|
Turkistonda sovet hokimiyatining o’rnatilishi
|
bet | 1/11 | Sana | 03.08.2024 | Hajmi | 172,5 Kb. | | #269092 |
Bog'liq 10-maruza
TURKISTONDA SOVET HOKIMIYATINING O’RNATILISHI. SOVETLAR DAVRIDA O’ZBEKISTONNING MARKAZGA IQTISODIY- MA’NAVIY QARAMLIGI.
Reja:
1.Turkistonda sovet hokimiyatining o’rnatilishi. Istiqlolchilik harakati.
2.Turkistonda milliy-hududiy davlat chegaralanishi. O’z SSRning tashkil topishi.
3.Ikkichi jahon urushi yillarida O’zbekiston.
Tayanch tushunchalar
1917-yil fevral inqilobi. Ikki hokimiyatchilik. Muvaqqat hukumat. Turkiston Qo’mitasi. Jadidlarning faollashuvi. «Sho’roi Islom». «Sho’roi ulamo». Turkiston o’lka musulmonlari Sho’rosi. Oktabr davlat to’ntarilishi. Xalq Komissarlari Soveti. Turkiston Xalq Komissarlari Soveti. Shovinistik siyosat. Turkiston Muxtoriyati. TASSR. Turkiston Kompartiyasi. Osipov isyoni. Turkkomissiya. Qurolli harakat. Qo’rboshi. Yosh xivaliklar. Xiva xonligining ag’darilishi, XXSR. XSSR. Yosh buxoroliklar. “Kolesov voqeasi”. Buxoro amirligining ag’darilishi. BXSR. BSSR.
Oziq-ovqat razverstkasi. Fuqarolar urushi. «Harbiy kommunizm». Yangi iqtisodiy siyosat (NEP). Shovinistik milliy siyosat.
Milliy davlat chegaralanishi. O’zbekiston SSR. Industrlashtirish. Yer-suv islohoti. «Qo’shchi» uyushmasi. Yoppasiga jamoalashtirish. Katta Farg’ona kanali. «Quloqlashtirish». Madaniy siyosat. Xalq ta’limi. Oliy ta’lim. O’rta maxsus ta’lim. Ilm-fan. “Hujum” harakati. «Xudosizlar jamiyatlari». Ateistik targ’ibot. Adabiyot va san’at. Kommunistik mafkura tazyiqi. Totalitar tizim. Milliy kuchlarni bo’lish. «O’n sakkizlar guruhi». «Inog’omovchilar». «Qosimovchilar». Ziyolilar qatag’oni. «Milliy istiqlol» tashkiloti. Qatag’onlikning yangi to’lqini. Fan va madaniyatga bosim.
Fashizm. Urushni keltirib chiqargan sabablar. O’zbekistondagi safarbarlik. Urush yillarida sanoat. Qishloq xo’jaligi. Fan. Maorif. Madaniyat. Baynalmilallik yordami. O’zbekistonlik jangchilarning jasoratlari. Xotira va qadrlash kuni.
“Iliqlik” davri. Fan-texnika inqilobi. Intensiv va ekstensiv yo’l. Turg’unlik holati. Orol muammosi. «Qayta qurish». Oshkoralik. «Kadrlar to’dasi». «Paxta ishi». Milliy qadriyatlarning toptalishi.
XX asr boshlarida Turkistonda uchta ma’muriy birlik: Rossiya imperiyasi O’rta Osiyoni zabt etganidan keyin tuzilgan va uning tarkibiga mustamlaka sifatida qo’shib olingan Turkiston general-gubernatorligi, shuningdek, yuzaki ravishda mustaqil bo’lgan, ammo, Rossiyaga qaram hisoblangan Buxoro amirligi va Xiva Xonligi mavjud edi. Hududining kattaligi va aholisining ko’pligi jihatidan Turkiston general-gubernatorligi eng yirik edi. O’lkadagi 5 mln.dan ko’proq aholi (o’zbeklar, tojiklar, qirg’izlar, qozoqlar va turkmanlar) islom diniga e’tiqod qiluvchi musulmonlar edi. Rossiyadan ko’chirib keltirilgan rusiyzabon aholi o’lkadagi aholining 10/1 qismidan ham kam edi.
