• Qahramonning diqqatni jalb etadigan birinchi belgisi uning nutqidir.
  • Dialog
  • Gar ul bo‘lmasa kimsaga yo‘q sharaf




    Download 0,71 Mb.
    bet9/30
    Sana07.12.2023
    Hajmi0,71 Mb.
    #113468
    1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   30
    Bog'liq
    Badiiy asar tili BMI

    Gar ul bo‘lmasa kimsaga yo‘q sharaf,
    Aningdekki, gavharsiz o‘lg‘ay sadaf.
    ...Bashar zotida javhari jon ham ul,
    O‘luk jismida obi hayvon ham ul.
    ...Chu jism ichra jon yo‘qdur, ul yo‘qdurur,
    Yana jonga onsiz bu hol o‘qdurur.
    Kishining sharafi uning so‘zi bilan bo‘lganidek, badiiy asarning qimmati, salmog‘i, ta’sirchanligi ham so‘z tufayli yaratiladi. Insonni koinot gultoji darajasiga yuksaltirgan so‘z adabiy-badiiy asar maydonga kelishining asosi sanaladi. Chunki har qanday adabiy-badiiy asar faqat so‘z tufayligina dunyoga keladi. Bu abadiy o‘zgarmas haqiqatdir.
    Ijodkor ana shunday sir-sinoatli hodisadan foydalanib, adabiy-badiiy asar yaratadi. U so‘z vositasida hayot hodisalarini suratlantiradi. Adabiy-badiiy asarda so‘z haqida mulohaza yuritilganda “badiiy asar tili” iborasi qo‘llanadi. Jumladan, tadqiqotlarda “badiiy asar tili badiiy asar mazmunini ro‘yobga chiqaruvchi birdan-bir vositadir”, deyiladi4.
    Badiiy asar tili adabiy til me’yorlariga tayanadigan, umumxalq tiliga asoslangan, hamma uchun tushunarli ifodalarni qamrab olgan, ijodkorlar tomonidan jilolangan tildir. U mana shu xususiyatlariga ko‘ra, g‘oyaviy va hissiy (emotsional) ta’sir ko‘rsatishning eng samarali vositasidir. Ayni choqda, badiiy til kishilar o‘rtasida barcha uchun tushunarli bo‘lgan eng ommabop aloqa qurolidir. Yozuvchi, shoir badiiy asar yaratish — obraz va manzaralar chizish uchun so‘z va iboralar tanlaydi, ularning asl va ko‘chma ma’nolarini aniqlaydi, sinonim va antonimlarni topadi, umumxalq tilining gap qurilishi usullaridan, arxaizm va jargonlardan foydalanadi. Shuning uchun adabiyot hayotni so‘z orqali tasvirlash san’ati deyiladi.
    Badiiy asar tili ilmiy asarlar tilidan tasviriylik, emotsionallik, obrazlilik, aforizm kabi xususiyatlari bilan farq qiladi. Fizika, kimyo, matematika, texnika, iqtisodiyot kabi ilmiy sohalardagi asarlar tili umumlashgan, ixtisoslik yo‘nalishidagi tushunchalarni ifoda etsa, badiiy asarlar tili tabiat manzaralari va inson qalbidagi kechinma, holatlarni mavjud qarama-qarshiliklari bilan aks ettiradi. Bu badiiy asar tilining tasviriylik xususiyatidir.
    Ilmiy asarlar tilidagi dalil, raqamlar ko‘proq kishilarning aql-tafakkuriga ta’sir ko‘rsatadi. She’r, roman, qissa tili esa ko‘proq ularning hissiyotiga, tuyg‘ulariga — qalbiga ta’sir qiladi. Badiiy asar tilining qahramonlar qalb holatini ifodalash orqali kitobxonlar tuyg‘ulariga ta’sir ko‘rsatish uning hissiyligi (emotsionalligi)ni belgilaydi.
