Ong va ongsizlik fikrlash jarayonidagi bir-birini o‘zaro inkor etuvchi voqelik sifatida




Download 12,26 Mb.
bet10/17
Sana19.05.2021
Hajmi12,26 Mb.
#14551
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   17
1.2. Ong va ongsizlik fikrlash jarayonidagi bir-birini o‘zaro inkor etuvchi voqelik sifatida

Ongsizlik kategoriyasining tadqiqot muammosi sifatida nemis tadqiqotchilarining ishlarida ham ko‘rib chiqilgan. Bunda G.Knapp ong bilan bir qatorda ruhning “qora” qismi ham mavjudligini tan olgan F.Shelling va boshqa mutafakkirlar ijodiga e’tiborni qaratadi [117]. Psixoanaliz asoschisi Z.Freyd yanglish harakatlar va tushlarni tadqiq etar ekan, ularning asosiy deatamantlari ongsizlikda yashiringan ekanligi haqidagi xulosaga kelgan: “Ruhiy hayotda shunday jarayonlar, tendensiyalar borki, ular haqida inson umuman hech nima bilmasligi, juda qadimdan hech nima bilmasligi, balki biz hech qachon bu haqida bilmagan bo‘lishi mumkinligi ehtimolini tan olishga tayyormiz. Buning evaziga ongsizlik biz uchun yangi ma’no kasb etib, “hozirgi zamonda” yoki “vaqtincha” tushunchalari uning mohiyatidan yo‘qolib, xuddi shunday u nafaqat “hozirgi zamonda yashiringan”ni emas, balki uzoq muddatli ongsizlikni ham bildirishi mumkin” [222, b. 84].

Ko‘pgina tadqiqotchilar Z.Freydning ilmiy merosida ongsizlik fenomenini o‘rganishda uchta yondashuvni ajratib ko‘rsatish mumkinligini ta’kidlab o‘tish zarur:

- topografik;

- dinamik;

- ekonomik [222,b.188].

Biroq G.Knapp Z.Freyd ishlarida genetik, strukturali va adaptiv yondashuvlar ham kuzatilishini ta’kidlaydi [125]. Uning fikricha, psixik fenomenlarni yuzaga kelishi va rivojlanishini tadqiq etishni nazarda tutuvchi genetik yondashuvni psixoanaliz asoschisi “isbot talab etmaydigan, deb hisoblagan” strukturali yondashuv Freydda aniq ifodalanmagan bo‘lsa-da, biroq uning taxminicha, “ushbu yondashuv topografikning o‘rnini bosishi mumkin ekan”. Adaptiv yondashuv esa “psixoanalitik tafakkur uchun ajralmas bo‘lib hisoblanadi” [125, b.25].

G.Knapp Z.Freyd ishlarida xuddi shunday anglanmaganlikning deskriptiv (tasvirlovchi) ma’nosini ham ajratib ko‘rsatib, biroq “ongsizlik fenomeni faqat passiv, hissiy aks ettirish bilan cheklanmasligiga, uning markaziy ma’no-mazmuni uning hayotiy kuchida va haqiqiyligidan iborat” ekanligiga e’tiborni qaratadi, ya’ni ongsizlik fenomeniga yetakchi yondashuv bo‘lib dinamiklikni tan oladi [125, b.270]. Xuddi shunday psixoanaliz asoschisi ishlarini tahlil etar ekan, G.Knapp ularda ongga nisbatan ongsizlikni birlamchi ekanligiga ishoralarni uchratadi. “Ontogenezda va filogenezda anglanmagan tizim birinchi bo‘lib yuzaga keladi. Undan nafaqat boshqa tizimlar kelib chiqadi, balki boshqa barcha munosabatlarda ham u boshlang‘ich soha, ehtiyojlar va energiya (libido) manbai bo‘lib, hayotni to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaydi” [125]. Bu esa Z.Freydning ongsizlikni o‘rganishning genetik yondashuviga nisbatan R.Grinsonning fikrini tasdiqlaydi. G.Knapp Z.Freyd ishlaridagi “ongsizlikni tushlar va intellektual ijod kontekstida ko‘rib chiqib, boshqa aspektlarni - ongsizlikning “yovuz” xarakterini inkor etadi, biroq aynan shu holatdagi “yovuz” ruhda bo‘lgan tashqi kuch yoki ilohiy ko‘tarinki ruhlanish sifatida emas, balki “g‘ayrioddiy muvaffaqiyat, ruhiy hayotga ega bo‘lish” sifatida talqin etiladigan yana bir jihati mavjudligiga e’tiborni qaratadi: “U anglangan faoliyat ishtirokisiz sodir bo‘lib, shuning uchun anglangan tafakkurga begona va yovuz bo‘lib tuyulishi mumkin” [125,b.277]. Biroq “yovuz-ijodiy” jihat Z.Freydning ishlarida o‘zning rivojini topmadi.

Chunki G.Knapp fikricha, psixoanaliz asoschisiga uning yorqin ta’kidlangan tabiiy-ilmiy yondoshish ustanovkasi halal bergan. Biroq G.Knapp ta’kidlashicha[125], ongsizlikning ijodiy jihati keyinchalik boshqa psixoanalitiklarning tadqiqiotlarida ko‘rib chiqilgan. Tush ko‘rish materiallarida Z.Freyd ishlab chiqqan topografik model uchta tizimdan: ongsizlik, ongdan oldingi, ongdan iborat bo‘lib, ulardan har biri o‘z vazifasiga ega va o‘ziga xos mazmuniga ko‘ra farq qiladi. Yuqorida aytib o‘tilgan model Z.Freydning psixikani uyqu va tetiklik holatidagi tuzilishi haqidagi nazariyasi uchun baza bo‘lib hisoblangan. A.Bekker ko‘p qavatli kompleks hosila sifatidagi psixika singari tush ko‘rishni tushuntirib berishning aniq ifodalanganligi Z.Freyd nazariyasidagi prinsipial yangilik bo‘lib, u psixologik yo‘nalishdagi barcha keyingi tadqiqotlar uchun poydevor sifatida xizmat qildi, deb hisoblanishini ta’kidlagan edi [125].

Z.Freyd keyinchalik “Men va U” (1923) nomli ishida tizimdan psixik apparatning taqsimlanishini (ong, ongsizlik, ongdan oldingi) instansiya modeliga (U, Men, Oliy-Men) o‘zgartirib, bu bilan ongsizlik tushunchasiga aniqlik kiritadi. “Uning mazmuni bir tomondan toraygan bo‘lsa (ongsizlik muddatlari aniq chegaralarga ega bo‘lgan soha ma’nosida) ham, “faqat” siqib chiqarilgan ma’nosida ham o‘z mazmun-ma’nosini yo‘qotadi. Bundan tashqari atamaning ma’no-mazmuni kengayadi - ongsizlik sifat, xususiyat sifatida ko‘rib chiqiladi ”.

Z.Freyd[223], G.Knapp[125], V.I.Ovcharenko[165]ning ishlarida ongsizlikning ikkita turi emas, balki uchta turi ajratib ko‘rsatiladi:

- latent ongsizlik, uning mazmuni psixikaning ongdan oldingi tizimiga mos bo‘ladi va individ tomonidan anglanishi mumkin;

- siqib chiqarilgan ongsizlik, uning anglanishi maxsus psixoanalitik metodlardan foydalanishni talab etadi;

- nasliy umuminsoniy ongsizlik, u universal komplekslar, motivlar va hokazolardan iborat bo‘ladi. Shu tarzda, Z.Freyd ongsizlik tushunchasining mazmuniga psixik namoyon bo‘lishlar, hayotning energetik manbasi, hayot mobaynidagi siqib chiqarishlar, Men, Oliy-Men instansiyalarining qismi, ruhiyatning o‘ziga xos ishlash prinsipi, arxaik meros, ong antonimini kiritganligini ta’kidlash mumkin.

G.Knapp Z.Freyd izdoshlari tomonidan anglanmaganlik tushunchasining qo‘llanishi bo‘yicha uch yo‘nalishni ajratib ko‘rsatadi:

1)klassik yo‘nalish (bunda ushbu tushuncha psixoanaliz asoschisi kabi qo‘llaniladi, ya’ni ko‘p ma’noli bo‘lib);

2)reduksion yoki neofreydistik yo‘nalish (bunda ongsizlik tushunchasi o‘rniga markazga boshqa tushunchalar kiradi: A.Adlerda kemtiklik hissi; K.Xornida xavfsirash va xavfsirashdan himoyalanish; E.Frommda esa o‘z-o‘zini ochib berish tendensiyasi va hokazolar);

3)“kengaytirilgan” yo‘nalish bunda ongsizlik atamasi saqlanib qolinadi, uning ma’no-mazmun sohalari differensiallanadi va kengaytiriladi[216].