1917-yilga kelib Rossiya imperiyasi o’zinig so’nngi kunlarini boshidan kechirayotgan edi. Ma’lumki Possiya imperiyasi Antanta ittifoqi tarafida turib 1914-yildan Birinchi jahon urushiga kirgan edi. Urushdagi harbiy mag’lubiyatlar va xo’jalikdagi vayronagarchilik imperiyani tang ahvolga solib qo’ydi. Bu esa 1917-yilning 23-27-fevralida ro’y bergan pus burjua inqilobiga sabab bo’di.
23-fevralda Petrogradda stixiyali tarzda namoyishlar boshlanib, ularni tarqatish uchun yuborilgan hukumat askarlari ham qo’zg’olonchilar tomoniga o’tib keta boshladilar. 27-fevralda qo’zg’olonchilar shaharning muhim joylarini, hukumat idoralarini egallaydilar. Nikolay II (1894-1917) taxtdan voz kechdi. Ko’p asrlik Romanovlar sulolasi hukmronligi ag’darildi. Natijada Rossiyada tarixda kamdan-kam uchraydigan hodisa - ikki hokimiyatchilik vujudga keldi. Ularning birinchisi burjuaziya vakillaridan iborat Muvaqqat hukumat, ikkinchisi Ishchi, askar, dehqon deputlari sovetlari edi.
Agar burjuaziya Muvaqqat hukumati mamlakatni yuqoridan turib boshqaradigan organ sifatida faoliyat yuritib, asta - sekinlik bilan hokimiyat muruvvatlarini o’z qo’liga olib borgan bo’lsa, ishchi, askar, dehqon deputatlari sovetlari esa hokimiyatni quyidan boshqarishda qatnashib bordilar. Ularning hokimiyat organi - Petrograd Soveti huddi shu yo’nalishda faoliyat yuritdi.
Podsho Rossiyasining mustamlakachilik asorati ta’sirida bo’lib kelgan Turkiston o’lkasi hayotida ham bu davrga kelib sezilarli tarixiy voqealar sodir bo’ldi. Podsho Rossiyasining mustamlakachilik boshqaruv organi - Turkiston General-gubernatorligi tugatildi. Uning o’rniga Muvaqqat hukumatning 1917-yil 7-apreldagi qaroriga binoan kadet N.N.Shchepkin raisligida 9 kishidan 4 nafari tub yerli aholi iborat Rossiya Muvaqqat hukumatining Turkiston Qo’mitasi tashkil etildi. Viloyatlarda harbiy gubernatorlik tizimi barham toptirilib, viloyat komissarlari instituti vujudga keltirildi. Shuningdek, Rossiyada faoliyat yuritayotgan bolsheviklar, mensheviklar va eserlar partiyalarining Turkistondagi mahalliy tashkilotlari yetakchiligida o’lkaning bir qator yirik shaharlarida ishchi, askar deputlari sovetlari tashkil topdi. Tez orada mahalliy aholi vakillaridan iborat musulmon ishchi va askar deputlari sovetlari ham tuzila boshlandi. Muvaqqat hukumatning 1917-yil may oyi boshlarida chiqargan farmoniga binoan Turkistondan jalb qilingan mardikorlar o’z ona yurtlariga qaytib kela boshladi.
Yurt istiqboli va istiqloli uchun qayg’uruvchi vatanparvar, hurriyatparvar kuchlar harakat qila boshladi va tashkiliy jihatdan uyusha bordi. Bu jarayonda ozod va mustaqil Turkiston uchun ko’p yillar fidoyilik bilan kurashib kelgan jadidlar harakatining rahnamolari alohida o’rin tutdi. Ular mahalliy aholining siyosiy ongini o’stirish, hal qiluvchi kurashlarga yetaklab borish maqsadida o’lkaning ko’plab shaharlarida vaqtli matbuot nashrlari - gazeta va jurnallar chiqara boshladilar. Masalan, Toshkentda “Xurshid”, “Sadoi Turkiston”, “Turk eli”, “Najot”, “Kengash”, “Sho’roi islom”, Samarqandda “Oyna”, “Hurriyat”, Buxoroda “Turon”, “Buxoroi sharif”, Qo’qonda “Sadoi Farg’ona”, “Tirik so’z” nomli matbuot nashrlari o’z sahifalarida markazdagi siyosiy vaziyatni, joylardagi ahvolni, o’tkir ijtimoiy-siyosiy masalalarni yoritishda, mahalliy aholi ommasini siyosiy-g’oyaviy jihatdan tayyorlab borishda muhim rol o’ynadi.
