Kassa, kassa muomalalari va pul hujjatlari auditi




Download 13,28 Mb.
bet113/211
Sana18.05.2024
Hajmi13,28 Mb.
#242509
1   ...   109   110   111   112   113   114   115   116   ...   211
Bog'liq
Amaliy audit

Kassa, kassa muomalalari va pul hujjatlari auditi

Kassa muomalalari odatda, kassir, bosh buxgalter yoki unga vakolatli shaxs ishtirokida kassadagi pul mablag`larini inventarizatsiya qilishdan boshlanadi. Korxonada bir nechta kassa mavjud bo`lgan hollarda pul qoldig`ining kamomadi bo`lgan taqdirda, uni boshqa kassa hisobidan qoplanishi, kassa daftaridagi qoldiqni o`zgartirish mumkinligini oldini olish maqsadida auditor boshqa kassa eshiklarini muhrlab qo`yadi.
Auditor kassirdan inventarizatsiya o`tkazish vaqtigacha bo`lgan kassa muomalalari bo`yicha kassa hisobotini talab qiladi. Shuningdek, barcha kirim va chiqim hujjatlari uning tomonidan hisobotga kiritilganligi va inventarizatsiya
vaqtiga kelib kassaga kirim qilinmagan va hisobdan chiqarilmagan pul mablag`lari yo`qligi to`g`risida tilxat berishi lozim.
Shundan keyin kassir, pul kupuralarini guruhlashtirishni boshlaydi hamda auditor va bosh buxgalter ishtirokida ularni to`la hisob-kitobini o`tkazadi, bank muassasasidan olingan muhrlangan pul mablag`lari ham sanovdan o`tkazilishi kerak.
Auditor shunga ahamiyat berishi kerakki, kassa chiqim orderida yoki uning o`rnini bosadigan boshqa hujjatda pul oluvchining tilxati bilan tasdiqlanmagan kassa pullarini berish, kassadagi naqd pul qoldig`ini qoplashga qabul qilinmaydi. Kassa kirim orderlari bilan tasdiqlanmagan naqd pullar ortiqcha pul sifatida kirim qilinadi. Xojalik yurituvchi subyekt rahbari va bosh buxgalteri imzosi bilan tasdiqlanmagan kassa chiqim hujjatlari, kassadan vaqtinchalik pul olinganligini bildiruvchi tilxat va shunga o`xshash boshqa hujjatlar inobatga olinmaydi va kamomad deb hisoblanadi.
Auditor to`g`ri rasmiylashtirilgan kassa hujjatlarini kassirga hisobot tuzish va unda tekshiruv paytida bo`lgan qoldiqni ko`rsatish uchun beradi. Tekshiruv paytida kassada ish haqi to`liq tarqatilib ulgurmagan vedomostlar bor bo`lsa, auditor bosh buxgalter va kassirga vedomostlarni belgilangan tartibda hisobotga qo`shishni taklif etadi. Agarda kassani tekshirish, ish haqi tarqatish davriga to`g`ri kelib, ko`p xodimlarga ish haqi tarqatilmagan vedomostlar bo`lsa, bunday vedomostlar kassir hisobotiga qo`shilmasdan, dalolatnomada kassa hisobotiga kiritilmagan, qisman to`langan chiqim hujjatlari (to`lov vedomostlari) sifatida yozib qo`yilishi mumkin. Bu holda har bir to`lov vedomostida qaysi tartib raqami bo`yicha ish haqi berilganligi va uning jami summasi ko`rsatiladi. Ushbu yozuv kassir, bosh buxgalter va auditor imzolari bilan tasdiqlanadi.
Shuningdek, kassani tekshirishda kassada saqlanayotgan qimmatli qog`ozlar (aksiyalar, obligatsiyalar, sertifikatlar va boshqalar), qatiy hisobot blankalari, sanatoriya va dam olish uylari yo`llanmalari, aviachiptalar va boshqa qimmatli qog`ozlar ham tekshirilib, ularning mavjudligi dalolatnomada ko`rsatiladi.
Auditor kassadagi pul mablag`larini tekshirish bilan birga ayni paytda seyflar (yonmaydigan shkaflar), kassaning jihozlanishi, ish kunining oxirida kassa eshiklariga seyflar (shkaflar) muhrlanishi, signalizatsiya o`rnatilganligi va uning ishlashi, kassani qo`riqlishning tashkil etilishi, kassir «olindi», «to`landi» degan shtamplar bilan ta'minlanganligi ham tekshiriladi.
