III BOB. TAFAKKUR JARAYoNIDA ONGSIZ INTELLEKTUAL FUNKSIYaLAR ANGLANGANLIKNI TO‘LDIRUVChI HODISA SIFATIDA




Download 12,26 Mb.
bet13/17
Sana19.05.2021
Hajmi12,26 Mb.
#14551
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17
III BOB. TAFAKKUR JARAYoNIDA ONGSIZ INTELLEKTUAL FUNKSIYaLAR ANGLANGANLIKNI TO‘LDIRUVChI HODISA SIFATIDA

3.1. Tafakkur jarayoniga ta’sir ko‘rsatishda aytib berishlarning roli

Psixika – jarayon sifatida boshlang‘ich va eng muhim psixologik voqelik bo‘lib, unda insonning dunyo bilan o‘zaro ta’siri mobaynida barcha psixik (anglangan va anglanmagan) hodisalar, funksiyalar, holatlar, xususiyatlar va boshqalar shakllanadi [53].

Psixik jarayon sifatidagi nazariya nuqtai nazaridan S.L.Rubinshteyn anglanganlik va anglanmaganlikning o‘zaro aloqasi haqidagi o‘zining dastlabki qarashlarini ancha chuqurlashtiradi va rivojlantiradi. Barcha psixik jarayonlar (shu jumladan, fikrlash ham) har doim anglanganlik va anglanmaganlikning turli darajalarida bir vaqtning o‘zida shakllanadi. Sezgida aks etgan qo‘zg‘atuvchilar ob’ektlar sifatida anglanmasdan, signallar sifatida ta’sir etishi mumkin. Insonlar ko‘pincha to‘g‘ri mantiqiy xulosalarni uning asosini anglab yetmasdan chiqarishadi (masalan, qoidani bitta vazifadan ikkinchisiga ular o‘rtasidagi umumiylikni anglab yetmasdan ko‘chirishadi) [189].

Biz ko‘p jihatdan S.L Rubinshteyn maktabida ishlab chiqilgan tafakkurdagi anglanganlik va anglamaganlikning o‘zaro aloqasi haqidagi qarashlari tarafdorimiz. Ushbu pozisiyaning mohiyati – fikrlash jarayonida anglanganlik va anglamaganlikning birligi ekanligidan iborat. Biror bir vazifani yechishda anglanganlik va anglamaganlikning uzluksiz o‘zaro ta’siri sodir bo‘ladi.

