|
Vazirligi urganch davlat
|
bet | 159/301 | Sana | 13.06.2024 | Hajmi | 0,96 Mb. | | #263417 |
Bog'liq Umumiy Pedagogika darslik. 08.09.22Maqollarda ham qo‘shiqlardagi kabi do‘stlik, o‘zaro hamkorlik, mehnatga muhabbat, ilm olish va kasb-hunar egallashga nisbatan ishtiyoq va ehtiyoj, vatanparvarlik va qon-qardoshlik tuyg‘usiga ega bo‘lish, tejamkorlikning ahamiyati va isrofgarchilikning oldini olish, adolat va adolatsizlik, yaxshilik va
yomonlikning oqibatlari, axloq-odob qoidalari, sihat-salomatlikni saqlashga oid o‘gitlar o‘z ifodasini topgan.
Buni “Devon”da keltirilgan bir qator maqollar mazmunida ko‘ramiz: “Tirishqoqning labi yog‘liq, erinchoqning boshi qonlik” maqolida tirishqoq
odam o‘z mehnati bilan yaxshi taomlar topadi, shunga ko‘ra moyli (yog‘li) ovqatlar yeydi, erinchoq, dangasa odam esa, yalqovligi tufayli ishdan qochadi va pirovardida kambag‘allik va qashshoqlikka mahkum bo‘ladi. Natijada afsus- nadomat hamda faryod chekadi, degan ma’no yotadi (1-t. 100-bet). “Odamning olasi ichida, yilqiniki tashi (sirti)da” maqolida esa ayrim kishilarning yomon niyatlari, o‘y-fikrlari, dilida boshqalarga nisbatan yuzaga kelgan xiyonatni yashirib, kishilarga zo‘rma-zo‘raki ravishda kulib qarashi, ularning xatti- harakatlarini maqtashi, o‘zini go‘yoki ularning yutuqlaridan quvonadiganday ko‘rsatishi aytiladi (1-t. 17-bet). “Ho‘kizning oyog‘i bo‘lguncha, buzoqning boshi bo‘lgan yaxshiroq” maqolida mustaqillikning mutelik va tobelikdan, o‘zgalar irodasiga bo‘ysunishdan afzalligi, ayrim harakatlarni amalga oshirishda tashabbuskor, faol, ilg‘or va tashkilotchi bo‘lish maqsadga muvofiq ekanligiga urg‘u beriladi (1-t. 94-bet). “Odobning boshi – til” iborasida esa xushxulqqa ega bo‘lishga nisbatan qo‘yiladigan talablardan biri – shirinso‘zli, xushmuomala bo‘lish ekanligi ta’kidlanadi. Shirinso‘z, xushmuomala kishi el orasida tezda izzat- ikrom topadi, yuqori martabalarga erishadi. Shu bois yoshlarni yoshlikdanoq shirinso‘zli, xushmuomalali bo‘lishga o‘rgatish maqsadga muvofiqdir, deya ta’kidlanadi (1-t. 3-bet). Xalq orasida g‘iybatchi kishilarga nisbatan “Ilon o‘zining egriligini bilmay, tuyaning bo‘ynini egri deydi” qabilidagi maqol qo‘llanilgan (1-t. 147-bet). Inson o‘zini ayab, yaxshi yeb-ichsa, tez qarimasligi “Maishatli odam qarimas” (1-t. 163-bet) maqolida ifodalangan. “Alp chirikda, bilga tirikda, botir jangda, dono majlisda sinaladi” maqoli esa insonning qanday kishi ekanligini uning jasorati va oqilligi bilan baholash mumkinligini ifodalagan (1-t. 169-bet). “Yuziga qarama – arzam (ilmini) tila, yuziga qarama – fazilati (axloqi)ni tila” maqolida esa insonga uning xulq-atvori, odobi va bilimi darajasiga qarab baho berilishi bayon etiladi (2-t.15-bet).
Ishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yishning kutilgan natijaga erisha olmaslikka sabab bo‘lishi “Shoshgan kishi uyiga yetolmaydi” tarzida ifodalangan (2-t. 27-bet). “Erdamsizdan qut chertilur” – odobi hamda biror bir hunarga ega bo‘lmagan kishidan baxt va davlat ketadi degan ma’noni anglatuvchi maqol ham yuksak darajada tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, insonning hunar va xulq-odobga ega bo‘lishi baxtining kaliti ekanligiga ishora qilinadi (2-t. 266-bet).
Maqollarda yana ilm-u hunar, mehnatsevarlik xislatini yoshlikdan egallash zarurligi ham ifodalangan: “Kichikda qatug‘lansa, ulgazu sevinur” (2-t. 311-bet). Inson yoshlikda aniq bir maqsadga intilsa, unga erishish yo‘lida mashaqqat cheksa, tinimsiz harakat qilsa, voyaga yetganida uning rohatini, mehnati natijasini ko‘radi.
