|
II.BOB. Muhsin Qodirov tomonidan Amir Temur va temuriylar davri tomosha san’atining o‘rganilishi
|
bet | 5/7 | Sana | 24.05.2024 | Hajmi | 75,43 Kb. | | #251987 |
Bog'liq Muhsin QodirovII.BOB. Muhsin Qodirov tomonidan Amir Temur va temuriylar davri tomosha san’atining o‘rganilishi.
O‘zbekiston ma’naviy madaniyati tarixidagi yuksak cho‘qqilardan biri Amir Temur va temuriylar davridir. Ushbu davrda o‘yin va tomosha san’atlarining butun bir tizimi qaror topdi. O‘zbek tili davlat tili maqomini olib, shu tildagi adabiyot yetakchi o‘ringa chiqib oldi. So‘z va she’r bilan bog‘liq san’at turlari, shakllarida ham o‘zbek tilining o‘rni va ahamiyati kuchaydi. Shu bilan bir hatorda fors-tojik va arab tillaridagi adabiyotlar, san’atlar ham baqamti yashab keldi. Barcha so‘z, so‘z va tomosha ahllari zullisonayn (ikki tilli) bo‘lishgan, o‘zbek bilan bir qatorda fors-tojik va arab tillarini ham puxta bilishgan hamda o‘z hayotlarida va ijodlarida ularning boyligidan foydalanishgan.
“Temur va temuriylar davrida tomosha san’atlari” risolasida shularning ayrim jihatlari haqida to‘xtalgan. Ammo ishni oxiriga yetgan deb bo‘lmaydi. Hozircha ilmiy ta’mirlash negizida Amir Temur va temuriylar davridagi tomosha san’atlarining doirasini, umumiy qiyofasini aniqladik, xolos. Ularni atroflicha aniqlash, tahlil qilish vazifasi hali oldinda. Masalan, bu davrda raqs san’ati keskin yuksalganini bilamiz. Sayyid Badr raqslari mazkur san’atda yangilik, ixtiro bo‘lgani ham ma’lum. Ammo uning va boshqa raqqoslarning aniq qanday raqslarni ijro etganligi, bunda qanday harakatlar, raftorlar va jilvalarni ishga solganligi bizga qorong‘u. Masxara va taqlid, qissago‘ylik va voizlik san’atlarida ham hali mavhum o‘rinlar anchagina. Shubhasiz, hali aniqlanmagan, chala o‘rganilgan qanchadan-qancha tur, turkum va shakllar, o‘yin va tomoshalar bor. Shu davr bo‘yicha e’lon qilinayotgan har bir navbatdagi manba, ilmiy-tarixiy asar ma’naviy madaniyat tadqiqotchilari, jumladan biz, san’atshunoslar uchun biroz yangi ma’lumotlar bermoqda. Tasavvurimiz tobora kengayib, fikrlarimiz tobora boyib bormoqda. Amir Temur va temuriylar davrida, undan keyin ijod qilgan o‘nlab musavvirlar tomonidan maxsus ishlangan muraqqalar va turli xil qo‘lyozmalarga lavhalar tarzida ishlangan yuzlab rasmlar o‘yin va tomosha san’atlari bo‘yicha eng muhim, ishonchli manbadir. Biroq ularning juda oz qismigina nashr qilingan, xolos. Qanchadan-qancha mo‘jaz tasvirlar butun dunyo xazinalarida sochilgan. Qanchalari hatto noma’lum. Ayniqsa, Amir Temur, Shohruh Mirzo, Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boysung‘ur Mirzo va boshqa temuriylar hayotini aks ettiruvchi muraqqa va rasmlar tomosha san’atlari bo‘yicha quvonchli yangiliklar olib kelishi, ko‘pgina jumboqlarni yechishga xizmat qilishi shubhasiz. Bundan ham zarurrog‘i va muhimrog‘i Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy va javonmardlik tariqati” asariga o‘xshagan ilmiy ta’liflarni izlab topib, o‘z holicha va tarjima qilib nashr etishdir. Bunday asarlar tufayli o‘yin va tomosha san’atlari amaliyoti va nazariyoti yuzasidan ko‘p yangi fikr va xulosalar hosil qilishimiz mumkin. Uyinlar va tomosha san’atlari hozircha yaxlit qaraldi. Manbalar tobora ko‘payib, sohalar bo‘yicha ilmiy tushuncha va tasavvur shakllangach, har bir sohani alohida-alohida o‘rganish ham mumkin. Sahnalarimizda Amir Temur siymosini, temuriylar hayotini yoritish, timsbllarini gavdalantirishga qaratilgan tomoshalar asta-sekin paydo bo‘layotir. Amir Temur, Bobur Mirzoga bag‘ishlangan sahna asarlari shu jumladandir. Davrni, tarixiy shaxslarni butun murakkabligi, ziddiyatlari bilan aks ettirish zarur, toki tarixiy haqiqatdan tomoshabinlarning ongi oshsin, shuuri boyisin. Nihoyat, shuni ta’kidlash lozimki, sohibqiron Amir Temur va temuriylar davri badiiy madaniyati, shu jumladan, o‘yinlari va tomosha san’atlarini ilmiy tadqiq etish faqat ma’rifiy emas, ayni choqda amaliy ahamiyatga ham egadir. Zero, zamonaviy sahna san’atida milliy o‘ziga xoslikni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ijodiy izlanishlarda ko‘hna tomosha an’analari, uslublar va tasviriy vositalar qo‘l kelishi turgan gap.
