9-mavzu: Milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rivojlantirish istiqbollari
9.1. Iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda investitsiya muhiti barqarorligini ta’minlash masalalari
9.2. Milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni takomillashtirish yo’llari
9.3. Investitsiya muhitini aniqlashning jahon tajribasi
9.4. To’g’ridan-to’g’ri va portfel investitsiyalarni jalb etishda investitsiya muhitining o’rni
9.1. Iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda investitsiya muhiti barqarorligini ta’minlash masalalari
Xorijiy investitsiyalarning muvaffaqiyatli jalb qilinishi uch guruh omillarga bog’liq bo’ladi. Birinchidan, investitsiya quvvatini mavjudligi. Uni tabiiy, mehnat zahiralari, shuningdek ishlab chiqarish, iste’mol, moliyaviy, innovatsiya, institutsional va infratuzilmaviy quvvatlar tashkil qiladi. Ikkinchidan, mavjud investitsiya sharoitlari muhim ahamiyatga egadir. Bularga: umumiqtisodiy, bozor me’yoriy-huquqiy, axborot bilan ta’minlash, ekologik, ijtimoiy, etnografik va ijtimoiy madaniy sharoitlar kiradi. Uchinchidan, investitsiya tavakkalchiligi (riski) omillaridir. Ular xorijiy investorlarning investitsiya quvvati va investitsiya sharoitlarining qulay afzalliklaridan foydalanish bo’yicha vazifalariga qarama-qarshi turadi.
Barcha guruhlar bir-biri bilan chambarchas bog’liq bo’ladi. Misol uchun etarli darajada jalb qiluvchi bo’lmagan investitsiya sharoitlari, hatto yuqori quvvatli investitsiya loyihlarini amalga oshirish imkoniyatlarini ham pasaytirib yuboradi.
Investitsiya tavakkalchiligi (riski) - o’tish iqtisodida bo’lgan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo’yicha sharoitlarni shakllantirayotgan davlatlar uchun riskning muhim turlaridan biridir. Shuning uchun ham tavakkalchilikni, uning manbalarini va uning oldini olish usullarini aniqlash rivojlanayotgan mamlakatlar uchun hayotiy vazifa bo’lib hisoblanadi.
Tavakkalchilikni ma’lum bir qarorni qabul qilish natijasida zahiralarni yo’qotish imkoniyati, daromadlarni ololmaslik yoki qo’shimcha xarajatlar zarurati sifatida belgilash mumkin. Tavakkalchilik - bu bashorat qilinayotgan loyihani amalga oshirishda haqiqiy sharoitlardan ozgina chekinilgan daromadlarni ololmaslik yoki zararlarni paydo bo’lib qolishi ehtimolidir.
Bozor iqtisodiy sharoitlarida mamlakatda mavjud bo’lgan tavakkalchilik omillarini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega. Sababi investitsiya muhitiga birinchi navbatda ana shu omilning ta’siri kuchli bo’ladi. Ta’sir ko’rsatish xususiyati va paydo bo’lish manbalariga qarab, omillarning quyidagi guruhlarini ajratib ko’rsatish mumkin: siyosiy, makroiqtisodiy, mikroiqtisodiy va infratuzilmaviy.
Siyosiy omillarga davlat tuzumining barqarorligi; rivojlangan mamlakatlarda bo’lgani kabi investor huquqlarini samarali himoya qilishni ta’minlaydigan rivojlangan qonunchilik asosining mavjudligi; investitsiyalarni uzoq muddatga jalb qilish uchun sharoitlarni yaratishga yo’naltirilgan, oldindan bashorat qilib bo’ladigan ishonchli-iqtisodiy siyosatning mavjudligi; iqtisodiy samarasi va izchil tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlarining mavjudligi; mahalliy va xorijiy investorlar uchun axborot va ma’lumotlarning ochiqligi hamda o’tkazilayotgan siyosatning oshkoraligi.