Maqollarda yomonlik qilgan kishining o‘ziga yomonlik qaytishi mumkinligi “Ko‘kka suzsa, yuzga tushar” – osmonga tupurgan kishining tupugi o‘zining yuziga tushadi tarzida bayon etilgan (3-t. 146-bet).
Ko‘rinib turibdiki, eng qadimgi davrlarda yaratilgan maqollarda ham xalqning ta’lim-tarbiya borasidagi donishmandligi o‘z ifodasini topgan. Xalq pedagogikasining eng qadimgi namunalari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan va o‘zining pedagogik, tarbiyaviy ahamiyatini yo‘qotmagan.
Demak, inson xulq-atvorini mukammallashtirishga xizmat qiluvchi “Devon”dagi she’riy parcha va maqollar kishilar o‘rtasida ezgulikni targ‘ib qilib, insonning kamolga yetishiga katta ta’sir etib kelgan.
Eng qadimgi ota-bobolarimiz ulug‘lagan axloqiy xislatlarni jadvalda quyidagicha aks ettirish mumkin:
Demak, eng qadimgi ma’rifiy yodgorliklarda ifoda etilgan va qadrlangan xislatlar – jasurlik, mardlik, adolat, sadoqat, insoniylik, xushmuomalalikdan iborat bo‘lgan. Tabiiyki, ushbu xislatlar insonda o‘z-o‘zidan shakllanmagan. Tabiat va jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar, ibtidoiy urug‘chilikka asoslangan turmush tarzi insonning ana shunday xislatlarga ega bo‘lishini taqozo etgan. Ikki katta kuch – yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi ayovsiz kurash insonda yuqorida qayd etilgan xislatlarning bevosita shakllanishiga turtki bo‘lgan.
Eramizdan avvalgi birinchi ming yillikda Baqtriya, Xorazm, So‘g‘diyona, Marg‘iyona, Parfiya hamda Parkana kabi davlatlarda turli qabila va elatlar yashagan. Ular saklar, massagetlar, so‘g‘diyonalar, xorazmiylar, boxtarlar, chochliklar, parkanaliklar kabi qabila va urug‘lardan iborat bo‘lib, hozirgi Markaziy Osiyo hududida yashovchi xalqlarning ajdodlari hisoblanadilar.
Ushbu elatlar yashagan hududlarda o‘ziga xos madaniy an’analar tarkib topa borgan. Masalan, eramizdan oldingi asrning birinchi yarmida qadimiy davlatlar: Baqtriya va So‘g‘diyona, Marg‘iyona, Xorazm, Parkana, Parfiya kabi o‘lkalarda xalq xo‘jaligining turli sohalarida rivojlanish va taraqqiyot ro‘y bergan. Eramizdan oldingi IX-VI asrlarda paydo bo‘lgan Ahmoniylar, eramizdan avvalgi III asr o‘rtalarida tashkil topgan Grek-Baqtriya, eramizning I asrida tashkil topgan Kushonlar, eramizning V asrda yuzaga kelgan Eftalitlar, so‘ngra Sosoniylar va nihoyat Turk xoqonligi davlatlarida ijtimoiy madaniyat yuksala bordi.
Ajdodlarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan qadimiy madaniyati tarkibidan ta’lim-tarbiyaga oid merosi ham alohida o‘rin olgan. Zero, hozirgi turkiy va forsiyzabon xalqlarning bizgacha yetib kelgan muhim arxeologik topilmalari, tarixchilar, adabiyot va san’at namoyondalarining ijodiy merosi, san’at va adabiy asarlarning namunalari buning dalilidir.
Bunday muhim manbalar sirasiga yunon olimlari Gerodot, Suqrot, Plutarx, Polienlarning tarixiy, geografik hamda axloqiy asarlari, allomalarimiz Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy, faylasuf, sharqshunos va tarixchi olimlar YE.E.Bertels, S.P.Tolstov, V.V.Braginskiy, I.M.Mo‘minov, B.G‘afurov, I.V.Stebleva, A.O.Makovelskiy, Y. Jumaboyev, M.Ishoqov, adabiyotshunoslar A.Qayumov, N. Mallayev, N.Rahmonov, pedagog-olimlar O‘.Aleuov, M.Orifiy va boshqalar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar kiradi.
Turkiy xalqlarning yozma ma’rifiy yodgorliklari o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, pedagogika tarixi, xususan, yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Bular “O‘rxun-Enasoy yodgorliklari”, “Irq yozuvlari” (“Ta’birnoma”)
|
| |