Temuriylar davrida san’at, o‘yin-u tomoshalar haqida tarixiy ma’lumotlar ijodkor tomonidan atroflicha yoritilgan. Sohibqiron shaxsan o‘zi yoxud uning xohishi bilan uyushtirilgan ba’zi to‘ylar va bayramlar haqida, ularda uyushtirilgan tomoshalar to‘g‘risida juda ko‘p manbalarda yozilgan. Manbalarda qayd qilinishicha, sohibqiron Amir Temur har bir harbiy muvaffaqiyatini, har bir quvonchli voqeani to‘y yoki bayram bilan nishonlashni, shu munosabat bilan biron-bir bog‘, saroy, maqbara, ko‘prik, langarxona, sardoba, shifoxona qurilishini boshlab yuborishni odat qilgan ekan. Shaxsiy yoki bo‘lmasa, farzandlari va nevaralarining to‘ylarini ham kengroq qilib, ko‘pincha davlat miqyosidagi bayramlarga bog‘lab o‘tkazishni xush ko‘rgan. To‘y va bayramlar oliymaqom saroylarning hashamatli zallarida, sohibqironning, malika va shahzodalarning bog‘larida ham bo‘lib turgan, albatta. Ammo aksariyat hollarda shahar maydonlarida, ayniqsa, tabiat qo‘ynida— yaylovlarda, daryo va anhorlarning sohillarida, saylgohlarda o‘tkazilgan. Bunga asosiy sabab shuki, Amir Temur to‘y va bayram bahonasida lashkar va savdogarlarning ko‘nglini ko‘tarish, yangi yurishlarga rag‘batlantirishni o‘ylagan. Ya’ni to‘y va bayramlarni o‘tkazishda ham siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan. Ming-minglab lashkarlarni esa tor doiradagi ma’rakalarga sig‘dirib bo‘lmasdi. Gap shundaki, askarlar bir o‘zi emas, oilasi, mol-mulki bilan ko‘chib yurgan, to‘g‘ri kelgan joyda, yaylovda to‘xtab chodir tikkan, qo‘yechkilarini yoygan. Bundan tashqari, qo‘shin ortidan yuzlab egar-jabduqchilar, temirchilar, misgarlar, qurolsozlar, savdogarlar ergashib yurishgan. Ko‘chma o‘rdalarda vaqti-vaqtida bozorlar tashkil qilinib, o‘ljaga tushgan mollar, zebu ziynatlarni o‘zaro sotishgan yoki almashtirishgan. Xullas, to‘y va bayramlar e’lon qilinganda faqat asilzodalarning emas, mana shu katta bir shaharcha keladigan aholining ham ko‘nglini olishni o‘ylashga to‘g‘ri kelgan. Eng katta to‘y va bayramlar mamlakat poytaxti Samarqandda va sohibqironning vatani Shahrisabzda o‘tkazilgan. Bunday paytlarda ma’raka ishtirbkchilarining soni shahar aholisi hisobiga yanada ortgan. Bu o‘z navbatida to‘yboshi va saylboshilarning zimmasiga barcha tabaqalarning manfaatlarini ko‘zlash va hammaning ko‘nglini ovlashdek murakkab vazifalarni yuklagan. Minglab san’atkorlar, ijodiy jamoalar, guruhlar, yakka ijrochilar, o‘yinchilar, chavandozlar, merganlar, polvonlar qatnashgan. Ularni tartib bilan o‘ynatish, dasturlar tuzish va ularni amalga oshirish uchun yuzlab korfarmonlar, bakovullar qo‘lni qo‘lga berib chaqqon harakat qilmasalar bo‘lmasdi. Zero, bunday ulug‘ to‘y va bayramlar bir oy, qirq kun, ba’zan ikki-uch oy davom etgan. Ilmu hunarda, san’at va umuman badiiy