|
Xalqaro innovatsion universitet pedagopgika fanlari kafedrasi pedagogika nazariyasi va tarixi
|
bet | 40/150 | Sana | 27.05.2024 | Hajmi | 5,55 Mb. | | #255011 |
Bog'liq Xalqaro innovatsion universitet pedagopgika fanlari kafedrasi peO‘qitish usuli deganda, ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilarning kutilgan maqsadga erishishga qaratilgan birgalikdagi faoliyatlari tushuniladi. O‘qitish usullari ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchi-talaba faoliyatining qanday bo‘lishini, o‘qitish jarayonini qanday qilib tashkil etish va olib borish kerakligini belgilab beradi. Demak, o‘qitish usullari har ikkala faoliyatning, ya’ni o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilarni bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zlashtirish faoliyatida qo‘llaniladigan yo‘llarni, usullarni o‘z ichiga oladi. Ammo, har ikkala faoliyat ham hamisha bir xil va bir yo‘nalishda bo‘lavermaydi. Dars jarayonida o‘tiladigan mavzuning xarakteri, mazmuniga qarab, o‘qituvchi va o‘quvchi faoliyati turlicha yo‘nalishda bo‘lishi mumkin.
Ta’lim jarayonida ma’lum bir maqsadni amalga oshirishga qaratilgan faoliyatning turlicha bo‘lishi yangi-yangi usullarni keltirib chiqaradi. O‘qitish usullari, o‘qituvchining o‘qitish faoliyati tug‘risida o‘tmishda ham, jumladan Markaziy Osiyo olimlarining asarlarida alohida asoslab berilgan.
Abu Nasr Forobiyning «Fan va san’atning afzalligi» risolasida o‘quv jarayonini tashkil etishga va o‘qitish metodlariga qo‘yiladigan talablar mukammal ifodalangan. Olim o‘zining o‘qitish metodlari haqidagi fikrlarida o‘quvchilarga turli bilimlar berish bilan birga, mustaqil holda bilim olish yo‘llarini ham ko‘rsatish, ularni bilimlarning zarurligiga aniq ishontirish kerakligini o‘qtirgan.
Barcha qomusiy olimlar foydalangan o‘qitish metodlarini bir necha guruhga ajratish mumkin. Bular: ko‘rsatmali tajriba usullari (Ibn Sino), bilimlarni bayon qilishning savol-javob usullari (Abu Rayxon Beruniy, al-Xorazmiy), ko‘nikma va malakalarni shakllantirish metodlari, bilimlarni tekshirish usullari (Forobiy, al-Xorazmiy) va hokazolardan iboratdir. Shunisi diqqatga sazovorki, mazkur olimlarning hammalari o‘quvchilar faoliyatini kuchaytirish va ularda mantiqiy tafakkurni rivojlantirish maqsadini ko‘zlaganlar.
Hozirda yangi pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayonida kengroq joriy etilishi zamirida o‘quvchi-talabaga berilishi lozim bo‘lgan ilmiy bilimlar ko‘lami o‘qitish usullari va shakllarining doirasini kengashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
O‘qitishning hikoya, suhbat, ma’ruza, illyustratsiya turlari, namoyish qilinadigan asbob-uskunalar va priborlarni ko‘rsatish, mashqlarni, mehnat topshiriqlarini, laboratoriyada o‘tkaziladigan tajribalarni bajarish, xalq pedagogikasi materiallaridan foydalanish usullari va uslubi, o‘quv munozaralari, o‘quv faoliyatida rag‘batlantirish va tanbeh, o‘quv materiallarini muammoli bayon qilish, muammoli suhbatlar, tadqiqot tajribalarini qo‘llash, kitob ustida ishlash, kompyuterlardan mustaqil foydalanish kabi usullarni qo‘llash, og‘zaki so‘rash, yozma ishlar, avtomatlashtirilgan qurilmalar yordamida dasturlashtirilgan nazorat usullaridan foydalanish va hokazolar o‘qituvchilar uchun juda tushunarlidir.
Ta’lim jarayonining qiziqarli va samarali bo‘lishida, o‘quvchilarni bilim, ko‘nikma va malakalarni mukammal egallashlari uchun o‘qituvchining asosiy vazifasi darsda samarali usul-metodlardan foydalanib, o‘quvchi-talabalarning ilmiy salohiyatini oshirish, mustaqil hayotga tayyorlash, shuningdek ularda axloqiy sifatlarni tarkib toptirishdan iboratdir.
Shunday qilib, o‘qitish usullari o‘qituvchi va o‘quvchilar nazariy hamda amaliy bilish faoliyatining ta’limiy vazifalarini bajarishga qaratilgan yo‘lidir. Unga quyidagi muayyan talablar qo‘yiladi:
1. O‘quv materialini o‘rganishning o‘qituvchi tavsiya etgan yo‘li fikrlashning dialektik-materialistik usuli mustaqil qarashlar, irodaviy xususiyatlari va xulqning shakllanishiga olib borishi kerak.
2. O‘qitish metodining ilmiy asosi yaqqol va aniq bo‘lishi zarur. Shundagina o‘qituvchi mazkur usul orqali qanday masalalar qo‘yilishi va hal qilinishi mumkinligini, qanday masalalarni hal qilib bo‘lmasligini ko‘ra oladi.
3. O‘qitishning tizimliligi uning samaradorligini belgilaydi.
4. O‘qitish usulining tushunarligi bilimlarni o‘zlashtirishning imkoniyatlariga muvofiq bo‘lishi lozim.
5. O‘qitishning onglilik va faollik zaruriyati nihoyatda jiddiy talabdir.
6. Bilimlarning puxtaligi va asosliligi.
7. O‘qitish metodikasida nazariy va amaliy hodisalarning muvofiqligi.
Har qanday ta’lim usulidan biror maqsadga erishish ko‘zda tutiladi. Shu boisdan unga erishishda pedagogik faoliyatda o‘qituvchidan yuksak bilim, ijodkorlik va pedagogik qobiliyat hamda mahoratli bo‘lishni talab etiladi.
5. 2. O‘qitish usullarining turlari.
O‘qitish usullarini tasniflashda o‘quvchiga dastur materiallarini o‘rganishning maqsadga muvofiqroq yo‘llarini tanlash imkonini yaratadi, o‘z ishidagi yutuq va kamchiliklarini tushunishda yordam beradi, o‘qituvchining faoliyatini takomillashtirish uchun qulay sharoit vujudga keltiradi.
Ta’lim tizimida o‘quvchilarga bilim berishning eng qulay imkoniyatlarga asoslangan holda o‘qitish usullarini quyidagi turlarga bo‘lib o‘rganamiz.
1. O‘qitishning og‘zaki usullari.
2. O‘qitishning ko‘rgazmali usullari.
3. O‘qitishning amaliy usullari.
4. O‘qitishning muammoli-izlanish va reproduktiv usuli.
5. O‘qitishning induktiv va deduktiv usuli.
6. O‘quvchilarning o‘quv faoliyatlarini rag‘batlantirish va tanbeh berish usullari.
7. O‘qitishda nazorat va o‘z-o‘zini nazorat qilish usuli.
8. Kitob bilan ishlash usuli.
|
| |