Xususan, K.G.Yung ma’ruzalarida (1935) “Ongsizlik o‘zi haqida faqat o‘z mahsulotlaridagina xabar beradi va bizga uni faqat bu o‘ziga xos mahsulotlar asosi sifatida isbotsiz qabul qilishimizgina, barcha yuzaga kelishlar manbasida yotuvchi qandaydir narsa borligini tasdiqlashimiz qoladi, xolos, deb ta’kidlagan. Biz bu qorong‘i sohani psixik anglanmaganlik deb ataymiz [242]. K.G.Yung ongsizlik “mahsulotlarining” quyidagi sinflarini ajratib ko‘rsatgan:

1) shaxsiy ongsizlik yoki “ong osti aql” bo‘lib, u shaxsiy kelib chiqish dasturidan (komplekslardan), siqib chiqarilgan mazmun va ijodiy jarayonlardan iborat;

2) jamoa ongsizligi yoki shaxssiz ongsizlik bo‘lib, arxaik xarakterdagi ma’lum bir hosilalar bilan belgilanuvchi “ham shakli, ham mazmuni bo‘yicha mifologik motivlardan” iborat bo‘lgan jamoa patternalari (“arxetiplari”)dir [243].

Z.Freydning yana bir izdoshi, keyinchalik esa opponenti bo‘lgan O.Rank konsepsiyasi qiziqarli bo‘lib, unga ko‘ra, tug‘ilish jarayoni bolada anglanmaganlikda saqlanuvchi kuchli xavfsirashni yuzaga keltiradi va kattalardagi nevrotik simptomlarning sabablari bo‘lib hisoblanar ekan. O.Rank va X.Zaks “ong osti” tushunchasini “ongsizlik” tushunchasidan ajratib, birinchi tushunchani “ularda ong belgilari mavjud bo‘lmaydi, biroq uni xohlagan vaqtda tiklay olish mumkin”, degan tasavvurlar bilan izohlasa, ikkinchi tushuncha ma’nosida esa holatlarga individ ongiga kirishga qodir emasligi tasavvurlarini tushungan[224]. Ongsiz materialning asosiy xususiyatlariga tadqiqotchilar: affektivlik (“juda kuchli zo‘riqishdagi affekt”), ong sohasiga o‘tish uchun uzoq muddat davomida intilishni ajratishgan. Z.Freyd izidan olimlar ongsizlik inson bolaligida yuzaga keladi: “Psixik dunyoda ham energiyani saqlanish qonuni hukmronlik qiladi: ong ruhiy hayotdan siqib chiqarilgan infantillik yo‘qolib ketmaydi, u ongsiz psixik hayot atrofida mujassamlashuvi markazni hosil qiladi”, degan fikrga kela boshlashgan [243,b.28].

Personologik konsepsiyada ongsizlik fenomeni nemis psixologi V.Shtern ishlarida yoritilgan bo‘lib, “Shaxs va narsa” (1906-1924) deb nomlangan fundamental ilmiy ishida anglanmaganlikka nisbatan quyidagi fikr-muloxazalarini bildirgan: “ongsizlik shaxsdagi doimiy bo‘lgan, uni ongning goh-goh yorqin namoyon bo‘luvchi hosilalarini yagona ong yaxlitlikka bog‘lovchi bo‘lib, agar ularni alohida ajratib olib qaralganda nuqtalar havosi bo‘lib ko‘rinar edi” .

Ongli kechinmalarning oqibati ongsiz hisoblanib, ular xuddi xotira mazmuni singari ichki xarakterga ega bo‘lishi mumkin: faoliyatning ayrim turlari, xatti-harakat va ijod ham ongsiz hisoblanadi. Ma’lum bir fenomenlar (ekstaz, mistik bashoratlar va hokazolar) ongsiz bo‘lib ham hisoblanadi. Xuddi shunday, tadqiqotchilar anglanganlik va anglanmaganlikning o‘zaro aloqasi hamda anglanmaganlikning ijobiy xarakterini ta’kidlashgan. V.Shtern interpretatsiya metodologiyasini tadqiq etish va yaratish bo‘yicha, xususan, kechinmalar ramzlari muammosini o‘rtaga qo‘ygan bo‘lib, “kechinmalar o‘zicha hech nimani bildirmaydi, biroq ular har doim chuqurroqda joylashganlarini ko‘rsatib beradi” [243].

R.Assadjolining psixosintez konsepsiyasida psixikani kognitiv rakursdan tushunish xos bo‘lib, bunda anglanmaganlik murakkab hosila sifatida ko‘rilib, unga quyidagi komponentlar kiritiladi:

- quyi ongsizlik - psixik faoliyatning eng sodda asosiy mayillari va sodda undashlari, “komplekslar”, qo‘rqinchli tushlar obrazlari, fantazmlar va undan past nazorat qilinmaydigan parapsixik jarayonlar, fobiyalar va boshqalar.

- o‘rta ongsizlik - ongning psixik elementlariga o‘xshash unsurlardan iborat bo‘lib, aynan shu anglanmaganlikda “kundalik aql va hayol mevalari yuzaga keladi, rivojlanadi”;

- yuqori ongsizlik intuisiya va ilxomlanish, ruhlanishning, ahloqiy imperativlar, gumanistik mayillar, oliy parapsixik funksiyalar va ruhiy energiyalar [18].

Psixodinamik nazariyaga italyan olimi ontopsixologiya asoschisi A.Menegetti pozisiyasi yaqin bo‘lib, psixika strukturasi bo‘yicha u, xususan, struktura ostini, ya’ni “insoniy Men tomonidan anglanmayotgan” inson ichki mohiyatini ajratadi [154,b.13]. Tadqiqotchining ta’kidlashicha, ongsizlik - bu “psixoorganik” zona bo‘lib, u mantiqiy refleksiya yoki anglangan “Men” bilan o‘lchanmaydi [154, b.337] va uni “turmushning mutloq tartibi” sifatida ta’riflanib, ongsizlik mantiqiy tartibga keltirilganligi degan fikrga kelingan [154, b.338]. Xuddi shuningdek, olimlar aniqlashicha, “ongsizlikning mantig‘i o‘z maqsadlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bizning ongli aqlimizning faoliyatini umuman e’tiborga olmaydi” [154,b.199]. A.Menegetti obrazlarga katta ahamiyatni qaratib, ularda ongsizlik ifodalanib, bunda inson oneyrik faoliyati va spontan rasmlari: “spontan fotografiya - bu ongsizlikning yana bir tili bo‘lib, u o‘zini bevosita shu tarzda ifodalaydi”gan interpretatsiyasidan foydalaniladi [154,b.321].

S.Grofning transpersonal konsepsiyasida anglanmaganlik strukturasida perinatal hamda transpersonal darajadan va individual ongsizlikni o‘z ichiga olgan biografik xotiralar tasvirlangan. K.Yaspers (1959) “ongsizlik” atamasi ma’nosini umumlashtirishga urinib ko‘rgan. Olim ushbu tushunchani ishlatilishi bo‘yicha to‘rt xil yo‘nalishni aniqlagan:

1) Ongdan boshlang‘ich nuqtani olgan (hosil qilingan) bo‘lib, quyidagilar bilan identifikatsiyalanishi mumkin:

- avtomatik xulq-atvor bilan (ya’ni qachonlardir anglangan faoliyat bo‘lib, endilikda esa avtomatik tarzda amalga oshiriladi - yozuv, yurish va h.k.);

- o‘z ta’sirini yo‘qotmagan esdan chiqarilgan tajriba bilan (komplekslar va h.k);

- yengil, oson aktuallashuvchi xotiralar bilan.

2) Diqqatni yetishmasligi sifatida:

- haqiqatda boshdan kechiriladi, biroq e’tiborsiz o‘tib ketadi;

- e’tibor beriladi, biroq o‘ylanmasdan;

- xotiradan yo‘qoladi (ya’ni esdan chiqarish);

- hech qachon ob’ektivlashtirilmagan va shu tariqa verbal shakllantirila olmaydi.

3) Ilk manba, kuch sifatida:

- ijodiy, hayotiy boshlanish;

- himoya, ilk sabab va yakuniy maqsad, ya’ni ehtiroslar, impulslar, g‘oyalar, ijodiy hayolning barcha turlari va h.k;

4) Turmush sifatida, ya’ni turmushning asl, chuqur ma’nosi, turli xil tarzda tushuniluvchi psixik reallik sifatida:

- fundamental elementlarning o‘yini sifatida (Gerbart), ongsizlikning bir qator qavatlari sifatida (Konshtamm, Freyd), shaxsiy va jamoaviy ongsizlik sifatida (Yung) [242].

Shu tariqa, K.Yaspers “ongsizlik” tushunchasiga mavjud bo‘lgan ma’nolarini klassifikatsiya qilishga harakat qilgan, biroq uning diqqat maydoni markazidan psixikaning strukturali komponenti sifatidagi ongsizlik tushib qolgan. Ongsizlikka o‘ziga xos qarashni 1978 yilda chexoslovakiyalik olim M.Moravek bergan bo‘lib, u gipnotik hodisalarni tadqiq etar ekan, ong osti (bu yerda muddat “ongsizlikka” ekvivalent) - bu “xotira izlarining dinamik umumiyligi, o‘z strukturasini to‘xtovsiz o‘zgartiruvchi, to‘ldirilib yoki qashshoqlashib boruvchi va shu tarzda sub’ekt dasturlanayotgan faollikka har doim tayyor bo‘ladi” degan xulosaga kelgan. Xotira izlari hech qachon ular yuzaga kelayotgan paytdagidek shaklda saqlanmaydi: yangi informatsiyalar bosimi ostida ular doimo yangidan yangi munosabatlarga kirishib, yangidan yangi ma’nolarni kasb etib boraveradi. Ushbu aniqlash fransuz tadqiqotchisi S.Lekler qarashlari bilan hamohang bo‘lib, u ham ongsizlikda “mnestik izni”, o‘z mantiqini ko‘rgan[144].