madaniyatda Amir Temur olib borgan siyosatda muhim uch xususiyat ko‘zga yaqqol tashlanadi: Birinchi xususiyat — milliy mahdudlikka berilmay, qaysi yurtda yangilik va yuksak mahorat bo‘lsa, o‘shandan amaliy foydalanishdir. Diniy qarashlar, tuzum, masofa, til va shu kabilar bunday an’analarni o‘zlashtirishda to‘siq bo‘lolmagan. Temur va temuriylar davridagi san’atkorlar Markaziy Osiyodagi asriy an’analarga sodiq qolgan holda ham Sharq, ham G‘arb san’ati yutuqlaridan xabardor bo‘lganlar. Ikkinchi xususiyat shuki, Amir Temur o‘zining davlatchilik siyosatida islom dini va ulamo ahliga qattiq tayangan, harbiy yurishlarini islom tug‘i ostida o‘tkazgan bo‘lsa-da, hech qachon mutaassib bo‘lmagan, jaholatga berilmagan, fe’li keng bo‘lgan, ayniqsa, o‘z vatani Movarounnahrda barcha diniy e’tiqodlarga yo‘l bergan, inson ruhiyati, kamoloti, mamlakat shon-shavkati, barqarorligi uchun muhim bo‘lgan dunyoviy san’at, bayramlar, marosimlar, tomoshalarga alohida e’tibor bilan qaragan. Barcha manbalarda shu xususiyat ta’kidlanadi. Buni Klavixoning yuqorida keltirilgan guvohligidan ham sezamiz. Herman Vamberi chet ellardan kelgan va keltirilgan hunarmandlar, san’atkorlar va savdogarlarni nazarda tutib: “Samarqandda barcha din va millat kishilari jam edilar”,— deb qayd etadi1. Uchinchi xususiyat Amir Temurning xotin-qizlarga munosabatidan kelib chiqadi. U xotin-qizlar ham er-yigitlar singari o‘z xohishlari bilan oila qurishlari, ilm olishlari, hunarda, san’atda o‘z qobiliyatlarini ko‘rsatishlari mumkin deb bilgan. Oddiy fuqaromi, shahzodami, bundan qat’i nazar, erkaklar ona, opa va singil oldida, xotin va qiz oldida burchlidirlar, ularning baxti, osoyishtaligi, farovon yashashini ta’minlashlari zarur deb hisoblagan. Bu ishlarda Amir Temur va temuriylarning o‘zlari ibrat bo‘lishgan. Malikalarning, begim va xonimlarning saroylardagina emas, bayramlar, ulug‘ ayyom kunlarida xalq ommasi oldida ham ochiq yuz bilan ko‘rinishi, mehmon qabul hilishi, ba’zi joylarda hatto elchilar bilan muzokara olib borishi, she’riyatda, soz chalishda o‘z hobiliyatini namoyon etishi, san’atda boshqalarga homiylik qilishi shundan dalolat beradi. Ko‘pgina malikalar ma’rifatli, aqlli bo‘lishgan, ba’zilari davlatni boshqarish ishlarida ham qatnashgan. Manbalarga qaraganda, Amir Temurning sevimli va ishonchli xotini Saroy Mulk xonim ana shunday fazilat egasi bo‘lgan. U qizligida sohibqiron bilan shartlashib shatranj o‘ynagan. Shunda ular bir-biriga ko‘ngil qo‘yishgan ekan. Xotin-qizlarga nisbatan olib borilgan mana shunday nnsoniy siyosat, dunyoviy qarashlar tufayli ayol san’atkorlar to‘ylarda, sayllarda, marosimlarda, namoyishlarda erkaklar bilan yonma-yon turib faol qatnashganlar, musiqa, raqs, tomosha san’atlari rivojiga katta hissa qo‘shganlar.
