|
Y.A.Komenskiyning pedagogik nazariyasi
|
bet | 88/150 | Sana | 27.05.2024 | Hajmi | 5,55 Mb. | | #255011 |
Bog'liq Xalqaro innovatsion universitet pedagopgika fanlari kafedrasi peY.A.Komenskiyning pedagogik nazariyasi.
Chexoslovakiyalik gumanist-pedagog Yan Amos Komenskiy pedagogika ilmning poydevorini qurgan, uning keyingi rivojlanish yo‘llarini ko‘rsatib bergan, o‘zining ongli hayotini, amaliy pedagogik faoliyatini bolalarni o‘qitish va tarbiyalashdek olijanob ishga bag‘ishlagan ulug‘ pedagogdir.
Buyuk chex pedagogi Ya.A.Komenskiy 1592 yil 28 mart «Ugorskiy Brod» degan joyda Moraviyada tegirmonchi oilasida dunyoga keladi. Uning oilasi ruhoniy «Chex qardoshlari» jamoasiga tegishli bo‘lib, bu jamoa Chexiyaning ozodligi uchun kurashuvchi vatanparvarlarni o‘z atrofiga to‘plagan edi.
Komenskiy ota-onasidan ajralib, ancha vaqt o‘qiy olmaydi, 16 yoshida «Chex qardoshlari» jamoasining yordami bilan lotin maktabiga o‘qishga kiradi, bu erda u tarbiya tizimining yomonligini, o‘quv metodlarining yaramasligini ko‘radi va tushunadi. «Men o‘sha vaqtdayot tarbiya masalasida mamlakatimni orqada ekanligini ko‘rdim. Men o‘sha davrdayoq fan va tarbiya hammaga tegishli bo‘lishi kerakligi o‘yladim»— degan edi Komenskiy. Maktabni tugatgach Xorborni universitetiga (Germaniyada) o‘qishga kiradi, uni tugatgach Geydel’berg universitetida ma`ruza kursini tinglaydi, bu universitetda o‘sha davrda ilg‘or professorlar ishlardi. Komenskiy Avstriya, Gollandiyada bo‘lib iqtisodiy, siyosiy va madaniy turmushni o‘rganadi. Shuningdek, o‘zining ilmi va dunyoqarashini kengaytiradi.
O‘sha davrda urush alohida knyazliklar orasida tez-tez bo‘lib turar edi. 30 yillik urush (1618—1648) davomida chex qardoshlari jamoasi o‘zining mustaqilligi uchun kurashishi sababli nemis dvoryanlari tomonidan haydaladi. Haydalish natijasida Komenskiy xotini va bolasidan juda bo‘ladi. Qo‘lyozmalari yo‘qoladi.
«Chex qardoshlari» ko‘chib kelib o‘rnashgan Pol’shadagi Leshno shahrida Komenskiy qardoshlik maktabiga rahbarlik qiladi, u erda gimnaziya tashkil etadi. U o‘zining qariyb 80 yillik umri davomida pedagogika, ta`lim-tarbiya, falsafa, ilohiyotga oid 250 dan ortiq asarlar, darsliklar yaratdi. Bulardan yiriklari: «Tillar va hamma fanlarning ochiq eshigi» (1631), «Buyuk didaktika» (1632), «Onalar maktabi» (1632), «Pansofiya maktabi» (1651), «Yaxshi tashkil etilgan maktab qonunlari» (1953), «Hislar vositasi bilan idrok qilinadigan narsalarning suratlari» (1658) nomli asar va darsliklar. Shuningdek, logika, fizika, lotin tili, grek tili kabi kitoblar yozadi. Darsliklari hayotlik davridayoq ko‘p tillarga tarjima qilinib, Komenskiyning nomini butun dunyoga tanitadi.
