I BOB. ONGLILIK VA ONGSIZLIK MUAMMOSINING NAZARIY JIHATLARI




Download 12.26 Mb.
bet9/17
Sana19.05.2021
Hajmi12.26 Mb.
#14551
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   17
I BOB. ONGLILIK VA ONGSIZLIK MUAMMOSINING NAZARIY JIHATLARI

1.1. Psixologik tadqiqotlarda tafakkur muammosini o‘rganilganlik holati

Y.V.Lining “Ilmiy ijodda onglilik va ongsizlik muammosi”ga oid izlanishlarida ilmiy ijodda onglilik va ongsizlik muammosining zamonaviy ilmiy-falsafiy va metodologik-qiyosiy tahlili berilib, ijodiy tafakkur, fikrlash madaniyati, ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, tafakkurni rivojlantirish, sub’ektiv voqelikning ong osti qatlamlari (plastlari)ni faollashtirish hamda ilmiy ma’naviy qadriyatlarni rivojlantirishda onglilik va ongsizlikning o‘rni va ahamiyati beqiyosligini ta’kidlaydi.

G.Ro‘zmatova “Freydizmda inson masalasining falsafiy tahlili” mavzusidagi ilmiy izlanishlarida freydizm vakillari ta’limotida ong va ongsizlik o‘rtasidagi munosabatni turlicha hal qilinganligi ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqotchi ong va ongsizlik o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik dialektikasi freydizm vakillarining inson ruhiyatiga oid fikrlarini Sharq mutafakkirlarining inson ruhiy olamiga oid ba’zi bir g‘oyalari bilan taqqoslab o‘rgangan. Shuningdek, muallif A.Adlerning “individual psixologiyasi”da ong va ongsizlikning o‘zaro munosabati haqidagi qarashlarini yoritib bergan.

E.G‘.G‘oziyev ta’kidlashicha, fikrlash yoki fikr yuritish inson aqliy faoliyatining, aql-zakovatining, muomala maromining, ongli xulq-atvorining yuksak shakli bo‘lib hisoblanadi. Psixologiya fani nimadan bahs qiladi, degan an’anaviy savol mavjuddir, biroq hozirgi davrda “Tafakkur psixologiyasi predmeti nima?” degan savol tug‘ilmoqda. Ma’lumki, psixologiya fani tafakkurni o‘rganadigan yagona fan emas, chunki, uning ayrim jihatlarini mantiq, falsafa, hatto kibernetika tadqiq qilmoqda. Shuning uchun tafakkur psixologiyasi predmetini aniqlash juda muhim masalalardan biriga aylanmoqda.

Psixologiyada tafakkurga nisbatan berilgan qator tushunchalar mavjuddir, jumladan jarayon, fikr yuritish faoliyati, bashorat qilish, anglashilgan bilimlar, aql mezoni, fahmlilik va boshqalar. Yuritilgan fikrlarga suyangan holda, tafakkurga quyidagi shartli ta’rifni berish mumkin. Tafakkur atrof-muhitdagi voqelikni nutq yordami bilan bavosita, umumlashgan holda aks ettiruvchi psixik jarayon, ijtimoiy-sababiy bog‘lanishlarni anglashga, yangilik ochishga va bashorat qilishga yo‘naltirilgan aqliy faoliyatdir. Tafakkur predmetini belgilash mashaqqati uning murakkab bilish jarayoni ekanligini yana bir karra tasdiqlab turibdi.

Shuningdek, E.G‘.G‘oziev ong tuzilmasining yangicha talqinini yaratib, uning tarkibi: a) obrazni his qilish imkoniyati; b) borliqdagi narsalarning qadr-qiymati; v) atrof-muhit obektlarining ma’no kasb etishi. Ongning funksiyalari: a) aks ettiruvchanligi; b) ijodiylikning vujudga keltiruvchanligi; v) baholovchanligi; g) boshqaruvchanligi;


d) refleksivligi; ye) ma’naviyligidan iborat. O‘zini o‘zi anglashning omillari: a) oilaviy muhit ta’siri; b) milliy muhit va milliy til vositalari; v) ma’rifiy, ma’naviy, madaniy qurshov; g) maxsus hayotiy vaziyatlar va favquloddagi hodisalar. Ongning hislatlari: a) borliq, ob’ektlari va jamiyat sub’ektlari bilan munosabat o‘rnatish; b) biosfera va noosfera hodisalarini anglash (tushunish, bilish); v) tabiiy va ijtimoiy holatlar hamda hodisalarga hamdardlik (empatiyaniig namoyon bo‘lishi). Ongning xususiyatlari: a) reaktivligi; b) sezgirligi; v) refleksivligi;
g) taraqqiyotning ixtiyorsizligi (spontanligi); d) polifonikligi;
e) dialogizmga moyilligi va hokazolar tashkil etadi, deb ta’kidlaydi.

Z.T.Nishanova ijodiy fikrlash modelining ierarxik tuzilishga, ya’ni: a)muammo mohiyatiga kirish motivi (motivatsiyasi); b)shaxsiy ahamiyat kasb etuvchi motiv (motivatsiyasi) mujassamlashuvi; v)muammo yechimini topish uchun aqliy va uslubiy vositalar tanlash; g)saralangan aqliy va uslubiy vositalarni amaliyotga tatbiq etish; d)echish usullariga o‘zgartirishlar va tuzatishlar kiritish; ye)echim to‘g‘riligini tekshirish va baholash; yo)fikrlashdan qoniqishning shaxsiy ma’no ahamiyat kasb etishi; j)yakka bilish holatidan uzluksiz xususiyatga ega bo‘lgan shaxslilik sifatiga aylanishini o‘z ilmiy konsepsiyasida isbotlab bergan.