Amir Temurning she’riyat, musiqa, raqs, qissaxonlik, o‘yin va tomoshalarga ham munosabati ijobiy. Faqat shuni aytish kerakki, u hayotda oddiylikni yoqtirgani, hamma narsaga jiddiy ko‘z bilan, elu yurt, davlat manfaati nuqtayi nazaridan qaragani tufayli san’atga, dilxushlikka ham jiddiy munosabatda bo‘lgan. Uning Samarqanddagi turg‘un o‘rdasida ham, harbiy yurishlari bilan bog‘liq sayyor o‘rdasida ham sozanda, xonanda va o‘yinchilarning bir qancha guruhlari faoliyat ko‘rsatgan, deb o‘ylash mumkin. Bizgacha yetib kelgan miniatyura rasmlari shundan guvohlik beradiki, Amir Temur saroylarida bo‘lib o‘tadigan tor doiradagi bazmlarda ko‘pincha 5—7 kishidan iborat mo‘jazgina guruhlar xizmatda bo‘lgan ekan. Chunonchi, Hindistonda saralab chop etilgan o‘n ikkita miniatyurani o‘z ichiga oluvchi “Temur-name” nomli muraqqada aynan shunday guruhlardan biri o‘z aksini topgan. Amir Temur bog‘ o‘rtasida solingan olti qirrali va qubbali naqshinkor ko‘shkda istirohat qilmoqda. Atrofida xizmatkorlar. Ko‘shk oldida pastroqda sallali aziz mehmonlar. Ulardan quyiroqda sozandalar guruhi. Ung yonda g‘ijjak, doyra va duduk chalayotgan uch sozanda, chap yonda bir naychi bilan qarsak chalib kuylayotgan ashulachi. Urtadan oqayotgan ariqcha va hovuzchaning ikki yonida ikki raqqos o‘yinga tushmoqda.
Umuman, musiqashunos T. S. Vizgo to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “XIV—XV asrlardagi miniatyuralar qilli (chang, ud, tanbur, rubob, g‘ijjak), puflanuvchi (nay) va urib chalinuvchi (doira) cholg‘u asboblarining istifoda etilganini, ular ko‘pincha kichik dastalarga (ansambllarga) uyushganini hujjat sifatida tasdiqlaydi. Rassomlar ushbu cholg‘ularni tasvirlarkan, o‘z davridagi turmush voqealarini aks ettirganliklariga shubha qilmasa bo‘ladi”. Cholg‘uchilarning dastalari ko‘p hollarda raqqos va raqqosalarning o‘yinlariga jo‘r bo‘lishgan, ular orasidagi bir, ba’zan ikki hofiz qarsak chalib, o‘yinchini, mehr-muhabbatni madh etuvchi qo‘shiq kuylab turgan. Ayollar orasida cholg‘ulardan ko‘proq doyra bilan chang rasm bo‘lib kelgan. Shundan bir, ikki, ba’zan hatto uchta doyra bilan raqqosalarni o‘ynatishgan. Katta to‘ylar, bayramlarda erkak va ayol cholg‘u dastalari yonma-yon, raqqos va raqqosalar esa aralash o‘ynaganlar.
Ibn Arabshoh sohibqiron Amir Temurni o‘yin-kulgi, kayfu safoga berilgan o‘g‘li Mironshohga qarama-qarshi qilib ta’riflar ekan, “Temur bo‘lsa, ajib narsalardan ajablanmas, o‘yin-kulgi va musiqa uni o‘ziga maftun etmasdi”,— deb yozadi1 2. Boshqa bir o‘rinda: “U tabiatan masxarabozu shoirlarni xush ko‘rmasdi”,— degan fikr bildiradi. Ushbu ma’lumotlarni Amir Temur musiqani, she’riyatni, o‘yin-kulguni, masxarabozlikni umuman inkor etardi deb tushunmaslik kerak. Harbiy yurishlardagi har bir muvaffaqiyatdan so‘ng uyushtirilgan katta bayram tantanalari, farzandlari va nevaralarini uylantirish munosabati bilan o‘tkazilgan dabdabali to‘ylar uning musiqaga, o‘yin-kulgiga yetarli e’tibor berganini isbot qiladi. Gap shundaki, Amir Temur shoh va hokimlarning o‘zlarini shoirlaru masxarabozlar bilan qurshab, kunlarini nuqul o‘yin-kulgu, maishat bilan o‘tkazishlariga qarshi bo‘lgan, chunki bunday mashg‘ulotlar ularni davlat ishlaridan chalg‘itib, pirovardnatijada nizolarning kuchayishiga, jabr-zulmga olib keladi, deb o‘ylagan. Shu bois qattiqqo‘l sohibqiron Tabrizda saltanat tutgan Mironshohga yomon ta’sir ko‘rsatayotgan Xoja Abdulqodir, Mavlono Muhammad Kohiy va Ustod Qutb al-Mosumiyni o‘limga buyuradi. Muhammad Kohiy bilan Ustod Qutbni qatl etadilar. Xoja Abdulqodir o‘zini devonalikka solib qochib yuradi. Amir Temur Iroqda bo‘lganida uni tutib keltiradilar. Ammo Xojaning qiroat ilmini yaxshi egallagani, sohibqiron qoshida “biyik un bilan qur’on o‘qumoq bunyod qilishi” tufayli joni omon qolib, oliy majlislarda nodim va mulozimlik qila boshlaydi. Qatl etilgan Qutb al-Mosumiyni Ibn Arabshoh “bevafo zamonning mo‘jizasi, musiqa va qo‘shiqlar ilmida ustoz” deb ta’riflaydi.
