A) Stoxastik bog‘lanish tushunchasi va korrelyatsiya tahlilining vazifasi
Yuqorida determinatsiyalangan omillar tahlili masalasini yechish usuli ko‘rildi. Biroq amaliyotdan ma’lumki, iqtisodiy ko‘rinish va jarayonlarning hammasi ham bu usul bo‘yicha o‘rganilmaydi. Shu bilan birga, ko‘p hollarda ularni funksional bog‘lanishga keltirib bo‘lmaydi.
Iqtisodiy tadqiqotlarda taxminiyligi va noma’lumligi bilan ajralib turuvchi stoxastik bog‘liqliklar tez-tez uchrab turadi. Ular faqat katta miqdordagi obyektlar (kuzatuvlar)dagina namoyon bo‘ladi. Bu yerda har bir omil ko‘rsatkichiga (argumentning) bir nechta natijaviy ko‘rsatkichlar (funksiyaning) qiymati mos kelishi mumkin. Masalan, ishchilar mehnatni rag‘batlantirishning oshirilishi turli korxonalarda mehnat unumdorligini, hatto, tenglashtirilgan boshqa vaziyatlarda ham turlicha o‘sishiga olib keladi. Buni mehnat unumdorligiga bog‘liq barcha omillar o‘zaro bog‘liq holda ta’sir qilishi bilan tushuntirish mumkin. Optimallik darajasi bo‘yicha turli omillarning birikmasi ularning har birining natijaviy ko‘rsatkichlar kattaligiga ta’sir darajasiga bog‘liq.
Agar ko‘p miqdordagi kuzatuvlar (obyektlar) tadqiqot uchun olinib va ularning miqdorlari taqqoslansa, o‘rganilayotgan omillar va natijaviy ko‘rsatkichlar orasidagi bog‘lanish namoyon qilinadi. Keyin esa, ko‘p miqdorlar qonuniga mos holda, natijaviy ko‘rsatkichlarga boshqa omillarning ta’siri tekislanadi, neytrallanadi. Bu esa tadqiq qilinayotgan hodisalarning o‘zaro bog‘lanish imkoniyatini beradi.
Shunday qilib, korrelyatsion (stoxastik) bog‘lanish – bu juda ko‘p ku-zatuvlardagina namoyon bo‘ladigan ko‘rsatkichlar orasidagi to‘liq bo‘lmagan, taxminiy bog‘lanishdir.
Juft va ko‘p miqdorli korrelyatsiyalar farqlanadi. Juft korrelyatsiya – bu bittasi omilli, boshqasi natijaviy bo‘lgan ko‘rsatkichlar orasidagi bog‘lanishdir.
Ko‘p miqdorli korrelyatsiya esa natijaviy ko‘rsatkichlar bilan bir nechta omillarning o‘zaro ta’siri natijasida kelib chiqadi.
Stoxastik bog‘lanishni o‘rganish uchun o‘tgan boblarda aytib o‘tilgan quyidagi iqtisodiy tahlil usullari: parallel va dinamik qatorlarni taqqoslash, analitik guruhlash, grafiklar qo‘llaniladi. Biroq ular faqat bog‘lanishning yo‘nalishi va tavsifini namoyon qilish imkoniyatini beradi. Omilli tahlilning asosiy vazifasi – har bir omilning natijaviy ko‘rsatkich darajasiga ta’sir me’yorini aniqlashdir. Shu maqsadda korrelyatsion, dispersion, komponentli, diskriminantli, zamonaviy ko‘p o‘lchamli omillar tahlili va shu kabi usullar qo‘llaniladi.
Iqtisodiy tadqiqotlarda kengroq qo‘llaniladigan usul korrelyatsion tahlil hisoblanib, u ko‘rsatkichlar orasidagi o‘zaro bog‘lanishni sonli ifodalash imkonini beradi.
Korrelyatsiya tahlilni qo‘llashning zaruriy shartlari:
– o‘rganilayotgan omillar va natijaviy ko‘rsatkichlar haqida tanlanadigan ma’lumotlarning yetarlicha ko‘pligi (dinamikada yoki joriy yil uchun bir turdagi obyektlarning majmui);
– o‘rganilayotgan omillar sonli o‘lchamda bo‘lishi va axborotning u yoki bu manbayida aks etishi.
Korrelyatsion tahlilni qo‘llash quyidagi masalalarni yechish imkonini beradi:
1) bir yoki bir nechta omillar ta’siri ostida bo‘lgan natijaviy ko‘rsatkichlar
o‘zgarishini aniqlash (mutlaq o‘lchamda), ya’ni omillarning birlikka o‘zgarishida
natijaviy ko‘rsatkich kattaligi necha birlikka o‘zgarganini aniqlash;
2) har bir omildan natijaviy ko‘rsatkichning nisbiy bog‘lanish darajasini
o‘rnatish.
Korrelyatsion bog‘lanishlarni o‘rganish tahlilda katta ahamiyatga ega. Bu
omilli tahlilning chuqurlashayotganida, o‘rganilayotgan ko‘rsatkichlar darajasining
shakllanishida har bir omilning ahamiyati va o‘rni aniqlanayotganligida,
o‘rganilayotgan holat to‘g‘risidagi bilimlarning chuqurlashayotganligida, ularning
rivojlanish qonuniyatlari va nihoyada aniq isbotlangan rejalarning aniqlanayotganligida, korxona faoliyati natijalari obyektivroq baholanayotganligida va ichki xo‘jalik zaxiralari to‘laroq aniqlanayotganligida namoyon bo‘lmoqda.
|