4-§. Notarial harakatlar yoki bunday harakatlarni bajarishni rad etganlik ustidan berilgan shikoyatlar to’g’risidagi ishlarni ko’rish
Amaldagi «Notariat to’g’risida»gi 1996 yil 26 dekabrdagi O’zbekiston Respublikasining qonunida va FPKning 273-moddasida ko’rsatilishicha, manfaatdor shaxs mansabdor shaxs bajarilgan notarial harakatlarni yoki fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish idoralari, xususiy amaliyot bilan shug’ullanuvchi notariuslar bajargan notarial harakatni bajarish rad etilganligini noto’g’ri deb hisoblasa, bu haqidagi u sudga shikoyat qilishga haqlidirlar.
Mansabdor shaxslar shikoyatni notarial kontora, fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish idoralari, xususiy amaliyot bilan shug’ullanuvchi notariuslar turgan joydagi tuman (shahar) sudiga berishi mumkin.
Notariat to’g’risidagi qonunda Letsenziya berish rad etilganligi haqida chiqarilgan qaror ustidan ham sudga shikoyat berish belgilangan.1
Notariat faoliyati bilan shug’ullanish huquqini beruvchi Litsenziya qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan malaka komissiyalarining qarorlari asosida beriladi. Letsenziya berish tartibi O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilab qo’yilgan. Letsenziya berish rad etganligi to’g’risidagi sudga qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasining qarori olingan kundan boshlab bir oy ichida shikoyat qilishi mumkin.
Sudga mansabdor shaxslar tomonidan noto’g’ri tasdiqlangan vasiyatnomalar va vakolatnomalar to’g’risidagi yoki mazkur shaxslar notarial harakatlarni bajarishni kechiktirish yoki uni amalga oshirishni rad etganliklari haqidagi shikoyatlar tegishli bo’lishiga qarab, kasalxona va boshqa statsionar davolash profilaktika muassasasi, sanatoriy, keksalar va invalidlar uyi, ekspeditsiya, gospital, harbiy davolash muassasasi, harbiy qism, qo’shilma, harbiy o’quv yurti, qamoqxona joylashgan erdagi tuman (shahar) sudiga topshiriladi. O’zbekiston Respublikasi bayrogi ostida so’zib yuruvchi dengiz kemasi yoki xavzalarida bo’lgan kema kapitani noto’g’ri tasdiqlangan vasiyatnoma to’g’risidagi yoki kapitan uni tasdiqlashni rad etganligi haqidagi shikoyatlar esa shu kema ro’yxatiga olingan port joylashgan erdagi tuman (shahar) sudiga beriladi.
Odatda, notarial harakatlar barcha zarur hujjatlar topshirilgan kunning o’zidayok amalga oshiriladi. Ayrim hollarda notarius notarial harakatlar qilishni boshqa kunga qoldirishi mumkin, ammo uch kundan oshiq muddatga kechiktirmasligi lozim.
Notarial harakatni amalga oshirish kushma ma`lumotlarni talab qilish yoki hujjatlarni ekspertizaga yuborish zarur bo’lganida kechiktirilishi mumkin.
Notarial harakatlarni amalga oshirish, basharti qonunga binoan manfaatdor shaxslardan ushbu harakatni amalga oshirishga e`tiroz bor-yo’qligini so’rash lozim bo’lganda, kechiktirilishi mumkin. Notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish muddati bir oydan oshmasligi lozim. Notarial harakatni amalga oshirishni so’rab murojaat qilgan shaxsning talabiga ko’ra unga notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish haqidagi qaror beriladi.1
Manfaatdor shaxs tasdiqlashni so’rayotgan huquq yoki fakt ustida da`volashish uchun sudga murojaat qilish istagidagi boshqa manfaatdor shaxsning arizaga ko’ra notarial harakatni amalga oshirish ko’pi bilan o’n kun muddatga kechiktirilishi mumkin. Agar bu muddat ichida ariza tushganligi haqida sudga ma`lumot olinmasa, notarial harakat amalga oshirilishi lozim.
Yuqorida keltirilgan qonunga muvofiq shikoyat ishining ko’rilishi uchun quyidagicha dalillar keltirilishi yoki sud tomonidan talab qilib olinishi kerak.
1-dan, notarial harakat bajarilganligi yoki uning bajarilishi to’g’risidagi hujjat. Bunday hujjat, chunonchi: merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma berishni rad qilganlik, ijro xati berishni rad qilganlik, oldi-sotdi, mulkni xadya qilish to’g’risidagi va boshqa bitimlarni guvohlantirishni rad qilganlik to’g’risidagi notariusning qarori;
2-dan, shikoyat yuzasidan notariusning yoki notarial harakatlarni bajaruvchi organ vakilining yozma bayonoti va bunga ilova qilinadigan tegishli hujjatlar;
3-dan, shikoyatda ko’rsatilgan vajlarni isbotlaydigan dalillar, masalan, uy-joyga bo’lgan egalik huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar, vasiyatnoma, avtomashina hujjati, tovarning kreditga olinishida berilgan majburiyatnoma va shu kabi dalillar bo’ladi.
Notarial harakat noto’g’ri bajarilganligi yoki uni bajarish rad etilganligi haqidagi shikoyatlar notarial harakat noto’g’ri bajarilganligi yoki bunday harakatni bajarish rad etilganligi arizaga ma`lum bo’lgan kundan e`tiboran yigirma kunlik muddatda beriladi.
Shikoyatda bajarilgan notarial harakatning yoki bunday harakatni bajarishning rad etishning noto’g’riligi nimalardan iborat ekanligi ko’rsatilishi lozim.
Shikoyat berish muddati o’tkazib yuborilganda uni tiklash haqidagi iltimos sud tomonidan umumiy asoslarda hal qilinadi.
Qarzdor notarius yoki konsul tomonidan berilgan ijro xati xususida umumiy tartibda da`vo taqdim etish yo’li bilan nizolashishi mumkin. Bajarilgan notarial harakat negizida manfaatdor shaxslar o’rtasida kelib chiqqan huquqqa doir nizo taalluqliligiga qarab, sud tomonidan ko’riladi.
Notarius va notarial harakatlarni bajaruvchi idoralarning xatti-harakatlari ustidan berilgan shikoyatlar 1996 yil 26 dekabrdagi O’zbekiston Respublikasining Notariati to’g’risidagi qonunining 39-moddasi, FPKning 31-moddasi, 264-moddani 3-bandida va 273-275-moddalariga muvofiq ko’riladi.
|