Komenskiy «Kishilik jamiyati ishlarini yaxshilash haqida hammaga talluqli maslahat» nomli 7 jildli katta asar yozdi (U hayot ekanligi vaqtida hammasi bo‘lib 2 jildi bosilib chiqdi, qolgan jildlari esa faqat 1935 yilda topildi va Chexoslovakiyada chop qilindi). Bu asarida «Hammani va hamma narsada har tomonlama tuzatish»ning insonparvarlik va demokratik dasturini belgilab chiqdi va kishilik jamiyatini isloh qilish rejasini ilgari surdi.
«Buyuk didaktika» asarida «pan sofiya g‘oyasini» (pan gerkcha — butun, hamma, sofiya — donolik, aqllilik) hamma narsani bilish, hamma uchun bilim berish» demakdir. Pan sofiyada u tabiat va jamiyat bilimlarining yig‘indisini beradi. Maktab — bu muassasa, u erda «Hammani har narsaga o‘rgatmoq kerak» degan fikr ko‘p marta takrorlanishini ko‘ramiz.
Komenskiyning pansofiya ishi Angliyaning ilg‘or kishilari tomonidan quvvatlanib, parlament tomonidan chaqiriladi. Komenskiy 1641 yili Angliyaga keladi, lekin grajdanlar urushi boshlanib ketib, bu ish qolib ketadi. Komenskiy duyoga tanilgandan so‘ng hamma mamlakatlarga uni taklif eta boshlaydilar. Shvetsiyada lotin tili darsligini va til o‘qitish metodikasini tuzadi.
Komenskiy chex qardoshlari jamoasiga episkop qilib tayinlangach, 1648 yilda Leshnoga qaytib keladi. Jamoa tarqatilgandan so‘ng u yana o‘qituvchilik faoliyatini davom ettiradi. Bir necha yil Vengriyada maktablarni boshqarada. «Vidimo‘y mir v kartinkax», ya`ni «Hislar vositasi bilan idrok qilinadigan narsalarning suratlari» degan asar yozib, o‘qish ishini rasmlar bilan olib borishni ilgari suradi. Bunda «Yoshlarning xulq qoidasi», «Yaxshi tashkil topgan maktablarning qonuni» degan bir qancha pedagogikaga doir ishlari berilgan.
1656 yili Shved—polyak urushi vaqtida Leshnodagi chex qardoshlari jamoasi tor-mor qilinadi. Komenskiy Gamburgga qochadi. Undan Amsterdamga o‘tadi. Shunda Gollandiya senatining buyrug‘iga muvofiq uning asarlari to‘plami bosilib chiqadi.
Komenskiy o‘z vatanini juda sevar va uning mustaqilligi uchun kurash olib boradi. Uning ko‘p asarlarida vatanparvarlik hissi aks etgan. U chex xalq poeziyasini yig‘ib chex maqollar to‘plamini tuzadi va o‘z xalqining tilini saqlashga, sevishga undaydi.
Komenskiyning dunyoqarashi. Komenskiyning dunyoqarashida uch xususiyat ta`sirini ko‘ramiz.
1. Natur falsafasi. 16—17-asrlarda ingliz faylasufi — materialist Bekon sensualistik falsafa nazariyasini ilgari suradi. Komenskiy o‘qitish jarayoniga shu pozitsiyadan qaraydi. Bilish sezishdan boshlanadi. Sezish bo‘lmagan erda bilish ham yo‘q, deydi u.
2. Chex qardoshlari jamoasi diniy jamoa bo‘lganligi uchun Komenskiy ham dindor ruhoniydir. Lekin Komenskiyning ruhoniyligi turmushga amaliy qarash bilan bog‘liq edi.
3. Komenskiy dunyoqarashining ba`zi jihatlari Uyg‘onish davri ta`sirida vujudga keladi. Odamlarga nisbatan muhabbat, hushchaqchaqlik, odamlarning yaxshilik yaratishiga ishonch bilan qarash, bularning hammasi o‘rta asr odamiga nisbatan ishonchsizlik bilan qarashga qarama-qarshidir.