R.I.Sunnatova o‘zining “Fikrlash faoliyatining individual-tipologik xususiyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida fikrlash faoliyatida qaror qabul qilishning reproduktiv va mahsuldor xarakter tafovutlari, psixologiya fanida isbotlanganidek, masalani hal etish samaradorligi bilan emas, balki o‘zi uchun yangilik ochish bilan, masalani hal etish usullarini o‘zgartirish bilan bog‘liq, ya’ni masalani hal etish mahsuldorligi sub’ektning fikrlash faoliyatida rivojlanishi bilan, masalani hal etish bo‘yicha sub’ekt mustaqil rivojlanish imkoniyatlari bilan uzviy bog‘liqlikda kechishini isbotlagan.

Psixologik tadqiqotlarda tafakkurni o‘rganish muammolari fanlararo xarakterga ega bo‘lgan, kompleks ko‘p rejali fenomen sifatida ko‘rib chiqiladi. Uning ayrim jihatlari kognitiv psixologiya, psixofiziologiya, psixolingvistika, madaniy antropologiya kabi fanlar doirasida ham o‘rganiladi. Ulardan har biri tafakkurning biologik modelidan tortib, to uning rivojlanishi va faoliyat ko‘rsatishining lingvistik muammolarini o‘z predmeti doirasiga kiritadi. Psixologiyada tafakkurni o‘rganish “aqliy xatti-harakat” jihatini ochib beruvchi kognitiv jarayonlardan biri sifatida ko‘rib chiqilib, u materialni abstrakt manipulyatsiya qilishga kiradi. Tafakkur an’anaviy tushunishga ko‘ra voqelikni umumlashtirilgan va bilvosita aks ettirish bilan xarakterlanuvchi insonning bilish faoliyati jarayonidir. Jarayon sifatidagi tafakkur inson faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Atama faoliyatning har xil turlarini qamrab oladi (ijod, intellektual mashqlar, muammoni yechish). Biroq, V.I.Ovcharenko tafakkur haqida fikr yuritar ekan, “keng aniqlanadigan tafakkur bu barcha psixologiyadir; tor aniqlanishda esa uni hech qanday aloqasi yo‘qdek bo‘lib tuyuladi” deb e’tiborga olgan. Uning fikricha, ushbu atama tushunchalarni shakllantirish, vazifani yechish, intellektual faoliyat ko‘rsatish, xotira, informatsiyani ramzlar jihatidan qayta ishlash, barcha hayol va ijodkorlik bilan bog‘liq bo‘lib, barcha fikrlash sa’yi-harakatlarini qamrab oladi. V.M.Rozinning ta’kidlashicha, psixologiyadagi atamalarning hammasi ham shunday keng ma’noda tarmoqlangan bo‘lmay, konnotatsiya va qo‘llanilish usulini katta kenglikda qamrab oluvchi emas.

Tafakkurni tushunishning ko‘p ma’noli ekanligiga qaramay, tafakkur tushunchasining barcha ta’riflariga mos umumiy jihatlari ham mavjud bo‘lib, unga ko‘ra bu – ramziy jarayonlarni ifodalash, bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lmagan va uning o‘ziga xosligi xabarlar (mantiqiy xulosalar chiqarish) yoki xulq-atvor aktlaridan kelib chiquvchi (masalan, muammoni to‘g‘ri yechish) yashirin, implisinit jarayonlar sifatida ko‘rish, tafakkur jarayonida ayrim ma’no mazmuni bilan manipulyatsiyalar sodir bo‘ladi, eng umumiy muammolar sifatida fikrlashning kechishining o‘ziga xosligini, tafakkur shakllarini va fikrlash operatsiyalarini o‘rganishni ajratib ko‘rsatishdir. Ayrim mualliflar inson tafakkurini xotirada mavjud bo‘lgan tasavvur va obrazlarning ijodiy qayta tuzilishi sifatida ham tushunishadi. Ular tafakkurni anchagina aniq chegaralarini aniqlash uchun uni turli mezonlar bo‘yicha turlarga ajratishdan foydalanishadi. Ko‘rgazmali - sa’yi-harakat, ko‘rgazmali - obrazli, nazariy va amaliy, diskursiv va intuitiv, reproduktiv va produktiv (ijodiy) tafakkur turlariga ajratish keng tarqalgan bo‘lib, bundan tashqari ijtimoiy, lingvistik, fazoviy-obrazli, realistik va autistik tafakkur turlari ham o‘rganiladi. Zamonaviy psixologiyada “intellekt” konsepsiyasini “tafakkur” tushunchasining sinonimi sifatida keng talqin qilish tendensiyasi mavjudligini inobatga olgan holda, intellekt turlari tasnifining kengayishi - kristallashgan intellekt, o‘zgaruvchan turg‘un bo‘lmagan, konkret, amaliy intellekt (R.Sterpberg), ijtimoiy intellekt (E.Torndayk), emotsional intellekt (Dj.Meyer, P.Selovey), naturalistik, ma’naviy, ekzistensial intellekt (X.Gardner), sintezlangan intellekt (F.Ditman-Koli, P.Bole), adaptiv intellekt (S.Berg, D.Uotson), effektiv intellekt (R.Pellegrino, M.Politis), professional intellekt (M.Smulson) ajratilishi hisobiga uning differensiallashuvi kuchayadi. Shuni ta’kidlash lozimki, intellekt muammosi bilan yaxlit tafakkur va xuddi shunday uning alohida turlarini ham, shu jumladan, ijodiy tafakkur faoliyati ham bog‘liq. Ushbu tushunchalar sinonim sifatida ham ishlatiladi, biroq “tafakkur” va “intellekt” tushunchalarida ma’lum bir kategorial o‘ziga xoslik mavjud. Avval boshidan intellekt faqatgina inson psixikasining rasional fikrlash funksiyalariga nisbatan tegishli bo‘lib, bugungi kunda bu asos atama bilish jarayonini yaxlitlikda qamrab oladi. Psixologiyada tafakkur va intellekt munosabatlari haqidagi masalaning hal etilishi “intellekt” tushunchasi, uning mazmuni, strukturasi, unga kiruvchi omillar, ular o‘rtasidagi intellektning turli modellarida aks etuvchi (bir faktorli, multifaktorli va “ierarxik”) o‘zaro munosabatlari tushunchalariga umumiy aniqlik kiritish qiyinligi bilan to‘qnash keladi. O‘tgan asrning 90-yillaridagi tadqiqotlarda an’anaviy intellekt testlari muammoli vaziyatni muvaffaqiyatli hal etish o‘rtasidagi aloqani mavjud emasligini ko‘rsatdi, natijada psixologiyada kreativ tafakkur tushunchasi ajralib chiqdi.

