-deb ta’kidlaydi O’zbekistonning birinchi Prezidenti I.A.Karimov, - o’z vatani, el-yurtining yorug’ kelajagi, beg’ubor osmoni uchun jang-maydonlarida halok bo’lganlarni, o’z umrlarini bevaqt xazon qilgan insonlarni doimo yodda saqlaymiz».
Fashizm ustidan qozonilgan g’alabaning olamshumul tarixiy ahamiyati shundaki, u ko’plab xalqlarni zo’ravonlikdan, zulmdan ozod etdi, erkin, demokratik rivojlanish uchun, iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyot uchun yo’l ochib berdi. Ikkinchi jahon urushi butun insoniyotga katta tarixiy saboq bo’ldi. Eng muhim saboq shundan iboratki, urush boshlanmasdan oldin unga qarshi kurashmoq, uning oldini olish tadbirlarini ko’rmoq zarur. Shu maqsadda jahondagi ko’pchilik mamlakatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzdilar. Bu xalqaro tashkilot yarim asrdan beri tinchlikni mustahkamlash, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari bilan muttasil shug’ullanib kelmoqda.
Fashizm ustidan g’alaba qozonilgan 9-may kuni O’zbekistonda har yili «Xotira va qadrlash» kuni sifatida nishonlanmoqda. Respublika faxriylari uyushmasining tashabbusi bilan janglarda halok bo’lgan vatandoshlarimiz haqida arxiv materiallari to’planib, bu ma’lumotlar asosida «Xotira» turkumida 33 kitob nashr etildi. Har yili urushda qurbon bo’lganlarni xotirlash, biz bilan hozirgi kunlarda yonma-yon yashayotgan urush faxriylarini qadrlash, e’zozlash, hurmat-izzatini joyiga qo’yishdek insoniy ishlar yoshlarni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda, mustaqil O’zbekistonning milliy xavfsizligini mustahkamlashda katta ahamiyatga egadir.
|
| |