Yuqorida qayd etilgan onglilik va ongsizlik muammosiga oid yondashuvlarning aksariyati sharq olimlarining izlanishlariga tegishlidir. Mazkur ilmiy izlanishlarimiz doirasida klassik va xorij olimlarining turli qarashlari hamda tadqiqot ishlarining natijalarini o‘rganish maqsadga muvofiqdir.

Psixologik fanlar doirasida onglilik va ongsizlik tadqiqiga o‘zining muayyan hissasini qo‘shgan ilmiy adabiyotlarning tahlili ba’zi shartli yo‘nalishlarni ajratish imkonini berdi. Bular:

- M.Kornilov, L.S.Vigotskiy, S.L.Rubinshteyn va bir qator olimlarning esda olib qolish, hayol, ijod va boshqa jarayonlarda ongsizlikning faolligiga diqqatning qaratilganligi bilan bog‘liq onglilik, ongsizlik va ularning o‘zaro aloqadorlik triadasi;

- D.N.Uznadze, A.S.Prangishvili, Sh.N.Chxartishvili, A.E.Sheroziya va boshqalarning onglilik va ongsizlikda psixologik ustanovkalarning roli va ahamiyati;

- F.V.Bassin, V.S.Rotenberg va hokazolarning tadqiqotlarida onglilik va ongsizlikka oid masalalarni I.Pavlov fiziologiyasi va psixologik nazariyasi, ongsizlikning anglash va emotsional jabhaga ta’siri nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish xususidagi izlanishlaridir.

1928 yilda chop etilgan katta tibbiyot ensiklopediyasida ongsizlik atamasi psixik ongsizlik masalasiga tegishli bo‘lganligi bois, inson shaxsining ongiga hisob bermasligi mumkin bo‘lgan hodisa sifatida qaralib, ongsizlik atamasining aniq mohiyati ochib berilmaganligi talqin qilinadi.

1929 yilda nashr etilgan kichik sovet ensiklopediyasida ongsizlik atamasi quyidagicha talqin etiladi:

1. Hech qanday anglangan kechinmalarsiz davom etuvchi jarayonlar, jumladan:

- fiziologik jarayonlar;

- birlamchi va avtomatlashtirilgan xatti-harakatlar, uyqu holatidagi reaksiyalar;

- sub’ektning qo‘zg‘alish holatida paydo bo‘luvchi harakatlar;

- bemorlik holatidagi harakatlar [210, b.711].

2. Avvalgi reaksiyalarning takrorlanishi sababli asab tizimidagi izlarning jonlanishi [210, b.711].

3. Psixoanalizda – alohida psixik soha sifatida [210].

Ta’kidlash joizki, 1976 yilda nashr etilgan tibbiyot ensiklopediyasida ongsizlik atamasi umuman uchramaydi [210], faqatgina V.M.Leybin va M.S.Kelner tomonidan yozilgan “Psixoanaliz” maqolasida Pavlovning nazariyasiga asoslangan oliy nerv faoliyati to‘g‘risidagi ta’limotida, ongsizlik miya psixofiziologik faollashuvining real komponenti sifatida ekanligi qayd etiladi [143, b.327].

Endi o‘z tadqiqotlarimiz doirasida ongsizlik fenomenining ayrim konsepsiyalarini ko‘rib chiqamiz. K.M.Kornilovning ta’-kidlashicha, inson hayotida har qanday psixik holatning kechishi triada doirasida ya’ni, onglilik, ongsizlik va ularning o‘zaro aloqadorligi (tezis - antitezis - sintez), bunda ongsizlikning faol kechishini tan olgan holda, xususan esda olib qolish jarayonlari, hayol va ijod qilish [167] nazarda tutiladi.

L.S.Vigotskiy san’atda ongsizlikning onglilikka va aksincha ongsizlikning onglilikka o‘tishi (bir-biriga kirishishi)da ongsizlikning faol xarakterga egaligini qayd qiladi. Har qanday lahzada ongsizlikning mazmuni esda saqlanadi va shunga ko‘ra ham affektiv ongsizlik mavjuddir.

[83, b.146].

S.L.Rubinshteyn anglanmaganlik mavjudligini tan olib, ob’ektning “kuchli” va “kuchsiz” sifatlari nisbatini hisobga olgan holda, tushunmaslik va fahmlash dinamikasini izohlaydi. Olim ongsizlikni faoliyat prizmasi orqali qarab, psixikadagi yetakchi o‘rinni ongga qaratadi, faoliyat maqsadini anglash orqali inson o‘zining anglanmagan motivlarini, ya’ni ongsizlikni nazorat qilishini bayon qiladi [188]. Bunday yondashuvda ro‘yxatga olish, izohlash, tush ko‘rish va shunga o‘xshash fenomenlar e’tibordan chetda qoladi. Misol uchun garchi matnni to‘g‘ri yozish anglangan maqsad bo‘lsa-da, faoliyat (tekstni yozish)da u muayyan darajada anglanmagan (siqib chiqarilgan) motivni inkor etadi.

1923 yilda Gruziyalik olim professor D.N.Uznadze ustanovkalar g‘oyasini ilgari surgan. Olimning ta’kidlashicha, ongli jarayonlar psixikaning to‘liq mohiyatini ochib bera olmaydi. Shunga bog‘liq tarzda ongdan tashqarida kechuvchi va mohiyatan uning harakatini belgilab beruvchi jarayonlar mavjudligini ham tan olish kerak [227, b.129]. D.N.Uznadze rahbarligidagi ilm ahli va psixologlar jamoasi uchun shaxs faoliyati kontekstida ustanovka muammosi muhim rezonans (aks sado) vazifasini o‘tadi. Demak, S.I.Xodjavning izohlashicha, ustanovka ongsizlikning alohida psixik akti bo‘lmay, sub’ekt faoliyatini amalga oshirishning bir [227, b.129].

Yana bir gruzin psixologi Sh.N.Chxartishvilining qayd qilishicha, ustanovkalar ongli akt bo‘lmay, u o‘zi shakllangan va qisman shunga o‘xshash vaziyatlarda (katta shaxsiy qimmatga ega) muhim kechinmalarning namoyon bo‘lishini o‘z zimmasiga oladi [230]. Olimning ta’kidlashicha, ongsizlik ong tabiatiga bog‘liq bo‘lmagan, mavjudlik sharti va fahmlash bir vaqtda sodir bo‘lmaydigan holatdir[230, b.17]. Shuningdek, muallif statistik va dinamik ongsizlikni tafovutlaydi. U o‘zining keyingi tadqiqotlarida ongsizlik ustanovka shaklida harakat qiladi va mavjud, ya’ni ustanovkani ongsizlikning namoyon bo‘lish shakliga kiritadi. D.N.Uznadzening ustanovkalar nazariyasini xulq-atvorning asosiy muammolariga bog‘liq bo‘lgan psixikaning ongsizlikni chuqur ilmiy va o‘ziga xos orginal nazariya ekanligini ta’kidlaydi [230, b.109].

Uznadze maktabining taniqli namoyondalaridan biri A.S.Prangishvili ongsizlik evolyusiyasiga doir izlanishlarida ustanovkalar psixologiyasiga oid o‘tkazilgan tadqiqotlar ongsizlik tushunchasiga ijobiy psixologik mazmun berib, shu davrga qadar ongsizlik tushunchasiga berilgan salbiy tasavvurlarni o‘zgartirganligini ta’kidlaydi [182, b.93].

Uznadze ilmiy maktabining yana bir vakili A.E.Sheroziya, Z.Freyd va D.N.Uznadzelarning ongsizlikka nisbatan yondashuvlarining qiyosiy tahlilini berdi:



  • Psixoanaliz asoschisi va ustanovkalar nazariyasining muallifi ongli jarayonlar inson psixikasini yetarli darajada to‘liq saqlay olmaydi;

  • Z.Freyd tushunchasi bo‘yicha, ongsiz psixika u yoki bu shakldagi hissiy kechinmalarda mavjud, biroq Uznadze ongsiz psixikaning mohiyati va mavjudligi (ustanovkalar) organizmning yaxlit shaxslilik holati sifatida ishlashiga ishonadi;

- Z. Freyd psixik ongsizlikni psixik rivojlanish kuchayayotgan ongning birlamchi darajasi sifatida ko‘rsa, D.N.Uznadze ongsizlik (ustanovka) ongdan avvalgi holat bo‘lib, ustanovka ishtirokisiz hech qanday psixik jarayonlar anglangan hodisa sifatida mavjud bo‘lmasligi haqida yozadi;

-freydcha ongsizlik (siqib chiqarish) o‘tmishda anglangan bo‘lishi mumkin, sub’ektni kelajagidan xabardor qilgan bo‘lishi mumkin, biroq uznadzecha ustanovka ongning fakti bo‘lmagan va bo‘la olmagan [233, b.156 - 157].

