|
O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi va turlari
|
bet | 11/89 | Sana | 26.09.2024 | Hajmi | 478,28 Kb. | | #272518 |
Bog'liq Ta\'lim tarbiyaning dolzarb muammolari majmuaO‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi va turlari. Ta’lim tizimi davlat siyosatining asosiy tamoyillari asosida yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish yo‘lida faoliyat yurituvchi barcha turdagi ta’lim muassasalari majmui demakdir. Har bir mamlakatning ta’lim tizimi uning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi davlat ta’lim standartlariga muvofiq ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, ta’lim tizimining faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ishlarini boshqaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalar, ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari, shuningdek, ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni o‘z ichiga oladi. Respublikaning ta’lim tizimi yagona va uzluksizdir.
Respublika «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasida ta’lim quyidagi turlarda amalga oshiriladi:
Maktabgacha ta’lim – bolaning sog‘lom, har tomonlama kamol topib shakllanishini ta’minlovchi, unda o‘qishga intilish hissini uyg‘otuvchi, uni muntazam ta’lim olishga tayyorlovchi hamda bola olti-etti yoshga etguncha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari va oilalarda amalga oshiriluvchi ta’lim bosqichi.
Umumiy o‘rta: Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarga murakkab bo‘lmagan ilmiy bilimlarni berish asosida ularda o‘qish, yozish va hisoblashga oid dastlabki bilim, ko‘nikma hamda malakalarni shakllantirish asosida ularda shaxsiy gigiena va sog‘lom turmush tarzi elementlarini hosil qilish bosqichi.
Umumiy o‘rta sinf o‘quvchilarning fan asoslari bo‘yicha muntazam bilim olishlarini, ularda bilim o‘zlashtirish ehtiyojini, asosiy o‘quv-ilmiy va umummadaniy bilimlarni, milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy-axloqiy fazilatlarni, mehnat ko‘nikmalarini, ijodiy fikrlash va atrof-muhitga ongli munosabatda bo‘lishni va kasb tanlash ko‘nikmalarini shakllantirish bosqichi.
2017 yildan maktablarda 10-11 sinflar tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi hamda o‘quvchilar davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq fan asoslari bo‘yicha majburiy ta’lim beriladi.
Bolalarning qobiliyati, iste’dodini rivojlantirish uchun ixtisoslashgan maktablarning tashkil etilishi esa ularning istiqbollarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Umumiy o‘rta ta’lim negizida o‘qish muddati uch yil bo‘lgan majburiy o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi amalga oshiriladi. Mazkur ta’lim uzluksiz ta’lim tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan mustaqil tur hisoblanadi. O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi – umumiy o‘rta ta’lim negizida majburiy-ixtiyoriy ravishda tashkil etilib, o‘quvchilarga ularning imkoniyatlari va qiziqishlari asosida tanlab olingan kasb-hunar bo‘yicha bir yoki bir necha ixtisoslik asoslariga oid bilimlarni berish bosqichi. Mazkur muassasalarda ta’lim olish o‘quvchilar tomonidan majburiy-ixtiyoriy ravishda tanlanadi.
Akademik litsey o‘quvchilarning imkoniyatlari va qiziqishlarini hisobga olgan holda ularning jadal intellektual rivojlanishi chuqur, sohalashtirilgan, tabaqalashtirilgan, kasbga yo‘naltirilgan ta’lim olishlarini ta’minlash maqsadida davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘rta maxsus ta’lim beruvchi, yuridik maqomga ega ta’lim muassasasi.
Akademik litseylar asosan oliy o‘quv yurtlari qoshida tashkil etiladi.
Kasb-hunar kolleji o‘quvchilarning kasb-hunarga moyilligi, bilim va ko‘nikmalarini chuqur rivojlantiruvchi, tanlab olingan kasb-hunar bo‘yicha bir yoki bir necha ixtisosni egallash imkonini yaratish maqsadida tegishli davlat ta’lim standartlari doirasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini beruvchi, yuridik maqomga ega ta’lim muassasasi.
Kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom hamda o‘rta ma’lumotga ega bo‘lganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar beriladi. Ular bitiruvchilarga ta’limning keyingi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish yoki egallangan ixtisoslik va kassb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradi.
Oliy ta’lim - o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi negiziga asoslanib, ikki bosqich (bakalavriyat hamda magistratura)da tashkil etiladigan hamda mutaxassisliklar yo‘nalishlari bo‘yicha xalq xo‘jaligining turli sohalariga oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlab beruvchi ta’lim bosqichi.
Bakalavriat – mutaxassislik yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, ta’lim muddati kamida to‘rt yil davom etadigan tayanch oliy ta’limdir. Bakalavrlik dasturi tugatilgandan so‘ng bitiruvchilarga «bakalavr» darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi kasb-hunar faoliyati bilan shug‘ullanish huququini beruvchi diplom topshiriladi.
Magistratura – aniq mutaxassislik bo‘yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, bakalavriat negizida ta’lim muddati kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir.
«Magistr» darajasini beradigan davlat malaka attestatsiyasi magistrlik dasturining intihosidir. Magistrlarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.
Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, shaxsning ijodiy ta’lim – kasb-hunar manfaatlarini qanoatlantirishga qaratilib, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida aspirantura, ad’yunktura va doktoranturada ta’lim olish, shuningdek, mustaqil tadqiqotchilik faoliyatini tashkil etish asosida amalga oshiriladigan ta’lim bosqichi.
Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim bosqichlarida tahsil olish (aspirantura, doktorantura) muayyan ilmiy daraja (fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasi)ni olishga imkon beruvchi dissertatsiya himoyasi bilan yakunlanadi. YAkuniy davlat attestatsiyasi natijalariga ko‘ra tegishli mutaxassislik yo‘nalishlarida fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasi berilib, davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplomlar topshiriladi.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash mutaxassislarning kasb bilimlari va ko‘nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirish maqsadida tashkil etiluvchi ta’lim bosqichi.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalaridagi o‘qish natijalariga ko‘ra davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi guvohnoma va sertifikat topshiriladi.
Maktabdan tashqari ta’lim madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yiluvchi, bolalar hamda o‘smirlarning ta’limga bo‘lgan, yakka tartibdagi, ortib boruvchi talab-ehtiyojlarini qondirish, ularning bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish maqsadida tashkil etiladigan ta’lim bosqichi.
Maktabdan tashqari ta’lim davlat organlari, jamoat tashkilotlari, shuningdek, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan maktabdan tashqari davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida olib boriladi.
|
| |