Komenskiy tashqi ob`ektiv dunyoning hukm surishiga ishonadi. Dunyo bir butun. Dunyoda hamma narsa bir-biri bilan bog‘liq. Ajralib qolgan narsa yo‘q. Dunyo qarama-qarshiliklardan iborat. Dunyo qotib qolgan emas. U o‘sishda, o‘sish esa o‘z qonuniyatiga ega. Qonuniyat borliqqa, ya`ni xudoga tegishli, deydi.
Komenskiy o‘zining pedagogik nazariyasida tarbiyaning tabiatga uyg‘un bo‘lishi to‘g‘risidagi tushunchani ilgari suradi. «Buyuk didaktika»da o‘qitish tabiiylikka bo‘ysunishi, o‘qitish tabiat talabiga bo‘ysunishi kerak, deydi. Bolaning aqliy va jismoniy o‘sish jarayoni tabiatdagi o‘sish jarayoniga o‘xshagan bo‘ladi. Masalan, bog‘bon daraxtlarni parvarish qiladi, uning o‘sish xususiyatlarini hisobga oladi. Xuddi shunday o‘qituvchi tarbiyalash qonuniyatiga bo‘ysinadi. O‘qitish jarayoni tabiatga o‘xshab sekinlik bilan amalga oshadi. Tabiiylik printsipida kishini tabiatning bir bo‘lagi deb qarashi (xudo tomonidan bunyod etilmagan) tabiat qonunlari uning o‘sishiga ta`sir etadi deyishi o‘z davrida ilg‘or sanaladi. Lekin kishi ijtimoiy borliq bo‘lib, ijtimoiy qonun ta`sirida o‘sadi.
Komenskiy, tarbiyachi boladagi iste`dodni o‘stirishi kerak. Agar bola pedagogik ta`sirsiz yashasa, bu iste`dod tasodifan o‘sadi. Kishi dunyoga kelganda kishiga xos iste`dodga ega bo‘ladi. Xuddi olmadagi urug‘ga o‘xshab ba`zida ko‘proq, ba`zida kamroq bo‘ladi.
Komenskiy tarbiyaning tabiatga uyg‘unlik masalasida hamma narsaning asosi 4 ta deydi. Masalan: Olam 4 narsadan yuzaga kelgan, ya`ni; er, suv, havo, yorug‘lik. Dunyoning rivojlanishi ham 4 qismga bo‘linadi, bular: bahor, yoz, kuz, qish. Insonning rivojlanishi ham 4 davrga bo‘linadi; go‘daklik, bolalik, o‘smirlik, etuklik. Shuningdek ta`lim jarayoni ham 4 ga bo‘linadi; maktabgacha tarbiya, boshlang‘ich ta`lim, o‘rta ta`lim, oliy ta`lim.
Umumta`lim g‘oyasi. Komenskiy yashagan davrda hammani o‘qishga tortish shart emas, qobiliyatli kishigina o‘qishi kerak, degan g‘oya mavjud edi. Komenskiy esa o‘qishga hammaning tortilishini, hamma o‘z ona tilida umum boshlang‘ich ta`lim olishi kerakligini uqtiradi. Umumta`lim to‘g‘risida gapirganda ayollarni ham hisobga oladi. O‘sha davrda xotin-qizlar uchun o‘qish juda katta muammo edi, shunga qaramay, u bu masalani ilgari surdi.
Komenskiyning pedagogik nazariyasining yana bir qimmatli tomoni o‘quvchilar bilim olish tushunchasiga ega. Oynani qanchalik chang bosgan bo‘lsa ham, baribir kishi o‘z aksini ko‘rishi mumkin, albatta, toza oyna kishi aksini toza ko‘rsatadi. O‘qituvchining vazifasini oynadagi changni artib tashlash, ya`ni bilimni bola ongiga etkazish, ani aqliy tomondan o‘stirishdir, degan edi.
Komenskiy o‘z asarlarida tarbiyaning maqsadini ko‘rsatadi. Tarbiyaning maqsadi kishini mangulik dunyosiga tayyorlashdan iboratdir. Buni uch xil tarbiya orqali amalga oshirish mumkin:
Aqliy tarbiya.