Makroiqtisodiy omillar iqtisodning umumiy holatini, uning o’sish sur’atlarini belgilaydi va mamlakat iqtisodiy tsiklining qaysi fazasidaligini aniqlash hamda yaqin yillar ichida bo’ladigan o’zgarishlarni bashorat qilish imkonini beradi. Omillarning bu guruhi quyidagi ko’rsatkichlar bilan aniqlanadi: Inflyatsiya darajasi, ishsizlik, aholi jon boshiga o’rtacha daromad, milliy valyutaning barqarorligi, davlat byudjeti va to’lov balansining holati, qayta moliyalash stavkasi, daromadlarning har xil turlariga soliq solish darajasi. Bu erda iqtisodning rivojlanishida tizimlarning proportsiyasi ham muhim ahamiyat kasb etadi, ya’ni; yalpi ichki mahsulotda sanoat, qishloq xo’jaligi va iqtisodiyot boshqa tarmoqlarining nisbiy ulushi, shuningdek, bu ko’rsatkichlar o’zgarishlarining dinamikasi.
Kapitalizatsiyalanish yoki uni alohida segmentlarining yalpi ichki mahsulot o’lchashga nisbati sifatidagi ko’rsatkichlar bilan aniqlanadigan moliya bozori rivojlanishining umumiy xususiyatlarini, moliya sektorining, jumladan, tijorat banklari, brokerlik kompaniyalari, investitsiya banklari va birjalarning rivojlanish darajasi va sur’atlarini, iqtisoddagi investitsiyalarning umumiy hajmida xorijiy investitsiyalarning ulushini va ularning nisbatlarini ham makroiqtisodiy omillarga kiritish mumkin.
Moliyaviy ahvol, menejmentning rivojlanish darajasi, ishlab chiqarish va marketing siyosati, milliy iqtisodiyotga yirik korxonalarni rivojlantirish istiqbollari makroiqtisodiy omillarga kiradi. Tabiyki, bu omillar faqat milliy bozor segmenti uchun sezilarli ta’sir ko’rsatuvchilardir. Aktivlar va sarmoyaning daromadligiga, shuningdek, “sifat” ko’rsatkichlari kabi omillar shu guruhni xususiyatlovchi ko’rsatkichlar bo’lib hisoblanadi.
Milliy iqtisodiyotga jalb qilinganligiga ta’sir ko’rsatuvchi infratuzilmasining rivojlanish darajasi va yo’nalishlarini, ya’ni uning unsurlarini va shu bozorda qabul qilingan operatsiyalarni amalga oshirish jarayonida ular o’rtasidagi munosabat tizimini o’z ichiga oladi.
O’zbekistondagi mavjud investitsiya muhiti, fikrimizcha, investorlarning investitsiya risklarini baholash asosida chet el investitsiyalari kirib kelishiga qulayliklar yaratish kerak. Chet ellik investorlar qabul qiluvchi mamlakatdagi investitsiya muhitini, uning xavfsizligi, siyosiy risklar darajasi va ularning sug’urtalanishi, investitsiyalash maqsadlarga muvofiqligi, iqtisodiyotning boshqalarga qaraganda qulayligi nuqtai nazardan baholaydilar.
Mamlakatga xos risk darajasi (qarzlar masalasi, import va eksport balansi, hukumatning barqarorligi va boshqalar), mahalliy sharoitning qo’shni mamlakatga nisbatan ustun tomonlari muhim o’rinda turadi. Investitsiyalarni rag’batlantirish tadbirlari (import xom ashyoga bojxona bojlarini bekor qilish, korporativ soliqni qisman yoki butunlay bekor qilish, soliqlar bo’yicha imtiyozlar), eksport sanoati rayonlari, erkin savdo zonalari, bojxona bojlari amal qilmaydigan zonalarning bo’lishi va boshqalar alohida ahamiyatga ega.
