|
Buxgalteriya hisobi va audit
|
bet | 2/7 | Sana | 17.05.2024 | Hajmi | 73,12 Kb. | | #239145 |
Bog'liq 1. Moliya bozori tahlili Файзуллаева И.2. Fundamental tahlil.
Fundamental tahlilda qimmatli qogʻozlarni bozor narxlari bilan taqqoslash uchun qimmatli qogʻozlarning obyektiv ravishda asoslangan ichki qiymatini aniqlash asosiy muammo hisoblanadi. Aktivlar narx darajasining oʻsishi, pasayishi yoki ularning barqaror holatiga olib kelishi mumkin boʻlgan omillarni aniqlash fundamental tahlil tadqiqotlarining mavzusi hisoblanadi.
Fundamental yondashuvni amalga oshirish natijasi moliyaviy aktivlar narxiga va butun moliya bozoriga bevosita yoki bilvosita taʼsir etadigan omillarni aniqlash va monitoring qilish hisoblanadi. Bu aktivning ichki yoki haqiqiy qiymatini aniqlash maqsadida bajariladi.
“Ichki qiymat” aksariyat holatlarda fond bozoridagi talab va taklif nisbati bilan belgilanadigan kompaniya aksiyalari narxi bilan mos kelmaydi.
Oʻz faoliyatida fundamental tahlildan foydalanadigan investorlarni birinchi navbatda kompaniya aksiyalarining “ichki qiymati” aksiyalarning birjadagi narxdan katta boʻladigan vaziyat qiziqtiradi.
Bunday aksiyalar yetarlicha (munosib) baho berilmagan aksiyalar sanaladi va potensial investitsiya obyektlari hisoblanadi. Yetarlicha (munosib) baho berilmagan aksiyalar xarid qilishda investorlar bozor samaradorligi sharoitlarida aksiyalarning fond bozoridagi narxi “ichki qiymat”ga qarab intilishi, yaʼni aksiyalar yetarlicha (munosib) baho berilmagan hollarda – oʻsishidan umid qiladi.
Fundamental tahlil – mamlakat va tarmoq iqtisodiyotining fundamental omillarini, kompaniya faoliyati koʻrsatkichlarini tahlil qilishga asoslangan, aktivning bozor qiymatini aniqlash va bashorat qilish usullari tizimi.
Fundamental tahlil mazmunan har qanday moliyaviy aktivning “haqiqiy” (yoki ichki real) bahosi kelajakda aktiv egasi olishi mumkin boʻlgan barcha naqd pul oqimlarining keltirilgan bahosiga teng degan fikrdan kelib chiqadi. Shunga mos ravishda tahlilchi (analitik)-“fundamentalchi” naqd pul oqimlari miqdorini va uni tushum vaqtini aniqlashga intiladi, keyin esa unga mos diskontlash stavkasini qoʻllab ularning keltirilgan bahosini hisoblaydi.
Aniqroq aytilsa, analitik nafaqat diskontlash stavkasini baholaydi, balki kelajakda aksiya boʻyicha toʻlanadigan dividendlar miqdorini ham prognoz qilishi lozim. Dividendlar miqdorini prognoz qilish kompaniyaning foyda koʻrsatkichlarini bir aksiyaga va dividendlar toʻlash koeffitsiyentiga nisbatan hisoblashga ekvivalent boʻlib, bir vaqtning oʻzida diskontlash stavkasiga ham baho berishni taqozo etadi. Kompaniya aksiyasining ichki bahosi aniqlanganidan soʻng bu baho aksiyalarning joriy bozor kursi bilan solishtiriladi. Bundan maqsad bozorda aksiya toʻgʻri baholanganligini aniqlashdan iborat.
Agar aksiyaning ichki bahosi joriy bozor kursidan past boʻlsa, unday aksiya oshirilib baholangan deyiladi, aksincha boʻlsa – past baholangan aksiya deyiladi.
Bunda aksiyaning ichki va joriy bozor kursi orasidagi tafovut toʻgʻrisidagi informatsiya tahlilchi uchun muhim ahamiyatga ega.