Ch.Spirmenning bir faktorli intellekt nazariyasida intellektning asosi qilib “umumiy aqliy energiyani”, inson aqliy faolligini ifodalovchi aqliy faoliyatni bajarish uchun umumiy bo‘lgan q general faktori olinib, u bir-biri bilan aloqador bo‘lmagan ko‘plab maxsus faktorlar nisbati, aralashmasi sifatida tushuniladi. Aqliy qobiliyatlarni aniqlash uchun testlarning qo‘llanilishi qanchalik mulohaza qilinmasin, faktori ortida umumlashtirishga bo‘lgan qobiliyat


yotadi.

Intelektning multifaktorli nazariyasida uning asosi qilib ko‘plab maxsus, bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan faktor olinib, ular soni oshib borish tendensiyasiga ega. Dj.Gilford ko‘plab faktorlarning mavjudligini murakkab fenomen bo‘lgan intellektning mazmunini aks ettirganligi sababli qonuniyat deb hisoblagan. Intellektning oraliq, “ierarxik” nazariyasida q general faktorini ko‘plab maxsus faktorlarni oraliq faktorlar - verbal va noverbal intellekt orqali bog‘lashga harakat qilinib, ularning har biri qobiliyatlarning turli xil tomonlarini aniqlab beradi.

Bine-Simon testi metodikasining dastlabki variantlarida “intellekt koeffisenti” (IQ)ni intellektga kiruvchi ijodiy tafakkur bilan bevosita bog‘liqligini yaqqol ko‘rinib turgan narsa deb hisoblangan. Keyingi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, IQsi yuqori bo‘lgan bolalar ijodiy xarakterdagi vazifalarni har doim ham yaxshi yecha olishmaydi [151].

Tahliliy materiallar to‘plamlarida intellektning shakllanish muammosiga quyidagi asosiy yondashuvlar (tushuntirib beruvchi modellar) ajratib ko‘rsatiladi. Fenomenologik yondashuv doirasida intellekt ong mazmunining o‘ziga xos shakli sifatida ko‘rib chiqiladi (K.Dunker[104]; M.Vertgeymer[79]va boshqalar). Intellektni genetik modelida u tabiiy sharoitlarda insonning tashqi dunyo bilan o‘zaro ta’sirida atrof muhit talablariga murakkablashib boruvchi adaptatsiya natijasi hisoblanadi (J.Piaje [172] va b.).

Ijtimoiy-madaniy yondashuv intellektni ijtimoiylashuv jarayoni va madaniyatning umumiy ta’siri natijasi sifatida tushuntiradi (Dj.Brunner [65]; L.S.Vigotskiy [83] va b.). Protsessual-faoliyatli paradigmada intellekt inson faoliyatining o‘ziga xos shakli hisoblanadi (S.L.Rubinshteyn [188]; A.V.Brushlinskiy [69]; K.A.Abulxanskaya-Slavskaya [9] va b.). Informasion konsepsiyalar intellektni informatsiyani qayta ishlashning elementar jarayonlari umumiyligi sifatida ko‘rib chiqadi (A.V.Brushlinskiy [68],[72]; E.Xant [226] va b.). Funksional-darajaviy yondashuv doirasida intellekt turli darajadagi bilish jarayonlari sifatida tadqiq etiladi (B.G.Ananev [19]; B.M.Velichkovskiy [78] va b.). Regulyatsion yondashuv asosidagi tadqiqotlarda intellekt - psixik faollikda o‘z-o‘zini boshqarish omili bo‘lib hisoblanadi (B.Shefer [234]). Testologik modellarda intellektni berilgan test vaziyatlarida aloqa va munosabatlarni aniqlash imkonini ta’minlovchi produktiv qobiliyat sifatida aniqlashadi.

Ijodiy tafakkur muammolari tahlili uchun muhim bo‘lgan ayrim yondashuvlarga batafsilroq to‘xtalib o‘tamiz. Funksional-darajaviy yondashuv doirasidagi inson itellektual imkoniyatlarining tabiati haqidagi bir qator fikrlar B.G.Ananyev rahbarligi ostida ishlab chiqilgan intellekt nazariyasida shakllantirilgan. Ushbu konsepsiyalarga ko‘ra intellekt - bu turli darajadagi bilish funksiyalarining birligini bildiruvchi murakkab aqliy faoliyatdir. Bilish jarayonlarining ichki funksional va funksiyalararo aloqalarning o‘rganish bilishni aks ettirishning turli darajalarida intellektual faoliyat tuzilishining o‘ziga xosligini aniqlaydi. Bilishni aks ettirishning barcha darajalariga xos bo‘lgan xususiyatlar mavjud:

a) hajmiy imkoniyatlar;

b) hissiylik (obrazlilik) va mantiqiylikning birligi barcha bilish funksiyalari tashkil etilishining asosi sifatida;

v) mo‘ljal olish regulyatsiyasi diqqat xususiyatlarining ifodalanganligi ko‘rinishida.

