O‘rta asrlarda yashagan turk shoirlari ichida turk tilida asarlar yozib, yozganda ham keng xalq ommasiga tushunarli tarzda ravon she’rlar yaratib mashhur bo‘lgan shoir Yunus Emredir. Yunus Emre 1239 yilda Eski shahardan uncha uzoq bo‘lmagan, Porsuq daryosining Sakaryaga quyilish qismida joylashgan Sariko‘y qishlog‘ida dunyoga keldi. Emre uning taxallusi bo‘lib, tasavvuf suluklaridan biri “Tekke” sulukiga mansubligini bildiradi. Yu. Emre xalq orasida mashhur shoir bo‘lsada, o‘rta asr tazkiralarida u xaqda ma’lumot kam. Uning tavallud va vafoti sanalari ham nisbiydir. Ammo xalq orasida shoirning hayoti va ijodiga oid ko‘plab rivoyatlar mavjud. Garchand bu rivoyatlar Yu. Emre mashhurligidan, keng ommaning unga muhabbatidan dalolat bersa-da, ayni paytda shoir hayoti haqida aniq haqiqatni bilishni mushkullashtiradi. Masalan: Turkiyada Bursa, Sivas, Sariko‘y va boshqa o‘n beshga yaqin joyda Yu. Emre qabrini ko‘rsatadilar. Mulada esa Yu. Emre qabri, shoirning piri bo‘lmish Tabduq Emrega murid bo‘lganligi va uning eshigida qirq (ayrim ma’lumotlarga qaraganda o‘ttiz) yil xizmat qilganligi, Yu. Emre ustoz fotihasini olib shoir bo‘lganligi xaqida shunday rivoyat bor”: Ocharchilik boshlanib, Yunusning oilasi qiynalib qoladi. Shunda Yunus chora izlab shayx Hoji Bektoshiy1 huzuriga keladi. Biroq nima maqsadda kelganini aytolmay turganida Hoji Bektosh “Duo istab keldingmi?”,-deb so‘raydi. Yunus bug‘doy so‘rab kelganligini aytadi. Hoji Yunusga so‘raganidan ortiq bug‘doy beradi. Uyiga qaytayotib Yunus o‘zining xato qilganini sezadi, duo emas bug‘doy so‘raganidan pushaymon bo‘ladi va orqaga qaytib Xoji Bektoshiydan duo so‘rab kelganini aytadi. Hoji Bektosh Yunusni Tadbuq Emrega yuboradi. Yunus butun qalbi bilan Tabduq Emrega murid bo‘lib, uning uyida o‘tin tashib xizmat qiladi. Kunlardan bir kun o‘tin tashib keltirgan Yunusga Tabduq: “Yunus sen biror marta xam egri o‘tin olib kelmading”, - dedi. Shunda Yunus: “Bu dargohga egri bo‘lgan hech bir narsa kirolmas”, - deb javob beradiki, bu Yunusning piriga e’tiqodi yuksakligidan dalolatdir. Oradan qirq yil o‘tadi. Tabduq Emre dargohida tez-tez fozillar majlisi bo‘lib turar, bu majlislarda Yunus Go‘yanda ismli ovozi shirali kishi ham albatta qatnashardi. Tabduq Emre: “Yunus Go‘yanda kuyla” deb buyuradi. Go‘yanda jim. “Qo‘shiq aytgin Yunus, bizlar seni eshitmoq istaymiz” - deb takrorlaydi Tabduq. Yunus Go‘yanda yana jim. Shunda Tabduq Yunus Emrega: “Tangrining inoyati ila senga murojaat qilish vaqti yetdi, biz bu xazinaning qulfini ochurmiz, sen kuyla”, - deydi. Shunda Yunus Emre qirg‘oqlaridan toshmoqchi bo‘lgan daryodek toshib, jo‘shib kuylaydi va keyinchalik xalq orasida mashhur bo‘lib ketadi.