Analitik-fundamentalchilarning fikricha: aksiyani notoʻgʻri baholanishining har qanday holati keyinchalik bozor tomonidan toʻgʻrilanadi:
past baholangan aksiyalar kursi tezroq oshadi, oshirilib baholangan
aksiyalarning kursi esa oʻrtacha bozor kursiga qaraganda sekinroq oʻsadi.
Fundamental tahlilga taʼsir eʼtuvchi omillarni keltirib oʻtamiz:
iqtisodiy omillar;
siyosiy omillar;
turli mish-mishlar va kutilishlar;
fors-major holatlari.
Fundamental tahlil quyidagi yoʻnalishlar doirasida amalga oshiriladi:
1. Makroiqtisodiy tahlil, bunda quyidagi omillarni hisobga olingan holda iqtisodiyot va moliya bozorining holati baholanadi:
- YAIM, bandlik, inflyatsiya, foiz stavkasi, valyuta kurslari va h.k.;
- monetar va fiskal siyosat, ularning bozorga va investitsiya muhitiga taʼsiri koʻrib chiqiladi;
2. Industrial tahlil, bunda iqtisodiyotdagi faollik sikli (davri), uning indikatorlari hamda tarmoqlarni faollik darajasiga nisbatan va rivojlanish davrlari boʻyicha tasniflash amalga oshiriladi, umuman olganda tarmoqlarning parametrlarni bozor konyunkturasi trendidan ogʻishlari tahlil qilinadi va prognozi amalga oshiriladi, tarmoq rivojlanishining sifati tahlil qilinadi;
3. Aniq bir kompaniya tahlili, bunda kompaniyadagi korporativ boshqaruv holati va rivojlanishi istiqbollari, tashkiliy va biznes faoliyati sharoitlari, moliyaviy koʻrsatkichlari, biznes bahosi, bozordagi nufuzi va boshqa koʻrsatkichlari tahliliy baholanadi;
4. Qimmatli qogʻozlar bahosini va ularning portfelini modellashtirish. Qimmatli qogʻozlar bahosini modellashtirishda fond bozorining tuzilmasi hisoblanadi. Qimmatli qogʻozlarning kichik miqdori bilan bogʻliq bitishuvlar har kuni amalga oshiriladigan tor bozor ularning sezilarsiz miqdoriga oʻta sezgir boʻlganligi uchun narxlar bunday bozorda boshqarilishi mumkin, yaʼni bir nechta bitishuvlarni amalga oshirish hisobiga kursning kutilgan darajadagi oshishi yoki pasayishiga erishish mumkin. Keng bozorda esa yirik bitishuvlar ham undagi narxlarga unchalik taʼsir koʻrsatmaydi, chunki bunday bitishuvlar har kuni amalga oshiriladi.
Taʼkidlash joizki, fundamental tahlil usulidan 1974 yilga kelib Benjamin Grexem va Djeyms Ri voz kechib, yangicha yondashuvni ishlab chiqqanlar.
Ularning fikricha, fond bozori samarali boʻlganligi sababli, noeffektiv qismlari kamayib bormoqda, bu esa oʻz navbatida aniqlanishi mumkin boʻlgan baʼzi samarasiz kompaniyalar aksiyalari bilan bogʻliq. Shu maqsadda ular bunday kompaniyalarni aniqlash uchun maʼlum mezonlar toʻplamini taklif qildilar.
Grexem-Ri yondashuvini texnik tarzda qoʻllash mumkin, chunki kompaniyaning joriy moliyaviy holatini formal tekshirish va moliyaviy hisobotlaridan olingan baʼzi koʻrsatkichlarni kompaniyaning aksiyalarini joriy kursi va daromadliligini obligatsiyalarning AAA reytingi bilan solishtirishdan iborat. Bunda quyidagi 10-ta sodda savolga “ha yoki yoʻq” degan javob berish talab qilinadi 10.1-jadvalda keltirilgan.
|
| |