|
-MAVZU: GEOGRAFIK QOBIQNING BO’YLAMA TUZILISHI. LITOSFERA
|
bet | 27/86 | Sana | 18.05.2024 | Hajmi | 1,98 Mb. | | #241761 |
Bog'liq Umumiy tabiiy geografiya6-MAVZU: GEOGRAFIK QOBIQNING BO’YLAMA TUZILISHI. LITOSFERA.
Reja:
Yerning ichki tuzilish.
Yerning tashqi qobiqlari.
Yer po’stining tuzilishi va tarkibi.
Yer po’sti tuzilishining asosiy xususiyatlari.
Yer po’stining yoshi va geoxronologik sana.
Yer paydo bo’lgandan beri uning ichida moddalarning tabaqalanishi sodir bo’lib hozir ham davom etmoqda. Yerning ichki qismidagi moddalarning tabaqalanishi natijasida geografik qobiqning tarkibiy qismlari bo’lgan tashqi qobiqlar vujudga kelgan.
Yerning ichki tuzilishi.
Geografik qobiq Yerning ustki qismida joylashgan yupqa qatlamdan iborat, shunga qaramasdan u Yerning ichki qobiqlari bilan doimo o’zaro ta’sirda bo’ladi va uning xususiyatlari ichki qobiqlar ta’sirida o’zgarib va shakllanib turadi.
Tabiiy geografiya Yerning ichki qismlarini maxsus o’rganmaydi, ammo geografik qobiqda sodir bo’ladigan jarayonlarni chuqurroq o’rganish maqsadida, geofizikaning va boshqa fanlarning Yerning ichki tuzilishi haqidagi ma’lumotlaridan foydalanadi. Yerning ichki tuzilishi haqida zilzilalar ta’sirida hosil bo’ladigan seysmik to’lqinlarni kuzatish aniq ma’lumotlar beradi. Yer qimirlaganda uch xil seysmik to’lqinlar hosil bo’ladi:
a) yuza to’lqinlar, ular Yer yuzasi bo’ylab tarqaladi va tezligi kam bo’ladi
b) bo’ylama to’lqinlar, moddalarning o’rtacha holati yaqinida to’lqinlar yo’nalishi bo’yicha elastik tebranishi, ya’ni ketma-ket qisilib cho’zilishidir. Bunday to’lqinlar har qanday muhitda ham tarqalaveradi, eng katta tezlikka ega bo’ladi va seysmik stansiyalarga eng oldin yetib keladi;
v) ko’ndalang to’lqinlar, moddalarning to’lqin tarqalish yo’nalishiga nisbatan perpendikulyar tebranishlardir. Bular moddalarning siljishi bilan bog’liq, ya’ni moddalarning shaklini o’zgarishi bilan bog’liq. Bu to’lqinlar faqat qattiq moddalardan o’tadi, suyuq va gazsimon muhitlardan so’nib qoladi, chunki suyuq va gazsimon moddalar shakl o’zgarishiga qarashlik qilmaydi.
Agar Yerning hamma qismi bir xil jinsdan tuzilgan edi, to’lqin to’g’ri chiziq bo’ylab tarqalar hamda tezligi bir xil bo’lar edi. Haqiqatda esa to’lqinlarning o’tish yo’llari murakkab bo’ladi, tezligida keskin o’zgarishlar bo’lib turadi. To’lqinlar keskin o’zgaradigan birinchi sath o’rta hisobda 60 km. chuqurlikda bo’ladi. Bu yerda bo’ylama to’lqinlar tezligi birdaniga sekundiga 5 km. dan 8 km. ga ortadi. SHundan so’ng tezlik asta-sekin orta borib 2900 km. chuqurlikda sekundiga 13 km. ga yetadi, so’ngra birdaniga kamayib, sekundiga 8 km tushib qoladi. SHundan so’ng Yer markazi tomon orta borib sekundiga 11 km ga yetadi. Ko’ndalang to’lqinlar 2900 km. dan chuqurga yetib bormaydi va Ushbu chuqurlikdan qaytib, Yer betiga chiqadi.
Seysmik to’lqinlar tezligining 60 va 2900 km. chuqurliklarda keskin o’zgarishi mazkur chuqurliklarda moddalar zichligining keskin o’zgarishini aks ettiradi. Moddalar zichligini turlicha bo’lishi tufayli Yerning ichki qobiqlari hosil bo’lgan, ya’ni yadro, mantiya va Yer po’sti.