Axloqiy tarbiya.
Diniy tarbiya.
Bu maqsad bolaning tug‘ilganidan to 24 yoshigacha amalga oshadi, bu davr ichida bola to‘rt maktabni o‘qib tugatishi, har birida 6 yil o‘qishi kerak, deb hisoblaydi.
Komenskiyning bolani yosh davrlarga bo‘lishi. Bunda u tabiiylik printsipiga amal qilib, bola yoshini 4 davrga bo‘ladi.
1. Tug‘ilganidan 6 yoshgacha — ona maktabi. Bu davrda bolaning sezish organlarini o‘stirishga, bolaning qabul qilishini, atrofdagi dunyo bilan tanishtirishga katta ahamiyat beradi. Bolani mehnatga o‘rgatish, o‘z-o‘ziga xizmat qilishga jalb etish kerak. Ona boladagi axloqiy tarbiyaning asoslarini, to‘g‘rilik, haqqoniylik, mehnatni sevish va boshqalarni vujudga keltiradi. Ona maktabi bog‘cha yoshidagi bola tarbiyasini ko‘zda tutadi.
2. 6—12 yoshgacha — xalq maktabi yoki ona tili maktabi. Bunda o‘quvchi esda saqlashi, so‘zlashga o‘rganishi, yozish, boshlang‘ich maktab ko‘nikmasini hosil qilishi kerak bo‘lib, buning uchun geometriya, geografiya, tabiiyot fanlarini o‘rganishi lozim.
3. 12—18 yoshgacha — gimnaziya. Bu o‘quv yurtining vazifasi bola tushunchasini, tafakkur qobiliyatini o‘stirishdan iborat bo‘lib, unda klassik tillar, tabiiyot bilimlari, axloq, ilohiy fanlar o‘qitilishi kerak.
4. 18—24 yoshgacha — Universitet. Akademiya. Bu o‘quv yurtlari o‘quvchining irodasini, shaxsini bir butun o‘stirishi kerak.
Shunday qilib, maktab Komenskiy qarashicha o‘quvchilarni o‘ylashga, harakatlantirishga, masalalarni amalda mustaqil echa bilishga, o‘quvchilarni so‘zlashga, o‘z fikrini to‘g‘ri ifoda qilishga va isbotlab berishga o‘rgatishi kerak. Mehnat kishini ulug‘laydi, deydi Komenskiy. Shuning uchun mehnatga ham yoshlikdan o‘rgatish kerakligini ilgari suradi.
Komenskiyning pedagogik nazariyasida ta`lim-o‘qitish, ya`ni didaktika katta o‘rinni egallaydi. Bunda u tabiiylik usulini asos qilib oladi. Bu usulning mohiyati shundan iboratki, bunda bolaning yoshi, bilim darajasi, psixologik xususiyatlari hisobga olinib, darsni tabiat borlig‘iga moslab olib borish kerak, degan g‘oya ilgari suriladi.
Masalan: Qush o‘ziga uya yasaydi, uya issiq va yumshoq bo‘lishi kerak. Maktab ham xuddi shunday bo‘lishi kerak.
Komenskiy o‘zining «Buyuk didaktika» asarida maktabda o‘qitish tizimini amalga oshirishda quyidagi didaktik tamoyillarga amal qilishni tavsiya etadi.
Ko‘rsatmalilik tamoyili;
Onglilik tamoyili;
Izchillik va tizimlilik tamoyili;
Mashq qilish, bilim va malakalarni puxta egallash tamoyillari.
1. Ko‘rsatmalilik tamoyili — Komenskiy ko‘rsatmalilik tamoyilini nazariy jihatdan isbotlab, mufassal bayon qilib berdi. U bu printsipni faqat ko‘rsatib o‘qitish usuli tariqasidagina emas, balki barcha sezgi organlarini narsa va hodisalarni asosli va yaxshi o‘zlashtirib olishga jalb etish vositasi tariqasida keng ma`noda to‘g‘ri tushunadi.