Abdulla Avloniy tomonidan Toshkentda 1917-yil aprelidan chiqarila boshlagan “Turon” gazetasining ilk sonida “Yashasin xalq jumhuriyati” shiori birinchi bor yangragan edi. Unda aniq maqsad-maslak: “Musulmonlar orasida ko’p yillardan buyon davom etgan umumga zo’rlik, bid’at odatlarni bitirmak, kelajakda bo’ladigan jumhuriy idoraga xalqni tayyorlamoq” g’oyasi ilgari surilgan edi.
Xuddi shuningdek, Munavvar Qorining o’sha yili “Najot” gazetasining 26-mart sonida bosilgan «Xurriyat berilmas, olinur”, degan xitob ham jadidlarning xalq ozodligi va istiqloli yo’lida jiddiy kurashga bel bog’laganliklaridan dalolat berardi.
Sho’roi Islom va “Sho’roi Ulamo” tashkilotlari. Turkiston jadidlari faqat targ’ibot-tashviqotchilik ishlari bilangina cheklanib qolmasdan, shu bilan birgalikda siyosiy tashkilotlar, partiyalar tuzish, ularning faoliyatini islohotchilik maqsadlari sari yo’naltirish bilan ham jiddiy shug’ullanib bordilar. Chunonchi, 1917-yil 14-martda Toshkentda “Sho’roi Islom” tashkiloti tuzildi. Hur va demokratik Turkiston uchun kurash uning asosiy g’oyasi va bosh maqsadi edi. 15 kishidan iborat rayosat tarkibidan Munavvar qori Abdurashidxonov (yetakchi), Abduvohid qori, Mirkomilboy Mo’minboyev, Ubaydullaxo’ja Asadullaxo’jayev, Salimxon Tillaxonov singari yurt rahnamolari o’rin olgan edilar.
O’lkaning turli joylarida “Sho’roi Islom”ning quyi shu’balari tuzilib, ular aholi orasida qizg’in faoliyat yuritdilar. Shuningdek, “Sho’roi Islom” ta’sirida joylarda turli nomlarda tashkilotlar tuzildi. Toshkentda “Turon”, “Ittihodi taraqqiy”, Andijonda “Ozod xalq”, “Hurriyat”, “Ma’rifat”, Samarqandda “Mirvaj-ul Islom”, “Klub Islomiya”, Kattaqo’rg’onda “Ravnaqul Islom”, “Guliston” va boshqalar shular jumlasidandir. M. Behbudiyning “Xaq olinur, berilmas”, Munavvar Qorining “Hurriyat berilmas, olinur” shiorlari ularning chinakam kurash bayrog’iga aylangan edi.1
Turkiston istiqloli uchun kurashga bel bog’lagan va “Sho’roi Islom” ta’sirida faoliyat yuritgan jadidlarning bir qismi “Qadimchilar” nomi bilan atalardi. 1917-yil iyuniga kelib “Qadimchilar” “Sho’roi Islom” tarafdorlari bilan uzil - kesil aloqani uzib, “Sho’roi Ulamo” tashkilotini tuzdilar (uning rahbarlari: Sherali Lapin, Abdumalik Hoji Nabiyev va boshqalar).
Bo’linishning asosiy sabablari Turkistonning milliy mustaqilligiga erishish yo’lidagi ikki xil qarama-qarshi taktik kurash masalasi edi.
Konservativ, mutaassiblik qarashlar nuqtai nazaridan yondashgan “Qadimchilar” o’lka mustaqilligini hukmron mustamlakachilarga qarshi faqat g’azovot, ya’ni qurolli kurash yo’li bilan qo’lga kiritishni yoqlardilar.