Intellekt rivojlanishining mezoni bo‘lib turli bilish funksiyalarining ichki funksiyalar hamda funksiyalararo aloqalar xarakteri va xususan, ularni integratsiyalashganligi hisoblanadi. Intellekt o‘z ichiga bilishni aks ettirishning oltita darajasini oluvchi bilish jarayonlarining ierarxiyasi sifatida tavsirlanadi [191].

B.M.Velichkovskiy modeliga ko‘ra, bilish jarayonlari murakkab darajaviy tuzilma bo‘lib hisoblanadi (sezgilar uchta bazali darajalar ishi bilan bog‘liq, idrok - ikkita, xotira va tafakkur -uchta va h.k).

Ta’limiy yondashuvda intellektni maxsus tashkil etilgan sharoitlarda ma’lum bir kognitiv ko‘nikmalarni shakllantirish orqali o‘rganishga e’tibor qaratilib, intellekt - bu nafaqat mahsulot, balki ta’lim uchun negiz ham bo‘lib hisoblanadi. Z.I.Kalmikova intellekt tabiatini “produktiv tafakkur” orqali aniqlashni taklif etib, uning mohiyati yangi bilimlarni egallashga bo‘lgan qobiliyatdan iboratdir.

Shu tariqa, intellekt va tafakkurning o‘zaro munosabati muammosi tadqiq etilar ekan, tafakkurni farqlab turuvchi eng muhim belgi - bu uning yangi bilimlarni ochishga yo‘nalganligi, ya’ni uning produktivligi bo‘lib hisoblanishini inobatga olish lozim. Shunga mos holda intellekt “yadrosi” produktiv tafakkurning rivojlanganlik darajasidan iborat bo‘lib, uning oliy bosqichi bo‘lib ijodiy tafakkur hisoblanadi. XX asr psixologiyasida shakllangan kognitiv yo‘nalish ijodiy tafakkur faoliyatida yetakchi bo‘lgan bilish jarayonlari ko‘rib chiqilgan. Miya informasion bloki strukturasiga kirgan ushbu jarayonlarning murakkab ishi voqelik va reallikning intellektual, ijodiy bilishini belgilab beradi.

Ushbu yo‘nalishdagi ijodga qaratilgan barcha testlar informatsiyaning barcha detallarida idrok etish, xotiraning turli tumanligi va boyligidan, tafakkur egiluvchanligi va kengligidan foydalanish ko‘nikmasiga asoslanadi.

Ijodiyot aksariyat hollarda yangi g‘oyalarni yaratuvchi, muammoni yechishning yangi yo‘llarini nazarda tutgan divergent tafakkur (Dj.Gilford) bilan bog‘lanadi. Ijodiy tafakkur o‘zining o‘ziga xos belgilariga ega va intellekt bilan bir xilda emas, deb hisoblanadi. Zamonaviy tadqiqotlarda ijodiy tafakkur mezonlari (plastikligi, harakatchanligi, originalligi), ijodiy mahsuldorlik va ijodiy iste’dod (fikrlar boyligi, egiluvchanligi, irrelevantligi va b.) ajratib ko‘rsatilgan, diagnostika uchun testlar batareyasi ishlab chiqilgan (Dj.Gilford, Torrans).

Ijodiy tafakkur fenomenini o‘rganishning bir nechta tarixiy bosqichlarini ajratish mumkin bo‘lib, ular davomida ijodiy tafakkur faoliyatiga nisbatan ikkita masala hal etilgan. Bular bir tomondan tafakkurning reproduktiv va produktiv xarakteri bo‘lsa, boshqa tomondan esa - produktiv tafakkur va intellektning o‘zaro munosabatlari haqidagi masaladir. Antik davrdayoq faylasuflar – Geraklit, Demokrit, Platon “Ijodiy tafakkur qanday bo‘lishi mumkin?” degan savolga javob berishga harakat qilishgan. Platonning eros haqidagi ta’limotidagi g‘oyalari qaysidir ma’noda Z.Freyd g‘oyalariga asos bo‘lgan. Platon ilohiy ijodni ilohiy his etish, kuzatish onlari deb tasavvur qilgan. Shunga analogik tarzda insoniy ijod ham oliy, insonga berilgan “aqliy” his etish, kuzatishga erishish onlaridir. Bu oliy holatga intilish “Eros” bo‘lib, tananing erotik intilishi - tug‘ilishga intilish sifatida ham, ruhning intilishi - badiiy ijodga intilish sifatida ham va nihoyat, ruhning intilishi go‘zallikni sof his etish, kuzatishga kuchli intilish sifatida ham namoyon bo‘ladi [146,b.58].