Bugungi kunda respublikada muayyan darajada chet el kapitalini qabul qilish tizimi shakllangan. Bunda chet el kapitaliga nisbatan davlat siyosatini ifoda etadigan huquqiy normalar, qoidalar va muassasalar majmui nazarda tutiladi. Chet el kapitalini qabul qilish tizimi investitsiya muhitining tarkibiy qismiga kiradi va ayni paytda mustaqil hisoblanadi, chunki bu tizimni o’zgartirish xususiyatiga ega. Bu tizimning elementlari quyidagilardan iborat; chet el kapitali uchun soliq va bojxona imtiyozlarini berish; foydani boshqa iqtisodiyotga o’tkazishning qulay rejimi; milliylashtirishdan kafolatlar; ro’yxatdan o’tkazishning oddiy tartib qoidalari; kontsessiyalar berish; erkin iqtisodiy zonalar barpo etish; aktsiyadorlik kapitalida hissani cheklash; majburiy eksport kvotasini joriy qilish; narxlarni nazorat qilish; tashqi savdo operatsiyalarini litsenziyalash va boshqalar.
Fikrimizcha, respublikada yaratilgan qulay investitsiya muhitini rivojlantirish uchun rag’batlantirish omillarini kuchaytirish talab etiladi. Shu munosabat bilan ishlab chiqarishga investitsiyalarni rag’batlantirish uchun tadbirkorlik tuzilmalariga jadallashgan amortizatsiya usullarini qo’llashda to’la erkinlik berish kerak. Jamg’arish va investitsiyalashni rag’batlantirish uchun, bizning nazarimizda, investitsiya bo’yicha soliq kreditlarining turli shakllaridan kengroq foydalanishni yo’lga qo’yish zarur.
Qulay investitsiya muhitini rivojlantirishda soliqlarning rag’batlantiruvchi rolini kuchaytirish beqiyos ahamiyatga ega. Soliqlarning rag’batlantiruvchi rolini to’rt jihatdan olib qarash mumkin, ular: soliq to’lashdan vaqtinchalik ozod qilish; soliq stavkasini kamaytirish; soliqqa tortiladigan bazani toraytirish; soliq majburiyatini bajarishni kechiktirish (soliq krediti). Qayd qilingan rag’batlar u yoki bu darajada chet el investitsiyalari ishtirokidagi keng doiradagi korxonalar uchun tatbiq etiladi.
Iqtisodiyotning globallashuvi va bir-biriga kirib borish, chet el investitsiyalarini milliy iqtisodiyotga jalb qilish hayotiy zaruratga aylanib borayotgan hozirgi sharoitlarda, investitsiya kapitalini mamlakatimizga eksport qiladigan mamlakatlarning amaldagi qonunlarini, investitsiya muhitini hisobga olgan holda takomillashtirish talab etiladi.
Investitsiya muhitini investitsiyalarning risklarni baholash asosida chet el investitsiyalari oqimining qulaylashtirishtirilishiga xizmat ko’rsatishi talab qilinadi. Qabul qiluvchi mamlakatning investitsiya muhiti chet ellik investorlar tomonidan baholanishida, birinchi navbatda, uning xavfsizligi, investitsiyalash maqsadlariga muvofiqligi, mamlakatga xos risklar darajasi, investitsiyalarni rag’batlantirish tadbirlariga e’tibor qaratiladi. Kontsessiya sharoitlari, eksport sanoati rayonlari, erkin savdo zonalari, bojxona bojlari amal qilmaydigan zonalarning bo’lishi va boshqalar bevosita chet el investitsiyalari uchun muhim hisoblanadi. Qo’shma korxonalar tashkil qilish uchun o’z mabalag’larini qo’yadigan xorijiy investorlar uchun imtiyozlar yangi ilg’or texnologiyalarni ishlab chiqaruvchilar qo’shma korxonalarda yangi texnologiyalarga ustuvorliklarini nazarda tutish kerak.
