K.D.Ushinskiyning didaktik qarashlari va pedagogik merosi




Download 5,55 Mb.
bet90/150
Sana27.05.2024
Hajmi5,55 Mb.
#255011
1   ...   86   87   88   89   90   91   92   93   ...   150
Bog'liq
Xalqaro innovatsion universitet pedagopgika fanlari kafedrasi pe

K.D.Ushinskiyning didaktik qarashlari va pedagogik merosi

Mashhur rus pedagogi, rus pedagogikasi va xalq maktablarining asoschisi, Konstantin Dmitriyevich Ushinskiy 1824-yilning 19-fevralida Tula shahrida tavallud topdi.


K.D.Ushinskiyning didaktika sohasidagi qarashlari pedagogika tarixida juda katta ahamiyatga egadir. U ta’limni bolalarning psixologiya jihatidan kamol topishlarining yosh bosqichlarini hisobga olish va psixologiyaning xususiyatlarini e’tiborga olib tashkil etish kerakligini asosiy vazifa deb bildi. Jumladan, u o‘qitish vaqtida bolaning diqqatidan foydalanish to‘g‘risida qimmatli ko‘rsatmalar berdi. Ushinskiy ikki turli diqqat: faollik, ya’ni ixtiyoriy va sust, ya’ni g‘ayri ixtiyoriy diqqatning mavjudligini ko‘rsatib, bolalarning yosh xususiyatlarini e’tiborga olib, sust diqqatga oziq berish kerak, shu bilan bir vaqtda, eng muhim bo‘lgan faollik diqqatni har tomonlama taraqqiy ettirish lozim, chunki insonga kelajakda bu diqqatdan foydalanishga to‘g‘ri keladi, deb hisobladi.
Ushinskiy xotira bilan esda saqlab qolish to‘g‘risida gapirib, unutishning oldini oladigan tez-tez takrorlash yo‘li bilan tarbiya oluvchilarda o‘z xotiralariga ishonchni mustahkamlash kerak deb ko‘rsatadi.
Ushinskiyning aytishicha, ta’lim mana shu tamoyillarga asoslanishi kerak: U ham bo‘lsa, bolalarning kuchi yetadigan va izchil bo‘lishi kerak.
Bola charchab qolmasligi uchun birinchi o‘quv yilining boshida ularni o‘quv materiallari bilan haddan ortiq band qilib qo‘ymaslik kerak.
Ushinskiy bola yoshidagi psixologik xususiyatlarni e’tiborga olib, darsda ko‘rsatmalilik tamoyiliga katta ahamiyat berdi. «Bolalar shakllar, ranglar, tovushlar, umuman sezgilar bilan fikrlaydi...»; bundan bolalar uchun ko‘rsatmali o‘qishning zarurligi kelib chiqadi, «bu o‘qish mavhum tasavvurlar va so‘zlarga asoslanmay, balki bola bevosita o‘zlashtiradigan aniq fikrlarga asoslanadi»,—deb yozdi Ushinskiy va psixologiya nuqtayi nazardan ko‘rsatmali ta’limni asoslab berdi.
Ushinskiy ko‘rsatmali ta’limni gnoseologik tomondan asoslab, u bizning bilimlarimizning birdan-bir manbai «tashqi sezgilar orqali beriladigan tajriba» bo‘lishi mumkin, deb ko‘rsatdi. U: «Biz tashqi dunyodan bevosita o‘zlashtirib olgan obrazlar, demak, bizning fikriy qobiliyatimiz ustida va ular vositasi bilan ishlaydigan birdan-bir materiallar demakdir»,-deydi.
Ushinskiyning so‘zicha, «shunday ta’lim yo‘li, ya’ni aniqlikdan mavhumlikka, tasavvurdan fikrga o‘tish yo‘li shunday tabiiy va psixologiyaning shunday aniq qonunlariga asoslanadiki, uning lozimligini ta’limning umuman inson tabiati, ayniqsa bola tabiati talablariga muvofiq bo‘lishini rad etgan kishilargina e’tirof etmasliklari mumkin».
Ushinskiy ko‘rsatmali ta’lim tamoyillarini nazariy jihatdan ishlab chiqishga va uni amalda tatbiq etishga ko‘p qimmatli fikrlar kiritdi: U ko‘rsatmali ta’lim to‘g‘risidagi: o‘z tushunchasini materialistik asosda ko‘rsatib berdi. Ko‘rsat- malilikni tushunishda Ushinskiyda Komenskiyga xos bo‘lgan bunday ko‘rsatmali ta’limga ortiqcha baho berish va hatto bir daraja ko‘kka ko‘tarish hollari va Pestalotsiga xos bo‘lgan bolalarni tevarak-atrofni o‘rab olgan muhit bilan tanishtirishda rasmiylik va bachkanalik hollari yo‘q edi. Ushinskiy o‘qitish jarayonida ko‘rsatmali ta’limga munosib o‘rin berdi; u ko‘rsatmali ta’lim o‘quvchilarning to‘la qimmatga ega bo‘lgan ma’lumot olishlarini, ularning mantiqiy fikrlashlarini o‘stirishni ta’min etadigan shartlarning biridir, deb bildi.