Jadidlarning ilg’or namoyandalari esa Rossiyada yuzaga kelgan qulay inqilobiy shart-sharoitlardan foydalanib, yurt mustaqillgini siyosiy vositalar orqali, behuda qon to’kmasdan, bosqichma-bosqich qo’lga kiritishni istardilar. Ularning demokratik Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Turkiston muxtoriyati talabi ham shu maqsadni ko’zda tutardi.
O’lkaning milliy kuchlari o’rtasida yuz bergan bu ajralish va g’oyaviy ixtiloflar, shubhasiz, ularning harakat birligiga jiddiy putur yetkazardi. Ayniqsa “Sho’roi Ulamo”chilarning nashri - “Al-Izoh” jurnali sahifalarida millatning ilg’or kuchlariga, vatanparvar milliy ziyolilarga nisbatan adovat urug’ini yoyishga alohida urg’u berildi. Bu esa aslida shovinistik kuchlar tegirmoniga suv quyish edi. Negaki bundan o’lkada faoliyat yuritayotgan yot begona siyosiy kuchlar o’z maqsadlari yo’lida foydalandilar.
Turkistonda demokratik harakatlarning o’sib borishida, turli ijtimoiy qatlamlar va tabaqalarni istiqlol uchun kurash bayrog’i ostida birlashtirishda 1917-yilda bo’lib o’tgan Umumturkiston musulmonlari qurultoylari va ular ishlab chiqqan dasturiy hujjatlar, tashkiliy tadbirlarning roli katta bo’ldi.
Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi, uning shovinistik siyosati. Muvaqqat hukumatning mamlakatni jahon urushidan olib chiqa olmaganligidan, agrar va milliy masalalarni hal etolmayotganligidan bolsheviklar ustamonlik bilan foydalandilar. Bolsheviklar ilgari surgan “Butun hokimiyat Sovetlarga!”, “Yer dehqonlarga”, “Xalqlarga tinchlik” shiorlari ularning hokimiyatga kelishlarida ayniqsa asqotdi. Rossiya poytaxti Petrogradda 1917-yil 24-25-oktabrda davlat to’ntarilishi sodir bo’ldi. Uni Lenin boshchiligida bolsheviklar partiyasi zo’rlik bilan amalga oshirdi. 1917-yil 25-oktabrda bolsheviklar tomonidan Petrogradda Butunrossiya Sovetlarining II qurultoyi chaqirilib, unda Lenin boshliq Sovet hukumati - Xalq Komissarlari Soveti tuzildi. Sulx va Yer to’g’risida dekretlar qabul qilindi. Sovet hukumati nafaqat Markazda, balki shu bilan birga sobiq Chor Rossiyasi tasarrufidagi barcha hududlarda ham o’z hokimiyatini o’rnatish harakatida bo’ldilar.
Turkistonda sovet hokimiyatining o’matilishi. Bolsheviklar Markazda siyosiy hokimiyatni qo’lga kiritgach, Turkistonda ham sovet hokimiyatini qaror toptirishga intildilar. Turkistonda sho’rolar hokimiyatini o’rnatish g’oyatda murakkab jarayonda kechdi. Buning boisi, avvalo, oktabr g’oyalarining mahalliy tub joy aholining dili va shuuriga botmaganligidadir. Negaki, bu zamin aholisi bolsheviklar partiyasi dasturida nazarda tutilgan sotsialistik o’zgarishlar orqali hamma narsani umumlashtirish va milliylashtirishni yoqtirmasdi. Mahalliy xalq o’zining tarixan tarkib topgan, asrlar davomida shakllangan o’ziga xos turmush tarzini, yashash sharoitini, xo’jalik yuritish, idora qilish tartib-qoidalarini bir lahzada tubdan o’zgartirishni xohlamasdi. Bu narsa uning ongi, tafakkuriga, milliy o’zligi va ma’naviy qiyofasiga mos kelmasdi. Ayniqsa bolsheviklarning ateistik ruhdagi mafkurasi, uning hujumkor yo’nalishi islom qadriyatlari doimo e’zozlanib kelingan bu yurt odamlarining ruhiyati va dunyo qarashi bilan singisha olmasdi. Bir so’z bilan aytganda, mahalliy tub yerli aholi tabiiy ravishda oktabr g’oyalarini qabul qilmadi va unga moyillik ko’rsatmadi. Biroq begona maslak va g’oyalar bolsheviklar partiyasi va uning Turkistondagi yalovbardorlari tomonidan kuch va zo’rlik bilan o’lka xalqlariga majburan tiqishtirildi.