Ko‘rsatmalilikni o‘qitishning «Oltin qoidasi» deb ataydi. Ko‘rsatmalilik printsipida: a) bolaga real narsalarni ko‘rsatish, b) dunyoni rasmlar orqali tushuntirish, v) narsalar modelini ko‘rsatish, g) o‘qituvchining so‘zi. Komenskiy «Mir chuvstvenno‘x vehey v kartinkax», ya`ni «Dunyodagi narsalarning rasmlarda aks etishi» asarida o‘qitilayotgan, o‘rganilayotgan narsalarni ushlash, ko‘rish, eyish, hidlash kerakligini aytib, bu o‘rganilayotgan materialni chuqur bo‘lishga va esda uzoq vaqt saqlanishiga olib keladi, deydi.
2. Onglilik tamoyili. Komenskiy onglilik tamoyilini ilgari surar ekan, o‘qitishda ma`no-mazmunini tushunmay, og‘zaki yodlashga qarshi chiqadi. «Aql-idrok bilan yaxshi tushunib olingan narsadan boshqa hech bir narsani zo‘rlab yodlatmaslik lozim». O‘quvchilar «O‘rganilayotgan narsa kundalik hayotda qanday foyda etkazishini o‘qituvchi yordamida anglab olishlari kerak. Shu bilan hodisalarning sabablarini anglatmoq, har bir narsani to‘la tushuntirib bo‘lguncha, shu narsa ustida to‘xtatmoq kerak» deb hisoblaydi.
3. Komenskiy ta`limning tizimli bo‘lishini talab qiladi. O‘qitilayotgan material o‘quvchilarga asosiy qodilar tariqasida lo‘nda bayon qilinishi kerak. O‘qitishda dalillardan xulosalarga, misollardan qonunlarga o‘tish, dalillar va misollarni qoidalar tizimiga solib, umumlashtirib berish lozim, aks holda hodisalarning tizimsiz uyumi hosil bo‘lib qoladi. Konkretdan abstraktga, osondan qiyinga, umumiydan xususiyga o‘tish kerak; avval narsa, ya`ni hodisaga umumiy tushuncha berib, keyin uning turli tomonlarini ayrim-ayrim o‘rganish kerakligini ko‘rsatadi.
Izchillik tamoyilida — fan asoslarini izchil bayon qilish va sistemali tarzda o‘rgatish talab etiladi. Izchillik tamoyilida, kun, oy, yilga vazifa qo‘yish va uni amalga oshirish uchun intilish kerakligi aytiladi. Bunda aniq vaqtni belgilash, o‘qishning bola yoshiga mos bo‘lishi, material izchillik bilan o‘rganilishi, ya`ni bugungi material ertagi bilan bog‘lanishi va keyingi o‘tiladigan materialga yo‘l ochish kerak.
Komenskiy materialni mustahkam, asosli o‘zlashtirib olishlariga katta ahamiyat berib, «mustahkam asos» vujudga keltirish, o‘qitilayotgan narsalarni bir-biriga bog‘lagan holda olib borish lozim, deydi. Har bir mavzu qisqa, aniq qoidalar asosida berilishi kerak. O‘tilgan materialni mashq qildirish va takrorlatish o‘quvchilarning materialni mustahkam o‘zlashtirishiga olib keladi. Takrorlangan dars materiali esda yaxshi saqlanib qoladi. Ovoz chiqarib takrorlashning foydasi ko‘pligini ko‘rsatadi. Mashqlar o‘rnida bir qancha qoidalarni belgilab, takrorlash yo‘llarini aniqlab beradi. O‘qitishda taqrib bilan tahlilni bir-biriga qo‘shib olib borish kerakligini ko‘rsatadi.
Komenskiy maktablarda mashq qilish bilan yozishni, nutqni mashq qilish bilan gapirishni, ashulani mashq qilish bilan ashula aytishni, xulosalar chiqarib berish yo‘li bilan xulosalar chiqarishni va shu kabilarni o‘rgansinlar, toki maktab ishi qizib turgan bamisoli bir ustaxona bo‘lsin deydi. Shuningdek, u o‘quvchilarning bilish qobiliyatini o‘stirishga, bilimga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirishga va ilm ishiga bo‘lgan g‘ayratini oshirishga intildi.