Bu rivoyatdan qat’i nazar Yunusning Tabduq Emrega murid bo‘lganligi va shoir dunyoqarashida, uning shaxs sifatida voyaga yetishida Tabduq Emrening ta’siri katta bo‘lgani aniq. Buni Yunus Emre asarlaridan ham ko‘rish mumkin. Shoir adabiy merosi ancha boy bo‘lib, uning xalq yo‘lida yozilgan ko‘plab she’rlari, g‘azallari va “Risolat-al nusxiya” nomli didaktik ruhdagi dostoni bizgacha yetib kelgan. Shoir hayotligida devon tuzganmi, yo‘qmi? Bu haqda turk adabiyotshunoslari turlicha fikr bildiradilar. Abulboqi Gulpinarli Emre hayotligida devon tuzgan desa, boshqa mashhur turk adabiyotshunosi M. Fuad Ko‘prulu shoir devoni uning vafotidan ancha so‘ng, izdoshlari tomonidan tuzilganligini aytadi. Ammo Yu. Emre she’rlarida shunday satrlarni uchratamiz:
Yunus o‘lsa ismim ne ajab
O‘qiyurlar mening bu devonimni.
Bundan ko‘rinadiki, A. Gulpinarli fikrlari haqiqatga yaqinroq. Rivoyatlarga ko‘ra Yu. Emrening 3000 dan ortiq she’rlari meros qolgan. Shoir vafotidan so‘ng uning devoni Mulla Qosim ismli kimsa qo‘lig‘a tushib qoladi. Qosim dengiz qirg‘og‘iga borib Emre asarlarini o‘qishga kirishadi. Birinchi marta mingta she’rini “shariatga qarshi ruhda” deb yoqib tashlaydi, ikkinchi mingtasini suvga oqizadi. Uchinchi ming she’rlarini o‘qiyotganda Mulla Qosim o‘ziga atalgan shunday misralarga ko‘zi tushadi:
“Darvesh Yunus so‘zlarini yolg‘on dema,
Seni sinamoqqa Mulla Qosim keladi”.
Mulla Qosim Yunusni valiy bilib, devonini o‘pib peshonasiga surtadi. Aytishlaricha Qosim yoqib yuborgan mingta she’rni qushlar, dengizga tashlaganini baliqlar kuylarmish. Qolgan mingtasini odamlar o‘qib zavqlanarmish. Balki haqiqatan ham Emredan ko‘pdan-ko‘p she’rlar qolgandir. 1986 yil Anqarada prof. F. Temurtosh nashr etgan Yu. Emre devonida, shoirning 325 dan ortiq g‘azallari, she’rlari berilgan.
Yu. Emrening shu asarlari ham shoir badiiy mahorati, falsafiy qarashlari, o‘sha davr she’riyatining saviyasi va turk tili haqida fikr yuritishga asos beradi. Shuning uchun ham shoir ijodini puxta o‘rganish darkor.
XV asr oxirida yaratilgan “Viloyatnoma”da Emre haqida ham ma’lumot berilgan. Yu. Emre hayoti va ijodini o‘rganishni boshlab berganlardan biri avstraliyalik turkshunos Hammer Prugshtaldir. U XIX asrning birinchi yarmida turk adabiyotiga oid bir qancha tadqiqotlarni e’lon qiladi. Shoir shaxsiga qiziqish so‘nggi paytlarda ancha kuchaydi. F. Ko‘pruluzoda, Ali Hasan, A.S. Levend, N.S. Banarli, N. Qosim, K.G‘. Temirtosh, S. Ayubo‘g‘li, A. Gulpinarli va boshqa turk adabiyotshunoslari shoir ijodi ustida ilmiy izlanishlar olib boradlar. Rus sharqshunoslari akademiklar A.E. Krimskiy, A.V. Gordlevskiy, adabiyotshunoslar V.S. Garbuzova, L. Alkayeva, A. Boboyev, G.A. Gorbatkina, I.V. Borolina, V.B. Kudelinlarning ilmiy ishlarida xam Yu. Emrega taalluqli qimmatli ma’lumotlarni uchratish mumkin. Masalan turkiyshunos olima I.V. Borolina Yunus Emre she’rlarining sodda, ravon tildaligini ro‘kach qilib, Yu. Emrening savodi bo‘lganligiga gumon qiluvchilarga qarshi shunday yozadi: “Yunus Emra she’rlarini chuqurroq tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, u o‘z davrining nihoyatda ma’lumotli kishisi bo‘lgan. Arab va fors adabiyoti, o‘tmish faylasuflarining ta’limotini yaxshi bilgan, zamondosh so‘fiy shoirlarning ko‘pchiligi bilan shaxsan tanish bo‘lgan”1. Umuman adabiyotshunoslikda Yunus Emre devoning o‘nga yaqin nusxasi ma’lum va mashhur.