Toshkentda faoliyat ko’rsatayotgan, asosiy tarkibi yevropalik aholi vakillaridan iborat harbiy qismlar, ishchi otryadlari mahalliy bolshevistik tashkilotlar boshchiligida qurolli qo’zg’olon yo’li bilan sovet hokimiyatini qaror toptirishga kirishdilar. Bolshevik V.S.Lyapin boshchiligida inqilobiy qo’mita tuzildi va qo’zg’olon boshlandi. 1917-yil 27-oktabr oqshomida Toshkentda boshlangan qo’zg’olon natijasida 1-noyabrga kelib Muvaqqat hukumatning Turkiston Qo’mitasi ag’darildi. General Korovichenko va Muvaqqat hukumatning Turkiston Qo’mitasi a’zolari qamoqqa olindi. Toshkentda Sovet hokimiyati o’rnatildi. Turkiston o’lkasida sovet hokimiyatini o’rnatish jarayoni qonli, fojiali voqealar bilan bog’liq holda kechdi. Jumladan, Farg’ona viloyatida sovet hokimiyatini o’rnatish jarayonida, Marg’ilonda 7 ming, Andijonda 6 ming, Namanganda 2 ming begunoh kishilar qirg’in qilindi. Samarqand, Kattaqo’rg’on, Yangi Buxoro, Termiz va boshqa shaharlarda ham sovet hokimiyati o’rnatildi2.
Turkistonda sovet hokimiyati organlarini tuzish vaqtida ham bolshevik yo’lboshchilarning ulug’davlatchilik va shovinistik siyosati to’la kuch bilan namoyon bo’ldi. 1917-yil 15-22-noyabr kunlari Toshkentda Turkiston ishchi, askar va dehqon deputatlari sovetlarining Ш O’lka qurultoyi hokimiyat masalasini o’zboshimchalik va biryoqlamalik bilan hal etdi. Unda bolshevik Kolesov boshchiligida Turkiston Xalq Komissarlari Soveti tuziladi. Uning tarkibiga 7 bolshevik va 8 ta so’l eser vakillar kiritildi. Uning tarkibiga butun o’lka aholisining 95 foyizini tashkil etuvchi yerli millat aholisidan esa birorta ham vakil kiritilmadi.
Vaholanki, oktabr o’zgarishi rahnamosi Lenin imzo chekkan “Rossiya xalqlari huquqlari Deklaratsiyasi”, “Ezilgan va ekspluatatsiya qilinuvchi xalq huquqlari Deklaratsiyasi”, “Rossiya va Sharq musulmonlariga” xitobnomasi hamda boshqa hujjatlarda millatlarning ozodligi, erki, huquqlari rasman e’tirof etilgan edi. Amalda esa ulug’ davlatchilik siyosati yuritildi.
Sovetlar mahalliy aholining asriy orzularini ruyobga chiqarishni emas, balki aksincha uni har sohada kamsitish, milliy va diniy qadriyatlarini tahqirlash yo’lidan bordilar. Sovet hokimiyatining mahalliy aholining xususiy mulklarini tortib olish, hamma narsani Sovetlar manfaatlari yo’lida umumlashtirish yo’lida amalga oshirgan g’ayritabiiy faoliyati pirovard oqibatda o’lka halqlarining keskin norozilik harakatlarining kuchaya borishiga sabab bo’ldi.