Yerning yadrosi 2900 km. dan boshlanadi va ichki hamda tashqi yadroga bo’linadi. Tashqi yadroning qalinligi 2080 km., u 2900 km. dan 4980 km. chuqurliklar orasida joylashgan. Ichki yadro 4980 km. dan Yerning markazigacha bo’lgan chuqurliklarda joylashgan. Yadro asosan temir va nikeldan iborat
Mantiya Moxo chegarasidan (70-80 km) 2900 km. chuqurlikkacha davom etadi. Mantiya asosan magniy, kislorod, temir, kremniy va boshqa moddalardan iborat. Mantiya uchta qatlamdan iborat: quyi (1000-2900 km), o’rta (300-1000 km), yuqori dunit (70-300 km) Yuqori mantiya dunitlardan-magniy bilan temirga boy bo’lgan silikat jinslardan tashkil topgan. 100km. dan 700 km chuqurlikkacha moddalar Yerning ichki issiqligi ta’sirida erigan holatda bo’lishi mumkin, 100 km dan yuqorida harorat jinslarning erishi uchun yetarli emas, 700 km. chuqurlikda esa bosim juda yuqori. Erigan qatlamda materiklar og’irligini muvozanatga keltirib turish uchun moddalar bir joydan ikkinchi joyga oqib turadi. Vulkan va zilzila o’choqlari shu yerda joylashadi.
O’rta va quyi mantiyada moddalar zichligi yuqoridir. Yer po’sti-Erning tashqi qatlamlari majmuasidir. U mantiyadan Moxo chegarasi bilan ajralib turadi. Bu yerda moddalar qattiq holatda bo’ladi. Mazkur Moxo chegarasi aniq chegara bo’lib, Yer yuzasining hamma joyida bor. Mantiyadan Yer po’stiga o’tishda bosim shunchalik pasayib ketadiki, gabbrodan bazaltga o’tiladi. Bundan moddalar hajmi 15% ga oshadi va shunga mos ravishda zichlik kamayadi.
Yerning tashqi va ichki qobiqlari doimo o’zaro ta’sirda bo’ladi. Mazkur ta’sir quyidagilarda namoyon bo’ladi (SHubaev, 1975):
- dastavval o’zaro ta’sir Yer yuqori qatlamlarining ichki qatlamlariga bosimida namoyon bo’ladi. Mazkur bosim shunchalik kattaki, u zich yadro va qalin mantiyaning vujudga kelishiga sabab bo’ladi;
- yuqori bosim radiaktiv parchalanish bilan birga issiqlik hosil qiladi. Bu issiqlik Yerning ichki qismidan uning yuzasiga chiqib keladi va yiliga 50-60 kal g’sm2 ni tashkil qiladi. Bu issiqlikning Yer yuzasi uchun bevosita ahamiyati katta, u Yer Quyoshdan oladigan issiqlikning 0,001 ulushini tashkil qiladi. Lekin mazkur issiqlik tufayli Yer po’sti ostidagi mantiya qizigan. Bu esa Yer po’sti va mantiyada tektonik jarayonining faoliyatini ta’minlaydi;
-Yerninig og’ir yadrosi Yer yuzasi og’irlik kuchining katta bo’lishini ta’minlaydi. Buning yordamida Yer o’zida atmosfera bilan suvni ushlab turadi;
-Yer yuzasi uchun suvning asosiy manbai mantiyadir. Yer yuzasida suv suyuq holda faqat atmosfera bosimi tufayligina mavjuddir, aks holada suv bug’ga aylanib ketgan va uchib ketgan bo’lar edi;
-suv havo harakati tufayli materiklarga kirib borib, okeanlarga oqib tushadigan quruqlikdagi suvlarni hosil qiladi. Yer yuzasida nurashning ro’y berishi va cho’kindi jinslarning vujudga kelishiga suv bilan havo sabab bo’ladi;
-daryolardagi oqim tezligi va denudasiya sur’ati og’irlik kuchining kattaligiga bog’liq;
-Yer po’sti mantiyadagi moddalarning saralanishi mahsuli bo’lib, uning o’zi ham mantiyaga ta’sir ko’rsatadi. Bu o’zaro ta’sir Yer po’stining-materik, okean va oraliq turlarining hosil bo’lishida materiklar rivojlanishida va tektonik jarayonlarda namoyon bo’ladi;
-Yerning ichki qismdagi moddalar elastiklik xususiyatiga ega. Buning oqibatida moddalarning oqishi Yerning shaklida aks etadi. Qalqish qarshiligi Yer aylanishini sekinlashtiradi. Bu esa qutbiy siqiqlikni kamaytiradi. Bu hol yuqori mantiyadagi moddalar bir qismining ekvatorial kengliklardan qutbiy kengliklarga oqib ketishiga sabab bo’ladi. Yer po’sti ostidagi moddalarga qaraganda qattiqroq bo’lganligidan o’zgarishga uchraydi, yoriladi, ko’chiriladi va pasayadi. Bu jarayonda qutbiy va ekvatorial radiuslar mutloq uzunligining o’zgarishi emas, balki Yer shaklining muvozanatlashishiga intilishi muhim o’rni tutadi;
-Materik va okeanlarning hosil bo’lishi, tektonik jihatdan faol mintaqalar, ya’ni geosinklinallarning, platformalarning joylashishi Yerning ichki qatlamlari va koinotning o’zaro ta’siri natijasidir.
|
| |