Anglanganlik va anglamaganlikning uzluksizligi S.L.Rubinshteyn va uning maktabi vakillari tomonidan avvalambor tafakkur jarayon sifatida nazariy va eksperimental tadqiqotlar davomida muntazam o‘rganib chiqilgan bo‘lib, u psixikaning jarayon sifatidagi fundamental xususiyatlaridan biri bo‘lib hisoblanadi [5], [47], [48]. Tafakkur insonni ob’ekt bilan uzluksiz o‘zaro ta’siri bo‘lganligi uchun ham jarayon bo‘lib hisoblanadi. S.L.Rubinshteyn inson psixikasini ikkita bir-biriga zid anglanganlik va anglamaganlik sohalariga, sferalarga ajratish mumkin emas, degan xulosaga kelgan. Biroq boshimizdan kechirganlarimizning hammasi ham birdek anglanavermasligiga shubha yo‘q. Ongga ega bo‘lgan insonda mutlaqo ongga tegishli bo‘lmagan, to‘liq ongdan tashqaridagi psixik kechinmalarning bo‘lishi mumkin emas, aks holda ular psixik emas, balki fiziologik jarayondir. Biroq hech qanday anglanmaganlik mavjud bo‘lmagan yoki to‘liq anglanganlik to‘g‘risida faqat ideal chegara sifatida gapirish mumkin. Shuning uchun har qanday anglangan mazmun odatda o‘z ichiga to‘liq va to‘liq bo‘lmagan anglangan bog‘liqlik va munosabatlarni oladi. S.L.Rubinshteyn maktabi amaliy jihatdan fikrlash faoliyatiing barcha bosqichlarida anglanganlik va anglamaganlikning uzluksiz o‘zaro aloqasini aks ettiradi. Ong o‘z ichiga anglanganlik va anglanmaganlikning u yoki bu munosabatini oladi. S.L.Rubinshteyn anglanmagan xatti-harakatlar deganda, inson o‘zi bilmay sodir etgan xatti-harakatlarni emas, balki inson tomonidan uning oqibatlari bilan munosabatlari ko‘rib chiqilmagan xatti-harakatlarni tushunadi. Xuddi shunday anglanmagan yoki ongsizlikdagi mayllar - bu predmetlari anglanmagan mayllardir [106]. Olim fikricha, modomiki tafakkur ishlashining eng ahamiyatli tomoni narsalarni yangi aloqalarga kiritishdan iborat ekan, narsalarning yangi, ularning g‘ayrioddiy sifatlari anglanishi yuzaga kelishidan iborat. S.L.Rubinshteyn izdoshlari va shogirdlarining eksperimental ishlarida muntazam ravishda tadqiq etilgan tafakkurning asosiy psixologik mexanizmlaridan biri (sintez orqali analiz) ana shulardan iborat [52,106]. Shu bilan birga sintez orqali analiz anglanganlik va anglanmaganlikning o‘zaro bir-biriga o‘tish mexanizmi bo‘lib, A.V.Brushlinskiy fikricha, odatda yetarli darajada inobatga olinmaydi. Bunday o‘zaro bir-biriga o‘tish esa, avvalambor, anglash va affektivlik o‘rtasidagi antagonistik, qarama-qarshi munosabatlarga bog‘liq bo‘ladi. A.V.Brushlinskiy psixikaning uzluksizligi har doim anglanganlik va anglanmaganlik bir vaqtning o‘zida turli xil, lekin o‘zaro bog‘liq darajalarda shakllanadi va amalga oshiriladi, uning roli katta ahamiyat kasb etadi deb hisoblagan. Uni to‘g‘ri tushunish uchun anglanganlik va anglanmaganlikning umumiy ko‘rinishda asosiy, boshlang‘ich munosabatlarini ochib berish zurur bo‘ladi. A.V. Brushlinskiy fikriga ko‘ra, bu munosabat boshidanoq va har doim nodiz’yunktiv bo‘lib hisoblangan [51].

N.N.Pletenevskaya fikricha, tafakkur psixologiyasida sub’ektli-faoliyatli yondashuv nuqtai nazaridan fikrlash faoliyatini amalga oshirishning barcha bosqichlarida anglanganlik va anglanmaganlikning o‘zaro aloqasini o‘zida aks ettiruvchi tasavvur rivojlanmoqda. Har qanday anglangan fikrlash harakati anglanmagan komponentga ega hisoblanadi [126].

Zamonaviy tafakkur psixologiyasida fikrlash jarayonining uchta asosiy darajasi va komponenti ajratiladi:

- rasmiy;

- operasional;

- protsessual.

Psixologik tahlil uchun tafakkur shakllanishi operasional va protsessual darajasining o‘zaro aloqasini ko‘rib chiqish muhim hisoblanadi [126].

Shu bilan bog‘liq tarzda N.N.Pletenevskaya fikricha, aynan protsessual jabhaning fikrlash faoliyatini interpretatsiyalashga kiritilishi sinaluvchilar tomonidan topshiriqni bajarish davomida tafakkurning anglangan va anglanmagan tarkibi orasidagi uzluksiz ta’sirini aniqlash hamda tafakkurda anglanganlik va anglanmaganlik aloqasini adekvat izohlashga imkon beradi. Anglanganlik va anglanmaganlikning tafakkur jarayonidagi aloqasi eksperimental tarzda aniqlangan bo‘lib, bu topshiriqni bajarishning turli bosqichlarida tafakkurning ushbu ikkala jabhasini bir vaqtda ko‘rgazmali ravishda namoyon etish imkoniyatini beradi. Protsessual yondashuv tarkibida idrokning subsensor darajasida ta’sir ko‘rsatuvchi aytib turishni qo‘llash orqali fikrlash vazifasini yechishning anglangan va anglanmagan jarayonlarning o‘zaro ta’siri eksperimental tarzda birinchi marta o‘rganildi. Aytib turish tipini aqliy xarakatlar va operatsiyalar bilan solishtirgan holda tafakkurning jarayon sifatida kechishiga ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan [127].