Turkiston muxtoriyati. Sovet hokimiyati Turkiston jilovini qo’lga olib, o’zining avval e’lon qilgan balandparvoz va’dalaridan voz kechib, o’lka xalqlariga qarata olib borgan ikkiyuzlamachilik va munofiqlik siyosatiga javoban yurtning millatparvar rahnamolari faol harakatga keldilar. 1917-yil 26-noyabrida Qo’qonda o’lka musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi chaqirildi. Unda Turkiston o’lkasining 5 viloyatidan 200 nafardan ziyodroq vakillar ishtirok etdi. Qurultoy ishida “Sho’roi Islom”, “Sho’roi Ulamo”, Musulmon harbiylari Sho’rosi, o’lka yahudiylar jamiyati namoyandalari ham qatnashdilar. Qurultoyda Turkiston Muxtoriyati tuzildi. Bu xususda qabul qilingan qarorda Shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o’z huquqlarini o’zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etadi”. Shundan so’ng qurultoy “Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik aholi huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qiladi”.
Qurultoyning yana bir katta xizmati, bu uning tomonidan Turkiston Milliy majlisi (parlamenti) tuzilganligi bo’ldi. Unga “Sho’roi Ulamo” tashkiloti rahbari Sherali Lapin rais etib saylandi.
Milliy Majlis tarkibiga Muvaqqat Kengash a’zolaridan tashqari o’sha davrning atoqli arboblari: T. Norbo’tabekov, S. Sharifxo’jayev, Nosirxonto’ra Komolxonto’ra o’g’li, M. Behbudiy, Alixonto’ra Shokirxonto’ra o’g’li, Sobirjon Yusupov, Odiljon Umarov singari yurt peshvolari ham saylangan edilar.
Shunday qilib, o’lkaning mo’’tabar millatparvar zotlaridan iborat milliy hokimiyat tashkil etilib, uning zimmasiga ulug’vor vazifalar yuklandi. Eng muhimi, Turkiston xalqining erki, mustaqilligini asta-sekin tiklash - bu xalqchil hukumatning bosh vazifasi edi. Shu boisdan ham o’lkaning millionlab fuqarolari Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinganligini katta qoniqish ruhi bilan qarshi oldilar. 1917-yil-dekabr oyi boshlarida Toshkent, Namangan, Jalolobod, Qo’qon, Samarqand shaharlari aholisi mitinglar, namoyishlar uyushtirib, muxtoriyatni qizg’in qo’llab-quvvatlab chiqdilar.
Biroq o’lkada o’rnashib olgan va asosiy boshqaruv jilovini qo’lda ushlab turgan Turkiston sovet hukumati va uning joylardagi hokimiyat mahkamalari Turkiston muxtoriyati va uning tarafdorlarini yo’q qilish yo’lini butun Choralar bilan o’tkazib bordi.
1917-yil 13-dekabrida Toshkentda muxtoriyatni yoqlab o’tkazilgan katta mitingni zo’rlik bilan tarqatib yuborilishi, bugina emas, unda sovet kuchlari otgan miltiq va pulemyotlar sadosi ostida ko’plab qurbonlar berilishi (eski shaharlik 16 kishi otib o’ldirilgan edi) - bu Turkiston muxtoriyatiga nisbatan uyushtirilgan dastlabki suiqasd edi.
1917-yil 25-dekabr kuni Qo’qonda o’lka musulmon ishchi, askar va dehqonlarining I favqulodda qurultoyi ish boshladi. Unda 200 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Qurultoy muxtoriyatni har tomonlama quvvatlash, unga moddiy va ma’naviy madad ko’rsatish shiori ostida o’tdi. Unda Turkiston Muvaqqat Kengashi tarkibini musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari qurultoyi vakillari hisobiga to’ldirish to’g’risida qaror qilindi. Qurultoy o’zining so’nggi ish kuni - 27-dekabrda Petrogradga, Xalq Komissarlari Soveti Raisi V.I. Lenin nomiga telegramma yo’lladi. Unda Turkiston muxtoriyatini e’tirof etish, Toshkent Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni Turkiston muxtoriyati Muvaqqat Kengashiga topshirish to’g’risida farmoyish berish so’ralgan edi.
Lenin va uning safdoshlari esa ochiq va yashirin tarzda Toshkentda faoliyat yuritayotgan Turkistondagi sovet hukumati oldiga milliy muxtoriyatni tugatishni vazifa qilib qo’yganligi hech kimga sir emas. Turkistondagi sovet hokimiyati o’lka muxtoriyati faoliyatini cheklash, uni butunlay barham toptirishga qaratilgan xoinona yo’l tutdi. Bu manfur maqsadni amalga oshirish uchun sovetlar hokimiyati tasanufida bo’lgan hamma vositalar ishga solindi. 1918-yil 19-26-yanvarda bo’lib o’tgan Turkiston o’lka sovetlarining IV syezdi Turkiston muxtoriyati hukumatini, uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb hisobladi va ularning boshliqlarini qamoqqa olishga qaror qildi.