Ushinskiy Pestalotsi taqdim etgan formal mashqlarni rad qilib, bolalarni buyumlar bilan har tomonlama tanishtirishga harakat qildi, ular bu buyumlar o‘rtasidagi haqiqiy aloqalarni aniq bilib olishlarini istadi. U, ajoyib yoki hatto buyuk aql — bu «buyumlarni ularning haqiqiy holatida, ular o‘rtasidagi barcha munosabatlarni har tomonlama ko‘ra olish qobiliyatidir», - deb yozdi.
Ushinskiy ilgari Komenskiy, Pestalotsi, Disterveglar yaratgan ko‘rsatmali ta’lim uslublarini yangi usullar bilan ancha kengaytirdi va boyitdi. Masalan, u bolalarga rasmlarga qarab so‘zlab berish to‘g‘risidagi ko‘rgazmani batafsil ishlab chiqish; suhbat vaqtida foydalanilgan rasmlarni, suhbatlardan olingan ma’lumotlarni mustahkamlash va takrorlash maqsadida sinfning devorlariga osib qo‘yish kerak, deb ko‘rsatdi.
Ushinskiy bolalarning o‘quv mavzularini anglab, puxta va mustahkam o‘zlashtirishi qoidalariga katta e’tibor berdi. U bu qoidalarni tushunish va tatbiq qilishda o‘zidan ilgari o‘tgan pedagoglarga nisbatan ko‘pgina yangiliklar kiritdi. Masalan, o‘quv mavzusini takrorlash to‘g‘risida batafsil usul ishlab chiqdi (esdan chiqarib qo‘yishning oldini olish, takrorlaganda o‘quv materialini kengaytirish va chuqurlashtirish, yangi materialni yaxshi tushunishda takrorlashning roli va hokazolar). Ushinskiy ayrim ko‘rsatmali tasavvurdan bolalarda umumiy tasavvur va tushunchalar hosil qilish uslublarni, bolalarda nutqni o‘stirish bilan bir vaqtda ularning tafakkurini taraqqiy ettirish yo‘llarini batafsil ishlab chiqdi, bularni ishlashda noaniqlikka yo‘l qo‘ymadi.
Ushinskiy ta’lim yo‘nalishida ikki yo‘nalish borligini qayd etdi. Birinchi yo‘nalish bolalar o‘qituvchining rahbarligi bilan buyum yoki hodisani kuzatadilar va shu buyum yoki hodisa to‘g‘risida umumiy tushuncha hosil qiladilar. Bu yo‘nalishning o‘zi uch bosqichga bo‘linadi: birinchi bosqichda, bolalar o‘qituvchining rahbarligi ostida buyum yoki hodisani bevosita idrok qiladilar. Ikkinchi bosqichda o‘qituvchining rahbarligi bilan o‘rganilayotgan buyum yoki xodisa to‘g‘risida olingan tasavvurlarni bir-bidan ajratadilar va farq qiladilar, solishtirib ko‘radilar va taqqoslaydilar hamda ular to‘g‘risida tushuncha hosil qiladilar. Uchinchi bosqichda o‘qituvchi o‘zi izoh berib, bolalar olgan tushunchalarni to‘ldiradi, asosiy bosqichni ikkinchi darajali bosqichdan ayirib, tushunchalarni bir tizimga soladi. Ikkinchi yo‘nalishda olingan bilimlar umumlashtiriladi va mustahkamlanadi.
Ushinskiy maktabning ikki xodimi: murabbiy bilan o‘qituvchi o‘rtasida tarbiya va ta’lim jarayonini bo‘lib qo‘yishga qarshi norozilik bildirdi. U ta’limni tarbiyaning eng muhim vositasi deb hisobladi. Shuning uchun har bir ayrim fandan dars beradigan o‘qituvchilar o‘rniga o‘sha sinfdagi butun fanlardan dars beradigan sinf o‘qituvchilari bo‘lishini talab qildi.
K.D.Ushinskiy o‘zining pedagogik tizimida dars hamda ta’lim usuliga katta ahamiyat berdi.