Inson har doim maqsadni, hech bo‘lmaganda ayrim motivlarni, u yoki bu sa’y-harakatlari, xatti-harakatlari, umuman, faoliyatining oqibatini anglaydi. Xuddi shunday, aksincha, ushbu holatlarning barchasida u hech qachon u yoki bu faoliyatni amalga oshirish uchun barcha vosita, usul, harakat mexanizmlari va boshqalarni to‘liq anglab yetmaydi. A.V. Brushlinskiy eksperimentlarida aksariyat sinaluvchilar odatda o‘z tafakkur jarayonlarini anglamagan, biroq ushbu jarayon mobaynida ular oldiga qo‘yilgan vazifalarning o‘zlari uchun kutilmaganda to‘g‘ri javobini topishgan.

Fikrlash jarayonida murakkab funksional o‘tishlar amalga oshiriladi, qandaydir bosqichda abstrakt va hissiy bilimlar bilan operatsiya olib borish bo‘yicha bo‘lingan faoliyat mos ravishda miyaning o‘ng va chap yarim sharlari yordamida amalga oshiriladi hamda izlangan natijani olishga muvaffaq bo‘lgan holda kutilmaganda birlashadi. P.V.Simonov fikricha, ijodiy tafakkurning neyrofiziologik asoslarini tushunish uchun bosh miya peshona qismi funksiyalari alohida ahamiyatga egadir. O‘ng va chap yarim sharlarning old qismlari faoliyati hisobiga ikki xil qarash – hayoliy va tanqidiy fikrlar dialogi yuzaga keladi hamda farazlarning anglangan mantiqiy tanlanishi amalga oshiriladi. Bosh miya ikki yarimsharlarining funksional asimmetriyasi ijodiy jarayonning anglangan va anglanmagan komponentlari o‘zaro ta’sirining neyrobiologik asosi bo‘lib xizmat qiladi [117].

Ilmiy-nazariy, ijodiy masalalarni yechishga kelsak, bunda fikrlash bosqichlarini murakkabroq bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Juda ko‘p turli-tuman sxemalar mavjud bo‘lib, ular 5 ta shartli bosqichlardan iborat.

1.Topshiriqni aniqlashtirish va shakllantirish uchun kerakli bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni to‘plash. Vazifani aniq shakllantirish bu vazifani yechishning yarmini tashkil etadi.

2.Qo‘shimcha ma’lumotni topishga kuchlarning to‘planishi. Agar shunda ham vazifa yechilmasa, keyingi bosqichga o‘tiladi.

3.Muammodan qochish, boshqa topshiriqlarga o‘tish. Bu davr inkubatsiya davri deb nomlanadi.

4.Yoritish yoki insayt. Insayt – bu doim ham o‘ziga xos g‘oya bo‘lib qolmay u oddiy ko‘rinish gumondir. Tashqaridan insayt mantiqiy uzilish, tafakkurdagi sakrash mantiqiylik chegarasidan qutulib bo‘lmaydigan yo‘ldan kelib chiqmaydigan natijani olishdek ko‘rinadi. Katta iste’dodga ega bo‘lgan insonlarda bu sakrash juda katta bo‘ladi. Lekin har qanday ijod aktida hattoki, maktab o‘quvchisi tomonidan arifmetika bo‘yicha topshiriqlarni yechishda ham mikroskopik o‘lchamlarda bo‘lsa-da bunday uzilishlar bo‘ladi.

5. Tekshirish.

Bixevioristlar fikricha, tafakkur javob berishning individual tajribasi shakllanishini ta’minlovchi uzoq muddatli o‘rganish asosida yuzaga keladi S.N.Shepin fikricha, ijodiy tafakkur fikrlashning eng yuqori darajasi, ixtirolar, kashfiyotlarning original mahsuliga erishish (yaratish)ni ta’minlovchi xulq-atvorning original shakllari namoyon bo‘lish imkoniyatlariga mos keladi. Ijodiy tafakkur muallif tomonidan xulq-atvor (faoliyat) shakli sifatida qaraladi va o‘rganish natijasi hisoblanadi, faqatgina alohida individlar ijod qila olish imkoniyatiga egadirlar [64].

