Vazirligi urganch davlat




Download 0,96 Mb.
bet161/301
Sana13.06.2024
Hajmi0,96 Mb.
#263417
1   ...   157   158   159   160   161   162   163   164   ...   301
Bog'liq
Umumiy Pedagogika darslik. 08.09.22

Islom `dinining tarqalishi va uning ta’lim-tarbiyaga ta’siri.

VII asr boshlarida Islom g‘oyasiga asoslangan Arab xalifaligi tashkil topib, bu davlat o‘z mavqeini mustahkamlash uchun boshqa mamlakatlarni zabt eta boshladi. Butun Arabiston yarimoroli, shuningdek, Eron, Suriya, Janubiy Ispaniya, Kavkazorti hamda Shimoliy Afrikada joylashgan bir qator mamlakatlar xalifalik tarkibiga kiritildi.
VII asr o‘rtalaridan boshlab arablar Movarounnahrga ham hujum qilish rejasini tuza boshladilar. Arab istilochilarining Movarounnahrga bo‘lgan birinchi yurishi 651-yilda Ubaydulloh ibn Ziyod boshchiligida amalga oshirildi. 676-yilda esa Said ibn Usmon rahbarligida Buxoro, Sug‘diyona, Kesh hamda Nasaf kabi shaharlarga hujum uyushtirildi va bosib olindi.
Arab istilochilari tomonidan uyushtirilgan ikkinchi yurish 705-yili Xuroson hokimi Qutayba ibn Muslim boshchiligida olib borilib, nihoyatda keskin tusga ega bo‘ldi. Qutayba ibn Muslim 706-yili Zarafshon vodiysiga yurish boshlab, oqibatda Poykend, Buxoro, Samaraqand, So‘g‘d, Farg‘ona va boshqa shaharlarni qo‘lga kiritdi. Keyinchalik esa Xorazm zabt etildi. Qutayba ibn Muslimning Movaraunnahrga uyushtirgan yurishi 715-yili uning Farg‘onada qo‘zg‘olonchi arab jangchilari tomonidan o‘ldirilishi bilan to‘xtadi.
Arab istilochilari VIII asrning o‘rtalariga kelib Movarounnahrni to‘la zabt etishga erishdilar.
Arablar tomonidan bosib olingan yerlarda xalqlar Islom dinini qabul qilishga majbur etildi. Arab istilochilarining Movarounnahr xalqining Islom dinini qabul qilish jarayoni qiyin kechgan va bu jarayon bir necha yillar davomida amalga oshirilgan. Chunki Movarounnahr yurti arab istilosiga qadar ham ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan taraqqiy etgan bo‘lib, bu mamlakatda yashovchi xalqlar turmush tarziga ko‘ra ham arablarga nisbatan bir qadar ustunlikka ega edilar. Zero, mazkur hududda yashovchi xalqlarning aksariyati o‘troq xalqlar bo‘lib, turg‘un holda dehqonchilik bilan shug‘ullanar edilar. Shu bois ular tezda arab istilochilariga bo‘ysuna qolmadilar. Aholining istilochilarga bo‘ysunishni istamaganligining asosiy sabablaridan biri ular tomonidan ko‘rsatilgan istibdod va qatag‘onlar ekanligi bilan bir qatorda bosqinchilarning mahalliy xalqning yillar davomida tarkib topgan ma’naviy-madaniy merosi – san’ati, adabiyoti, yozuvi, osori-atiqalari hamda me’moriy yodgorliklarini poymol etishga qaratilgan harakatni ham olib borganligi bo‘ldi. Shu bois arab istilochilari xalqni o‘zlariga bo‘ysundirish va ular tomonidan Islom dinini qabul qilinishiga erishish maqsadida harbiylar hamda Islom dini targ‘ibotchilarining xizmatidan birdek foydalandilar. Natijada o‘z oldilariga qo‘ygan asosiy maqsadga erishdilar. Movarounnahrda Islom ta’limoti g‘oyalari yoyilgunga qadar bu yerda yashovchi xalqlar ko‘p sonli xudolarga, quyoshga, Ko‘k din (shaman)ga hamda o‘zlari muqaddas deb bilgan narsalarga sig‘inishar edi. Shunga ko‘ra o‘lkada yagona bir g‘oyaviy e’tiqod tarkib topmagan bo‘lib, bu holat aksariyat vaziyatlarda turli elatlar o‘rtasida kelishmovchiliklarni keltirib chiqarar va o‘zaro janjallarga sabab bo‘lar edi.