Darsda mashg‘ulotlar turlicha bo‘lishi mumkin: yangi bilim berish; o‘quvchilarning mashhar qilishi, o‘tilganlarni takrorlash, o‘quvchilarning bilimini hisobga olish, o‘quvchilarning yozma ishlarni bajarishlari. Har bir dars ma’lum maqsadga qaratilgan, tugallangan bo‘lishi va yetarli darajada tarbiyaviy xususiyatga ega bo‘lishi lozim. Ushinskiy bolalar (ayniqsa kichik yoshdagi bolalar) diqqatining nisbatan tez charchashini e’tiborga olib, mashg‘ulotlarni almashtirib va usullarni xilma-xil shakllantirib turishni tavsiya qildi.
Ushinskiy, bolalarda mustaqil ishlash qobiliyatini o‘stirish ishiga zo‘r ahamiyat berib, o‘qituvchi maktabda mashg‘ulotlar boshlagandayoq maktabga yangi kirgan bolalarga darsda mustaqil ishlashning to‘g‘ri usullarini o‘rgatish kerak, buning uchun uning fikrini dastlabki vaqtlarda, bolalar to mustaqil ishlash malakalarini mustahkam o‘zlashtirib olmaguncha, ularga uyga vazifalar berish yaramaydi, deydi. Ushinskiy boshlang‘ich ta’lim jarayonida (boshlangich maktabda) tarix, geografiya, tabiyot fanlaridan, kerakli ma’lumotni ona tili darslarida izohli o‘qitish yo‘li bilan olib borishni tavsiya etadi, shuningdek, izohli o‘qish jarayonida anglashilmaydigan so‘zlar ham tushuntiriladi, tarbiyaviy natijalar chiqariladi va hokazolar. Ammo o‘qituvchi bu tushuntirishlar, izohlarga berilib ketib, bolalarning diqqatini o‘qilayotgan maqola yoki she’rdan boshqa tomonga burib yubormasligi lozim, chunki o‘qishdagi asosiy matn hamisha diqqat markazida bo‘ladi.
K. D. Ushinskiy chet el maktablarida olib borilayotgan ta’lim-tarbiyani o‘rganib, o‘zining «Boshlang‘ich ta’lim usullari» asarini yozdi.
Unda boshlang‘ich maktabdagi ta’lim mazmunini asoslab berish bilan birga uning qoidalari, tartibi, usuli va vositalarini ham ishlab chiqib didaktika faniga katta hissa qo‘shdi.
Ushinskiy oila mamlakatning ko‘pchilik aholisi uchun maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga ta’lim va tarbiya berishning eng tabiiy muhiti deb hisoblaydi. Oilada bolalar dastlabki taassurotlar hosil qiladilar, eng oddiy bilim, ko‘nikma va malakalarni egallaydilar, o‘z iste’dodlarini rivojlantiradilar. Bola shaxsining rivojlanishi va tarbiyasida ota-onalar, tarbiyachilar, ularning hayoti va yurish-turish namunalari juda katta o‘rinni egallaydi. «Har bir shaxs va oila boshlig‘ining eng birinchi vazifalaridan biri, - deb yozgan edi Ushinskiy, - o‘z bolalaridan jamiyat uchun foydali shaxslar tayyorlashdan iboratdir. Olamda tug‘ilayotgan kishining muqaddas burchlaridan biri - to‘g‘ri va yaxshi tarbiya ko‘rish huquqdir».
Jamiyat oldidagi ana shu mas’uliyatli vazifa va shaxs burchini bajarish uchun ota-onalar o‘zlarining xususiy baxt-saodatlarini jamiyat foydasi bilan- qo‘shib olib borish kerakligini batamom anglagan bo‘lishlari kerak. Ular pedagogik bilimlarga ega bo‘lishi, buning uchun pedagogik adabiyotlarni o‘rganishi lozim, tarbiya ishiga, tarbiyachi va o‘qituvchilar tanlashga, o‘z bolalari uchun bo‘lajak hayot yo‘llarini aniqlashga ongli yondashishlari darkor.
K.D.Ushinskiy «Pedagogik adabiyotning foydasi» nomli asarida ota-onaning tarbiyachilik san’ati, mahorati, maqsad va vazifalarini ham asoslab berdi.
Yaxshi tarbiya olgan odam, degan tushuncha juda keng bo‘lib, uni har kim har xil tushunadi. Har qanday ota-ona o‘z bolasiga har jihatdan yaxshilik istaydi, lekin uning mazmunini turlicha tushunadi.
Ota-onalar o‘z bolalari uchun munosib tarbiya yo‘lini belgilash uchun farzandlarini chuqur o‘rganishi, ularning xohish-istaklarini bilishlari kerak.