    Badiiy asar, avvalo, inson qiyofasini gavdalantirishi bilan ta’sirchan ekanligi ma’lum. Ijodkor inson obrazini yaratish uchun tilning turli shakl, ko‘rinishlaridan foydalanadi. U shevaga xos so‘zlarni, kasb-korga oid atamalarni, kishi nutqining o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatuvchi iboralarni (masalan, “Mehrobdan chayon” romanida Solih mahdumning “habba” deyishi singari) qo‘llaydi. Biroq har bir ijodkor tilning cheksiz imkoniyatlaridan o‘z qurbi darajasida, iste’dodi yo‘nalishi ko‘lamida foydalanadi. Hayotda birovning nutqi boshqa bir kishining gapirishidan farqlangani singari, yozuvchi, shoirlar asarlari tili ham bir-biridan farqlanib turadi. Masalan, Oybek hayot hodisalarini lirik hissiyotlar bilan keng doirada tasvirlashga moyil bo‘lsa, Abdulla Qahhor manzaralar va qahramonlar holatini qisqa jumlalarda, kinoya, kesatiq, qochiriqlar qo‘llab ifoda qiladi. SHu tarzda har bir ijodkor o‘z asarlarida xalq tili boyliklarini ko‘rsatishga intiladi.
    Badiiy asar tili bilan adabiy til o‘rtasida muayyan tafovut mavjud. Ular aynan bir hodisa emas. Avvalo, badiiy asar tili adabiy tilga nisbatan keng hodisadir. Chunki unda adabiy tilning o‘zi ham, sheva, kasb-hunar, jargonga oid so‘zlar ham, tasviriy ifodalar, turli iboralar ham mujassamlashgan bo‘ladi. Adabiy til esa me’yoriy grammatika qoidalariga asoslangan, umumiy talaffuz qoidalariga ega bo‘lgan va shu asosda xalq jonli tilidagi har xilliklarni bir xillashtirib olgan til sanaladi. Shu boisdan o‘quv-ta’lim ishlari, rasmiy ish qog‘ozlari, ilm-fan, publitsistika, matbuot adabiy tilda olib boriladi. Adabiy til ham millat madaniyatining o‘ziga xos bir ko‘rinishidir.
    Biroq badiiy asar tili ham, adabiy til ham umumxalq tiliga asoslanadi. Umumxalq tili har ikkalasining asosi sanaladi.
    Badiiy asar tili muallif tili, personajlar tili, dialog, monolog, arxaik so‘zlar, shevaga, kasb-hunarga oid so‘zlar, jargonlar, neologizmlar, antonim, sinonim, omonim, badiiy tasvir vositalari (metafora, istiora, metonimiya, sinekdoxa, allegoriya, jonlantirish, sifatlash, o‘xshatish, mubolag‘a, poetik sintaksis (intonatsiya, parallelizm, anafora, takrorlar, inversiya, antiteza, ritorik munosabat, ritorik so‘roq) kabilardan tarkib topgan bo‘ladi. Bu unsurlar badiiy asar tilining jozibali, ta’sirchan bo‘lishini ta’minlaydi. Bunday xususiyatga ega badiiy asar tili kishilar nutqiga, ularning fikr, dunyoqarash, madaniyat darajasiga ham samarali ta’sir ko‘rsatadi. Badiiy asar tili so‘zning nozik tovlanishlarini his qilishga va buni kishilar ongi, ruhiga singdirishga imkon beradi.
    Odatda, badiiy asar matnining asosiy qismi muallif tilidan tarkib topgan bo‘ladi. Chunki ekspozitsiya, tugun, voqealar rivoji, echimi kabi syujet qismlari, peyzaj, qahramonlarning ruhiy holatlari muallif so‘zi orqali gavdalantiriladi. Umuman, muallif o‘z asarining hikoyachisi, naqlchisi bo‘ladi. Ko‘pgina asarlarning muallif so‘zi bilan boshlanishi ham shundan dalolat beradi. Aslida ham asarning barcha qahramonlari muallif yordami, Aniqrog‘i, uning so‘zlari bilan harakat qiladi. Muallif doimo ular bilan birga bo‘ladi. Kitobxonga qahramonlarni ko‘rsatib turadi. Personajlarning o‘y-kechinmalari, yashirin-oshkora fikrlaridan xabardor qiladi. Ular turgan muhit manzarasini gavdalantiradi.