A.E.Sheroziya ob’ektiv va sub’ektiv jihatlarni ajratib ko‘rsatadi. Uyg‘oqlik holatida ob’ektiv jihat ustuvorlik rolini bajaradi, ya’ni ustanovka u yoki bu darajada ob’ektiv voqelikka mos keladi, uyqu holatida esa ob’ektiv voqelik o‘rnida sub’ektiv ustanovkalarni kuzatish mumkin [232, b.81].

S.M.Eyzenshteyn san’atning psixologik xususiyatlarini yoritar ekan ongsizlik muammosiga duch keladi. Natijada uni uzul-kesil hissiy tafakkur deb atab, boshqacha rivojlanish bosqichi (birlamchi muhit, nasldan naslga o‘tadigan tuzilma ) bo‘lgan onglilikning maxsus qismi sifatida o‘z qonuniyatlariga egaligini talqin qiladi. S.M.Eyzenshteyn fikricha, ob’ektiv va sub’ektiv oralig‘idagi farqning yo‘qolishi inson hissiy tafakkurida yaxlitlikni alohidalilik orqali qabul qilish qobiliyatining ortishi bilan kechishini tavsiflaydi [240].

O‘z navbatida F.B.Bassin psixoanalizda yoritilgan fenomenlarning mavjudlik faktini inkor qilmagan holda, xususan ongsizlikning freyd konsepsiyasi bilan umumiylikka ega bo‘lmaganligini hisobga olib, Pavlov fiziologiyasi va psixologik nazariyasi nuqtai nazaridan tadqiq qilishni tavsiya etadi [36, b.139]. Tadqiqotchining fikricha, Z.Freyd konsepsiyasining asosiy zaifligi simvolizatsiya, ya’ni simvollar bilan ifoda qilish qonuniyatlarini to‘liq o‘rganilmaganligida bo‘lgan. Freyd nazariyasi bo‘yicha bo‘g‘iq impulslarni simvolga o‘zgartirish (bir shakldan ikkinchisiga o‘tkazish)ga tanqidiy mulohazalar bildirib, psixoanaliz asoschisi simvollarni qayta ishlashning ob’ektiv qonuniyatlari tahliliga jiddiy diqqatni qaratishi lozimligini ta’kidlaydi [36, b.138]. 1972 yilda F.V.Bassin ongsizlik tadqiqotini ahamiyatga molik kechinmalar kontekstida o‘rganish zarurati mavjudligi haqidagi savolni qo‘yadi. Shuningdek, olim ongsizlikni o‘rganish nafaqat tibbiy va umumpsixologik muammo, balki ijtimoiy psixologik muammo sifatida o‘rganilishi muhimligini ta’kidlaydi. Muallif ongsizlik muammosining keyingi tadqiqotlarida, uning mavjudlik shakli, “asl ma’nosiga ega” qonuniyatlarning ishlab turishdagi roli, uning emotsional soha va ongga ta’siri xususidagi savollarga qaratishni shart qilib qo‘yadi. Keyinchalik, olim tomonidan ongsizlik muammosiga yondashuvning asos qilib olinuvchi jihatlari, xususan:


  • garchi faoliyat motivlari anglanmagan bo‘lsada, u faoliyatga undovchi kuch bo‘lgan omil sifatida qaraladi;

- anglanmagan kechinmalar bilan kechuvchi psixik holat o‘zgarishlarining mavjudligi;

- bevosita anglanganlikni ob’ektivlashtirishni tahlil qilish yo‘li mavjudligining ehtimoli va ong uchun “parda orqasida” bo‘lganligi [39].

V.S.Rotenberg bevosita F.B.Bassin ishlariga tayangan holda, ongsizlikni ong bilan bir qatorda va u bilan o‘zaro aloqadorlikdagi insoniy psixik aks ettirishning o‘ziga xos maxsus shakli ekanligini aniqladi. Muallif tomonidan ongsizlik ko‘rinishlarining quyidagi shakllari ajratiladi:

-xotirada saqlanayotgan axborotlarni tushunmaslik;

-dolzarb axborotlarni murakkabligi va muntazamsizligi bois tushunmaslik;

-onglilik va ongsizlik orasidagi o‘zaro inkor qiluvchi konfrontasion munosabatlar natijasida tushunmaslik;

- tush ko‘rishda ongning ongsizlik bilan murakkab o‘zaro aloqadorligi;

- affektiv xatti-harakatlar;

- somnambulizm va isterik harakatsizlik [187].

Agar so‘nggi tadqiqotlarga tayansak, xususan V.S.Rotenbergning “Psixikaning ichki dinamik modeli”da ongsizlikning ilk shakllarini potensial onglilik deyish mumkinligini ko‘ramiz. Ikkinchi va uchinchi shakllarini siqib chiqarish deb atab, uni ong ustlilikka kiritish mumkin. To‘rtinchi shaklini ong oldililik, beshinchi va oltinchisini ong ustlilikka ajrtadi.

V.S.Rotenberg obrazlar tili yordamida ongsizlik namoyon bo‘lishining to‘rtinchi shakli haqida u noverbal tafakkurga tegishli bo‘lib, tush ko‘rishda qarama-qarshi motivlar bilan o‘ziga xos kelishuvga erishishiga ishora qiladi [187, b.77]. Natijada V.S.Rotenberg ongsizlikning asosi noverbal tafakkur ekanligini, ongsizlik namoyon bo‘lishining turfa shakllarini ong va ongsizlikning o‘zaro nisbati aniqlashi, ushbu nisbat esa ong faolligining darajasi va turli vaziyatlarga bog‘liqligini ta’kidlaydi [187, b.78].

Ilmiy ijodiyot muammosi bilan shug‘ullangan M.G.Yaroshevskiy g‘oya va kategoriyalarning tarixan rivojlanish pleyadasini mujassamlashtirgan, mantiqan ob’ektiv mos ilmiy-kategorial apparatini ishlab chiqishni belgilash (ayon qilish) uchun “yuqori onglilik” tushunchasini kiritishni taklif etdi. Ongsizlik atamasi asosan psixik manbalarni siqib chiqarish to‘g‘risidagi tasavvurlar bilan bog‘liq. Holbuki, muallif tomonidan taklif etilgan “yuqori onglilik” kategoriyasi sub’ektga aqliy qarashlardan yashirin bo‘lgan inson psixikasining “yuqori cho‘qqisi” ya’ni, ilmiy- kategorial rivojlanish olami fan uchun katta ahamiyatga egaligi ta’kidlanadi [246, b.37].

Shuningdek, bizning tadqiqotlarimiz uchun P.B.Shoshin, A.N.Dmitriev va Ye.Ya.Dmitriyevlarning psixika tuzilishi kontekstida ongsizlikning ishlashiga oid qarashlari alohida diqqatga sazovordir. P.B.Shoshin onglilikning murakkab polimorf strukturaga egaligi to‘g‘risidagi fikr ustida to‘xtalib, uning ikki:


  • eksplisit, ravshan, emotsional kommunikativ vositalarsiz foydalanish darajasi;

  • implisit, sub’ekt tushungan, his qilgan ammo kommunikabel shaklga aylantira olmagan darajasi mavjudligini aytadi.

P.B.Shoshinning Z.Freyd bilan onglilik va ongsizlik, jumladan implisit onglilik va ongoldlilik orasidagi aloqalarning ahamiyatini ko‘rsatishda, ongsizlik funksiyasida eksplisit darajaga ko‘ra implisit daraja bevosita ko‘proq ta’sir ko‘rsatishiga doir qarashlarida hamfikrlilik ko‘zga tashlanadi [236].

A.N.Dmitriev va Ye.Ya.Dmitriyevlar psixika strukturasigi ikki asosiy darajani: onglilik va ongsizlik, shuni ham nazarda tutish kerakki, mualliflar bir-birida fuksional jihatdan farq qiluvchi ongsizlikning statik va dinamik ost tuzilmalarini ajratadilar.

Ularning fikricha, statik ongsizlik inson tomonidan qabul qilingan barcha axborotlar, avtomat tarzda qayd etilgan ustanovkalarni xotirada saqlaydi, axborotlarni saqlash va guruhlashtirish funksiyasini ham bajaradi. Olimlar, dinamik ongsizlikka anglanmagan sezgilar va idrok, diffuz ustanovkalar, tafakkurning noverbal bosqich jarayonlari, intuisiya, xulq-atvorning maqsad va motivlari, mayllar, kechinmalar va tush ko‘rishlarni kiritadilar. Dinamik ongsizlikning funksional yuklamasiga axborotlarni “olish” va “etkazib berish”, ilgari qabul qilingan axborotlarga asoslangan holda yangi axborotlarning “hosil bo‘lishi” hamda uni “qayta ishlash” kiradi.

Shuningdek, A.N.Dmitriev va Ye.Ya.Dmitriyevlar birlamchi hamda ikkilamchi ongsizlikni ajratadilar. Birlamchi ongsizlikning rivojlanish jarayonida ong doirasidan o‘tmasligi, uning asosiy xarakterli belgisi hisoblanadi. Aksincha, ikkilamchi ongsizlikka ongli aks ettirishdan ilgarilab ketish xosdir. Olimlar, ongsizlik strukturasidagi qayta qurilishlar masalasining yechimini topishda sub’ektning faoliyati, emotsiyalari bilan bog‘liq ijtimoiy “ahamiyatli-muhim” ta’sirni o‘rganishga o‘z diqqatlarini qaratdilar.