Amir Temur sharoitga qarab har handay musiqani tinglagan, tomoshalarni ko‘rgan, zavqlangan. Un ikki maqom kuylarini, qissago‘ylikni, shatranjni, pahlavonlarning maydonlarda kurashga tushishini, zo‘rgarlarning o‘z kuch-qudratlarini namoyish qilishlarini, jangovor qurollar bilan bajariladigan raqslarni, dor o‘yinini yoqtirgan. yolg‘iz o‘zi yoki eng yaqin mahramlari ishtirokida ud, qonun va chang navolarini tinglashni xush ko‘rgan bo‘lsa kerak. Urni kelganda hazil-mutoyiba, masxara va muqallidlarni ham tinglagan, tomosha qilgan. Haqiqatgo‘y, mard odamlarni yoqtirgan. So‘z qancha achchiq bo‘lmasin, agar u rost bo‘lsa, tinglagan, qadriga yetgan. “Temurnoma”da shunday voqea bayoni bor. Hindistonda bo‘lganida sohibqiron o‘sha yerlik “mashshoq, nag‘masozlarni” yig‘ib, ularning “maqomini” tinglaydi. Ayniqsa, unga ko‘zi ko‘r bir nag‘machi manzur bo‘lib, uni o‘z huzurida qoldiradi va doim soz chaldiradi.
Amir Temur hukmronligi davrida mahalliy ustalar va san’atkorlar bilan o‘zga yurtlardan ko‘chirib keltirilgan shu toifa iste’dodli kishilar o‘rtasida tez fursatda ijodiy aloqalar o‘rnatilib, yangi badiiy maktablar shakllana boshladi. Tomosha san’atlarida ham shunday jarayonni kuzatish mumkin. Farqi shundaki, Movarounnahrda tomosha san’atlarida shahar va sahro (o‘troq va ko‘chmanchi) madaniyatlari hamon aniq ikki katta yo‘nalish sifatida ko‘zga tashlanadi. XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrning boshlarida islom dini va tasavvuf tariqatlari bilan bog‘liq bo‘lgan qiroatxonlik, qissago‘ylik, voizlik, maddohlik, zikri jahriya, qalandar va darveshlarning yurishlari, sadr samolari kabi o‘ziga xos marosim va tomosha tarzida o‘tadigan hodisalar ham kuchayib borgan, albatta. Ammo shu yorug‘ dunyo ne’matlari va lazzatlarini kuylovchi, insonni, uning birdamligi, mehr-muruvvati, saxovati, qalbi va tuyg‘ularini ulug‘lovchi, ma’lum darajada rasmiy mafkuraga zid bo‘lgan marosimlar, bayramlar, o‘yinlar va tomoshalar yetakchilik qilgan. Aynan mana shu ommaviy tarzda o‘tadigan to‘y va bayramlar musiqa va tomosha san’atlarining barcha turlarini qamrab olgan, bor ijrochilarning hammasini jalb etgan hamda shahar va sahro madaniyatlarining bir-biriga yaqinlashuvi uchun qulay sharoitlar yaratib bergan. Tomoshagoh va saylgohlarda o‘tkaziladigan, ming-minglab tomoshabinlarni jalb etadigan bunday to‘y va bayramlarda boshqa san’atlar qatori xalq kulgisi, shu kulgining har xil shakllari katta o‘rin egallagan.
|
| |