Auditor bankdagi hisob-kitob schyotidan olingan pullarni to`liq va o`z vaqtida kirim qilinganligini tekshirishda muomalalarni o`zaro taqqoslash usulini qo`llaydi. Bunda, I-sonli jurnal orderining vedomost tomonida 5010 - «Milliy valutadagi pul mablag`lari» schyotining debeti bo`yicha aks ettirilgan summalarni 22-sonli jurnal orderda aks ettirilgan 5110 - «Hisob-kitob schyoti» ning kredit oborotlari bilan solishtiriladi ular bir-biriga to`g`ri kelishi shart. To`g`ri kelmaslik hollari uchraganda summalar kassa kirim orderlari, bank ko`chirmalari, kassir hisobotlari, cheklar koreshoklari bilan solishtiriladi, zarur hollarda esa bevosita bank muassasasida tekshiriladi.
Agar bank ko`chirmalarida o`chirilgan, to`g`rilangan, shuningdek qoldiqlar to`g`ri kelmasa, bankdagi hisob-kitob schyotidan ishonchli ko`chirmani olish zarur.
Kassa muomalalarini tekshirishda kassa hisobotiga ilova qilingan hujjatlarning quyidagi shakllaridan foydalaniladi: KO-3 yoki KO-3a shakl. «Kirim va chiqim kassa hujjatlarini ro`yxatga olish jurnali», ordersiz rasmiylashtiriladigan pul kirimi hujjatlari, KO-4 shakl «Kassa daftari», KO-5 shakl «Kassir tomonidan qabul qilingan va berilgan pullarni hisobga olish daftari», 5010 - «Milliy valutadagi pul mablag`lari», 5020 - «Xorijiy valutadagi pul mablag`lari», 5520 - «Chek daftarchalari», 5610-«Pul ekvivalentlari», 5710-«Yo`ldagi pul mablag`lari» va 58I0-«qimmatli qog`ozlar» schyotlari yuritiladigan hisob registrlari (Jurnal- orderlar, vedomostlar, daftarlar, Bosh daftar, tegishli sanaga tuzilgan balanslar va boshqalar).
Bunda kassa hujjatlarini rasmiylashtirishga ham e'tibor berish zarur, xususan har bir hujjatda oluvchilar imzosi borligi; kirim hujjatlariga «olindi» degan, chiqim hujjatlariga esa «to`landi» degan shtamplar bosilganligi hamda ularning sanasi ko`rsatilganligi, shuningdek ularda o`chirilgan va tuzatilgan izlar yo`qligi aniqlanishi lozim.
«Kassa operatsiyalarini tekshirayotganda auditor kassa operatsiyalari tartibiga qanday rioya qilinayotganini, kassa intizomini, naqd pul bilan amalga oshirilgan operatsiyalar qonuniyligi va maqsadga muvofiqligini aniqlashi lozim.
Naqd pullarni olish va berishda amalga oshirilgan operatsiyalar bilan bog`liq bo`lgan hujjatlar to`g`ri rasmiylashtirilganligini tekshirish, barcha kirim va chiqim kassa orderlari, to`lov qaydnomalari va boshqa hujjatlar aniq, o`chirilmasdan va to`g`rilanmasdan to`ldirilganligi, barcha orderlar va ularning ilovalari operatsiya sodir etilgan sana va kassirning imzosi qayd etilgan holda, «olingan» yoki
«to`langan» degan tamg`alar bilan tasdiqlanganligiga ishonch hosil qilish lozim. Chiqim orderlarida (qaydnomalarida) «to`langan» degan tamg`a bosilmaganligi ayrim holatlarda ulardan qayta foydalanishga olib keladi»1.
Amaliyotda kassa muomalalariga doir suiste'mol qilishlar asosan ish haqi va hisobdor summalar bo`yicha ko`p uchraydi. Bunda vedomostlarga «o`lik jonlar» ni kiritish, berilishi lozim bo`lgan jami summani oshirib ko`rsatish, kassa hisobotiga qayta qo`shish maqsadida chiqim hujjatlarini oldingi kassa hisobotlaridan chiqarib olib, sanasini o`zgartirish va tuzilayotgan kassa hisobotiga kiritib, undagi summani ikkinchi marta hisobdan chiqarish hollari ham uchraydi.
Auditor bulardan tashqari kassa muomalalarini tekshirish jarayonida quyidagilarga ham alohida e'tibor berishi lozim:

  • kassani har oyda to`satdan tekshirilishi;

  • kassirning kassa hisobotlarini o`z vaqtida buxgalteriyaga topshirishi;

  • kassa hisobotlarida va kassa daftarida hisobotlarni hamda unga ilova qilingan hujjatlarni tekshirishga qabul qilinganligi to`g`risida bosh buxgalter yoki bosh buxgalter o`rinbosarining imzosi borligi;





1 Audit. O’quv qo’llanma. 1,2-tom. M.M. Tulaxodjaeva va F.G. G’ulomovalarning tahriri ostida.-T.: 2004., 53 b.

  • mehnatga haq to`lash, xizmat safari, xojalik sarflari va boshqa maqsadlar uchun bankdan olingan naqd pullarning maqsadga muvofiq ishlatilishi;

  • kassadagi naqd pul qoldiqlarining korxona uchun bank tomonidan belgilangan limitga to`g`ri kelishi;

  • deponent qilingan mehnat haqi summalari va realizatsiyadan tushgan naqd pul mablag`larining bankka o`z vaqtida topshirilishi;

  • kassadan naqd pullarni begona shaxslarga berish hollari va shunga o`xshashlar;

  • naqd pul olish uchun to`ldirilmagan cheklarga rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzo qo`yilishi va cheklarni kassirga bankdan pul olish mobaynida mustaqil to`ldirish uchun berish hollari;

  • naqd pul olish uchun chek daftarchasi bosh buxgalter seyfida saqlanishi

holati;

  • korxonada «Kassa kirim va chiqim hujjatlarini qayd qilish daftari» (KO-Z

shakl) va «Kassa daftari» (KO-4 shakl) ning mavjudligi, daftarlarning barcha varaqlari raqamlanib, oxirgi betida varaqlar soni ko`rsatilganligi, ip o`tkazib bog`langanligi hamda rahbar va bosh buxgalter imzosi bilan tasdiqlanib, muhrlanganligi;

  • kassa chiqim orderlari, to`lov vedomostlari va boshqa chiqim pul hujjatlarida tegishli mansabdor shaxslar va pul oluvchilar imzolarining mavjudligi va ularning haqiqiyligi;

  • kassa hujjatlariga maxsus «so`ndirilgan» (pogasheno) shtamp bosilishi;

  • pul mablag`lari, xarajatlar va boshqa balans schyotlariga olib borilib hisobot takdim etilmaydigan muomalalarning qonuniyligi;

  • kassa muomalalariga oid schyotlar bog`lanishlari (korrespondentsiyalari) ning to`g`riligi;

  • to`lanmagan summalarning o`z vaqtida deponentga o`tkazilishi va h.k.

Auditor yuqoridagi faktlarga rioya qilinmaganligi to`g`risida buzilish hollari mavjud bo`lganda bu muomalalarning sababini, ular kimnning farmoyishi bilan amalga oshirilganligi va buning orqasida suiiste'mol, tovlamachilik holatlari berkitilmaganligini ham aniqlashi lozim.




  1. Download 13,28 Mb.
1   ...   109   110   111   112   113   114   115   116   ...   211




Download 13,28 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Kassa, kassa muomalalari va pul hujjatlari auditi

Download 13,28 Mb.