Sinf — dars tizimi. Komenskiy o‘qituvchi butun sinf bilan jamoa bo‘lib ish olib borishini, ya`ni sinf — dars tizimida o‘qitishni olib borishni tavsiya etdi. Komenskiy sinf — dars tizimini ishlab chiqadi. Dars vaqtida o‘tgan darsni qaytarish, yangi mavzuni tushuntirish, mustahkamlash, uyga vazifa berish kerakligini ko‘rsatadi. Darsni rejalashtirish va olib borish to‘g‘risida ko‘rsatmalar beradi. Har bir darsning o‘z mavzusi va o‘z vazifasi bo‘lishini aytadi. O‘qituvchi o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlarida faol qatnashishlarini ta`minlashi, kuzatib borishi, sinfda intizom saqlanishi kerakligini uqtiradi. O‘quv jarayonini tashkil qilishni haddat tashqari oshirib yuborib, o‘qituvchi bir vaqtda 300 o‘quvchi bilan dars olib borishi mumkin, deb hisobladi. O‘qituvchi o‘ziga yaxshi o‘quvchini yordamchi qilib olishi mumkinligini aytadi.
U maktabda o‘quv yili va uni o‘quv choraklariga bo‘lish, ta`tillar berilishini kiritdi. O‘quv kunini (ona tili maktabida 4 soat, lotin maktabida 6 soat) belgilab berdi. O‘quvchilar maktabga bir vaqtda qabul qilinib, o‘qish kuzda (sentyabrda) boshlanishi kerak, deb hisobladi.
Komenskiy darslik qanday bo‘lishi to‘g‘risida qimmatli fikrlar aytib, o‘z zamonasi uchun namunali bo‘lgan bir necha darsliklar yozdi. O‘zining nazariy fikrlarini darsliklarida amalga oshirdi. Darslikda o‘quv materiali etarlicha bo‘lishi, qisqa, mazmunli, tushunarli, izchil berilishi kerak. Darslik oddiy, bolalarga tushunarli tilda yozilishi, rasmlarga boy bo‘lishi kerak. Darslikdagi material muntazam tartib bilan joylashtirilishi, bolalarning yoshiga qarab ravshan bayon etilishi shart, deydi. Bu fikrlarni o‘zining «Tillar va hamma fanlarning ochiq eshigi» va «Hislar vositasi bilan idrok qilinadigan narsalarning suratlari» kabi darsliklarida bayon etadi.
«Tillar va hamma fanlarning ochiq eshigi» darsligini o‘zining didaktik tamoyillariga amal qilgan holda tuzdi. Darslik turli sohalarda bolalar tushuna oladigan bilimlar bilan tanishtiradi.
«Hislar vositasi bilan idrok qilinadigan narsalarning suratlari»ni boshlang‘ich bilimlarning bolalar uchun yozilgan entsiklopediyasi deyish mumkin. 150 ta suratlar bilan berilgan qisqa maqolada tabiat haqida (olam, geografiyaga doir, o‘simliklar, hayvonlar, inson tanasi haqida), odamning faoliyati haqida (kasb-hunar, qishloq xo‘jaligi, madaniyat), ijtimoiy hayot haqida (davlat boshqarmalari, sud haqida) ma`lumotlar beradi. Bu kitob ko‘p tillarga tarjima qilindi, boshlang‘ich ta`lim uchun 150 yildan ko‘proq yaxshi darslik sifatida xizmat qiladi.