Movarounnahrda Islom ta’limoti g‘oyalarining yoyilishi, kishilar tomonidan shariat qoidalari, Islom dini aqidalariga bo‘ysunish, yagona va qudratli Ollohga sig‘inish, shuningdek, Ollohning yerdagi rasuli (elchisi) bo‘lgan Muhammad Alayhis-salom ko‘rsatmalariga rioya etish xalqning ongiga chuqur singib, ular tomonidan mazkur din asoslarining qabul qilinishiga zamin hozirladi. Natijada Movarounnahrda islomiy qadriyatlar tarkib topa boshladi.
Arablar o‘lkada Islom dini g‘oyalarini yoyishda turli usullardan foydalandilar. Ana shunday usullardan biri mazkur dinga e’tiqod qilgan kishilarning jon solig‘idan ozod etilishi bo‘ldi. Movarounnahr xalqlari o‘rtasida Islom ta’limoti asoslarini yoyishda arab istilochilari tomonidan amalga oshirilgan xatti- harakatlarning mohiyati xususida tarixchi Abu Muhammad Narshaxiy o‘zining
«Buxoro tarixi» nomli kitobida quyidagi fikrlarni bayon etadi: “Buxoro aholisi har safar (Islom lashkari kelganda) musulmon bo‘lar, arablar qaytib ketganida esa ular yana dindan qaytar edilar. Qutayba ibn Muslim ularni uch marta musulmon qilgan, ular esa yana dindan qaytib, yana kofir bo‘lgan edilar. U to‘rtinchi marta kelganida Qutayba jang qilib, Buxoro shahrini oldi, ko‘p qiyinchiliklardan keyin bu yerda Islom dinini yuzaga chiqardi va har turli yo‘llar bilan ularga qiyinchiliklar tug‘dirib, dillariga musulmonchilikni o‘rnashtirdi. Ular esa Islom dinini yuzakigina qabul etib, haqiqatda butparastlik qilar edilar. Qutayba arablar buxoroliklar bilan birga turib, ularning xatti-harakatlaridan xabardor bo‘lib tursalar, ular zaruratdan musulmon bo‘ladilar, degan maqsadda Buxoro aholisini o‘z uylarining yarmini arablarga berishga unday buyruq chiqarishni to‘g‘ri deb topdi va shu yo‘l bilan u musulmonchilikni o‘rnatdi hamda shariat hukmlarini bajarishga majbur qildi. Qutayba masjidlar bino qildi, kofirlik va otashparastlik asarlarini yo‘qotdi. U ko‘p jiddu jahd qilib, kimda shariat hukmlarini bajarishda kamchilik sodir bo‘lsa, uni jazolar edi. U masjidi jome bino qildi va odamlarga juma namozini o‘qishga buyruq berdi”.
Istilochilik yurishlari davrida arablar mahalliy xalqning boy madaniy merosini yo‘q qildilar. Bu haqida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy shunday yozadi:
«Qutayba esa Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o‘rgangan va (bilimini) boshqalarga o‘rgatadigan kishilarni halok etib, butkul yo‘q qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) Islom davridan keyin haqiqatni bilib bo‘lmaydigan darajada yashirin qoldi. Keyin Qutayba ibn Muslim al-Vohishiy xorazmliklarning kotiblarini halok etib, bilimdonlarini o‘ldirib, kitob va daftarlarini kuydirgani sababli ular savodsiz qolib, o‘z ehtiyojlarida yodlash quvvatiga tayanadigan bo‘ldilar».
Islom dini ana shunday g‘oyaviy-siyosiy kurashlar jarayonida shakllandi va rivojlandi.
Arab xalifalari bosib olingan mamlakatlarda istilochilik siyosatini olib borar ekanlar, tobe xalqlar ustidan madaniy ustunlikka erishishga harakat qildilar. Chunki arab xalqi VII asr boshlarida o‘ziga xos madaniyat va adabiy tilga ega bo‘lib, notiqlik san’ati hamda she’riyatni yuksak darajada qadrlar edilar. «Qur’on» ham o‘ziga xos uslubda yaratilib, mazkur uslub nazmiy xususiyatlarni o‘zida namoyon etar edi. Shu bois u o‘rta asr arab adabiyotining eng nodir durdonasi
sifatida e’tirof etib kelinmoqda. IX asrda yaratilgan «Ming bir kecha» asari ham o‘rta asr arab adabiyotiga xos bo‘lgan xususiyatlarni o‘zida aks ettirgan bo‘lib, o‘zining mundarijasi va g‘oyalarning bayon uslubiga ko‘ra jahon adabiyotining eng nodir namunalaridan biri sifatida tan olingan.
Mazkur davrlarda shakllangan yangi arab tili arab xalqlari yashagan hududlarda iste’molda bo‘lgan avvalgi tillar negizida shakllanib, takomilga yetdi va madaniy til bo‘lib qoldi.