Ushbu vaziyatda ular F.B.Bassinning sub’ekt kechinmalarining muhimliligiga oid qarashlari bilan to‘qnash keldilar. Olimlar ong va ongsizlik “sof” ishlashining imkoniyati yo‘qligi bois ham psixikaning har ikki darajasi bir vaqtning o‘zida kechishiga ishonadilar [100, b.136].

K.K.Platonov ongsizlik fenomenlarining klassifikatsiyasini taqdim etib, anglanmagan psixik hodisalarning to‘rt ost tuzilmasini ajratdi.

- birinchi ost tuzilma – ong xiralashgan sharoitda barcha anglanmagan xatti-harakatlar va hayvonlardagi gomologik aynan o‘xshash impulsiv ixtiyorsiz instinktiv harakatlardan iborat psixik hodisalar;

-ikkinchi – subsensor ta’sirga ega psixik hodisalar;

- uchinchi – psixik illyuzor hodisalar (idrok, xotira, tafakkur va boshqalar );

- to‘rtinchi – ichki rivojlanish oqibatida avtomatlashgan shaklga ega ilgari anglangan hodisalar.

Ushbu klassifikatsiyada psixologik ustanovkalar va anglanmagan motivatsiya kabi fenomenlarga diqqat-e’tibor qaratilmagan [174, b.128].

A.G.Asmolovning faoliyat kategoriyasiga asoslangan ongsizlik sohasini o‘rganish masalalarini tadqiq etdi. Xususan, faoliyatning umumpsixologik nazariyasi kontekstidagi ongsizlik sohasi tahlilida anglanmagan hodisalarning sifat jihatidan yuqori bo‘lgan ma’noviy tavsiflari ochilishini qayd qiladi [26, b.46]. Faoliyat nazariyalari tamoyillariga (faoliyat tizimida aks etgan predmetning aks etish joyi va o‘z predmetiga egaligi) asoslangan holda, A.G.Asmolov anglanmagan hodisalarni klassifikatsiya qilishga urinib, uning uch sinfini ajratadi:

-ost individual yuqori anglangan hodisalar;

-faoliyatning anglanmagan qo‘zg‘alishlari (anglanmagan motivlar va ma’noviy ustanovkalar);

- xatti-harakat va operatsiyalarning anglanmagan regulyatorlari.

P.V.Simonov ongsizlik to‘g‘risidagi konsepsiyasida uning ikki turi: ongostlilik va yuqori onglilikni ajratadi. Tadqiqotchi birinchi turga yangi yaratish bilan bog‘liq bo‘lmagan avtomatlashgan ko‘nikmalar, ongdan siqib chiqarilgan motivasion konfliktlar, o‘zlashtirilgan ijtimoiy me’yorlar, intuisiya ko‘rinishlarini kiritadi. Ikkinchisiga esa – ijodiyotning ilk bosqichlari – faraz, gumon (hayol) va boshq., hamda kulgu va hazilni kiritadi [199, b.97].

Yu.B.Gippenreyter ongsizlik haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirib, o‘zining anglanmagan jarayonlar to‘g‘risidagi klassifikatsiyasini ishlab chiqadi va uni uchta guruhga ajratadi.

- 1-guruh – ongli xatti-harakatlarning anglanmagan mexanizmlari;

- 2-guruh – ongli xatti-harakatlarning anglanmagan qo‘zg‘atuvchilari;

- 3-guruh –ongustilik jarayonlari [89].

Yu.B. Gippenreyter har bir guruhni yana kichik guruhchalarga ajratadi:

- anglanmagan avtomatizm, anglanmagan ustanovkalarning hodisalari va ongli xatti-harakatlarning anglanmagan hamkorligi;

- Z.Freyd tomonidan yozilgan hodisalar (tush ko‘rish, xato harakatlar, nevrotik simptomlar);

-ongustilik jarayonlari, ya’ni yuqori ongli ishda integral samaradorlikning paydo bo‘lishi, so‘ngra insonning ongli hayotiga kirib borishi, odatda uning kechishida radikal o‘zgarishlar kuzatiladi [89, b.90].

Shunday qilib, inson ongi ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot mahsuli bo‘lish bilan birga, u mehnat faoliyatida, ijtimoiy tajribani o‘zlashtirishda, hamkorlikdagi o‘zaro ta’sirda, tabiatga, jamiyatga nisbatan munosabatlar mohiyatida vujudga kelgan.

I.A.Zyazyun[253]ning ongsizlik fenomeni tadqiqiga bag‘ishlangan ishlarida “ongsizlik” atamasidan ong ishtirokisiz sodir bo‘luvchi real psixik aktlarni, ya’ni psixik faollik va xuddi shunday psixik hodisalarning tushuntirib beruvchi deatamanti sifatida ham aniqlash uchun foydalanilgan. Tadqiqotchi ongsizlikda ikkita darajani farqlaydi:

- ong osti (ularga “barcha anglangan yoki ma’lum bir shart-sharoitlarda anglanishi mumkin bo‘lgan” ikki guruh hodisalari va vijdon kiradi)[253,b.123];

- ongdan yuqori, ya’ni ijodiy intuisiya.

Ushbu darajalar funksional jihatdan ham farq qilib, I.A.Zyazyun fikricha, ong osti ongni “ortiqcha ishlardan va psixologik zo‘riqishlardan” himoya qiladi, ongdan yuqori esa “ustivor bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga” yo‘naltirilgan bo‘lib, bunda uning faoliyati hech bir shart va sharoitlarda, vaziyatlarda anglanmaydi [253, b.126].

Ongsizlik muammolariga Yu.S.Savenko o‘z ilmiy ishlarida murojaat etgan bo‘lib, u xususan, ongsizlik xaotik emas, balki “evolyusion-genetik (biologik) qonunlar bo‘yicha qurilganligini” ta’kidlaydi [191, b.16].

Yu.Ya.Medinskaya etnik mentalitetning chuqur deatamaantlarini [152] tadqiq etar ekan, psixika strukturasini K.G.Yung bo‘yicha aniqlashtirib, jamoaviy ongsizlikda ikkita darajani differensatsiya qiladi: etno - o‘ziga xoslik va universal. Tadqiqotchi ta’kidlashicha, jamoaviy ongsizlikning eng chuqur qatlamlarida (universal) arxetiplar generatsiya qilinib, ular etnik-o‘ziga xoslik qatlamidan o‘tganidan so‘ng transformatsiyalanib, bunda ma’lum bir etnos mentalitetiga tegishli bo‘lgan belgilarga ega bo‘la boshlaydi. Bunda “arxetip” tushunchasini tushunishga Yu.Ya.Medinskaya ikki xil yondashuvni qo‘llaydi: metodologik (arxitipni ontologik metaforalarni obraz, motiv, prinsip yoki g‘oya shaklida ko‘rib chiqib, arxitipni to ramzlargacha tenglashtirilgan) va fenomenologik (arxetip psixik reallik, voqelik hodisalari sifatida ko‘rib chiqilib, u tashkil etuvchi prinsip, shakl bo‘lib, hayotiy vaqt va fazoni tizimlashtiradi)[152].

Ongsizlikni sub’ektning fantazmatik va oneyrik faolligidagi mexanizmlarini A.V.Maricheva tadqiq etar ekan, ongsizlik mexanizmlari - bu ramzlashtirish jarayonini: tush ko‘rishda, metaforada ifodalanuvchi quyultirilishni, diskursda ham, tafakkurda ham, simptomda ham fantazm mavjudligini; metonimiya (diskursda va tafakkurda) va fantazmga xohishlarda aralashib ketishni (tushlarda) ta’minlovchi mexanizmlardir, degan fikrga keladi [149].

Shu tariqa, ong va ongsizlik muammosini yoritilishi borasida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlari tahlili “ongsizlik” tushunchasi tadqiqotchilar tomonidan turli mulohazalarda turli rejadagi yondashuvlar har xil ma’noli yuklamalarda ishlatilishini, biroq inson hayotidagi ongsizlikning faol ishtiroki aniqlanishini ta’kidlash imkonini beradi. “Ongsizlik” tushunchasi tahlil etilgan ilmiy ishlarda quyidagilarni farqlash uchun foydalanilgan:

- mayllarning psixik namoyon bo‘lishi;

- hayotning energetik manbai;

- hayot mobaynida siqib chiqarilganlar (infantillik);

- Men, Oliy-Men instansiyalarining qismi;

- psixik strukturaning qismi;

- ruhiyatning o‘ziga xos ishlash prinsipi;

- arxaik meros;

- ong antonimi;

- sub’ket tomonidan anglanmaydigan bo‘lib hisoblanuvchi, o‘ziga xos psixik jarayonlar va holatlar.

Bizning fikrimizcha, “ong” va“ongsizlik” muammolariga qaratilgan izlanishlarda turli xil yondashuvlar mavjud. Ular ichida ongsizlik evolyusion-genetik, ya’ni biologik asosga egaligi, shuningdek, onglilikning ongsizlikka o‘tishi va ongsizlikni anglanishida insaytning strukturali, topografik, dinamik, genetik, adaptiv va tasvirlovchi yondashuvlar prizmasi orqali o‘z aksini topishi haqidagi fikrlar ustuvorlik qilgan.