Buning ustiga Turkiston muxtoriyati o’zini o’zi yetarli darajada himoya qila olish imkoniyatiga ega bo’lolmadi. Muxtoriyatchilar orasida ko’pgina muhim xayotiy masalalarda birlik, hamjihatlik, jipslik mavjud emasdi. Unga moddiy, ma’naviy hamda harbiy, moliyaviy madad ko’rsata oladigan real kuchlar va imkoniyatlar yo’q edi. 1918-yil 18-fevralda «Ulamo» jamiyati tashabbusi bilan Muxtoriyatda to’ntarish sodir etildi. Mustafo Cho’qayev boshchiligidagi hukumat ag’darildi. Hukumat boshqaruvi Qo’qon shahar militsiyasi boshlig’i Kichik Ergashga o’tadi.
Turkiston sovet hukumati 1918-yil 14-fevralida Farg’ona viloyati hududida favqulodda harbiy holat joriy etdi. Uning Qo’qondagi mahalliy hokimiyati - ishchi va askar deputatlari soveti 17-fevralda muxtoriyat vakillarini taslim bo’lishga da’vat qildi. Ayni vaqtda Toshkentdan Perefilev boshchiligida qurollangan ko’p sonli qizil qo’shin olib kelindi va ular darhol ishga solindi. Qo’qondagi ashaddiy millatchi arman dashnoqlari ham bu bosqinga jalb qilindi. (Dashnoq - 1890-yilda Tiflisda tashkil etilgan «Dashnaktsutyun» («Ittifoq») arman milliy partiyasi a’zosi. Dashnoqlarning bir qismi 1915-yilgi turk-arman qrig’inida qo’chib Turkistonga kelgan edilar.). Ayniqsa 19-21-fevral kunlari Qo’qon xalqi ustiga balo-kazo yog’ildi. Shahar o’t ichida yondi. Shu tariqa, Turkiston Muxtoriyati mag’lubiyatga uchradi.
TASSRning tuzilishi.Sovet hokimiyati o’zining avvaldan rejalashtirgan sotsialistik yo’nalishdagi iqtisodiy va siyosiy qayta qurishlar yo’lini izchil amalga oshirishga kirishdi. Chunonchi, yer to’g’risidagi dekret asosida yerga bo’lgan xususiy mulkchilikni tugatish boshlandi. Shu maqsadda joylarda yer qo’mitalari tuzildi. Jumladan, 1918-yil kuzida Sirdaryo viloyatida 51 ta, Samarqand viloyatida 50 ta, Yettisuvda 25 ta Shunday qo’mitalar tashkil etildi. Biroq dehqonlar sovet ma’murlarining yer qo’mitalarini tuzish harakatini keskin norozilik bilan qarshi oldilar. Shunga qaramasdan bolsheviklar bu yo’lni qat’iy amalga oshirishda davom etdilar. Buning natijasida o’lkadagi ko’plab miqdordagi yirik mulklar, xususiy yerlar musodara etildi va milliylashtirildi.
Sovet hukmdorlarining yana bir hiylakorligi va ustamonligi shunda ko’rinadiki, ular Turkiston muxtoriyati tajribasidan muhim xulosa chiqarib, bu hududda o’ziga xos sovet muxtor respublikasini tuzishga yo’l tutdilar. Bundan ko’zda tutilgan bosh maqsad - Turkistonning kelajakda mustaqil, suveren davlat bo’lib, ajralib chiqib ketishiga izn bermaslik edi. Sovetlar ishlab chiqqan rejaga ko’ra 1918-yilning 20-aprelidan 1-mayigacha Toshkentda bo’lib o’tgan o’lka Sovetlarining V qurultoyida Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi (TASSR) tuzildi va RSFSR tarkibiga kiritildi. Sinfiylik tamoyillariga asoslangan o’ziga xos davlat boshqaruvida hokimiyat funksiyalari butunlay sovetlar va ularning organlari ixtiyorida edi. Qurultoyda respublikaning hokimiyat organlari: Markaziy Ijroiya Qo’mitasi (MIQ) va Xalq Komissarlari Soveti (XKS) saylandi. MIQning jami 36 a’zosidan atigi 9 nafari mahalliy millat kishilari edi. Avtonom respublika MIQning raisi etib bolshevik P. A. Kobozev saylandi, bolshevik F. I. Kolesov boshchiligida 16 kishidan iborat tuzilgan XKS tarkibiga ham 3 nafar mahalliy aholi vakillari kiritilgan edi, xolos.