    Ayrim asarlarda voqealar qahramon tilidan hikoya qilinadi. Masalan, G‘.G‘ulomning “Yodgor” qissasi, “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasi shunday asarlar sirasiga kiradi. Biroq ularda ham qahramonlarni muallif so‘zlatadi.
    Muallif personajlarning tashqi qiyofasi, ichki kechinmalarini tasvirlash bilan ularni so‘zlatadi. So‘zlatganda ulardan har birining nutqiga alohida e’tibor beradi. Chunki personajlarning har biri o‘ziga xos tarzda gavdalanishi, ularning gap-so‘zlari ana shu xususiyatini yorqin namoyon etishi lozim. Qahramonning diqqatni jalb etadigan birinchi belgisi uning nutqidir. Misol uchun Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida Otabek shunday deydi:
    “Meni zo‘rlagan va majbur qilgan edilar, dada! Sizning o‘g‘lingiz bo‘lgan bir yigitning sha’niga, albatta, odam o‘ldirish uyat va nomusdir... Siz o‘zingizning orzu-havasingiz yo‘lida meni majbur qildingiz va dushmanlarimga yo‘lni katta qilib ochib berdingiz, men bu jonvorlikni xoh, noxoh ishlashga majbur qoldim!.. Sizni gunohkor qilishga va gunohingizni kechishga mening haqqim yo‘q, dada! Lekin gunohsiz bo‘la turib ham yana muvohiza ostiga tushganim uchun o‘zimni mudofaa qilishga majburman” (Abdulla Qodiriy. O‘tgan kunlar. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1974 . – B.302.).
    Asar qahramonlari nutqi dialog va monolog shaklida ifoda etiladi. Dialog va monologlarda qahramonlarning ichki dunyosi, fe’l-atvori aks etadi. Ijodkorlar qahramonlar nutqida ular yashagan tarixiy davrga xos so‘zlash tarzini hamda ularning kasb-kori, ma’naviy sajiyasi(intellektuallik darajasi)ni gavdalantirishga harakat qilishadi. Chunki mantiq shuni taqozo etadi. Misol uchun Odil Yoqubov “Ulug‘bek xazinasi” romanida tarixiy haqiqatni ta’sirchan gavdalantirish, davr kishilarining ma’naviy-ma’rifiy olamini aniq ko‘rsatish uchun qahramonlarini mana bu tarzda so‘zlatadi:
    “Eshik ochilib Ali Qushchining xayoli bo‘lindi. Ichkaridan shayxulislom Burhoniddinning tanish ingichka ovozi chiyillab eshitildi:
    – As salotin zillalohu fil-arz! Onhazratlari shar’iy sultonimiz erur! Bas! Sultonimizning farmoni oliylari barchamiz uchun amri vojibdur!
    Uning ovozini bosib, o‘ala-o‘ovur ko‘tarilgan edi, ustodning xiyol bo‘o‘iq, o‘ktam ovozi yangradi:
    – Bas! Farmoni Humoyun amri vojibdur! Amir Sultonshoh barlos! Siz otliq hirovul bilan darhol yo‘lga chiqqaysiz!.. Amir Sulton Jondor tarxon! Siz barong‘or suvoriylari bilan hirovul qo‘shinlarining ortidan yurgaysiz. Nasib bo‘lsa, dovonda uchrashurmiz. Maslahatlar uchun tashakkur. Mashvarat tamom!” (O.Yoqubov. Uluo‘bek xazinasi. — Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1994.—B.9.).