Fikrlash jarayonida o‘zaro bir-birini inkor etuvchi voqelik sifatidagi ong va ongsizlik muammosi ko‘p qirrali bo‘lib, bunga sabab fanda ushbu tushunchani talqin etib beruvchi yagona qarashni mavjud emasligidir. Ilmiy adabiyotlar tahlil etilganda, ushbu muammo turli xil psixologiya maktablari tomonidan va eng qadimgi risolalarda yoritilganligini ko‘rsatib berdi. Albatta, hozirgi davr atamlaridan odatda foydalanishmagan, biroq ularda ongsizlik va ongga mos bo‘lgan ontologik voqelikning mavjudligi aniq kuzatiladi. N.T.Abramova izlanishlarida Platonning inson abadiy ruhi o‘zining tanazulligacha bo‘lgan turmushida o‘ziga xos dunyoda - g‘oyalarning o‘zga dunyosida ob’ektiv ontologik mavjud bo‘lgan abadiy va o‘zgarmas g‘oyalarni hissiy fahmlashi haqidagi qarashlari tahlil qilinib, keyinchalik, inson tanasiga kirar ekan, ruh ushbu g‘oyalarni unutadi, biroq shunga qaramay ularni eslaydi, deydi. Bunda eslash tartibsiz, noaniq fahmlashlardan, to aniq bir idrok etilayotgan predmetni ruh eslayotgan predmetlar turiga aniq kiritishgacha bo‘lgan turli xil bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Haqiqiy bilim bo‘lib, esga tushirish orqali olingan bilimlar hisoblanadi. “O‘zingda bilimni topish - bu esga tushirishdir”, deb ta’kidlashi dalillangan [9.b.68].

Shuningdek, uning inson psixik dunyosida (ruhida) g‘oyalarning katta miqdori mavjud bo‘lib, ular insonga idrok etish uchun (ya’ni refleksiyalanmaydi) berilmagan, ular unutilgan, esdan chiqarilgan, biroq yashirin tarzda mavjud va biror bir tashqi stimullar yoki ichki urinishlar mavjud bo‘lganligida anglanishi (esga tushirilishi) mumkin, degan taxminlari juda muhim bo‘lib hisoblanadi [9].

V.M.Allaxverdovning fikricha, agar Platonda biz yashirin (refleksiyalanmaydigan) g‘oyalarni (tushunchalarni) mavjudligi haqidagi fikrlarni uchratsak, Arastuda esa yashirin (ma’lum vaqtgacha anglanmaydigan) emotsiya va hissiy holatlarni mavjudligi haqidagi fikrlarni bildirganligini ko‘rishimiz mumkin. Bunda Arastu tomonidan san’atni insonga va ijtimoiy hayotga ta’sirini o‘rganishda muhim ahamiyatni egallagan katarsis g‘oyasi haqida so‘z borishi ta’kidlanadi[15].

Avgustin aqlning, aniq, tiniq tafakkurning imkoniyatlarini cheklangan deb e’lon qilib, intuitiv yetib kelish, egallashning mavjudligi haqida so‘z yuritadi. Bunda u introspeksiyaga, ishonuvchilarning o‘z-o‘zini kuzatishlariga murojaat etib, har kim o‘zidan kelib chiqib “to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshkora bo‘lish” - faxmlash, “birdan miyaga kelishi”, oxir oqibat ishonch qanchalik kuchli ekanligini bilganidek, aqliy yetib kelishga, egallashga qaraganda kuchi va bevositaliligi bilan farq qilishini ko‘rsatadi. Avgustinni aqliy-fikriy faoliyatni nafaqat intuitiv oshkor bo‘lishdan, balki inson irodaviy sohasidan ham past qo‘yishi qiziqarli bo‘lib hisoblanadi. Bunda u inson irodasining irrasional ekanligini ko‘rsatib, u ong va aqlga bo‘ysunmasdan aqldan aylanib o‘tib sa’yi-harakat qilishi mumkin [40].

R.Dekart fikricha, psixikada ongli holda kechuvchi jarayonlardan boshqa hech narsa yo‘q. “Bizning tafakkurimizdan tashqarida haqiqiy mavjud bo‘lgan hech narsa yo‘q” [99]. Uning fikricha, ong o‘ziga xos, nomoddiy, davomiy bo‘lmagan substansiya bo‘lib, sub’ektning u fikrlayotgan vaqtida o‘zining ichida nima sodir bo‘layotganligi haqidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita bilimlaridir. Shu bilan birga, R.Dekart fikrlari bir xil ma’noda emas. Uning nuqtai nazaricha, assotsiativ bilimlar haqiqiy bilimlar bo‘lib hisoblanmaydi. Tug‘ma g‘oyalar ko‘rinishidagi haqiqiy bilimlar avval boshdanoq ruhga jo etilgan bo‘lib, chunki tanaviy moddiy va ruhiy fikr substansiyaning o‘zaro aloqasi insonda mavjud barcha tug‘ma bilish qobiliyatlarini asoslab beriluvchi va yagona, ijodiy, ichki, ilohiy kuch bilan yo‘g‘rilganlikda amalga oshadi. D.Lokk: “Tana qismlarsiz xuddi kimdir ongsiz va buni sezmagan holda fikrlaydi degani kabi tushunarlidir”, deb hazil qilgan[99, b.158]. R.Dekart va D.Lokk qarashlariga qarshi tezis sifatida G.V.Leybnis qarashlari bo‘lib, unga ko‘ra anglanmayotgan jarayonlarni qandaydir tushuntirilishi qiyin bo‘lgan hodisa sifatida aql va ongning yorqin ifodalanishlari qatorida ko‘rib chiqmagan, balki aksincha, ongsiz jarayonlarni o‘zining universal faoliyat ko‘rsatishini tushuntirib berishidagi eng muhim komponentlari sifatida oldi[99].

G.V.Leybnis inson ruhining onggacha bo‘lgan holati - “kichik persepsiyalar”, “ongsiz azoblar”, anglanmagan idrokni tan olgan. U «psixikaning ongsizligi” tushunchasini kiritgan va uning nuqtai nazaricha, inson ongida ongsiz idrok (“kichik persepsiyalar”) ko‘rinishidagi psixik kuchlarning uzluksiz, yashirin ishi, faoliyati sodir bo‘ladi. Aynan G.V.Leybnis va ko‘plab tadqiqotchilar tan olishi bo‘yicha, anglanmayotgan psixik jarayonlarning realligi g‘oyasini g‘arbiy Yevropa falsafasida qaror toptirishga ilk bor jiddiy harakat qilib ko‘rgan [31]. Shu tariqa, G.V.Leybnis ongsizlik konsepsiyasini ongning turli xil intensivlik darajasida psixik faoliyatning faolligi va uzluksizligi prinsipi asosida rivojlantiradi. Uning nuqtai nazaricha, ong ongsizlikdan vujudga keladi, tetiklik holatida esa ongli tasavvvurlar bilan bir qatorda ongsiz tasavvurlar ham mavjud bo‘ladi. Ongsiz tasavvurlar bo‘sh ruhdan, yo‘qdan bor bo‘lmaydi. G.V.Leybnis qarashlarini I.Kant ma’lum tarzda davom ettirib, u keyinchalik Gegel rivojlantirgan ong va ongsizlik munosabatlarini dialektik tushunish elementlarini kiritgan. I.Kant insonda aqlga tashvishlanishni olib keluvchi, uni o‘z ta’siriga bo‘ysundirishga harakat qiluvchi “notinch tasavvurlar”ning mavjudligini tan olgan, biroq u har doim ham bu tasavvurlar ta’siri olib keluvchi bema’niliklardan qutila olmaydi, ammo ongsiz tasavvurlar mavjud bo‘lishi mumkinligini nazarda tutgan holda tasavvurlarga ega bo‘lgan holda, ularni qanday qilib anglamaslik mumkin, degan savolga quyidagi javobni bergan: “biz tasavvurlarga ega ekanligimizni anglashimiz mumkin, ammo qaysi tasavvurlar notinch, deb atalishini bevosita anglamaymiz” [88]. I.Kant ongsizlikka tajribaning ong mazmunidan oldingi bo‘lgan tajriba, dalillarga tayanmagan holdagi sintez sifatida qaraydi. U har qanday tafakkurgacha spontan tasavvurlar (fahmlash, his etish), ma’mulotlarni mavjudligini tan oladi. I.Kantning insonning ongli psixik faoliyatidagi ongsizlikning o‘rni va rolini tushunishga bunday yondashuvni zamonaviy til bilan aytganda topologik deb atash mumkin. Gegel ongsizlik konsepsiyasini ongdan sifat jihatidan farq qiluvchi psixik faoliyatning mustaqil manbai sifatida ishlab chiqqan. Ongsiz tasavvurlar haqidagi masalalar “ongda mavjud bo‘lmagan ko‘plab cheksiz obraz va tasavvurlar dunyosi saqlanuvchi” yashirin “ongsiz hufya joy” ni aniqlanishi munosabati bilan anchagina batafsil ko‘rib chiqiladi [216]. Bunda Gegel inson mavjudotining eng chuqurliklarida yotuvchi obrazlar va tasavvurlar aynan qay tarzda ong yuzasiga chiqishi to‘liq ko‘rib chiqilib, bu bilan u Z.Freyd va uning izdoshlari ta’limotidagi asosiy bo‘lgan g‘oyalardan anchagina ustivorlik qiladi. I.G.Fixte faoliyatni o‘z-o‘zini bo‘shashtirishga ongsiz intilish sifatida ko‘rib chiqadi. Uning nuqtai nazaricha, ongsizlik birlamchi erkinlik, ixtiyoriy faoliyat sifatida nafaqat dunyoni yaratilishi, balki uni tushunishning asosida ham yotadi [216].