XVII - XVIII asrlarda psixologiyada assotsiativ yo‘nalish keng tarqaldi. Ushbu yo‘nalish vakillari faqatgina reproduktiv xarakterdagi anglangan tafakkurni tan olishgan. Psixik birlikning asosiy strukturasi sifatida assotsianistlar assotsialarni tan olishgan va barcha aqliy (kognitiv) jarayonlar ikkita asosiy komponent atamasida - sezgilarning hissiy elementlariga borib taqaluvchi g‘oya (yoki elementlar) va ular orasidagi assotsiatsiya (yoki ular o‘rtasidagi aloqa)lar bilan tushuntirilgan. Birinchi o‘ziga xoslik assotsiativ jarayonlarni kechishi fazodagi tasodifiy aloqalarning umumiyligi bo‘yicha va taassurotlarning olingan vaqti bilan aniqlanib, shu vaqtda fikrlash jarayonining kechishi predmetli mazmun aloqalari bilan boshqarilishidan iborat. Ikkinchi o‘ziga xoslik - assotsiativ jarayonning kechishi sub’ektning o‘zi tomonidan anglanmaydi va boshqarilmaydi, ya’ni assotsiativ jarayon maqsadga yo‘nalganlikdan mahrumligidan iborat. Ushbu turdagi tafakkur ishi natijasida hech qanday yangilik yuzaga kelmay, boshlang‘ich elementlarning faqat qayta kombinatsiyasi sodir bo‘ladi, xolos. Assotsiativ qonunlarga bo‘ysunuvchi faqat “anglangan tafakkurni”gina (induksiya, deduksiya, solishtirishga qobiliyat, munosabat) tan olgan olimlar ijodiy tafakkur, intuisiya jarayonlari qonuniyatlarini tushuntirib bera olishmagan. Bu borada shuni ta’kidlash lozimki, aniqlangan assotsiatsiya qonunlari XIX asr psixologiya fanining, shu jumladan, ijodiy tafakkur psixologiyasining yirik yutuqlaridan bo‘lib hisoblanadi. Ushbu qonunlar asosida masalan, hozirda evristikada qo‘llaniluvchi ijodiy tafakkurni faollashtirish usuli sifatidagi tasoddiflar va assotsiatsiyalar girlyandi metodi ishlab chiqildi [12],[23]. Psixik hodisalarni tushuntirishning assotsiativ prinsipi tafakkur qonuniyatlarini tushuntirishda, xususan, sub’ekt muammoli vaziyat mazmuni bilan bevosita dialektik o‘zaro ta’sirda bo‘lmagan “ong osti” faoliyatlarini tushuntirishda katta rol o‘ynashi mumkin.

Assotsianistlarga qarama-qarshi bo‘lgan Vyursburg maktabi vakillari tafakkurni muammolarni hal etish bo‘yicha mustaqil ichki faoliyat sifatida ko‘rib chiqishgan va fikrni predmetli yo‘nalganligi haqidagi mulohazalarini ilgari surishgan. Ular olib borgan tadqiqotlar “obrazsiz tafakkur” fenomenining kashf etilishiga olib keldi va har bir assotsiatsiya undan olingi assotsiatsiya bilan belgilanmay, balki deatamatsiyalanuvchi tendensiya nomini olgan vazifa-hodisaga yo‘naltiriladi [12],[28].

Vyursburg maktabi konsepsiyasiga yaqinroq bo‘lgan g‘oyani ilgari surgan O.Zels o‘z tadqiqotlarida tafakkurni intellektual operatsiyalarining faoliyati bo‘lib, bunda boshlang‘ich materiallarning qayta ishlanishi natijasida “umumiy vazifa” shakllanadi, elementlar o‘rtasidagi “predmetli munosabatlar”ning ajratilishi va muammoli kompleks yuzaga kelishini shakllantirish sifatida tushungan. O.Zels muammo mohiyati ushbu kompleksni tugallanmaganligidan iborat, deb hisoblagan. U tafakkur jarayonini assotsiatsiya zanjiri sifatida emas, balki ushbu kompleksda yetishmayotgan bo‘g‘in va oraliqlarni to‘ldirish jarayoni, deb hisoblagan.

Tafakkurning o‘ziga xos jihatlari Geshtalt psixologiya vakillari M.Vertxaymer, K.Dunker,K.Koffka va boshqalarning izlanishlarida ajratib ko‘rsatilgan. Ular ijodiy tafakkur jarayonidagi muammoli vaziyat tasavvur va fikrlarni qayta strukturalashtirish orqali hal etilishi mumkin deb hisoblaganlar. Bunday qayta strukturalashtirish dolzarb muammoli vaziyat strukturasini aks ettirish, uning Geshtalti sifatida sodir etiladi va vaziyat bo‘yicha zarur yaxshiroq Geshtalt topilgunga qadar davom etadi. Ijodiy tafakkur muammosini o‘rganish uchun, ayniqsa tizimlilik, yaxlitlilik kabi geshtalt prinsiplar muhim bo‘lib, chunki ijod jarayoni - bu moddiy va ma’naviy dunyoning ma’lum bir qismlarining yaxlit manzarasi sintezi jarayonidir. Geshtalt psixologiya sub’ektning avvalgi kognitiv tajribasini tan olib, muammoning avvaldan anglangan chuqur analizi (yoki M.Vertgaymerda muammoli vaziyatni “qayta markazlashtirish”) zaruratini ta’kidlaydi.