Axloqiy tarbiya. Intizom. Komenskiy yoshligidan boshlab bolada axloq va odob hosil qilish kerakligini aytadi. Mardlik, o‘zini tuta bilish, chidamlilik, vaqt va vaziyat talab qilganida foyda etkazishga tayyor bo‘lib turish, burchni ado qilish kabi xislatlar fazilatdir. Shu asosiy fazilatlardan tashqari kamtarlik, mo‘min-qobillik, kishilarga xayrixohlik, pokizalik, puxtalik, xushmuomalalik, kattalarni hurmatlash, mehnatsevarlik xislatlarni tarbiyalashni ham muhim vazifa, deb hisoblaydi.
U quyidagilarni axloqiy tarbiya vositalari deb biladi: a) ota-ona, o‘qituvchi, o‘rtoqlarining namunasi; b) bolalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, ular bilan suhbatlar o‘tkazish; v) bolalarni yaxshi xulqqa o‘rgatishda mashqlar o‘tkazish, yalqovlik, o‘ylamay ish qilishga, intizomsizlikka qarshi kurashish.
Komenskiy intizomning katta ahamiyati borligini ko‘rsatib, «Intizomsiz maktab bamisoli suvsiz tegirmondir» degan chex maqolini keltiradi. O‘rta asr maktablarida kaltak vositasi bilan o‘rnatiladigan intizomga u qarshi chiqadi. Bolalarga insoniy muomalada bo‘lishni tavsiya etadi. Intizom: o‘qituvchining namuna ko‘rsatishi, samimiy, ochiq xayrixohligi, o‘qituvchining bolaga bo‘lgan to‘g‘ri munosabati (agar u bolani sevsa, uning yaxshi bo‘lishini istasa, darsi mazmunli bo‘lsa, tushuntira olsa intizomlilik vujudga keladi), bolani ko‘pchilik oldida, o‘rtoqlari o‘rtasida oqilona maqtash yoki qoralash intizomlilikka olib keladi, deydi.
O‘qituvchining o‘rni va unga qo‘yiladigan talablar. Komenskiy o‘z davrida iste`dodsiz, ma`lumotsiz o‘qituvchilarni qattiq tanqid etdi. O‘qituvchilikni «Yer yuzidagi har qanday kasbdan ko‘ra yuqoriroq turadigan juda faxrli kasb» deb hisobladi. Bu o‘qituvchiga nisbatan yangi ilg‘or qarash edi, chunki o‘sha davrda o‘qituvchilik kasbiga hurmat bilan qaralmas edi. Komenskiy aholining o‘qituvchiga hurmat bilan qarashini talab etishi bilan o‘qituvchining o‘zi jamiyatda muhim vazifani bajarayotganini tushunib olishi va o‘z qadr-qimmatini yaxshi bilib olishi lozimligini uqtiradi. O‘qituvchi sof vijdonli, ishchan, sabotli, axloqli bo‘lishi, o‘z ishini sevishi, o‘quvchilarga otalardek muomala qilishi, ularda bilimga havas tug‘dirishi lozim. «O‘zi» namuna ko‘rsatib, o‘quvchilarni o‘ziga ergashtirishi o‘qituvchining birinchi vazifasidir, degan edi.
Shunday qilib, taniqli slavyan pedagogi Yan Amos Komenskiy butun dunyoda pedagogika ilmiga asos solib, maktab taraqqiyotiga, pedagogik ilmiga katta ta`sir ko‘rsatdi. Uni ko‘p G‘arbiy Evropa mamlakatlari maktab ishini yaxshilash maqsadida taklif etdilar. Uning darsliklari ko‘p tillarga, jumladan o‘zbek tiliga ham tarjima etildi. 150 yildan ortiq vaqt davomida uning yozgan asarlari boshlang‘ich ta`lim uchun darslik sifatida xizmat qildi. Mashhur nemis olimi Leybnits qayd qilib o‘tganidek, falsafani taraqqiy ettirishda Kopernik qanday rol’ o‘ynagan bo‘lsa, pedagogikani taraqqiy ettirishda Komenskiy ham shunday rol’ o‘ynadi.
Komenskiyning pedagogikasi ilmiy pedagogik bo‘lib, jahon madaniyatiga qo‘shilgan katta hissadir. Uning qarashlari hozirgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
|
| |