Inson tomonidan harakat amalga oshirilganda tafakkur jarayoni har doim harakatni boshqarish uchun yangi axborot zarur ekanligi ma’lum bo‘lganda yuzaga keladi. Mazkur ma’noda fikrlash jarayoni harakatni bajarishning insonga tanish bo‘lgan prinsiplari va usullari o‘rtasidagi tarqoqlik natijasida vujudga keladi. Biroq bu tarqoqlik harakatning berilgan va talab qilinayotgan komponentlari o‘rtasidagi kelishmovchilikni aniqlash orqaligina amalga oshiriladi. A.M.Matyushkin ta’kidlashicha, harakatni bajarishning yangi sharoitlari fikrlash jarayonida ma’lum harakatga qo‘yiladigan yangi talablar, o‘tgan tajribada egallangan harakat komponentlari o‘rtasidagi kelishmovchilikni aniqlash orqali singdiriladi. Bunda tafakkur jarayoni yuzaga kelgan kelishmovchilikni yengish uchun zarur bo‘lgan yangi axborotni aniqlashga, harakatni bajarish uchun adekvat sharoitlarning yangi boshqaruvchi asosini qurishga xizmat qiladi. Muammoli vaziyatda noma’lumni izlash va topish jarayonining muhim tavsifi shundaki, bu jarayonda mantiqiy o‘zgarish qonuniyatlaridan tashqari inson intuitiv fikrlash qonuniyatlari ham namoyon bo‘ladi.

Shunday qilib, real fikrlash jarayoni anglanganlik va anglanmaganlikning uzluksiz o‘zaro ta’siridadir. Yuqorida aytib o‘tilgan keng tarqalgan nuqtai nazardan farqli o‘laroq anglanganlik va anglanmaganlik munosabatlari avval boshdanoq uzluksiz bo‘lmay, avvalambor bu tafakkur jarayonida yangilik, noma’lumlikni topish, ochish bir vaqtning o‘zida anglanganlik va anglanmaganlikning barcha darajalarida amalga oshirilib, avval anglangan holda sodir bo‘lib, faqat keyinchalik xuddi “biror eski sana bilan” ong darajasiga o‘tkazilmaydi. Real tafakkurning barcha bosqichlari, hatto mikro bosqichlarini xarakterlovchi anglanganlik va anglanmaganlikning bu uzluksizligida psixikaning nodiz’yunktivligi yana namoyon bo‘ladi. Tafakkur jarayoni uzluksiz, nodiz’yunktiv, noizomorf sifatida tushuniladi. Tafakkur jarayoning asosiy mexanizmi – sintez orqali analiz – shaxs tomonidan ob’ektning boshqa ob’ektlar bilan fikran yoki real aloqalar tizimiga kiritilishi va shu asosda ob’ektning yangi xususiyatlarini aniqlash orqali o‘rganishi hisoblanadi.

Tafakkur jarayoning asosiy mexanizmi sifatidagi sintez orqali analiz fikriy faollikning kreativ tabiatini avvaldan ta’minlab, bunda bilish ob’ekti doimo shaxs uchun avval individual ongga taqdim etilmagan yangi sifat va xususiyatlarida namoyon bo‘ladi.

Tafakkurning jarayon sifatidagi bosqichlari va darajalari mezonlari quyidagilardan iborat (3.1- rasm):

- sub’ekt ilgari surgan izlanayotgan yechim bashoratining xarakteri;

- masala shartlari va talablari o‘zaro munosabatining aks etishi;

- aytib turishlarni qabul qilish va qabul qilmaslik;

-vazifaning asosiy komponentlarini umumlashtirish darajasi hisoblanadi [50, 110].

A.V Brushlinskiy tasvirlagan bir lahzali bo‘lmagan insayt - vazifani yechishning har bir bosqichida anglanganlik va anglanmaganlikning uzluksiz o‘zaro ta’sirining isbotidir. Bunda inson u yoki bu g‘oyani ochishga sekin-astalik bilan keladi va u avvaldan o‘zi chiqargan qarorning to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilmaydi [153].