Shu tarzda, ijodiy tafakkurni o‘rganishga geshtalt yondashuv muammo mohiyatining o‘zini ko‘rib chiqib, psixologiyaning ushbu sohasini rivojlanishi uchun katta ahamiyat kasb etadi. Geshtalt psixologik nazariyada K.Dunker tadqiqotlari alohida o‘rinni egallagan. Uning fikricha, insayt qanchalik chuqur, ya’ni muammoli vaziyatning belgilari qanchalik jiddiy, muhim, buning ustiga yana u intellektual bo‘lsa, javob sa’yi-harakatlarini aniqlab beradi. K.Dunker insonlar o‘rtasidagi eng chuqur farqlar biz aqliy iste’dod deb ataydigan, uning asosida aynan fikrlanayotgan materialni qayta konstruksiyalashning ko‘p yoki kam darajada yengilligidan iborat deb, aytgan. Shu tariqa, insaytga bo‘lgan qobiliyat (ya’ni bilish obrazlarining mazmunini vaziyatning asosiy muammoli qarama-qarshilikni aniqlashga yo‘naltirilgan tez qayta qurish qobiliyati) intellektni rivojlanish mezoni bo‘lib hisoblanadi. Geshtalt psixologiyada tafakkur u uchun zarur strukturaning topilish hisobiga izlanayotgan yechimni intuitiv nazarda tutish sifatida ham tushuniladi.

Geshtalt psixologiyadagi tadqiqotlar natijasida tafakkurdagi intuisiya va ijod onlariga alohida e’tibor berila boshladi. Psixoanalizda (Z.Freyd, A.Adler, K.Yung) ilk bor fikrlash faolligi asosida yotuvchi faktorni ajratishga urinishgan. Psixoanalizning asoschisi Z.Freyd fikricha, ijod mahsuli jinsiy va agressiv energiyani nisbiy, bilvosita ifodalanishi natijasi bo‘lib, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l bilan o‘zini namoyon qila olishmagan. Ijodiyot - bu ichki shaxsiy nizo, tasavvur mahsulini tafakkurning sodda yoki anchagina yetuk tiplarining o‘zaro ta’siri vositasidagi eksternalizatsiyasidir [186,b.65]. A.Adler e’tiborni jinsiy sohadan ijtimoiy sohaga ko‘chirib, ijodiyotni esa mukammal emaslik kompleksining o‘ziga xos kompensatsiyasi sifatida talqin etgan [11].

K.Yung ijodga bo‘lgan intilishni libido tayanch energiyasining bir qismi sifatida ko‘rib chiqqan. Ijod fenomenining o‘zida K.Yung individual tajriba va yaratuvchini idrok etish prizmasi orqali jamoa ongsizligining arxetiplarini namoyon bo‘lishini ko‘rgan [243]. Psixoanaliz ilk bor tafakkurdagi motivlar muammosi va ongsizlikning ahamiyatiga urg‘u bergan. Gumanistik psixologiya namoyondalarining (E.Fromm, G.Olport, A.Maslou) fikricha, ijodiy tafakkur faoliyatining manbasi shaxsiy o‘sish o‘z-o‘zini ro‘yobga chiqarish motividan iborat. A.Maslou bo‘yicha bu – o‘z-o‘zini aktuallashtirish, o‘z qobiliyat hamda hayotiy imkoniyatlarini to‘liq va erkin ro‘yobga chiqarish ehtiyoji bo‘lib hisoblanadi. Psixoanalizdan farq qilgan holda ijodiy jarayon ichki va tashqi to‘siqlar bartaraf etilganligi, ya’ni ichki shaxsiy nizolarning mavjud emasligi holatidagi tabiiy ijod salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘lib hisoblanadi [65],[34].

XX asrning 50-yillari o‘rtalarida ijodiy tafakkurni intellekt bilan bog‘lovchi yondashuvlarga qarma-qarshi bo‘lgan psixogeometrik yondashuv (D.Veksler, R.Uaysberg, G.Ayzenk) yuzaga kelgan. Unda intellekt bilan bir qatorda kreativ tafakkur (lot. sreatio - yaratish, yaratilish) nomini olgan alohida intellektual qobiliyatlar ajratib olindi va ularni o‘rganish keng ommalashib ketdi. Kreativ tafakkur yangi tushunchalarni yaratish va yangi ko‘nikmalarni shakllantirishda aks etuvchi individning universal ijodiy bilish qobiliyati sifatida tushuniladi. Psixogeometrik yo‘nalish vakillari tomonidan oldingi qatorga kerativlikning kognitiv tomonlari chiqariladi. XX asr o‘rtalariga kelib informasion texnologiyalarning paydo bo‘lishi bilan ijodiy tafakkur tadqiqotlari ham yangi yo‘nalishda rivojlana boshladi. Neobixeviorizm va geshtalt psixologiyaning g‘oyalarini birlashtirish asosida shakllangan, inson informatsiyani qayta ishlash vositasi sifatida ko‘riluvchi kompyuter metaforasiga mujassamlashtirilgan informasion yoki kognitiv yondashish yuzaga keldi. Kognitiv psixologiyaning asoschilaridan biri Lindsey bu pozisiyani shunday tushuntiradi: “Biz inson organizimini doimo kelib tushayotgan sensor ma’lumotlarni umumlashtirish, talqin etishga hamda uning xotirasida saqlanuvchi informatsiyani turli xil algoritm, strategiyalar yordamida tiklash va interpretatsiya qilishga intiluvchi informatsiyani faol qayta o‘zgartiruvchi sifatida ko‘ramiz” [29,b.18.].

Bu yo‘nalish ijodiy tafakkur faoliyatida bilish jarayonlarining yetakchichiligini e’tirof etadi. Miya informasion bloki strukturasiga kiruvchi ushbu jarayonlarning murakkab ishi voqelikni intellektual, ijodiy bilishni aniqlab beradi. Intellektual va ijodiy bilish o‘zgartirishlar, eksperiment qilib ko‘rishlar orqali qonunlar va predmetlar mohiyatini, voqelikning voqea-hodisalarini, bevosita, hissiyot analiz qilib bo‘lmaydigan ularning potensial imkoniyatlarini ochish imkonini beradi. Ushbu yo‘nalishdagi barcha testlar informatsiyaning hamma detallarini idrok eta olish, xotiraning boyligi va turli tumanligidan, tafakkur egiluvchanligi va kengligidan foydalana olish ko‘nikmasiga asoslanadi.

