14-MAVZU: GEOGRAFIYA O‘QITISHDA MASOFAVIY TA’LIM METODI.
Reja:
Masofaviy ta’lim mohiyati
Yetakchi xorijiy mamlakatlarda qo‘llanilayotgan masofaviy ta’lim metodlari
Kompyuter aloqa tarmog‘ida o‘qitishga asoslangan model
Masofaviy ta’lim mohiyati. Zamonaviy sharoitda axborot-kommunikatsion texnologiyalarning tezkor rivojlanishi ta’lim jarayonida ularning imkoniyatlaridan foydalanish uchun qulay sharoitni vujudga keltirdi. Ayni paytda yetakchi xorijiy mamlakatlar masofadan o‘qitish borasida boy tajriba to‘plagan. O‘zbekiston sharoitida mustaqillik yillarida ta’limning bu turini qo‘llashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Manbalarda “masofaviy ta’lim” tushunchasiga berilgan ta’riflarga tayangan holda atamani quyidagicha ta’riflash mumkin:
Masofaviy ta’lim texnologiyasi 1969 yilda Angliya premer-ministri G.Vilson tashabbusiga ko‘ra shakllantirilgan deb hisoblanadi. Ammo masofadan o‘qitish ancha oldinroq, ya’ni, birinchi barqaror, muntazam pochta aloqasining shakllanish davrida yuzaga kelgan. 1858 yildan boshlab London universitetida barcha xohlovchilarga ularning mustaqil bilim olishlari, barcha ixtisosliklar va barcha sohalardagi akademik daraja uchun imtihon topshirishlariga ruxsat etilgan. 1938 yildan buyon Sirtqi ta’lim bo‘yicha Xalqaro Kengash nomi bilan mashhur xalqaro ta’lim tashkilotlari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida Angliyada 40 ga yaqin ana shunday turdagi ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, ularga har yili 65 ming kishi o‘qish uchun ariza berishgan. Yangi pedagogik texnologiya ta’lim oluvchilarga qulay vaqtda o‘qishlari uchun katta imkoniyatlar yaratib berdi.
Ochiq universitetlardagi o‘qish harajatlari an’anaviy institutlarda o‘qitishga qaraganda 8-10 marta arzon. M: Angliyada turg‘un o‘qishga 3000, masofaviy o‘qitish orqali bilim olishga esa atigi 300 funt sterling to‘lanadi. Binolarga xizmat ko‘rsatish, jihozlar va laboratoriya uchun harajatlar, o‘qituvchi, ma’muriyatlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar shtati qisqaradi. Ta’lim oluvchilarga filiallar tarmog‘i, telestudiya va kompyuter tarmog‘i orqali maslahatlar beriladi. Angliyada o‘quvchilarni tayyorlash dasturi 130 ta kursni o‘z ichiga qamrab oladi, ularning ko‘plari fanlararo bog‘lanish xususiyatiga ega.
AQShda shunga o‘xshash o‘qitish tizimi o‘tgan asrning 60-yillarning o‘rtalarida qo‘llanila boshlagan. O‘sha paytlarda yaqin joylashgan korporatsiya ishchilari uchun o‘quv kurslarini ba’zi muhandislik kollejlari televidenie orqali taqdim etgan. 1948 yildan boshlab, masofaviy ta’lim dasturlari Milliy texnologik universitet ta’limiga moslashtirilgan. Ko‘p yillar davomida “Edent” ta’lim tarmog‘idan foydalanib kelingan. Individual kompyuterlar orqali barcha darajadagi ta’lim muassasalari tarmog‘iga ulanish imkoniyati mavjud. Bugungi kunda AQShda masofadan o‘qitish dasturi bo‘yicha bir milliondan ortiq talaba ta’lim oladi. Ular o‘quv kurslarini Ommaviy teleeshittirish tizimi orqali qabul qiladilar. O‘qish dasturlari fan, biznes va boshqarishning turli sohalari bo‘yicha kurslarni taqdim etadi. Bunda o‘quv kurslari Yerningsun’iy yo‘ldoshi orqali butun mamlakat bo‘ylab va boshqa davlatlarga ham to‘rtta o‘quv tarmog‘i (kanali) orqali uzatiladi.
Yevropada masofadan o‘qitish XX asrning 70-yillar boshlarida jadal rivojlana boshlandi. Bu jarayon bir qator ochiq universitetlarning rivojlanishi bilan bog‘liq. Bugungi kunda Yevropaning har bir mamlakatida masofadan o‘qitishni joriy etgan ta’lim muassasalarining soni tobora ortib bormoqda. AQSh, Kanada, Angliya, Germaniya va Fransiya mamlakatlarining yetakchi oliy o‘quv yurtlari o‘zlarining telekommunikatsiya tizimi yoki kompyuter tarmog‘iga ega. Yangi axborot texnologiyalari mintaqaviy uyushmalarda ko‘proq qo‘llaniladi: ochiq universitetlarning Osiyo uyushmasi, masofadan o‘qitishni rivojlantirish bo‘yicha Lotin Amerika hamkorlik tarmog‘i, Ochiq universitetlarning Yevropa uyushmasi va boshqalar.
|