Bir lahzali bo‘lmagan insayt tafakkur bashorat qilish bo‘lib hisoblanishi haqidagi faktni tasdiqlaydi, ya’ni fikrlash jarayonining har bir bosqichi darajasida sub’ekt bashoratni ilgari suradi, bo‘lishi kerak bo‘lgan yechimni oldindan fahmlaydi, keyinchalik esa uni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini asoslay boshlaydi.

Insayt, fikriy yoritish, fikrlashning keskin va tez kechishi muammosi, albatta, tafakkur nazariyasi uchun klassik nazariya hisoblanadi. Ilmiy adabiyot tahlilidan kelib chiqqan holda insaytni to‘satdan paydo bo‘lish deb, ta’riflash mumkin. Bu sub’ekt xulq-atvorida yechish prinsipini topish bilan bog‘liq sifatiy o‘zgarishlarning lahzalik xarakteri.

A.V.Brushlinskiy tomonidan boshqa bir g‘aroyib holat – lahzasiz insayt aniqlangan. Bu shundan dalolat beradiki, fikriy izlashda anglanganlik va anglanmaganlik o‘rtasida keskin qarama-qarshilik mavjud emas. Tafakkurning ong hamda ongsiz bosqichlarida anglanganlik va anglanmaganlikning u yoki bu mutanosibligi bo‘ladi [47].

“Ongsizlik” deganda odamda shunday psixik jarayonlar va tuzilmalar tushuniladiki, ular faoliyatni bajarish mobaynida uni o‘zgartirishga ta’sir ko‘rsatadilar, biroq ong akti bo‘lib qolmaydilar. Inson faolligining biror bir shakli yo‘qki, unda anglanmaganlik u yoki bu darajada sub’ekt tomonidan amalga oshiriladigan bilish jarayoni sifatida namoyon bo‘lmagan bo‘lsa, yoki tafakkur orqali nafaqat anglanganlik va anglanmaganlikning, balki shuningdek, eksplisitlik va implisitlikning uzluksiz o‘zaro ta’siri bilan xarakterlanmagan bo‘lsa.

Imlisitlik-eksplisitlik muammosi ko‘pincha anglanganlik-anglanmaganlik bilan bog‘liq. Bizningcha, eksplisitlik va implisitlik ko‘pincha anglanganlik va anglanmaganlikning ontologik analoglari bo‘lib hisoblanadi. Onglilik va anglanmaganlik faqatgina psixikani tashkil etuvchilar emas, balki to‘liq sub’ektiv holatlardir. Ular ontologik asoslarga ega bo‘lib, inson mavjudligini hosil qiladi. Anglanmaganlik narsalarda, borliqda implisitlik sifatida bor, ya’ni mavjud hissiyotlar, obrazlarda aks etuvchi, lekin tafakkurga ma’lum bo‘lmagan, aniqlanmagan, anglanmagan, ob’ektda verballashtirilmagan, biroq mavjud bo‘lgan holatlar yoki jarayonlar silsilasidir.

Ongsizlik - sub’ekt borlig‘ining bir qismidir; ongda bo‘lmagan yoki aniq aks etmagan ob’ektda ruhning intensiyasi, shaxsning ma’lum ma’noda intilishning manbaini tushunmagan holda intilishi, uni amalga oshirgandan keyin yuz beradigan tuzilmalari va oqibatlarini hali tasavvur qilmasdan turib harakat qilishidir.

Shu tariqa tafakkur boshidanoq oldindan berilmagan jarayon bo‘lib hisoblanadi. A.V.Brushlinskiy bo‘yicha bashorat qilish orqali tafakkurning asosiy paradoksi hal etilib, bu qadim davrlardayoq shakllantirilgan - agar men nimani qidirayotganimni bilsam, u holda nima uchun men qidiraman, agar men nimani qidirayotganimni bilmasam, u holda men qanday qilib qidirishim mumkin? Inson o‘z shaxsiy sa’yi-harakatlari natijalarini, izlanayotgan yechimni avvaldan fahmlab, taxminlarni ilgari suradi. Tafakkurning avval boshidayoq inson nimanidir biladi, nimanidir oldindan fahmlaydi va hammasi yoki hech qaysisi holati bo‘lmaydi.