1918-yil iyunda 2 ming nafar bolsheviklarni o’z safida birlashtirgan Turkiston Kompartiyasi tuzildi. 1919-yil-martida Turkiston Kompartiyasi huzurida Turor Risqulov raisligida O’lka musulmonlari byurosi tuziladi. Musbyuroning organi - «Ishtirokiyun» gazetasi nashr etila boshlandi, unda Turkiston ma’murlarining shovinistik siyosati fosh etila bordi.
1918-yil oktabrida bo’lgan o’lka sovetlarining VI qurultoyida TASSR Konstitutsiyasi qabul qilindi. Unda Turkistonni RSFSRning “ajralmas, tarkibiy qismi” ekanligi, o’lka xalqlarining barcha hayotiy masalalari uning mas’ulligida ekanligi qonunlashtirildi.
Turkistonda sovet hokimiyatining tobora kuchayishi, uning yakkahukmronligining ortib borishi, o’lka hayotining hamma jabhalarining qattiq markazlashtirilishi, qattiqqo’l iqtisodiy tadbirlarning o’tkazilishi faqat mahalliy aholi qatlamlarining keskin noroziligiga sabab bo’lib qolmasdan, boshqa siyosiy muxolifatchi kuchlarni ham harakatga keltirdi.
1919-yil 19-yanvarida harbiy komissar K.Osipov uyushtirgan isyon natijasida Toshkentda 14 nafar Turkiston xalq komissarlarining otib o’ldirilishi ham buning aniq ifodasi bo’lgandi. Ammo tezlikda o’zlarini o’nglab olishga ulgirgan bolsheviklar vaziyatni o’z foydalariga o’zgartirib, sovet hokimiyatini yana saqlab qolishga muvaffaq bo’ldi, hokimiyat organlari yangi kadrlar bilan to’ldirildi. Rahbarlik lavozimlariga mahalliy millat vakillari ham jalb etila bordi.
Moskva sovet Turkistoniga o’z ta’sirini kuchaytirish, uni har tomonlama o’ziga qaram qilish maqsadida 1919-yil kuzida Toshkentga alohida favqulodda vakolatlar berilgan Turkkomissiya (Sh. Eliava - rais, V. Bokiy, F. Goloshchekin, V. Kuybishev, M. Frunze, Ya. Rudzutak)ni yubordi. Uning butun faoliyati TASSR sovet va partiya qurilishi ishlarini jadal sur’atlar bilan olib borish, yangi tuzumni chuqur ildiz ottirish edi. TASSR hayotida kechayotgan barcha ijtimoiy - siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar bilan bog’liq eng asosiy masalalarning birortasi ham Turkkomissiya a’zolarining izmisiz hal etilmas edi.
Bu davrda mahalliy xalq orasidan chiqqan, sovet va partiya qurilishida ancha tajriba ortirgan, chiniqqan T. Risqulov, N. To’raqulov, A. Rahimboyev, N. Xo’jayev, Q. Otaboyev, A. Ikromov, S. Segizboyev kabi yurt arboblari u yoki bu rahbariy mansablarda faoliyat yuritgan bo’lsalar-da, ammo ularning inon-ixtiyori moskvalik hukmdorlar tizginida bo’lgan. Xullas, Turkkomissiya siymosida TASSR hayotida zo’rlik bilan qaror topdirib borilayotgan bolsheviklar diktaturasining asl mazmun-mundarijasi mujassamlashgan edi.
|
| |