Tasavvuf ta’limoti VIII asrda Sharqiy Arabiston, aniqrog‘i Iroqda paydo bo‘lib, so‘fiylar dunyo boyliklariga qarshi chiqqanlar. Murakkab ta’limot bo‘lgan tasavvufning asosi inson va uning xudoga munosabatidir. So‘fiy shariat, tariqat, ma’rifat bosqichlaridan o‘tgachgina haqiqatga erishadi, ya’ni “xudoning jamoliga” yetishadi. Tasavvuf tariqatining murakkabligi, yunalishlarining ko‘pligi tufayli mutasavvuf shoirlarni bir yoqlama tushunish xollari xam ko‘p bo‘lgan. M. F. Kuprulu, M.A. Ayniy kabi turk olimlarining ilmiy tadqiqotlarida so‘fizmning mingga yaqin ta’rifi va tavsifi borligi aytilgan. Ma’naviy boylikni haqiqiy boylik deb bilgan Boyazid Bistomiy, Mansur Xalloj, Attor, Jalolidin Rumiy, A. Yassaviy, Ibn al-Arabiy kabi tasavvuf tarixida alohida o‘rni bo‘lgan allomalar ijodi Yunus Emrega ilhom bag‘ishlagan. Ayniqsa Ibn al-Arabiy (1165-1224) va J. Rumiylarning ta’siri kuchli bo‘lgan. Yu. Emre Rumiy va’zlarini eshitish uchun Konya shahriga keladi va Rumiy asos solgan mavlaviy suluki zikrlarida ishtirok etadi. Rumiy bilan uchrashuv Emreni yanada faol tasavvuf targ‘ibotchisiga aylantiradi. Shoir Rumiy bilan ko‘rishganligini shunday ta’riflaydi.
Mavlono Xudobennigor bizga nazar qiladi
Uning ko‘rkli nazari ko‘nglimiz oynasidir.
Yu. Emre she’riyatida so‘fiyona g‘oyanigina emas, so‘fiyona obraz va razmlarni ham ko‘ramiz. Tasavvuf shoirlari ijodda ma’shuqa, do‘st deb xudoni nazarda tutganlar, shamga o‘zini urayotgan parvona - ilohga intilish, may ichib mast bo‘lish - ilohiy zavq, jazava, yor bilan visol iloh bilan birlashib ketish kabi.
“So‘fiyona poeziya qonunlariga ko‘ra xudo to‘g‘risida faqat allegorik tarzdagina so‘zlash mumkin. Shuning uchun ham uni do‘st yoki makkora ma’shuqa deb ataganlarki, telbalarcha sevib qolgan darvishning qalbi unga intiladi. Tasavvuf poeziyada lirik muxabbat poeziyasining obrazli tilidan ustalik bilan foydalanilgan”.1
Emre she’rlaridagi real, dunyoviy obrazlar tagida ilohga intilish yotadi:
Yo‘ldosh bo‘laylik ikkimiz,
Kel, do‘stga boraylik ko‘ngil
Holdosh bo‘laylik ikkimiz,
Kel, do‘stga boraylik ko‘ngil
Yu. Emre panteist sifatida xar bir narsani xudoning bir zarrasi deb biladi. O‘zini tabiat bilan qorishib ketgandek his qiladi. U insonni ham xudoning bir zarrasi deb bilar ekan, xudoni ulug‘lash bilan insonni ulug‘lagandek bo‘ladi. har bir narsa asliga intilganidek, inson ham asliga intiladi, ya’ni xudoga intilish kerak, intilish ilohiy ishqda ko‘rinadi. Bu yo‘lda inson, ya’ni oshiq turli holatlarga tushishi mumkin.
|