Tafakkurning ijodiy xarakterda ekanligi haqidagi g‘oyalar B.G.Ananev[19], P.Ya.Galperin[84], A.N.Leontev[145], D.B.Bogoyavlenskaya [54],[47], G.S.Batishev [40] va boshqa psixologlarning ilmiy ishlarida ishlab chiqilgan. Ularning tadqiqotlarida produktivlik tafakkurning eng xarakterli, o‘ziga xos belgisi bo‘lib, bir vaqtni o‘zida uni reproduksiya bilan qarama-qarshi aloqasi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotchilar tomonidan, ijodiy va ijodiy bo‘lmagan faoliyat, produktiv va reproduktiv tafakkur o‘rtasida bartaraf etib bo‘lmaydigan to‘siqlar yo‘qligi isbotlanadi. Ular bir-biriga o‘zaro doimo o‘tib turadi. Tafakkur voqelikning umumlashgan va bilvosita bilish jarayoni sifatida doim o‘z ichiga produktivlik elementini olsa ham, fikrlash jarayonidagi uning nisbiy og‘irligi turli xil bo‘lishi mumkin. Produktivlikning nisbiy og‘irligi yetarli darajada yuqori bo‘lgan joyda produktiv tafakkur haqida fikrlash faoliyatining o‘ziga xos turi sifatida so‘z yuritiladi. Produktiv tafakkur natijasida sub’ekt uchun qandaydir original, ya’ni yangilik darajasi juda yuqori bo‘lgan prinsipial yangi narsa paydo bo‘ladi. Bunday tafakkurning yuzaga kelish shartlaridan bo‘lib yangi bilimlarni ochishga asos bo‘luvchi, muammoni yechayotgan sub’ekt yuqori faolligini stimullovchi muammoli vaziyatning mavjudligi hisoblanadi. Produktiv tafakkur faoliyati natijasi bo‘lib, yangilik darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotning hosil bo‘lishi, xuddi shunday yana psixik hosilalarni (yangi aloqalar tizimi, psixik o‘z-o‘zini regulyatsiya qilishning, shaxs xususiyatlari, uning qobiliyatlarining yangi shakllari) qaror topishi bo‘lib, bu aqliy rivojlanishda oldinga siljishdan dalolat beradi.

Reproduktiv tafakkur imkoniyatlari insonda boshlang‘ich bilimlar minimumi mavjudligi bilan belgilanadi. Ular inson yangi vazifani unga ma’lum bo‘lgan usulda yechishga urinayotgan va unga ma’lum usullar muvaffaqiyatni ta’minlay olmayotganligiga iqror bo‘lgan boshlang‘ich bosqichda namoyon bo‘ladi. Buni anglab yetish “muammoli vaziyatni” yuzaga keltiradi, ya’ni produktiv tafakkur faollashtiriladi. Demak, yaxlit faoliyat, alohida fikrlash aktlari hech qachon to‘liq reproduktiv bo‘lmaydi, ya’ni bilim, ko‘nikma yoki xotira bilan bir xilda bo‘lmaydi. Ularda albatta produktiv element boshlang‘ich materialni reorganizatsiya qilish, vazifaning aniq shartlariga mos holda oldin ma’lum bo‘lgan operatsiyalarni modifikatsiyalash mavjud bo‘ladi. Bu inson faoliyatining ijodiy va ijodiy bo‘lmagan jihatlarining o‘zaro yaqin bog‘liqlikda va ularni ajratib olish qiyin ekanligidan dalolat beradi. C.Rubinshteyn produktiv tafakkurda ijodiy faollik yoki kreativlik namoyon bo‘ladi, deb hisoblagan. U o‘z tadqiqotlarida “birdaniga, kutilmaganda javobni topish” holatlarini aniqlashga harakat qilgan. Ushbu fenomen “o‘tkazilgan analizning qonuniyat natijasi” sifatida keladi [188,b.76].

Ta’kidlash lozimki, intellekt va tafakkur nisbatlari masalalari haqida savol bahs-munozarali bo‘lgani kabi ijodiyot, kreativlik, ijodiy tafakkur, kreativ tafakkur masalalari haqida ham baxs-munozara yuritiladi. Tadqiqotimizning vazifalari doirasiga tushunchalar differensiatsiyasi yoki ularni sinonimik aniqlash uchun asoslarning tahlili kirmaydi. Biroq ushbu tushunchalarning o‘zaro aloqasi kerativlik va ijodiy tafakkurning eng umumiy jihatlarini aniqlash zarurati mavjudligini ko‘rsatadi. Kreativ tafakkurni aniqlash uchun intellektning an’anaviy testlari bilan muammoli vaziyatning yechimini muvaffaqiyatli topish o‘rtasida aloqaning mavjud emasligi haqidagi ma’lumotlar turtki bo‘lib xizmat qildi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, tafakkurning kerativligi vazifalar berilgan informatsiyani tez tempda turlicha foydalana olish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi. Dj.Gilford va E.P.Torrans konsepsiyalari kreativlik muammosining o‘rganilishiga katta ta’sir ko‘rsatib, tafakkurning ikkita - konvergent va divergent tipini ajratishi barcha intellektual qobiliyatlar qaysidir darajada ijodiy ular, ayniqsa divergent tafakkurda eng yorqin namoyon bo‘ladi, deb hisoblanishiga olib keldi. U operasion qayta tuzilish va implikatsiya bilan bir qatorda standartlashtirilgan testlarga g‘ayrioddiy javoblarni berish qobiliyati sifatida aniqlangan va umumiy ijodiy qobiliyat sifatidagi kreativlik asosi, deb tan olindi [12],[40].