Fikriy izlanishlarda anglanganlik va anglanmaganlik birligi haqidagi so‘nggi nuqtai nazar, bizning fikrimizcha, eng istiqbollisidir. Tafakkurda anglanganlik va anglanmaganlik yaqindan bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqligining ehtimoli ko‘p. Agar bu shunday bo‘lsa, u holda ular o‘zaro bir-biriga ta’sir ko‘rsatishadi. Tafakkurning bitta darajasi o‘zgarishi (masalan, anglanmagan komponentlari) bilan boshqa darajasi (anglangan) ham o‘zgaradi. Ushbu taxminni tekshirib ko‘rish va tafakkurda anglanganlik va anglanmaganlik ta’sirining turli shakllarini aniqlash uchun biz an’anaviy aytib turishlar metodlaridan foydalandik. Aytib turishlarning o‘zi bu holatda fikriy izlanishlarning noaniq, yashirin determinatsiyasi sifatida keladi. Undagi vazifa va verbal aytib turishlar tizimidan o‘zgartirishlarsiz foydalanilgan.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan eksperiment doirasida “subsensor” aytib turishlardan unga yanada ko‘proq anglanmagan tusini berish uchun foydalandik. Subsensor soha tushunchasini ilk bor fiziolog G.V.Gershuni anglanmagan qo‘zg‘atuvchilarning hulq-atvorga ta’siri dalillarini belgilash uchun kiritgan. Adabiyotlarda ham subsensor idrok (lot. sub - ostida va sensus - sezgi, his etish) tushunchasiga sub’ekt faoliyatiga ta’siri haqida o‘ziga hisobot bera olmaydigan qo‘zg‘atuvchilar bilan asoslanuvchi voqelikni bevosita psixik aks ettirish, anglanmaganlikning shakllaridan biri sifatida ta’rif berilgan. Sezgi chegaralari muammosining tahlilidayoq xulq-atvorga anglanmagan qo‘zg‘atuvchilarning ta’siri haqidagi dalil aniqlangan [38]. Zamonaviy fanda ularni belgilash uchun “diqqat oldi” va yuqorida aytib o‘tilgan “subsensor soha” tushunchalari taklif etilgan [151].

Ayrim tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, chegara osti (anglanmagan) stimullarni (qo‘zg‘atuvchilar) ko‘rsatilishida shartli reflekslarning shakllanish imkoniyatidan foydalanib insonni bir nechta chet tillariga, tez o‘qishga o‘rgatish mumkin. Masalan, til o‘rganishning videoelektron vositalari “Ekspolingva-96” Moskva Xalqaro ko‘rgazmasida ta’limning suggestologik metodi yordamida har bir ko‘rgazmaga kelgan kishi uni qiziqtiruvchi, xatto arab va xitoy tillari asoslarini bir nechta mashg‘ulotlar davomida egallab olishi mumkin ekan. 1987 yil Neyrofiziologiya va oliy nerv faoliyati instituti tomonidan ta’limning ushbu metodning mutloq xavfsizligi va foydaliligi haqida rasmiy xulosa berilgan. Biroq na vatanimiz, na chet el adabiyotlarida subsensor aytib turishlardan tafakkur psixologiyasi sohasidagi tadqiqotlarda foydanilganligi bizga ma’lum emas [47]. Bunday aytib turish mohiyati uning mazmuni asosiy vazifa sharti va talablari bilan faqatgina bilvosita bog‘langanligi, ya’ni u noaniq, implisit ko‘rinishda ekanligidan iborat. U subsensor darajada berilgan bo‘lib, bu jarayon juda tez amalga oshiriladi.





Download 12,26 Mb.
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17




Download 12,26 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



III BOB. TAFAKKUR JARAYoNIDA ONGSIZ INTELLEKTUAL FUNKSIYaLAR ANGLANGANLIKNI TO‘LDIRUVChI HODISA SIFATIDA

Download 12,26 Mb.