Rag’batlantiruvchi soliq imtiyozlarining amal qilishini, shuningdek investitsiyalarni inson kapitaliga, texnologik o’sish va texnika bilimlari sohalarini rivojlantirishga, kengaytirishga ham joriy qilish kerak. Bularning barchasi O’zbekistonda investitsiya muhitini modellashtirish masalasini kun tartibiga qo’yadi. Bu model xorijiy investorga ta’sir ko’rsatadigan omillar to’g’risida mukammal ma’lumot to’plash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni yaqqol baholash hamda chet ellik sheriklar harakatlari motivatsiyasini anglash, chet el investitsiyalarini tartibga solishning asosiy vositalarini bir xil qilish imkoniyatlarini yaratadi.
Xullas, milliy investitsiya muhiti bevosita chet el investitsiyalari oqimi uchun qulay va maqbul bo’lishi kerak. Buning uchun jami investitsiya risklari, xavfsizlik, daromadlilik, chet el investitsiyalari likvidligi, investitsiyalash maqsadlari inobatga olinishi zarur va bular asosida baholanishi shart. Bu borada qulay mahalliy sharoitlar, investitsiyalarni rag’batlantirish tadbirlari, kontsessiyalar tashkil etish, eksport sanoati rayonlari, bojxona bojlari amal qilmaydigan va erkin savdo zonalarini tashkil qilish maqsadga muvofiqdir.
Bunda o’z mablag’lari hisobidan istiqbolli tarmoqlar va hududlarni investitsiyalash uchun o’rta va uzoq muddatli kreditlar ajratishda ulushi yuqori bo’lgan banklarga soliq imtiyozlarini berish nazarda tutilishi kerak. O’zini oqlagan mikrokreditlar sonini ko’paytirish va bu ishni keng ko’lamda amalga oshirish lozim. Ichki kredit manbalarini safarbar etish chora-tadbirlari bilan birgalikda xorijiy sarmoyalarni rag’batlantirishga xizmat qiladigan qulay muhit yaratish masalasi biz uchun o’ta muhim strategik ahamiyatga ega.
Shuningdek, hozirda muhokama qilinishi lozim bo’lgan mamlakatimizga yangi sarmoyalar oqimi kelishi yo’lidagi to’siq va cheklashlarni olib tashlash bo’yicha echimini kutayotgan dolzarb muammolar ham mavjud. Ulardan biri kadrlar tayyorlash milliy dasturidir. Bu dasturning mamlakatimiz kelajagi uchun katta ahamiyatga ega.
Bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida, davlat ayrim tizimlarni shakllanishiga, yangi hududlar va ishlab chiqarishni o’sishida boshlang’ich manbalarini tashkil etilishiga yoki ishlab chiqarishni qo’llab-quvvatlashga e’tibor qaratish lozim. Davlat hisobidan investitsiyalarni moliyalashtirishda, ularning strategik rivojlanishda ahamiyatga ega bo’lgan, lekin kelajakda tez samara bera olmaydigan tarmoqlar va ilmiy tadqiqot ishlarini qo’llab-quvvatlashga qaratilishi lozim.
Butun dunyoda davlat mablag’lari asosan yo’l qurilishi, shahar obodonchiligi va ishlab chiqarish infratuzilmalarining rivojlanishi kabi umumiy miqyosdagi ishlarga sarflanadi. Bozor iqtisodiyotining bozor mexanizmi sharoitida davlatning roli asta-sekin torayib borib, davlat miqyosi darajasidagi vazifalar qoladi. Ya’ni, ijtimoiy sohaning boshlang’ich ta’limi, sog’liqni saqlashning tez tibbiy xizmat ko’rsatish sohasi, davlat boshqaruvi va boshqalarni moliyalashtirish byudjet hisobida qoladi.
Bugungi kunda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarining daromadlarini soliqqa tortishda bir qator imtiyozlar berilgan bo’lsada, bizning fikrimizcha, birinchidan, bu soliq imtiyozlarining muddati, hajmi, qo’llanish shart-sharoiti aniq ko’rsatilgan bo’lishi, ikkinchidan, bu engilliklar xorijiy investorlarga yaxshi tanish va tushunarli bo’lib kamida besh-o’n yilga belgilanishi, uchinchidan, soliq imtiyozlari o’zgarmas va qat’iy bo’lishi lozim . Shundagina bu imtiyozlar o’z samarasini berishi mumkin.