P.Torrans kreativ tafakkur muammoni qo‘yish qobiliyati, mavjud bo‘lgan bilimdagi kamchilik, nuqsonlarga sezgirlik, ushbu bilimlarda mavjud bo‘lmagan elementlari haqidagi gipotezani qurish imkoniyati va hokazolarda namoyon bo‘ladi, deb hisoblagan [12],[45]. L.Dorfmana tadqiqotlari kreativ tafakkurning kognitiv va shaxs bilan bog‘liq jihatlarining o‘zaro aloqasini o‘rganishga bag‘ishlangan [58].

Kreativlik tushunchasi yechimlarga, g‘oyalarga olib keluvchi aqliy jarayonlar, badiiy shakllar, nazariya yoki xohlagan mahsulotni yaratishni anglab yetishni belgilash uchun ishlatilib, ular takrorlanmas va yangi bo‘lib hisoblanadi [120,b.388], ijodning organik elementi, insonni nostandart, konstruktiv tafakkurga qobiliyati, yangi g‘oyalarni yaratish, tafakkur va hulq-atvorning an’anaviy sxemalaridan voz kechish sifatida ko‘rib chiqiladi. Bunda shuni ta’kidlash lozimki, kretivlik tafakkur turlarining biri (divergent tafakkur), shaxs xususiyati va qobiliyat sifatida ko‘rib chiqilib, shunga mos holda uning ifodalanishi ham turli tumandir (tafakkur tezligi, egiluvchanligi, aniqligi, originalligi xayolni rivojlanganligi, oliy estetik qadriyatlarning mavjudligi va h.k). Biroq kreativlik ifodalanishining eng salmoqli qismi tafakkurning o‘ziga xos xususiyatlariga tegishlidir. Dj.Gilford ijod uchun konvergenlik (mantiqiy, ketma-ketlilik, chiziqlilik) va divergentlikning (yaxlit, relyativ, intuitiv tafakkur) integratsiyasi zarurdir, deb hisoblagan. Har ikkala tafakkur tiplari integratsiyasining natijasi tafakkurning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarida namoyon bo‘ladi: tezkorlik (g‘oyalarning maksimal sonini generatsiyalash qobiliyati); egiluvchanlik (g‘oyalarning keng turli tumanliligini yuzaga keltira olish qobiliyati); originallik (nostandart g‘oyalarni generatsiyalash qobiliyati); aniqlik (tafakkur mahsulotlariga yakunlangan ko‘rinishni berish qobiliyati).

D.B.Bogoyavlenskaya muammoni tizimli yondashuv nuqtai nazaridan ko‘rib chiqar ekan, ijodni tadqiq etish birligi sifatida intellektual faollikni (IF) ajratishni taklif etgan. IF keng va cheklanmagan aqliy mehnat sohasidagi tushuncha bo‘lib, shuning uchun D.B.Bogoyavlenskaya ushbu tushunchaning sinonimi bo‘lgan “bilish havaskorligi” yoki vaziyatli stimullashmagan mahsuldor faoliyatdan foydalangan. U berilgan (boshlang‘ich) vaziyat talablari doirasidan tashqarida ham bilishni davom ettirish qobiliyatida amalga oshadi. Tadqiqotchi bu yaxlit shaxsning xususiyati bo‘lib, kognitiv va affektiv sohalar o‘zaro ta’siri ular birligida aks etishini isbotlaydi. Shu munosabat bilan, ijodni “motivasion struktura orqali o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan intellekt irmog‘i sifatida ko‘rib chiqib, u aqliy qobiliyatni yo tormozlaydi, yo bo‘lmasa stimullaydi” [57].

D.B.Bogoyavlenskaya olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra, ijod motiv va maqsadlarning mos tushishini, ya’ni predmetning o‘zi bilan qiziqish, faoliyat ichiga kirib ketishni nazarda tutadi. Bu holda shaxsning o‘z tashabbusiga ko‘ra faoliyatning rivojlanishi (faoliyatni o‘z-o‘zidan rivojlanishi) haqida so‘z yuritish mumkin bo‘lib, bu berilganlik chegaralaridan chiqib ketishga olib keladi. Bu “ko‘zda tutilmaganlikni” ko‘rish imkonini beradi. Ushbu qobiliyat esa ijod asosida yotadi [56],[57].

D.B.Bogoyavlenskaya konsepsiyasida o‘ziga xos alohida qobiliyat emas, balki faoliyat sub’ektining pozisiyasi ijodiy yutuqlarga erishish imkoniyatini belgilab berishi haqidagi muhim xulosalar chiqarilgan. Aynan xuddi shunday fikrni I.A.Zyazyun ham bildirgan bo‘lib, unga ko‘ra ijodiy tafakkur jarayoni ishga tushirilishi uchun unga shaxsdan kelib chiquvchi impuls zarur bo‘lib, u fan mantiqiy so‘rovini tushunish va o‘zlashtirish, uni o‘z-o‘zining mazmun-ma’nolar, kategoriyalar tizimi orqali o‘tkazish va shaxsiy tafakkur uslubining o‘ziga xosligiga singdirish kerak [114].



Download 12.26 Mb.
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   17




Download 12.26 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



I BOB. ONGLILIK VA ONGSIZLIK MUAMMOSINING NAZARIY JIHATLARI

Download 12.26 Mb.