S.Lekler tadqiqotlarida I.G.Fixtedan so‘ng F.V.Shelling ongsizlikni bevosita bilim va intellektual intuisiya haqidagi ta’limot doirasida rivojlantiriladi. Bu yerda ongsizlik haqidagi masalaning muhokamasi ontologikdan gnoseologik tekislikka ko‘chiriladi va intuisiya koinot kuchlari darajasiga olib chiqilmaydi. F.V.Shelling intuisiyani intellektga qarama-qarshi turuvchi, mutloq bevosita, mutloq erkin hamda sabab bo‘la olmaydigan akt sifatida ko‘rib chiqadi va intuisiyani intellektdan yuqoriga qo‘yadi. F.V.Shelling intellekt sa’yi-harakati va bu sa’yi-harakatni his etish, sezish u sodir etilayotgan vaqtda farqlay olish kerakligi haqidagi tasavvurni ishlab chiqdi, degan fikrlar berilgan [109]. U intellekt va ongsizlik munosabatlarini ungacha bo‘lganlarga qaraganda anchagina dialektik holda ko‘rib chiqib, ongsiz-ruhiy tabiat yaratuvchi ongga va aksincha, o‘zining spontan ekanligini mutloq erkin kuchga o‘zaro bir-biriga kirib borishi va o‘zaro bir-biriga aylanishini bilishi haqida so‘z yuritgan. V.F.Shelling fikricha, “ ... faoliyatni erkin aniqlab berishga, ya’ni ongga, ongsiz faoliyat qarama-qarshi turishi kerak bo‘lib, uning yordamida mutloq ixtiyorsiz va xatto sa’yi-harakat qiluvchining irodasidan tashqari holda qandaydir bir narsa yuzaga kelib, u o‘zini kirib kelishi bilan amalga osha olmas edi”[144].

A.Shopengauer fikricha, inson dunyo haqidagi haqiqiy bilimlarni sof intuisiyani his etish asosida oladi va keyinchalik esa uni o‘rab, rasional shaklda uzatadi. Aynan daho - “mutloq haqiqatning notinch sezgilarini”, ongsizlikni, intuitivlikni san’atda va fanda tashqi, yorqin, ifodali shakllarga o‘rab, qurshab oladi [140, b.203]. Xuddi shunday, A.Shopengauerda bo‘lgani singari E.Gartmanda ham ongsizlik bilish jarayonining zarur komponenti sifatida ko‘rib chiqiladi, chunki insonlarni bilishga intuitiv yo‘l yetaklab, shu bilan birgalikda ijodiyotda katta rol o‘ynaydi[235].

E.Fon Gartman ongsizlikning salbiy kamchiliklarini ham ko‘rib, ular daxshatli, yovuz, muqarrar tabiatida, ularga asoslangan inson turli xilvatlarda daydib yurishida, uning ifodalanishining natijalari mukammallashtirila olmasligida namoyon bo‘ladi. Ong ehtiroslar, mayillar, qat’iyatsizliklar ta’siriga to‘sqinlik qiladi, maqsadga mos keluvchi vositalarni tanlaydi, irodani yo‘naltiradi, haqiqatga, tanqidga va o‘z-o‘zini tanqid qilishga intiladi. G.N.Veliev o‘z ishlarida ta’kidlashicha, XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi psixologik adabiyotlarda ongsiz tasavvurlar haqidagi masalalar psixikadagi ongsizlikning mohiyati masalalarini muhokama etilishi munosabati bilan N.Shatalov va A.Pokrovskiy maqolalarida yoritilgan. G.N.Velievning ta’kidlashicha, ushbu mualliflar fikrlari anglanmagan psixik jarayonlar bizning tushunchalarimizni shakllanishiga asos bo‘luvchi bosh omil bo‘lib hisoblanib, ularni sekin-asta qo‘shib borib va bir butun yaxlit obrazga to‘plab, ruhiyatda ongsiz tasavvurlar ko‘rinishida saqlaydi [56].

Klassik psixoanaliz inson xulq-atvorida anglamaydigan psixik faoliyatlarni anglanmaganlikni jismoniy tushuntirishlardan vos kechgan holda qayd etishdan boshlagan. Ongsizlik ongdan siqib chiqarilgan va unga qayta yorib kirishga intiladigan qudratli irrasional kuch, ongning antagonistik faoliyati sifatida ko‘rib chiqilar ekan, Z.Freyd shu bilan birga ong va ongsizlikning strukturali munosabatlari muammosini o‘rtaga tashladi [218]. Klassik psixoanaliz nuqtai nazaricha, ongsizlik bizga o‘z tabiatiga ko‘ra tushunarsiz bo‘lgan reallikdir. Ong hodisasi bo‘lgan analiz uning mavjud bo‘lish shakllari haqidagi tasavvurlarni emas, balki ongsizlik funksiyalari haqida tasavvurlarni beradi. Psixikaning bilish jarayonlaridagi ong va ongsizlik munosabatlarini “chiziqli” tushunishga undagi bilishning rasional va irrasional shakllarini farqlanishini ham kiritish mumkin. N.S.Mudragey aniqlashicha, rasionallik gnoseologik planda predmetni nazariy anglangan, mantiqiy asoslangan tizimlashtirilgan, universal bilishdir. Irrasionallik - oraliq bo‘lib, “hali rasional bo‘lmagan”lik sifatida aniqlanmagan, mantiqiy ifodalangan bilimga aylanmagandir. Rasionalga, fikrlashga qarama-qarshi bo‘lgan irrasionallikni farqlanishi ongsizlikni tushunishga vertikal yondashuvlardan biri bo‘lib hisoblanadi [95]. Bunday yondashuv, avval ko‘rsatilganidek, Z.Freydning psixoanalizida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, u psixikaning uch sohasini - ong, ong oldi, ongsizlikni ajratib ko‘rsatgan. Biroq Z.Freyd ta’limotida bayon etilishicha, ongsizlik “ongning oddiy yerto‘lasi, chiqindixonasi” emas, balki ong oldi (aqliy Men, xotira, tafakkur) va ongni o‘zi bilan qamrab oluvchi, uning yordamida xulq-atvor aktlarini boshqarilishi amalga oshuvchi psixik dinamika manbaidir[126].

Shu tarzda, psixologiyada ong psixik jarayonlarni anglash (shu jumladan, ongsiz), ongsizlik esa voqelik hodisalari bilan asoslangan psixik jarayonlar, aktlar hamda holatlarning yig‘indisi sifatida, ular ta’siri yuzasidan sub’ekt o‘ziga hisob bera olmaydigan, xuddi shunday psixik aks ettirish shakli bo‘lib, unda voqelik obrazi va unga bo‘lgan sub’ekt munosabati bo‘linmas yaxlitlikni tashkil etib, o‘ziga xos refleksiyaning predmeti sifatida namoyon bo‘ladi [83,b.38].

Ongsizlik, bunday yondashuv nuqtai nazaridan, ongdan u aks ettirayotgan reallik sub’ekt kechinmalari, uning dunyoga bo‘lgan munosabati bilan qo‘shilib ketishidan farq qiladi [83,b.37]. Ongsizlik yoki ong osti ongsiz psixik jarayonlar, ya’ni ongsiz fokusida, ong periferiyasida bo‘lgan barcha narsalar, inson xulq-atvoriga ta’sir ko‘rsatuvchi psixik hodisa, jarayonlar, xususiyat va holatlar tushunilib, biroq inson tomonidan dolzarb reflekslanmaydi, anglanilmaydi. Z.Freyd esa ongsiz jarayonlar anglanganlaridan sifat jihatidan farq qilmasligi va xuddi shunday reflekslanishi haqidagi g‘oyani prinsipial jihatdan inkor etadi. Uning fikricha, ong va ongsizlik turli sifat, tiplar, jarayonlarga ega bo‘lib, bundan tashqari ular turli qonunlarga ko‘ra boshqariladi. Ong o‘z ichiga predmetli, so‘z shakliga o‘ralgan tasavvurlarni olgan bo‘lsa, ongsizlik esa so‘z shaklidan mahrum bo‘lib, u faqat predmetli tasavvurlardan iborat bo‘ladi[220]. Predmetli ongsiz tasavvurlarni rasional so‘zli shaklga adekvat o‘tkazish psixoanalitik terapiya davomida amalga oshirilib, tasavvurlarni ongga aylantirishga yordam beradi. Z.Freyd ongsizlikni inson faqat onga ko‘chirish yo‘li orqaligina bilib olishi mumkinligini tushungan. Z.Freyd aynan xuddi shunday qilgan, “qay tarzda biror narsa ongli bo‘lishi mumkin?” degan savolni, u “qay tarzda biror narsa ong oldi holatida bo‘lishi mumkin?” degan shakl ko‘rinishiga o‘rab, biror narsa ong oldi bo‘lishi uchun uni mos keluvchi so‘zli tashkil etilgan qachonlardir ong idrok etgan tasavvurlar yordamida birlashtirilishi, biroq ancha vaqt o‘tganligi munosabati bilan esdan chiqarilgan bo‘lishi kerak. Natijada faqat qachonlardir ongli holda idrok etilgan bo‘lganlargina anglangan bo‘lishi mumkin [221, b.341].