Soliq imtiyozlarini berishda jahon tajribasini o’rganish maqsadga muvofiqdir. AQShda korxonalar zarar ko’rib ishlayotgan davriga soliq to’lashdan ozod qilinadi. Bu tajribani O’zbekistonda ham eng kerakli sohalarda faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun qo’llash maqsadga muvofiq. Buning uchun qat’iy soliq nazoratini o’rnatish zarur.
O’zbekiston so’mining erkin almashadigan valyutalarga nisbatan bo’lgan kursining pastligini hisobga olib, xorijiy investorlarning korxonalar sof daromadini taqsimlashda oladigan ulushini soliqqa tortishni vaqtinchalik bekor qilish, ijobiy o’zgarishlarga olib kelardi.
O’zbekistonda intellektual salohiyatni o’stirish uchun kapital qo’yish kelajakda respublika iqtisodiyotini rivojlantirishning eng asosiy omillaridan bo’lib hisoblanadi. Shuning uchun bu sohada kapital qo’ygan investorlarga soliq imtiyozlarini berish o’ta muhimdir.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida amortizatsiya korxonalarning investitsiya faoliyatini rag’batlantiruvchi bosh omillardan hisoblanadi. Shu sababli rivojlangan davlatlarda amortizatsiya normasi, soliqlar stavkasini tasdiqlash bilan bir vaqtda aniqlanadi. Bunday holatda etakchi tarmoqlarga investitsiyalarni qo’yishni rag’batlantirish maqsadida yuqori amortizatsiya normalari belgilanadi. Bu tajribani O’zbekistonda qo’llash muhimdir, chunki mashina va uskunalarga o’rtacha amortizatsiya normasi bizda 15% ni tashkil etsa, AQShda bu 20-33% ni, Angliyada 25% ni tashkil etadi.
O’zbekiston iqtisodiyotga chet el investitsiyalarini jalb qilishda bevosita xorijiy investitsiyalarning ulushini oshirishga alohida e’tiborni qaratish lozim. Tarmoqlar va hududlarda tuzilmaviy qayta qurish vazifasini hal etishda bevosita xorijiy investitsiyalar samaradorligini oshirishga, shuningdek, O’zbekiston Davlat investitsiya dasturini amalga oshira borib erishish mumkin, chunki bunday bevosita investitsiyalarning aksariyat qismi faqat davlat kafolati ostida kirib kelayotganligini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu sababli, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni O’zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilishda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz:
- ayrim tarmoqlar va mintaqalarda (jumladan, erkin iqtisodiy zonalar) xorijiy investorlar uchun real amal qilishi uchun imtiyozlar tizimini yaratish;
- xo’jalik yurituvchi sub’ektlar, yuqori turuvchi organlar va mahalliy hokimiyatlar o’rtasida mulk va vakolatni aniq chegaralab qo’yish;
- barqaror iqtisodiy tashqi savdo qonunchiligini, shu jumladan, erkin iqtisodiy zonalar va kontsessiyalar bo’yicha me’yoriy bazani yaratish;
- soliqlarni kamaytirish va soliq tuzilmasini soddalashtirish;
- xorijiy investitsiyalarni sug’urtalashning samarali mexanizmini yaratish;
- iqtisodiyot tarmoqlarini monopoliyadan chiqarish bo’yicha tadbirlarni amalga oshirish;
- iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini individual loyihalar bo’yicha xususiylashtirish;
- birja bozorlarida va boshqa bozorlarda aktsionerlik jamiyatlari aktsiyalari paketlarining bir qismini xorijiy investorlarga sotish;
- mahsulot ishlab chiqaruvchi va xizmat ko’rsatuvchi korxonalarni xorijiy investorlarga sotish.
Ushbu tavsiyalarning amaliyotga joriy etilishi milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etilishiga va investitsiya muhitining barqarorligini ta’minlashga imkon beradi, deb hisoblaymiz.
|