1 – MA’RUZA. KIRISH. ASOSIY TUSHINCHALAR. STATIKANING
ASOSIY AKSIOMALARI
REJA:
1. Asosiy tushunchalar va ta’riflar
2. Statikaning asosiy aksiomalari
3. Bog’lanish va bog’lanish reaksiya kuchlari
Jismga ta’sir etuvchi kuchlar turlari,
ular ustida amallar, kuchlarning
muvozanat shartlarini o’rganuvchi nazariy mexanikaning bo’limi
statika deb
ataladi. Statikani o’rganish uchun zarur bo’lgan asosiy tushuncha va ta’riflarni
keltiramiz.
1. Moddiy nuqta. Кo’rilayotgan masalada geometrik o’lchamlarining
ahamiyati bo’lmagan jism moddiy nuqta deb ataladi.
2. Mexanik sistema. Har birining holati va harakati boshqalarining holati va
harakatiga bog’liq bo’lgan moddiy nuqtalar to’plami mexanik sistema deb ataladi.
Ta’rifdan ko’rinadiki mexanik sistema moddiy nuqtalar orasida o’zaro ta’sir
mavjud bo’lishini taqozo qiladi.
3. Absolyut (mutlaq) qattiq va deformatsiyalanuvchi jism. Qattiq jismning
ixtiyoriy ikki nuqtasi orasidagi masofa har qanday holatda ham o’zgarmasdan
qolsa, bunday jism absolyut (mutlaq) qattiq jism deb ataladi. Tabiatda mutlaq
qattiq jism mavjud emas. Har qanday qattiq jism bo’lmasin,
shunday sharoit
mavjud qilish mumkinki, uning ikki nuqtasi orasidagi masofa o’zgarishiga olib
kelish mumkin. Bu jism shaklining o’zgarishiga olib keladi. Ikki nuqtasi orasidagi
masofa o’zgaruvchi bo’lgan qattiq jism deformatsiyalanuvchi jism deb ataladi.
Binobarin tabiatda faqat deformatsiyalanuvchi jism mavjuddir.
4. Erkin va erkin bo’lmagan jism. Fazoda ixtiyoriy
vaziyatni egallashi
mumkin bo’lgan jism erkin jism deb ataladi. Quyosh sistemasining sayyoralari
bunga misol bo’la oladi. Agar jismning fazodagi
vaziyati yoki harakatiga
qandaydir chek qo’yilsa, bunday jism erkin bo’lmagan, ya’ni bog’lanishdagi jism
deb ataladi.
5. Кuch. Moddiy jismlarning harakati yoki ichki holatining o’zgarishiga
sabab bo’luvchi, o’zaro bir-birlariga ko’rsatgan ta’sirlarning miqdor o’lchovi kuch
deb ataladi. Jismlarning o’zaro mexanik ta’siri ularni bir-biriga tegib yoki ma’lum
masofada turganida ham mavjud bo’lishi mumkin.
Birinchi toifaga jismlarning o’zaro bir-birlariga bosimi,
ikkinchi toifaga har
xil tortishish kuchlari : sayyoralar orasidagi o’zaro tortishish, elektr,
magnit va
boshqalar kiradi. Jismga qo’yilgan kuch: miqdor, yo’nalish va qo’yilish nuqtasi
bilan xarakterlanadi, ya’ni kuch vektor kattalikdir. SI xalqaro birliklar sistemasida
kuch birligi – Nyuton.
Кuch yo’nalishi deb, tinch holatda turgan erkin moddiy nuqtaning qo’yilgan
kuch ta’siridan olgan harakatining yo’nalishiga aytiladi. Кuch yo’nalgan to’g’ri
chiziq kuchning ta’sir chizig’i deb ataladi (1.1-shakl).
Jismning bevosita kuch qo’yilgan nuqtasi kuch qo’yilgan nuqta deb ataladi.
Кuch yo’naltirilgan kesma orqali grafik tasvirlanadi.
Tanlab olingan masshtabda
kesma uzunligi kuch miqdorini ifodalaydi, kesmaning yo’nalishi kuch yo’nalishiga
monand, uning boshlanishi yoki oxiri kuch qo’yilgan nuqtaga monand.
1.1-shaklda kuch A nuqtaga qo’yilgan.