    Asardagi tabiat manzaralari, personajlardan hammasining ham nomi esda qolmasligi mumkin. Biroq ularning yuqoridagi singari o‘zaro muloqotlari, tortishuvlari albatta e’tiborni jalb qiladi va xotiraga mustahkam o‘rnashib qoladi. Masalan, Abdulla Qahhorning “Anor” hikoyasida shunday lavha bor:
    “— Axir, boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da! — dedi do‘ppisini qoqmasdan boshiga kiyib, — anor, anor... Bir qadoq anor falon pul bo‘lsa! Saharimardondan suv tashib, o‘tin yorib, o‘t yoqib bir oyda oladiganim o‘n sakkiz tanga pul. Akam bo‘lmasa, ukam bo‘lmasa...
    Er-xotin tek qolishdi. Xotin jo‘xorini tuyib bo‘ldi, uni kelidan tog‘orachaga solayotib to‘no‘illadi:
    — Havasga anor eydi deysiz shekilli...
    — Bilaman... Axir nima qilay? Xo‘jayinimni o‘ldirib, pulini olaymi? O‘zimni hindiga garovga qo‘yaymi? G‘alatimisan o‘zing?” (A.Qahhor. Tanlangan asarlar. — Toshkent: Yosh gvardiya, 1965.—B.12.).
    Dialog, monolog asarni ta’sirchan qiladigan vositalar sirasiga kiradi. Dialog yunoncha dialogos so‘z bo‘lib, “ikki kishi o‘rtasidagi so‘zlashuv” degan ma’noni anglatadi. Monolog ham yunoncha (monos — bir va logos — so‘z, nutq) so‘z bo‘lib, u badiiy asarda ishtirok etuvchi personajlarning o‘z-o‘ziga yoki boshqalarga qaratilgan nutqi sanaladi.
    Dialog va monologning asarni ta’sirchan etuvchi, uni yodda qoldiruvchi unsurlardan ekanligi she’riy, nasriy asarlardan ham ko‘ra, drama janriga mansub asarlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Drama, komediya, tragediya matni to‘laligicha dialog va monologlardan tarkib topadi. Sahna asarlarini ularsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
    Dialog (muloqot, so‘zlashuv) va monolog adabiyot tarixida chuqur iz qoldirgan hodisa sanaladi. Ular barcha millat adabiyotlarida o‘ziga xos o‘rin tutib kelgan. Chunki dialog va monologlar asar konfliktini kuchaytirish barobarida, uning syujetini kengaytiradi, muallifning mahoratini, so‘z boyligini namoyish etadi. Masalan, Shekspirning yoki Hamza, Maqsud Shayxzodaning pesalaridagi dialog, monologlar xuddi shunday deyishga asos beradi. Monolog (shuningdek, dialog ham) personajlar ruhiy holatini ko‘rsatishda barcha badiiy vositalar orasida ajralib turadi. Drama janridagi asarlarda ham, she’riy, nasriy asarlarda ham qahramonlar ruhiyatini monolog yorqin namoyon etadi.
    Monologlar namoyon bo‘lish tarziga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: tashqi monolog va ichki monolog. Tashqi monolog qahramonning o‘z nutqini ovoz chiqarib bayon etishi bo‘lsa, ichki monolog uning ichki o‘y-kechinmalaridir. Tashqi monolog shakli ko‘proq drama, komediya, tragediyada qo‘llansa, ichki monolog barcha janrlardagi asarlarda keng ishlatiladi. Masalan, hayotda har bir odam boshqa bir kishi haqida ko‘nglida qandaydir xayollarga boradi. Ana shu hodisa badiiy asarlarga ham ko‘chiriladi. Demak, monolog personajlarning o‘zi haqidagi o‘ylaridangina iborat bo‘lmaydi. U boshqalar to‘g‘risidagi, tevarak-atrofdagi hayot haqidagi orzu-o‘y, mushohadalarni ham mujassam etadi.
    Personajlarning dialog, monologlarida arxaik, shevaga oid, kasb-korga taalluqli so‘zlar uchraydi. Ular zamonni, personajning mashg‘uloti, tug‘ilib o‘sgan joyini o‘ziga xos tarzda ayon etib turadi.

    Download 0,71 Mb.
    1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   30




    Download 0,71 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Gar ul bo‘lmasa kimsaga yo‘q sharaf

    Download 0,71 Mb.