A.Adler ongsizlikda xulq-atvorning asosiy deatamanti saqlanadi, deb hisoblashni davom ettirgan, psixik hayotning asosiy jarayonlarini esa avvalo insonning tabiiy mukammal emasligining natijasi va kompensatsiyasi, deb tushuntirgan [11]. K.G.Yung ta’limotida esa ong va ongsizlikning o‘zaro ta’sirini avvalo, qarama-qarshi tomonlar bo‘lmay, balki kompensator xarakterda hamda A.E.Voskoboynikov o‘z ishlarida ta’kidlaganidek, buning evaziga psixikaning ong va ongsizligi yaxlitligini ifodalovchi yalpi o‘zligini hosil etadi [243]. Ongli va ongsiz ustanovkalarni farqlar ekan, K.G.Yung fikricha, psixikaning funksional muvozanati mavjud bo‘lib, ongsizlikning faoliyati ongli ustanovkalar bilan muvozanatga keltirilsa, ong faoliyati esa ongsiz ustanovkalar bilan muvozanatga keltirilar ekan [243].

“Ustanovkalar” konsepsiyasini ishlab chiqqan D.N.Uznadze ongsizlikning strukturasi, fukksiyalari, shakllanish yo‘llarini aniqlashga uringan. Agar Z.Freyd ta’limotida psixik faollikning asosiy manbasi bo‘lib ehtiyojlar (siqib chiqarilgan xohishlar) hisoblangan bo‘lsa, D.N.Uznadze ta’limotida esa ustanovkalar xulq-atvor aktlarining asosi bo‘luvchi va ehtiyojlarni qondirishning psixofiziologik imkoniyatlari vaziyatlari asosida yuzaga keluvchi o‘ziga xos dinamik holatlar sifatida namoyon bo‘ladi. Ustanovka anglanmagan holda qolib ong jarayonlari va amaliy xulq-atvorlari aktlarining to‘laqonli ochilishini yo‘naltirib turadi. Bundan freydchasiga “quvilgan xohishlar” seksual ehtiyojlarni qondirish uchun ustanovka sifatida namoyon bo‘lib, ularga ahloqiy ustanovkalar ong mazmuni ko‘rinishida ochilishi va amalga oshirilishiga imkon bermaydigan to‘siq bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun Z.Freydning anglanmaganlik va D.N.Uznadzening “ustanovka” si inson psixikasining turli “holatlaridir” [31].

Z.Freyd fikricha, anglanmaganlik ong faolligi natijalari kira olmaydigan soha bo‘lib hisoblanadi. D.N.Uznadze esa, aksincha, vaziyatga, muhitga moslashish maqsadiga muvofiq, maqsadini nazarda tutuvchi bo‘lib hisoblanmagan, ular aloqalarini rasional tashkil etishda asosiy bo‘lgan adekvat xulq-atvor aktlarini o‘rgangan. U bunday ustanovkani psixologik darajani, “psixik anglanmaganlikni” emas, balki chuqur turmush darajasining ifodalanishi sifatida ko‘rib chiqqan [20].

Shu tarzda, olingan ma’lumotlarni tizimlashtirib, ongsizlikning (bu so‘zning keng ma’nosida) asosiy talqinini va uni inson psixikasidagi o‘rnini quyidagicha belgilash mumkin.

1. Ongsizlikni ontologik tushunish. Bunga anglanmaganlikda qandaydir dunyo ustidan turuvchi oliy reallik, dunyo yaratilishi asoslarining o‘zi bilan radikal bog‘liq naturalistik va diniy interpretatsiyalar kiradi [140], [146].

2. Chegara reduksionizmi prinsipi [31]. I.P.Pavlov anglanmagan jarayonlarga dinamik stereotipning fiziologik hodisalariga asoslangan avtomatizmlarni kiritib, shu vaqtning o‘zida ruhiy, psixik hayot ongli va ongizlikning turli tumanliklaridan hosil bo‘ladi, deb ta’kidlagan [60].

3. Ongsizlikni fiziologiklik bilan “yutib borilishi”. Fiziologik va psixologik bunday tushunilishi chuqur psixik jarayonlar miya faoliyatining fiziologik jarayonlariga borib taqaladi. Quyida yotuvchi strukturalardan ongsizlikning har qanday avtonomliligi inkor etiladi [40].

4. Ongsizlikni ong bilan “yutib yuborilishi”. U psixikaning murakkab shakllari ongdan tashqarida mavjud bo‘la olmasligi haqidagi qarashlardan kelib chiqadi. Bundan ongsizlikka rudimentar tuzilma va uni ongning u yoki bu jarayonlarida amaliy unga singib ketishi sifatidagi yondashuv kelib chiqadi[29], [67]. Masalan, V.M.Bexterev ongsizlikda “so‘nib qolgan ongli faoliyatni” ko‘rgan.

5. Ongsizlikni psixologik tushunish uni fundamental va inson psixik hayoti hamda jamiyat hayotining mustaqil sohasiga ajratishga olib keladi [16],[114],[126].

Inson psixik hayoti asosida tug‘ma filogenetik anglanmaganlik yotadi. U bilan yagona bir butunlikni hosil qilib, ontogenetik shakllangan anglanmaganlik anchagina bevosita bog‘liq hamda anglanmaganlikning ikki tipi ong oldi va ong uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi. A.E.Voskoboynikov fikricha, hayotimizning hammasi anglangan va anglanmangan jarayonlarning o‘zaro bir-biriga chirmashgan to‘qilmalaridan iborat bo‘lib, shu jumladan, tafakkurimiz ham jarayon sifatida ong va ongsizlikning ikkala darajasi bo‘yicha parallel sodir bo‘ladi [117]. Agar ongsizlik olib tashlansa, birorta ham anglangan jarayon sodir bo‘lmaydi. Unda turli tuman informatsiyalarni doimiy faol o‘zaro ta’siri va almashinishiga asoslangan ongsizlik va onglilik operasional birlikni hosil etishini eslatib o‘tadi. Muallifning ta’kidlashicha, ong va ongsizlik nafaqat bir-biriga “qarama-qarshi” turadi, balki ularni “ajratishga” qaraganda birlashtirish tomonlari anchagina ko‘proqdir. Ko‘plab barqaror psixik jarayonlar, shu jumladan, fikrlash jarayonlari ham o‘z boshlanishini ongsizlikdan, davomini esa ongdan oladi va aksincha, ko‘plab psixik tuzilmalar avval ongda bo‘lgan, biroq keyinchalik esa ongsizlik sohasiga ko‘chib (qisman yoki to‘liq) o‘tgan [117].

Shu tariqa, ongsizlik va ong o‘rtasida turli tuman informatsiya to‘xtovsiz aylanadi. Ular o‘rtasidagi aloqalar bitta yaxlitlik doirasidagi qarama-qarshiliklar birligi va o‘zaro ta’sirida ifodalanadi. Tafakkurning anglangan komponenti qayta ishlanuvchi informatsiya tanlovida oliy darajada tanlab olishi bilan farq qiladi. Bundan tashqari, ongsizlikka qaraganda ong yuqori darajada yangilikka qaratilgan. Fikrlash faoliyatining ongsiz komponenti asosan birlamchi informatsiyani qayta ishlaydi va muhimni nomuhimdan ancha yomon ajratadi. O‘zining “transformator” rolini amalga oshirar ekan, anglanmaganlik o‘z faoliyati uchun materialni anglanayotgan tajribadan ham va xuddi shunday, ongsizlikning o‘z zahiralaridan ham oladi. Psixik aks ettirishning, fikrlash jarayonining anglangan elementlari ong sohasini, anglanmaganlik esa ongsizlik sohasini hosil etadi. Shu tariqa, an’anaviy psixologiyada so‘nggi davrlargacha fikrlash jarayonlaridagi onglilik va ongsizlik ko‘p hollarda asosan o‘zaro bir-birini inkor etuvchi psixik voqelik sifatida ko‘rib chiqilgan. Agar ongsizlik faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, u holda ong bu vaqtda mavjud bo‘lmaydi. Ong ongsiz jarayonlariga yoki xotira, tafakkur, ijodning anglanmagan mazmuniga qarma-qarshi qo‘yilgan edi. Psixik aks ettirishning ong va ongsizlik sohalarini an’anaviy qarama-qarshi qo‘yish, ularni ko‘rib chiqish sekin-astalik bilan ancha keskin bo‘lmagan talqin etishga, ular mazmunidagi umumiylikni izlashga, o‘zaro ta’sir etishning mumkin bo‘lgan usullarini tahlil qilishga o‘zgara boshladi.





Download 12,26 Mb.
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   17




Download 12,26 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Ong va ongsizlik fikrlash jarayonidagi bir-birini o‘zaro inkor etuvchi voqelik sifatida

Download 12,26 Mb.