|
3-mavzu: Nutqiy kompetensiya va lingvistik kompetensiyalarni dts da qo’yiladigan talablar. Reja
|
bet | 12/17 | Sana | 03.02.2024 | Hajmi | 58,59 Kb. | | #151040 |
Bog'liq 3-mavzuOna tili talablari. Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinflarida ona tilidan beriladigan bilimlar mazmunini o‘zbek tilining tovush tuzilishi va yozma nutqda tovushlarni ifodalash usullari haqidagi, so‘zlarning o‘zgarishi va gapda so‘zlarning bog‘lanishi haqidagi, so‘zlarning morfemik tarkibi va so‘z yasalishi, so‘zlarning leksik – semantik guruhi haqidagi, o‘zbek tilining to‘g‘ri yozuv qoidalari va tinish belgilarining ishlatilishi haqidagi bilimlar tashkil etadi. Shuningdek, boshlang’ich sinflardayoq o’quvchilarni Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (inglizcha –Organisation for Economic Cooperation and Development (OECD)) Xalqaro o’quvchilarni baholash dasturi (inglizcha –Programme for International Student Assessment, PISA) hamda ta’limiy yutuqlarni baholash xalqaro uyushmasi tomonidan tashkil qilingan (IEA) maktab matematika va tabiiy fanlar ta’lim sifatining Xalqaro monitoringi (инглизча – Trends in Mathematics and Science Study, TIMSS) doirasida savodxonligini rivojlantirishda mazkur fan muhim ahamiyatga ega.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida (1-4-sinf) ona tili fanini o‘qitishning asosiy maqsadi – o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda to‘g‘ri va ravon bayon qiladigan, kitobxonlik madaniyati shakllangan, mustaqil va ijodiy fikrlay oladigan, o‘zgalar fikrini anglaydigan, muloqot va nutq madaniyati rivojlangan shaxsni kamol toptirishdan iborat.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili fanini o‘qitishning asosiy vazifasi: o‘quvchi shaxsini fikrlashga, o‘zgalar fikrini anglashga, o‘z fikrini og‘zaki hamda yozma shaklda savodli bayon qila olishga qaratilgan nutqiy rivojlantirish; o‘quvchilarda grammatikaga oid bilimlarni (fonetika, leksikologiya, so‘zning tarkibi, so‘z yasalishi, morfologiya, sintaksis, yozuv va imlo, tinish belgilari, nutq uslublariga oid tushunchalarni) shakllantirish va rivojlantirish hamda ona tilining keng imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda fikrini to‘g‘ri va ravon bayon eta olish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Boshlang‘ich ta’limda – o‘quvchilarning savodxonligini ta’minlash, ularni og‘zaki va yozma nutqida adabiy nutq me’yorlariga rioya qilishga o‘rgatishdan iborat. Mazkur ona tili o‘quv dasturi quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:
1. Savod o‘rgatish va nutq o‘stirish.
2. Fonetika, grammatika, imlo va nutq o‘stirish.
Savodga o‘rgatish davri 2-sentabrdan to dekabr oyining oxirigacha bo‘lgan muddatni, ya’ni ikki o‘quv choragini qamrab oladi. Savodga o‘rgatish jarayoni tayyorgarlik va alifbe davridan tashkil topadi. Tayyorgarlik va alifbe davrida ta’lim savodga o‘rgatishning tahlil-tarkib (analitik-sintetik) tovush usulida amalga oshiriladi. Savodga o‘rgatishning tahlil-tarkib usuliga ko‘ra matndan gap, gapdan so‘z, so‘zdan bo‘g‘in va tovush, yoki aksincha, tovush >bo‘g‘in >so‘z >gap >matn uzviy aloqada butundan bo‘lakka, bo‘lakdan butunga qarab tahlil-tarkib qilinadi. Bu esa o‘quvchilar tafakkur faoliyatini onglilik, tushunarlilik, mantiqiylik, didaktik mezonlar asosida rivojlantirish imkoniyatini vujudga keltiradi. Boshlang‘ich ta’limning ilk savodga o‘rgatish davridanoq, o‘quvchilar nutqini yangi so‘zlar hisobiga boyitishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ona tili erkin fikrlay olish, o‘zgalar fikrini anglash, o‘z fikrlarini og‘zaki va yozma ravishda bayon qila olish, kishilar bilan erkin muloqotda bo‘la olish ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
|
| |