5-mavzu: Nutqning kommunikativ belgilari
R ye j a:
1. Nutqning to‘g‘riligi.
2. Nutqning aniqligi.
3. Nutqning mantiqiyligi.
4. Nutqning tozaligi (sofligi).
5. Nutq boyligi
6. Nutqning ifodaliligi.
7. Nutq jo‘yaliligi
Nutqning madaniyligini ta’min etadigan to‘g‘rilik, aniqlik, mantiqiylik, ifodalilik, boylik, soflik, jo‘yalilik kabi bir qator kommunikativ sifatlar mavjud. Ana shu kommunikativ sifatlarning barchasini o‘zida mujassamlashtirgan nutq madaniy hisoblanadi. Har qanday nutqning asosiy maqsadi muayyan axborotni tinglovchi (o‘quvchi)ga yetkazish, shu yo‘l bilan unga ta’sir qilishdan iborat bo‘lib, mazkur sifatlarning jami nutqning ta’sirchanligini yuzaga keltiradi.
Nutqning to‘g‘riligi
Nutqning to‘g‘ri bo‘lishi uning bosh kommunikativ xususiyati hisoblanadi. Agar nutq to‘g‘ri bo‘lmasa, u aniq ham, maqsadga muvofiq ham, mantiqiy ham bo‘lmaydi. «To‘g‘rilik deganda, - deb yozadi V.G.Kostomarov, - nutq madaniyatining zarur va birinchi sharti sifatida adabiy tilning ma’lum paytda qabul qilingan me’yorining qat’iy va aniq muvofiq kelishini, uning talaffuz, orfografik, lug‘at va grammatik me’yorlarini egallashni tushunish lozim bo‘ladi»1.
Demak nutqning to‘g‘ri bo‘lishi dastlab uning adabiy til me’yorlariga muvofiq kelishi bo‘lib hisoblanadi.
Nutqning to‘g‘riligi nutq madaniyati haqidagi ta’limotning markaziy masalasidir. Madaniy nutqning boshqa barcha kommunikativ sifatlari ayni shu to‘g‘rilik mavjud bo‘lgandagina yuzaga kela oladi, Zotan, to‘g‘ri bo‘lmagan nutqning aniqligi yoki mantiqiyligi, ifodaliligi yoki boyligi haqida gapirish mumkin emas. Nutqning to‘g‘riligi boshqa barcha kommunikativ sifatlarning poydevoridir. Nutqning to‘g‘riligi nutq madaniyatining birinchi bosqichi bo‘lgani uchun maktab ona tili ta’limida asosiy maqsad ham o‘quvchilarda aynan to‘g‘ri nutq tuzish ko‘nikma va malakalarini shakllan- tirishga qaratiladi.
|