Bola go‘daklik paytida tevarak-atrofdaga narsa-hodisalar haqida juda yorqin va aslo unutilmaydigan taassurotlar oladi.
Oilada bola bilan tarbiyachi o‘rtasida uzviy va samimiy munosabat o‘zining tabiiyligi va oddiyligi, mazmundorligi, iliqligi, hech qanday rasmiyatchilikning yo‘qliga bilan ajralib turishini hisobga olib, Ushinskiy oila tarbiyasiga yuqori baho bergan edi.
K.D.Ushinskiy asl rus pedagogikasi, jumladan maktabgacha tarbiya pedagogikasining asoschisidir; u jahon pedagogika g‘oyalarining rivojlanishiga juda muhim hissa qo‘shdi. Ushinskiy chet eldagi tarbiya hamda tajribani chuqur tahlil qildi, shu sohadagi muvaffaqiyatlar va kamchiliklarni ko‘rsatdi va bu bilan boshqa xalqlar pedagogikasi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi.
U tarbiyaning xalqchillik g‘oyasini asoslab berdi. Bu esa asl rus pedagogikasini yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Uning bolalarni aqliy va axloqiy tarbiyalashda hamda ularga ta’lim berishda ona tilining o‘rni haqidaga, xalq maktabi to‘g‘risidagi ta’limoti, uning bolalarni maktabgacha tarbiyalash nazariyasi ko‘p millatli Rossiyaning o‘sha zamondaga pedagoglar avlodigagana emas, balki keyingi avlodiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi.
K. D. Ushinskiyning xizmati shundaki, u o‘z vataniga, o‘z xalqiga xizmat qilishni pedagogik faoliyatining asosiy burchi deb hisobladi. K.D.Ushinskiy ilmiy- amaliy pedagogik faoliyatining asosiy g‘oyasi va yo‘nalishi ham yuqoridagi mehnatlari bilan bevosita bog‘liqdir. K. D. Ushinskiy rus pedagogikasining o‘ziga xosligini, milliy xususiyatlarini himoya qildi, shuningdek, tarbiyani xalqchil bo‘lishi kerakligini lozim, deb hisobladi. K.D.Ushinskiy mehnatga inson baxt- saodatining asosi sifatida qaradi, bolalarni mehnat orqali tarbiyalashga katta e’tibor berdi. Ushinskiy ta’limotning mazmuni, tamoyillari, shakl va usullarini ishlab chiqishda ham ko‘p ishlar qildi. U ta’limni va uning ko‘rsatmaliligini, ongli va uzviy ta’lim-tarbiya masalalarini ishlab chiqdi, o‘qitish shakl va usullarining rang- barangligiga erishishni talab etdi.
K. D. Ushinskiyning tarixiy xizmati shundan iboratki, u didaktika — o‘qitish nazariyasining psixologik asoslarini o‘sha vaqtdagi ilmiy muvaffaqiyatlarga muvofiq ravishda bayon qilib berdi. U qanday qilib ta’lim jarayonida mashqlar yo‘li bilan bolalarning faol diqqatini rivojlantirish, qanday qilib ongli xotirani tarbiyalash, takrorlash yo‘li bilan o‘quv dasturlarini o‘quvchilar ongida mustahkamlash (bu ta’lim jarayonining uzviy qismidir) haqida qimmatli ko‘rsatmalar berdi. Takrorlash, deb hisoblaydi Ushinskiy, «unutilgan narsalarni qayta tiklash (agar biror narsa unutilgan bo‘lsa, yomon-da)» uchungina kerak emas, «balki unutib qo‘yish mumkinligining oldini olish uchun ham» zarurdir; o‘qitish ishida olg‘a qo‘yilgan har bir qadamda o‘tilgan bilimlarga tayanish kerak.
Ushinskiy tarbiyalovchi ta’limning eng muhim didaktik tamoyillarini: Ko‘rsatmalilik, uzviylik va izchillik, o‘quvchilarning o‘quv dasturini asosli ravishda va puxta o‘zlashtirib olishi, o‘qitish usullarining xilma-xilligini psixologik nuqtayi nazardan asoslab berdi.



Download 5,55 Mb.
1   ...   86   87   88   89   90   91   92   93   ...   150




Download 5,55 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



K.D.Ushinskiyning didaktik qarashlari va pedagogik merosi

Download 5,55 Mb.