To‘g‘rilik sifati nutq tarkibi va qurilishining amaldagi adabiy til me’yorlariga to‘la mosligi asosida yuzaga keladi. Adabiy til me’yorlariga amal qilinmasdan tuzilgan nutq to‘g‘ri nutq bo‘la olmaydi.
O‘zbek adabiy tilidagi asosiy me’yorlarni o‘tgan darsda ko‘rib o‘tdik. Ular:1) leksik (so‘z qo‘llash) me’yorlar; 2) talaffuz (orfoepik) me’yorlari; 3) so‘z yasalishi me’yorlari; 4) morfologik me’yorlar; 5) sintaktik me’yorlar; 6) uslubiy me’yorlar.
Adabiy tilning yozma shaklida imlo (orfografik) va tinish belgilari (punktuatsion) me’yorlari ham mavjud.
Ma’lumki, tilning lug‘at tarkibi tez o‘zgaruvchan. Yangi-yangi so‘zlar paydo bo‘ladi, ayrim so‘zlar iste’moldan chiqib ketadi, turli tillardan so‘zlar kirib keladi.
Mustaqillik arafasida, istiqlolningilk yillarida aeroport so‘zini tayyoragoh, gazeta so‘zini ro‘znoma, jurnalni majalla, fakul’tetni kulliyot, filologiyani suxanshunoslik, rayonnn nohiya tarzida almashtirishga harakat qilindi, matbuotda shunday qo‘llana boshladi. Ammo baribir, bu so‘zlar o‘zbek tilining leksik me’yoriga aylana olmadi.
“Davlat tili haqida"gi Qonun qabul qilingandan keyin avtor, gonorar, gruppa, ministr, oblast, programma, plan, redaktor, sekretar, tekst, tema kabi so‘zlar o‘rniga tavsiya etilgan muallif, k,alam haqi, guruh, vazir, viloyat, dastur, reja, muharrir, kotib, matn, mavzu kabi arabcha, forscha so‘zlar bugun o‘zbek tilining leksik me’yoriga aylanib bo‘ldi.
Bugun adabiy tilning leksik me’yorlaridan tashqaridagi oliygoh (institut), ilmgoh (universitet), o‘yingoh (stadion) kabi so‘zlarni qo‘llash nutqning to‘g‘riligiga putur yetkazadi.
O‘zbek adabiy tilining talaffuz (orfoepik) me’yorlari deganda, nutqda ayrim tovushlar, ularning qo‘shilmasi, so‘zlar, jumla(gap)larning ohangi (intonatsiyasi) va urg‘u kabilarni to‘g‘ri talaffuz qilish qoidalari nazarda tutiladi. Atoqli o‘zbek tilshunosi S.Ibrohimov bundan 40 yil ilgari shunday ta’kidlagan edi: "Adabiy talaffuz nutq tovushlarini, so‘z va morfemalarni hamda iboralarni tegishli qoidalarga muvofiq talaffuz etish, so‘z va gaplarda urg‘u, ohang (intonatsiya) va to‘xtam (pauza)ga to‘g‘ri rioya qilish bilan yuzaga keladi. Adabiy tilning keyingi taraqqiyotida belgili umumiy talaffuz normalari vujudga kelgan, qaror topgan. Bu normalar nutq tovushlari talaffuzi, urg‘u, intonatsiya, pauzaga oiddir."2.
Og‘zaki nutkda bo‘lsa, kelsa, bo‘lgan, kelgan singari so‘zlar talaffuzida l tovushini ko‘pincha tushirib qoldirish ham adabiy orfoepiya normasiga aylanib qolgan. Opti, bo‘pti, kepti, borarkan, kelarkan, obor, ko‘yvor kabi so‘zlarning og‘zaki nutqdagi talaffuzi ham shu hodisaga kiradi. Bu mutaxassislarning fikri.
Nutqning to‘g‘ri anglanishida mantiqiy urg‘u, pauza, ohang (intonatsiya) ham alohida ahamiyatga ega. Ular bilan bog‘liq qonuniyatlar ham o‘zbek adabiy talaffuzi me’yorlarini belgilaydi.
|