Ulkan hududni qamrab olgan Arab xalifaligi davlatining hukmronligi davrida ijtimoiy hayot, turmush tarzi, shuningdek, ilm-fan va madaniyat yanada rivojlandi. Ushbu davrlarda qadimgi yunon va rim madaniy merosi negizida bir qator fanlar yangi tushuncha va bilimlar bilan boyidi. Yunon va rim mutafakkirlari tomonidan yaratilgan va astronomiya, tibbiyot, kimyo, matematika va geografiyaga oid deyarli barcha yirik asarlar arab tiliga tarjima qilindi.
Yunonlardan esa fanlar tasnifi (klassifikatsiya) olinib, fanlar nazariy va amaliy fanlar tarzida ikki guruhga ajratilgan. Birinchi guruhga quyidagi uchta fan kiritilgan: tabiyot to‘g‘risidagi fanlar, ilohiyot to‘g‘risidagi fanlar va matematika fani kiritilgan bo‘lib, ushbu fanlar tarkibidan arifmetika, handasa (geometriya), astronomiya va musiqa fanlari o‘rin olgan. Ikkinchi guruhga kiritilgan fanlar qatorida etika, iqtisod va siyosatga oid fanlar e’tirof etilgan. O‘sha davr nuqtai nazaridan bir muncha yuksak taraqqiy etgan hind fani arab madaniyatining umumiy rivoji, xususan, arifmetika, algebra va tibbiyot fanlari asoslarining boyishiga munosib hissa qo‘shdi. Sonlarning mohiyatini yoritib beruvchi hind nazariyasi mazmuni bilan yevropaliklar Arab xalifaligi tasarrufiga kiruvchi hududlarda istiqomat qilgan mutafakkirlarning sa’i-harakatlari orqali tanishishga musharraf bo‘lganlar. Bu borada ma’lumot beruvchi muhim manba Muhammad al- Xorazmiy tomonidan asoslangan «Al-jabr» («Algebra») asaridir.
Arablar ulkan hududda xalifalik davlatini barpo etish natijasida geografiya fanining ham bir qadar taraqqiy etishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Mazkur davrda arab xalifaligining umumiy mulkini aks ettiruvchi dastlabki xaritalar yaratildi. IX asrda yaratilgan ana shunday xaritalarda Arab xalifaligi hududlaridan oqib o‘tuvchi daryolar va ularning oqimlari xususidagi ma’lumotlar o‘z aksini topgan. Shuningdek, xaritalar yordamida Janubiy Ispaniyadan to Markaziy Osiyo hamda Hind daryosigacha cho‘zilgan xalifalik yerlari, ularning geografik o‘rni, iqlimi hamda tabiiy boyliklari (o‘rmon, daryo, tog‘ va hokazolar) borasidagi qimmatli ma’lumotlardan xabardor bo‘lish mumkin edi. Xaritalarda aksariyat o‘lkalar arabcha nomlar bilan ko‘rsatilgan. Xususan, ajdodlarimiz yashagan hudud “Movarounnahr” (“Daryo orti” ma’nosini anglatadi) deb nomlangan.
Islom dini Arabiston yarim orolida uning ko‘p asrlik tarixi negizida shakllangan. U o‘ziga xos diniy-siyosiy oqim, shuningdek, umuminsoniy taraqqiyotni belgilab berishda muhim ahamiyatga ega ma’naviy omil sanaladi. Ayni vaqtda Islom dini kishilik jamiyatining ibtidoiy davri xususiyatlaridan voqif bo‘lish va O‘rta asr Uyg‘onish davrining ro‘y berishi uchun ma’naviy-g‘oyaviy poydevor qo‘ygan ijtimoiy ehtiyoj sifatida yuzaga keldi. Islom ta’limoti o‘zining insonparvar g‘oyalari va ularni insonlar ongida chuqur singdira olish imkoniyatlari
tufayli o‘n to‘rt asrdan buyon borliqni ong yordamida mafkuraviy tarzda idrok etishning asosiy shakllaridan biri bo‘lib kelmoqda. Islom ta’limotining bu qadar ulkan hududga yoyilishi va umuminsoniy qadriyat sifatida e’tirof etilishida Ollohning rasuli (yerdagi vakili) bo‘lgan payg‘ambar Muhammad Alayhis- salomning o‘rni va shaxsiy roli beqiyosdir. Qur’on oyatlarini o‘rganish o‘zgalik bilan o‘zlikning Islomdagi uyg‘unlashuvini aniq belgilash, uning asoschisi shaxsini ko‘ra olish, his qilish imkonini beradi.


    1. Download 0,96 Mb.
1   ...   157   158   159   160   161   162   163   164   ...   301




Download 0,96 Mb.